Connect with us

Jamiyat

«Yoshlar kitob o‘qimaydi demang, ular hatto taqrizchi, targ‘ibotchi va tarjimon»

Published

on


Hozir yoshlar kitob o‘qimaydi, biz vaqtida juda kitobxon edik, degan stereotip qarashlardan qutula olmayotgandekmiz. Haqiqatdan ham hozir yoshlar o‘qimaydimi, vaqt va imkoniyatlarini mutolaaga sarflamaydimi?

Aslida, bu stereotip qarash va haqiqatni aks ettirmaydi. Bugungi kitobxon shunchaki o‘quvchi emas, balki o‘z bilim va salohiyatlarini amalga oshirayotgan ijodkor, tahrirchi va tarjimon sifatida ham jamiyatda o‘z o‘rnini topmoqda.

Masalan, bizning davrimizda yoshlar kitobxonlikni ko‘proq faqat bir qahramonning hayotiga qiziqish bilan bog‘lar edilar. Hikoyalar, romanlar orqali o‘zlari uchun yangi dunyo ochar, lekin e’tibori hikoyadagi qahramon yoki voqea markazida bo‘lardi. Mutolaa ko‘pincha ko‘ngilochish yoki tasavvurni rivojlantirish uchun xizmat qilardi…

Xuddi shu fikrlarimni bir tadbirda O‘zbekiston Milliy kutubxona rahbari Umida Teshaboyeva bilan o‘rtoqlashgandim, suhbatdoshim o‘shanda «men juda ko‘p yoshlarning bloglarini kuzataman, kitobxonlik guruhlariga a’zoman, bitta narsani ayta olaman bizda bunday kitobxonlikka targ‘ib qilish imkoniyati bo‘lmagan…»

Va o‘sha kichkina suhbat debochasi vaqt o‘tib katta suhbatga aylandi…

– Men va siz o‘sha davrning kitobxoni bo‘lganmiz, ammo tan olaylik, hozirgi yoshlardek kitobni tahlil va tarjima qilish, taqriz yozishdek ishlarga qo‘l ura olmaganmiz. Bizning davrimizdagi kitobxonlik madaniyati bugunga kelib umuman boshqacha shakllanayotgandek…

– Hozirgi yoshlar kitob o‘qimaydi, degan fikrga mana shu soha mutaxassisi sifatida qo‘shila olmayman. Ularning mutolaa haqidagi tushunchalari ancha boshqacha. Biz bir paytlar ko‘proq badiiy kitob o‘qirdik va qahramonlar hayoti bilan yashardik. Yoshlar esa hozirgi paytda nafaqat badiiy adabiyot, balki kitobxonlikning ancha keng va murakkab yo‘nalishlariga qiziqmoqda. Ular ilm-fan, texnologiya, tarix, psixologiya, ijtimoiy muammolar, iqtisodiyot va boshqa turli mavzularda kitob o‘qishga intiladi. Va shu bilan birga o‘sish, o‘z ustida ishlash, shaxsiy rivojlanish haqidagi manbalarga juda kuchli intilishlari bor. Yana ular o‘z bilimlarini faqat o‘qish bilan cheklamay, tarjima, tahrir qilish, bloglar yozish, ijtimoiy tarmoqlarda fikr almashish orqali ham mustahkamlaydi. Bu esa  nafaqat kitobxonlik, balki intellektual faoliyatning ham o‘sayotganini ko‘rsatadi.

Shu tariqa yoshlar nafaqat kitob o‘qiyapti, balki o‘qibgina qolmay, uni qayta ishlash, qayta ifoda etish va jamiyatga taqdim etish bilan ham shug‘ullanmoqda. Ya’ni kitob va kitobxonlikka munosabat kabi tushunchalar davr talabi va ehtiyoji asosida u yoki – bu shaklda o‘zgarib borgan bo‘lishi mumkin. Muhimi, kitob insoniyatning eng buyuk kashfiyoti sifatida hamon o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmay, yashab kelayotganidir.

– Demak yoshlar kitob o‘qimayapti, degan malomat emas – ularning o‘qiyotganini kuzatish va o‘rganish bugungi kitobxonga  motivatsiya beradi…

– Qachonki, biz yoshlarning haqiqiy qiziqishlari, o‘qish uslublari va bilim olish yo‘llarini tushunib olsak, munosabatimiz ham o‘zgarishi mumkin. Ya’ni bu  ularning hayotga, jamiyatga bo‘lgan qarashlarini ham anglash demakdir.  Aytmoqchimanki, yoshlarning kitobga bo‘lgan qiziqishini faqat tashqi ko‘rinishlar yoki umumiy stereotiplar asosida baholash noto‘g‘ri. Mutolaa yangi texnologiyalar va zamonaviy vositalar bilan bog‘liq ravishda sezilarli darajada oshdi. Masalan, elektron, audio kitoblar va onlayn platformadagi kurslar yoshlarga bilimni qulay va samarali tarzda qabul qilish imkonini bermoqda. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda tashkil etilgan kitob klublari, muhokama guruhlari yoshlarni o‘zaro fikr almashishga, yangi kitoblarni kashf etishga rag‘batlantiradi.

 Bugungi yoshlar faqat o‘quvchi emas, ular tarjima va tahrirchilik salohiyatini ham rivojlantirmoqda.

– Ya’ni «Biz o‘qirdik, hozirgi yoshlar o‘qimaydi», degan gaplar haqiqat emas,  balki yoshlikni, o‘tmishni ideallashtirish bilan bog‘liqmi?

– Bu gap ko‘pincha nostalgiya bilan aralashgan umumlashtirishdir. Odamlar o‘z yoshliklarini ideal holatda eslashga moyil – bu psixologik jihatdan tabiiy. Ular o‘z vaqtida o‘qigan kitoblarini, davrning jozibasini eslab, hozirgi avlodni ularning fonida baholaydilar. Aslida, o‘sha davrda ham kitobxonlar qatorida umuman qo‘liga kitob ushlamaganlar ham bo‘lgan.

Bugungi kitobxon tanlash imkoniga ega, ya’ni axborot tanlovi ko‘paygan. Avvallari axborotni kitob, kutubxona, televideniye va radiodan olardik. TV va radioni boshqara olmasdik, nimani taqdim qilishsa shuni ko‘rardik, Oldin kitob – asosiy bilim manbai edi. Endi esa kitoblar yoniga audio kitoblar, turli kitobxonlik guruhlari, shaxsiy bloglar qo‘shildi.

– Kutubxonadagi kuzatuvlarga ko‘ra, so‘nggi 2-3 yilda kitobxonlikka bo‘lgan qiziqish qanday o‘zgarmoqda? Qaysi yo‘nalishdagi asarlar yoshlar orasida ommalashgan?

– Ijtimoiy tarmoqlar, yoshlarning internetdan keng foydalanayotgani, qolaversa, fikr erkinligi, reklamaning jadal rivojlanishi, mashhur asarlarning tarjima nusxalarining ko‘payishi yoshlarni kitobxonlikka qaytargan omillardan. Yana shuni alohida ta’kidlash lozimki, kitobxonlik va kitobxonlikni targ‘ib qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi, kutubxonachilik sohasiga oid qator hujjatlar imzolandi. Natijada kutubxonalarda zamonaviy sharoitlar yaratildi. Bilamizki, yoshlarni zamonaviy sharoitlar, texnika-texnologiyalar doim qiziqtirib kelgan. Endi yo‘nalishlarni aytadigan bo‘lsak, tilshunoslikka, zamonaviy kasblarga oid adabiyotlar doim trendda. Masalan, kompyuter texnologiyalari, dasturlash tili, art-dizaynerlik…. Hozir yoshlar hatto Alisher Navoiyning asarlarini tilni bilgani uchun turk tilida o‘qib solishtirish imkoniga ham ega. Biz u paytlari nari borsa rus tilida kitob o‘qirdik, ular bugun rus, turk, ingliz, xitoy tilida mutolaa qilmoqda.

– Kutubxonaga keluvchi yoshlar soni qaysi yildan ko‘tarilishi kuzatila boshladi? Aytaylik 10-15 yil oldin bilan solishtirganda. Ya’ni kitobxonlik bo‘yicha qanday hayotiy, ilhomlantiradigan misollar keltirgan bo‘lardingiz?

–   Milliy kutubxonaning yangi binosi 2012-yildan xizmat ko‘rsatishni boshlagan, avval bino 3 ta edi, buyurtmalar kunlab bajarilgan, raqamli kontent bilan xizmat ko‘rsatish ommaviy bo‘lmagan, chunki texnika yetishmagan. Endi esa o‘quv zallari hamda ulardagi ko‘p ehtiyoj seziladigan adabiyotlar joylashtirilgan ochiq fondlarning ko‘payishi, muloqot maydoni, kutubxona aurasi deymizmi, muhiti deymizmi, kutubxonaga keluvchi yoshlar sonini ko‘payishiga sabab bo‘ldi. Bir paytlar kutubxonaga kirib-chiqishdagi masalalar ijtimoiy tarmoqda ko‘p ko‘tarilgan. Hozirda kirib-chiqish yengillashtirilgan, faqat qo‘riqlash xizmati bor. Shu bois o‘quvchilarimiz soni ko‘paydi. Respublika miqyosida Milliy kutubxona tizimidagi viloyat kutubxonalari sonini oshirayapmiz. Masalan Samarqand va Navoiyda kutubxona uchun bino qurilish ishlari boshlab yuborildi. Lekin Qoraqalpog‘iston Respublikasi axborot-kutubxona markazimiz uchun bino zarur. Chunki o‘quvchilar ko‘paymoqda, demak joy yetishmasligi muammosi uchrab turibdi. Kitobxonga birinchi navbatda sharoit yaratilishi, imkoniyatlarni taqdim etish va tanlash huquqini berish kerak! Shunda kutubxona kitobxonlarini yo‘qotmaydi, ko‘payishini ta’minlaydi. Ilhomlantiradigan tomoni haqida aytsam, boshqa kutubxona, kitob do‘koni, internet do‘konlarda topilmaydigan nashrlarning kutubxonamiz fondlaridan topilgani. Buni kitobxon biladi! Hozirda Milliy kutubxona imkoniyatlari kengaygan, chunki yagona elektron katalog orqali 14 ta hududdagi viloyat kutubxonalarimizdan nashrlar izlanadi, buyurtmalar amalga oshiriladi. Lekin, bu 100 foiz buyurtmalar bajarildi degani emas va bu tabiiy, dunyodagi eng yirik kutubxonalar amaliyotida ham bunday holat kuzatiladi. Bir o‘quvchi izlagan manbasini topsa mamnun, topmagani esa kutubxonamizda yo‘q, deya turli fikrlarni aytishadi.

Yana bir quvonarli holat ko‘plab katta-kichik hamkor tashkilotlar bilan loyihalar amalga oshirilyapti. Masalan, Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi Farg‘ona viloyati filliali va Viloyat axborot-kutubxona markazi hamkorlikda «Davlat xizmatchisi kutubxonada bir kun» loyihasi… Davlat xizmatchisi siz va biz, demak kutubxonaga a’zo bo‘lish, undan foydalanish kitobxonlikni kengaytirishda ahamiyatli. Raqamlarga e’tibor bering: mazkur loyiha doirasida tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlari hamda kompleks tarkibiga kiruvchi barcha boshqarma va tashkilotlardagi davlat xizmatchilari to‘liq ishtirok etishmoqda. Ushbu loyihaning ilk natijalarini olsak, 2024-yil davomida jami Farg‘ona viloyat va tuman, shahar axborot-kutubxonalar a’zolik soni 19 ming nafardan oshgan, ya’ni o‘rtacha bir oy davomida 16 minga yaqin yangi kitobxon a’zo qilingan. Ushbu loyiha boshlangandan (yanvar oyida) viloyat va barcha tuman, shahar axborot-kutubxona markazlariga davlat xizmatchilarining a’zolik soni 53401 nafarni tashkil etdi. Bu kutubxonaga a’zolar sonining o‘tgan yilga nisbatan 3.3 barobarga oshganini ko‘rish mumkin.

– Kutubxonadagi eng ko‘p o‘qiladigan mualliflar kimlar va qaysi kitoblar?  

– Milliy kutubxona ijtimoiy tarmoqlari orqali har oy yakunida kitobxonlar tomonidan eng ko‘p mutolaa qilinadigan adabiyotlar top 10 taligini berib boradi. Bu ma’lumotlar Milliy kutubxonaning asosiy fondiga hamda ochiq fondlarga kitobxonlar tomonidan beriladigan buyurtmalar asosida aniqlanadi. Chunki buyurtmalarning statistikasi doimiy ravishda kutubxona mutaxassislari tomonidan yuritilib boriladi.  Ana shu ma’lumotlardan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, bugungi kunda  o‘zbek mualliflaridan O‘lmas Umarbekov, O‘tkir Hoshimov, Komil Sindarov, Tohir Malik, Javlon Jovliyev, Said Ahmad, Tog‘ay Murod, Ulug‘bek Hamdam… Jahon bestsellaridan tarjima asarlar. Xususan, Jeyms Klir «Atom odatlar», Jorj Oruell «1984», Den Braun «Raqamli qal’a», Robert Grin «Hokimiyatning 48 qoidasi», Deniyel Kiz «Eljernonga atalgan gullar»…. Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirishimiz mumkin. Shuningdek foydalanuvchilar o‘rtasida onlayn so‘rovnomalar o‘tkazish orqali ham  oxirgi vaqtda o‘qiyotgan kitobi, ko‘rsatilayotgan hizmatlar, kutubxona haqida fikrlarini o‘rganib boramiz va bu o‘z navbatida xato-kamchiliklarimiz ustida ishlashimizga qo‘l kelmoqda.

– Hozirgi yoshlar faqat kitob o‘qibgina qolmay, takliflar, tahlillar, retsenziyalar ham yozmoqda, dedik. Kutubxona bu jarayonlarni qanday qo‘llab-quvvatlayapti?

 –   Siz hozir kitobxonlikning eng yuksak bosqichi haqida to‘xtaldingiz. Faol kitobxonlik – ya’ni, yoshlar faqat o‘quvchi emas, balki ijodkor va tanqidchi sifatida shakllanmoqda.

 «Mahin’s World» (5 555), «Panda_books» (5 793), «The Stranger Kitoblar» (13 199), «Bobil_kutubxonasi» (6 134),  «bookfather» (2 600), «audio» kitoblar guruhida (101 000), «audio.pdf» (62 000), «Birga kitob o‘qiymiz» (84 000), «Kitobxon millat», tanlov boti (77 000) kabi har doim kuzatib boradigan telegram kanallardan tashqari Facebook saytida

«Kitobxonlar davrasi» 82 mingdan ziyod, «Hikoyalar va qissalar» guruhida 30 mingdan ziyod, «Kitobsevarlar, kitobxonlar», «Men sevgan she’riyat», «Adabiyot bo‘stoni» kabi guruhlarning kamida 3000 ming ko‘pi bilan 10000 minga yaqin a’zolari bor. Yana kitob savdosi bilan shug‘ullanadigan «Kitob olami», «Asaxiy.uz» saytlari, «Book.uz» bloglari, «Bukinist», «Bukinist Tashkenta», kabi guruhlar mavjud… Va aynan shu guruhlar va bloglarda yosh taqrizchilarni, tarjimonlarni kashf qilishingiz mumkin. Biz kutubxona sohasi mutaxassislari esa ularni qo‘llab-quvvatlash uchun turli tadbirlar, yozuvchi va ijodkor, olimlar bilan uchrashuvlar, tanlovlar uyushtirish uchun doimo tayyormiz, eshiklarimiz ochiq.

– Keling, yoshligiimzda ushalmay qolgan orzularimizdan biri – o‘z kutubxonamiz haqida gaplashsak. Eslayman, deyarli hech kimning uyida shaxsiy kutubxona yo‘q edi, kitoblarimiz umumiy shukaflarda darsliklar turgan javonda taxlanib turardi. Va shaxsiy kutubxonani katta-katta olimlar, yozuvchilar uyidagina ko‘rardik…

– To‘g‘ri u paytlari uyimizda kichkina bir burchakda kitob javonlari  bo‘lardi, ammo kitoblar uchun alohida shkaf yoki xona bo‘lmagan. Hozir internetdagi guruhlar va do‘stlarim orasidagi yoshlar orasida o‘z kutubxonasini yaxshi ma’noda «maqtanish», ko‘z-ko‘zlash urf bo‘ldi. Masalan Otabek Bakirov ismli yosh talaba yigit alohida o‘z kutubxonasiga ega bo‘lgani, javon yasatgani, kutubxonasini boyitayotganini doimo post qilib boradi.

(Otabek Bakirov kutubxonasi)

Yana bir e’tiborli jihati, o‘sha davrlarda bizga kimdir bir donagina kitob sovg‘a qilishsa ham katta gap edi. Lekin yaqinda bu yigitga ustozlaridan biri 50 dona kitob sovg‘a qildi. Bunday misollar juda ko‘p. Ya’ni ko‘rinib turibdiki, hozir kitobga o‘chlar ham va kitobxonlarga kitob sovg‘a qiladiganlar ham avvalgidan ko‘ra ancha ko‘p va faollashgan.

(Otabek Bakirovga Laziz Raxmatov tomonidan sovg‘a qilingan kitoblar)

Biz katta avlod yoshlarning ovozini eshitishimiz, qiziqishlarini anglashimiz, ularga munosib javob bera olishimiz kerak. Yuqorida aytganimdek, yoshlar nafaqat varaqlanadigan qog‘ozli kitob, balki elektron kitoblar o‘qiyapti, tahlillar yozayapti, hatto o‘zlari tarjima qilgan asarlarni bir-biriga tavsiya qilyapti, ya’ni tom ma’noda targ‘ibotchi ham – bu kitobxonlikning yangi qiyofasi, yangi ruhi. Ular kitobdan yuz o‘girgani yo‘q – ular faqat yangi shaklda o‘qiydi, o‘rganadi, muhokama qiladi. Uni rad etish esa kelajakka ko‘z yumish demakdir…

– Kitobxon yoshlar safi yanada ko‘payishi yo‘lida qilayotgan xayrli ishlaringiz bardavom bo‘lsin. Vaqt ajratganingiz uchun tashakkur…

P/S: maqola tayyorlash asnosida suhbatdoshim ayni paytda Xitoyda ekanligini, u yerda ham jurnallarini tarqatib yurganini aytib qoldi…

(Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyeva Xitoyda)                                                                                                                                     Barno Sultonova suhbatlashdi



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Zamon sarhadlariga sig‘magan Parfyonov

Published

on


Bizning ajdodlar ilgari zamonlardan Zarautda yashashgan. 45 yillik umrini shu yerda o‘tkazgan otam usta Rahmonberdi o‘tgan asrning 30-yillarida Zarautni eng so‘ng tark etganlardan biri bo‘ldi. Qayerda bo‘lmasin, Zaraut haqida gap ketar ekan, u o‘zgacha ruh olar va bir-biridan qiziq hikoyat-rivoyatlarni zavq-shavq ila aytib berardi: Zarautsoyning tillarang do‘ngliklarida sayr etuvchi zar kokilli parilar, Boburxon (otam tasvirida Movurxon) tilsimlab ketgan qirq xachirga yuklangan boylik, mazkur xazina tilsimini ocholmay, quruq qo‘l bilan qaytib ketgan hindiy, xazinani haqiqiy sohibi uchun avloddan-avlodga saqlagan zarautliklar…

Oradan ko‘p yillar o‘tganda tushundimki, Zarautsoyda ilgaridan tosh qizil suratlarining mavjudligi odamlar xayolini o‘g‘irlab tilsimlangan xazina haqidagi afsonalar to‘qilishiga olib kelgan.

Ibtidoiy ajdodlar mezolit (o‘rta tosh), neolit (yangi tosh) va bronza davrlarida – bir necha o‘n mingyilliklar mobaynida – Zarautsoy tasvirlarini yaratganlar, ushbu g‘aroyib maskanga odamlar tashrifi haqidagi keyingi bir necha yuz yilliklarning xabarlari ham bugun bizning ixtiyorimizda. X–XIII asrlarga oid arab yozuvlari, XV asrda hazrat Alisher Navoiy shu yerlardan o‘tib, o‘z taassurotlarini «Sab’ai sayyor» dostonida aks ettirgani, XVI asrga oid Mirzo Bobur Zarautsoyda qoldirgan izlar, 1912-yilda harbiy topograf Fyodorov Zarautkamar suratlaridan nusxalar olgani va boshqalar…

Ammo, Zarautsoyning ilmiy o‘rganila boshlangani va uning dunyoga mashhur bo‘lishi haqli ravishda Gavriil Vasilevich Parfyonovning nomi bilan bog‘lanadi.

Parfyonov birinchi bo‘lib Zarautsoy rangtasvirining bebaho ekanini aniqladi, ilmiy jamoatchilik e’tiborini unga qaratdi, o‘rganilishi, muhofazasi va saqlab qolinishi uchun zarur ishlarni amalga oshirdi. O‘sha payt mutaxassis olimlarning umumiy fikriga ko‘ra: «Bu O‘rta Osiyoda eng qadimiy qizil qoya rasmlarining birinchi bor topilishi edi».

Parfyonovning tashabbusi va tashkilotchiligi bilan Zarautsoyga 1940, 1943 va 1945-yillarda ekspeditsiya uyushtirildi va u jahonda mashhur bo‘ldi. Mazkur qoya suratlari bugungi kunda ham mamlakatimizning eng qadimiy tarix va san’at yodgorligi hisoblanib turibdi. U ma’naviyatimizning ilk beshigi, fan uchun tabiiy-tarixiy manba, ijodkorlarga ilhom chashmasi, yosh avlodlarga ta’lim-tarbiya o‘chog‘i…

Parfyonov 1944-yili viloyat o‘lkashunoslik muzeyida maxsus Zarautsoy zalini jihozladi, viloyat ijroiya qo‘mitasining qarori bilan Zarautsoy kompleks qo‘riqxonasi tashkil etilishiga erishdi, 1946-yil 8-iyulda Zarautsoy Davlat kompleks qo‘riqxonasi chegaralarini tasdiqlash to‘g‘risida Sherobod rayoni ijroiya qo‘mitasining qarorini chiqartirdi…

Afsus, G.V.Parfyonovning «Zarautsoy qoya rangtasviri» deb nomlangan asosiy ilmiy ishi nashr etilmay qoldi.

Xullas, Zarautsoy Parfyonovning asosiy xizmati bo‘lgan edi.

Shu bilan birga, Parfyonov o‘tgan asrning 30–50 yillarida yurtimiz moddiy madaniyat yodgorliklarini o‘rganish, ularni saqlash va kelgusi avlodlarga yetkazish, Surxondaryo viloyat o‘lkashunoslik muzeyi va hayvonot bog‘ini tashkil etish, xalqimiz, ayniqsa yosh avlodni o‘tmish merosiga muhabbat ruhida tarbiyalash va boshqa shu kabi ishlarda matonat, fidoyilik, kerak bo‘lsa jasorat ko‘rsatib, ilm-fan, madaniyatni rivojlantirish yo‘lida beminnat, beg‘araz xizmat qilib, zahmat chekib faoliyat yuritgan insondir. Shuningdek, bu inson tashabbusi bilan tuzilgan Sheroboddaryo kompleks arxeologik ekspeditsiyasi Boysun tog‘larida 25 ta g‘or va kamar (shularning ichida Teshiktosh va Amir Temur g‘orlari ham bor edi) topdi, Ko‘hitangda 7 ta g‘orni aniqladi. Zarautsoy ulardan biri. Uning kuch-g‘ayrati bilan viloyat muzeyi qoshida boy ilmiy kutubxona tashkil topdi. Jasoratli va fidoyi insonning qat’iyligi tufayli viloyat hududidagi ko‘pgina yodgorliklar buzib yuborilishdan saqlab qolindi. Masalan, Sulton Saodat me’moriy majmuasi Parfyonov bo‘lmaganida yo‘q bo‘lib ketishi shubhasiz edi.

Gavriil Vasilevich Parfyonov yagona tabiat, tarix, madaniyat va san’at kompleks yodgorligi sifatida qaragan Zarautsoy va uning yon-atrofidagi hudud o‘sha paytlardanoq insonning yovuzlarcha aralashuvidan ozor chekardi. Masalan, Ko‘hitang tog‘larida brakonerlarning yovvoyi burama shoxli echki va arxarlar hamda jayronlarga qiron keltiruvchi harakatlariga tegishli idoralarning e’tiborini jalb etdi, jalb etdigina emas, balki bong urdi. U matbuotda suvni tejash, yerlarni buzilishdan saqlash masalalarida ko‘plab chiqishlar qilgan…

Parfyonov viloyatimizda ommaviy-o‘lkashunoslik harakatini avj oldirdi. Uning eng yaqin yordamchilari maktab o‘quvchilari edi. To‘garaklardan birining ishini shaxsan Parfyonov olib borardi. Termiz shahridagi ana shunday to‘garak a’zolaridan biri jahonga taniqli rassom bo‘lib yetishdi. Bu Ro‘zi Choriyev edi va uning ijodkor rassom sifatidagi birinchi qadami Parfyonov boshchiligida chiqib borishgan Zarautsoy suratlarini chizishdan boshlangandi.

Familiyasi qadimda o‘ggan davlat Parfiyaga kelishib ketishi, turgan-turishi g‘ayrioddiy insonning beqiyos ishlarini afsonadek hayratomuz eshitib, ulug‘dan ulug‘ sarhadlarga yondashgan kabi anglab, shunday odamlar ham bo‘lib o‘tganini ajib bir tug‘yonlar aro sezib yurganmiz. Ammo ming eshitgandan ko‘ra bir ko‘rgan afzal, deydilar. Shu ma’noda «Zarautsoy tilsimlari» kitobi uchun material yig‘ib kutubxona, muzey fondlari, eski davriy nashrlar taxlamlarini varaqlaganda, Parfyonov nomiga shunchalar ko‘p duch keldimki, bunday xizmatlarni bajo etishga har kim ham qodir emasligini anglaganman.

Parfyonovning hayoti hazrati inson har qanday sharoit, har qanday holatda ham ma’naviy kamolot yo‘lida charchamasligini anglatuvchi o‘rnak-namuna bo‘lib tuyuladi mening nazarimda.

Ushbu satrlar muallifi ancha vaqtlardan beri Zarautsoy bo‘yicha izlanishlar olib boraman, mavzuga oid o‘nlab maqolalar yozdim, maxsus kitob chiqardim, tarix va san’at yodgorligini targ‘ib etish, muhofaza qilish maqsadida tashkil etilgan «Zarautsoy» jamoatchilik markazini boshqaryapman, O‘Zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat Fondining Zarautsoyga oid davlat grantini amalga oshirgan odam o‘z tajribamda bunga iymon keltiraman.

Yurtimiz madaniyati va ma’naviyati uchun eng bebaho xizmatlar qilgan, olamshumul kashfiyotlarning boshida turgan, osori atiqalarimizning qo‘riqchisi bo‘lgan, Sulton Saodatdek muqaddas ziyoratgohni saqlab qolgan, zamon sarhadlariga sig‘magan orzular sohibi Gavriil Vasilevich Parfyonovning tarjimai holini tuzukroq bilmadik, u haqdagi ma’lumotlarni uzoq yillar izladik.

Toshkentlik yozuvchi Yuriy Fliginning qo‘limizga tushgan kitobi orqali Gavriil Vasilevich Parfyonov 1897-yil 23-mart kuni Rossiyaning Smolensk shahrida tug‘ilgani, gimnaziyada o‘qigani, armiyada xizmat qilgani, 1927-yildan Smolensk o‘lkashunoslik muzeyida ishlagani, yoshlik orzusini amalga oshirib, 1930-yilda Samarqandga va keyin esa Surxondaryoga kelganini bildik. Surxondaryodagina uning chin tadqiqotchilik va tashkilotchilik qobiliyatlari ochiladi, pedagogik mahorati namoyon bo‘ladi, faqat shu yerdagi xizmatlari uchun G.V.Parfyonovga «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi» faxriy unvoni beriladi, «Shavkatli mehnati uchun» medali bilan ham mukofotlanadi.

Parfyonov 1967-yili og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etadi.

Gavriil Vasilevich Parfyonovdek insonning xotirasi biz uchun ta’zim bajo keltirishga arzigulikdir.

Abdulla Xolmirzayev.

 

 

 

 

 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Avtohalokatga uchragan mashinadan katta miqdordagi dori topildi

Published

on


Ko‘p miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari egalariga yetib bormadi. 

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bojxona qo‘mitasi hamkorligida Andijon viloyatida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda dorifurushlar tomonidan Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan katta miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasining noqonuniy muomilasi oldi olindi. 

Xususan, Andijon shahri hududida avtohalokatga uchragan «Changan CL03» rusumli avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, avtomashina salon qismida 5071 dona «Regapen» nomli kuchli ta’sir qiluvchi vositasi borligi aniqlanib, prosessual tarzda rasmiylashtirib olindi. 

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 251 prim 1-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 2 nafar O‘zbekiston fuqarolari gumonlanuvchi tariqasida jinoyat ishiga jalb qilindi. 

Tergov harakatlari davom ettirilmoqda. 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Bugun ikki hududda yomg‘ir yog‘ishi kutiladi

Published

on


Bugun kunduzi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ba’zi joylarda qor yog‘adi. Toshkent viloyatida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi.

Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi. Harorat 10-15° iliq, shimolda 3-8° iliq bo‘ladi. 

Poytaxtimizda kunning birinchi yarmida yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Shamol 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat 11-13° iliq bo‘ladi. 

 Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Toshkent, Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi bor. Tuman tushishi mumkin Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi. Harorat 2-7° iliq bo‘ladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Sobiq deputat, multi-millioner va avtobloger. Sanjar Karimov kim o‘zi?

Published

on


Ijtimoiy tarmoqda Real Sanjik taxallusi bilan tanilgan Sanjar Karimov atrofidagi mojaro yangi bosqichga ko‘tarildi. Hashamatli hayotini ko‘z-ko‘z qilib, o‘zini juda boy inson sifatida ko‘rsatuvchi Karimovga nisbatan jiddiy ayblovlar qo‘yilib, qamoqqa olindi. Ayrimlar hibsni “toshkentlik bir qizning oilasidan uyi olib qo‘yilishi voqeasi” bilan bog‘lashyapti. Xo‘sh, Real Sanjik kim va nima ish bilan shug‘ullangan?

{Yii::t(}

O’tkazib yuborish 6s

O’tkazib yuborish

Real Sanjik kim?

Xalq orasida Real Sanjik nomi bilan tanilgan tadbirkorning asl ismi – Sanjar Karimov. U 1990 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan. Intervyularidan birida yoshligida professional karate bilan shug‘ullangani, hatto O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi tarkibiga ham jalb qilingani haqida aytib o‘tgan. Talabalik yillarida bir muddat AQShda yashagan.

Uning omma e’tiboriga tushishi bo‘lajak turmush o‘rtog‘iga “Bunyodkor” stadionida baxosi taxminan 300 ming dollar turadigan Bentley Continental avtomobilini sovg‘a qilishidan boshlanadi. O‘sha voqeadan so‘ng uning shaxsi bilan qiziquvchilar ko‘payadi.

Karimov, shuningdek, bir muddat Bektemir tumani deputati ham bo‘lgan.

4 mln dollarlik villa va 35 ta mashinali “garaj”

2024 yilda bloger Jahongir Latipovga bergan intervyusida Real Sanjik 4 million dollarlik villa va 35 ta mashinadan iborat avtoparki borligini aytgan.

Shov-shuvli suhbat davomida 35 yoshli Karimov asosan avtomobillari, qimmatbaho saotlar, ko‘chmas mulk ta’miri, hashamatli hayot tarzi va shunga o‘xshash narsalar haqida gapirgan.

Jahongir Latipov uni “O‘zbekistonning eng boy fermeri” deya ta’riflagan.

Ko‘rsatuvda boylik va xashamatga yo‘g‘rilgan hayot tarzini ko‘z-ko‘z qilarkan, hikoyamiz qahramoni aynan nima ish qilishi va asosiy daromadi qayerdan kelishi haqida aniq ma’lumot bermagan.

Sanjar Karimov qanday boyigan?

Ochiq manbalarga ko‘ra, Karimov Sanjar Baxrom o‘g‘li O‘zbekistonda tashkil etilgan bir qancha korxona va tashkilotlarning ta’sischisi va rahbari hisoblanadi.

Xususan, u g‘alla, urug‘lar va hayvonlar uchun ozuqalarning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi “Agro Export Group Incorporation” MChJda 99,9 foiz, “Agro Martis” MChJda 100 foiz, yog‘och, qurilish materiallari va sanitariya-texnik uskunalar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi “Property Clouds” MChJda 50 foiz ulushga egalik qiladi.

 

Bundan tashqari, Karimov Agro Export Group orqali Trade&Production International’da 24 foiz, PetroGroup NRG’da 52,5 foiz, shuningdek, Agro Export Group va Agro Martis’lar orqali O‘zbekiston Urug‘chilar assotsiatsiyasida 33,3 foiz ulushni nazorat qilib keladi.

 

Tadbirkor asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun ozuqalar, qurilish mahsulotlari hamda yoqilg‘i ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarda ta’sischi yoki ulushdor sifatida keltirilgan.

Nizoli uy voqeasi

Shu yilning oktyabr oyida Toshkentda yashovchi Jamila Olimboyeva o‘zi va oilasi firibgarlik qurboni bo‘lganini ma’lum qilib, ijtimoiy tarmoqlarda videomurojaat qoldirdi. Qizning so‘zlariga ko‘ra, yigiti Shahzod Rismatov qariyb 70 yoshga kirgan ota-onasini uyni 12 kunga vaqtincha “garovga qo‘yishga” ko‘ndirgan, shundan so‘ng turar joy oldi-sotdi sifatida rasmiylashtirilib, Sanjar Karimov nomiga o‘tkaziladi.

Oradan ko‘p o‘tmay Shahzod Rismatov yo‘qolib qolgan. Keyinchalik uning qochib ketgani ma’lum bo‘ladi. Olimboyevaning ushbu da’vosidan so‘ng Sanjar Karimov uyni egalaridan 240 ming dollar naqd to‘lov evaziga sotib olganini aytib chiqdi.

Rismatovga nisbatan firibgarlikning bir nechta epizodlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va qochoq “kuyov” 21 noyabr kuni 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Nizoli uy masalasi fuqarolik ish yuritish tartibida hal etilishi belgilandi.

Gazeta’ning yozishicha, jabrlanuvchi Aliboyevlar oilasi advokatlari ish doirasida Sanjar Karimovning harakatlariga ham huquqiy baho berishni talab qiladi. Sudya iltimosnomani qanoatlantirib, prokurorni xabardor qilishga qaror qilgan.

Sud hukmidan keyin Jamila Olimboyeva barcha bosimlarga qaramay, uni qo‘llab-quvvatlagani va adolat uchun kurashgani uchun Diyora Usmonovaga minnatdorchilik bildirib, post joyladi

Real Sanjik’ning qamoqqa olinishi

Shahzod Rismatovning qamalishidan bir necha kun o‘tgach, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 28 noyabrdagi ajrimi bilan Sanjar Karimovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi. U o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish hamda giyohvandlik vositalari tayyorlash yoki saqlashda gumonlanyapti.

Uni qamoqqa olish haqidagi iltimosnomani Mirobod tuman sudiga Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari kiritgan. Sudning 2025 yil 28 noyabrdagi ajrimi bilan, iltimosnoma qanoatlantirilib, ayblanuvchi Karimovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilangan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Buxoroda dorixona mudirining uyidan qariyb 335 mln so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari topildi

Published

on


Olot tumanidagi ijtimoiy dorixona mudiri 17 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini fuqaro A.J.ga sotgan vaqtida ushlangan.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Olot tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida tumandagi ijtimoiy dorixona mudiri S.B. chakana realizatsiya uchun litsenziyaga ega bo‘lmasa-da 17 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini fuqaro A.J.ga sotgan vaqtida ushlangan.

S.B.ning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, 73 turdagi umumiy bahosi 334,6 mln so‘mlik dori vositalarini saqlab kelayotganligi aniqlanib, ushbu dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.