Connect with us

Jamiyat

Nega odamlar SSSRni ideallashtiradi yoki bir xil orzular, bir xil o‘yinlar va bir xil qo‘rquvlar epoxasi

Published

on


Sovet Ittifoqi  bo‘linganiga o‘ttiz yildan ortiq vaqt o‘tdi. Bir necha avlod yangilandi. Lekin shunga qaramay «SSSR davri yaxshi edi», «U paytlar boshqacha edi» degan fikrlarni eshitamiz. «SSSRda hayot yaxshi edi!» Go‘yo o‘tmishning bir bo‘lagi hozirgi zamondan ko‘ra tiniqroq, nurliroq ko‘rinadi. Lekin savol tug‘iladi: nima uchun aynan SSSR? Nega undan oldingi yoki keyingi davrlar emas, balki aynan o‘sha zamon ideallashtiriladi? 

Xavfsizlik va barqarorlik xotirasi

SSSR davrida go‘yoki ishsizlik yo‘q edi, maosh vaqtida berilardi. Albatta, maosh katta emas, tanlovlar cheklangandi. Bugun esa shiddatli va ehtiyojlar ko‘lami SSSRdagidan ancha oshib ketgan zamonda «ertaga ishimdan ajrasam nima bo‘ladi?», «narx yana ko‘tariladimi?» degan xavotirlar ko‘p.

Umumiylik va tenglik illyuziyasi

SSSR bolalari bir xil ssenariyda o‘sdi: bir xil multfilm, qo‘shiqlar, «Artek» orzusi, pioner, komsomol va qizil galstuk, hatto kitob, asarlar ham bir xil va juda cheklangan. Bir xil orzular, bir xil qo‘rquvlar, bir xil o‘yinlar… Bu umumiylik butun avlod xotirasiga baxtli hayotdek muhrlanib qoldi, keyinchalik «collective memory» ya’ni jamoaviy xotiraga aylandi. O‘sha davr odamlari «qorbo‘ron o‘ynagan bolalik»ni eslab, butun tizimga «go‘yo yaxshi edi» degan muhrni bosishdi. Hozir esa bolalar har xil ssenariyda o‘smoqda – internet, turli kurslar, turli maktablar va ta’limda turli yondoshuvlar. Shuning uchun kelajak bolalarida SSSR avlodidagi kabi umumiy nostalgiya bo‘lmaydi.  

«Hamma bir xil yashardi» degan fikr ko‘p aytiladi. Qimmat mashina yoki hashamatli uylarda yashamagan odamlar o‘sha davrda hech bo‘lmasa adolat bor edi, deb o‘ylaydi. To‘g‘ri, nomenklaturaning, ya’ni elita qatlamning imtiyozlari bo‘lgan, ammo ommaning ko‘ziga u ko‘pda tashlanmasdi. Go‘yoki eng oddiy odam ham borib Qora dengizda dam olgan…. SSSRda kambag‘al ham, boy ham yo‘qdek tuyulardi. Hammaga uy, ish, sanatoriy, yo‘llanma bor edi. Odamlar buni «tenglik» sifatida eslashadi, garchi amalda ko‘p narsa mahdud va sifatsiz bo‘lsa-da.

Nostalgiya mexanizmi

Psixologiyada shunday holat bor: inson o‘tgan vaqtni romantiklashtiradi. Mutaxassilarning fikricha, bolalik, yoshlik – hammasi go‘yo bezavol, samimiy ko‘rinadi. Haqiqatda esa o‘sha paytda ham qiyinchilik, qator kamchiliklar bo‘lgan. Inson xotirasini vaqt o‘tishi bilan «filtrlaydi»: yoqimsiz narsalar yo‘qoladi, go‘zal hislar qoladi. Uzun navbatlar, tanqislik, senzura – bular chekinadi. Bolalik o‘yinlari, yozgi lagerlar, qo‘shnichilik esa «chiroyli surat»dek xotiraga muhrlanadi: «O‘shanda ko‘chalar xavfsiz, darvozalarga qulf solinmas edi», «o‘shanda bolalar kitob o‘qirdi, hozir esi-dardi telefon..» Vaholanki, qiziqib ko‘rsangiz SSSRni maqtaydiganlar orasida umrida bitta kitob o‘qimagan katta avlodni istagancha topish mumkin, oliy ma’lumotlilar bundan mustasno. Aslida bunday fikrlashga sabab SSSRning ustunligi emas, balki hozirgi davrdan qoniqmaslik.

Nega hozirgi zamondan qoniqish yo‘q?

Bir qarashda, hayotimiz avvalgidan farovon: ko‘pchilik chiroyli uylarni orzu qila boshladi, mashina olish uchun avvalgidek o‘n yillab puling bo‘lsayam navbatga turmaysan, sayohatlar oddiy odam uchun ham real. Lekin odamzotning qoniqmasligi moddiy emas, ma’naviy o‘lchov bilan bog‘liq.

Yana bir tomoni farovonlik tabiiy holga aylandi. Ilgari har qanday mahsulot taqchil va bir xil bo‘lgani uchun kichik narsa ham baxt hissini bergan. Hozir esa ko‘p narsa bor, lekin qalbda «bundan keyin-chi?» degan bo‘shliq, ya’ni turfa xillik xotirjamlikni o‘g‘irlaydi. Ilgari hamma bir xil edi, qiyos yo‘q. Hozir esa qo‘shni mashina oldi, tanishing Turkiyaga bordi – sen ham xohlaysan, ichki xotirjamlik  yo‘q.

Avvallari vaqtida oylikni olib ortiqcha orzu havas haqida o‘ylamas edik, endi esa kundan-kun maishiy texnikadan tortib oziq-ovqat va kiyim-kechakning turi ko‘paygandan ko‘paymoqda. Bu xaos esa odamni toliqtiradi, huv o‘sha SSSRdagi odam ortiqcha narsalarni o‘ylamaydigan tinch zamonga qaytgisi keladi. Ish, kredit, narxning doimiy o‘ynab turishi haqidagi xavotir moddiy farovonlikka soya soladi. Talablar tez o‘smoqda: mashina bormi, endi yaxshirog‘i kerak. Uy bormi, endi kattarog‘i yoki dizayni yangisi kerak. Orzular hech tugamaydi, shuning uchun odam o‘zini hech qachon manzilga yetdim deb his qila olmaydi va charchagan miya o‘tmishdagi halovatli, oddiy kunlarini sog‘inadi. Odamlar «SSSRda yaxshi edi» deganida, ular ko‘proq o‘zining yoshligi, xavfsizlik va xotirjamligini sog‘inishadi.

Tashqi omil: romantiklashtirilgan o‘tmish

Faqat SSSR emas, xorijda ham shunday tendensiya bor. Masalan, AQShda ba’zilar «1950-yillar – haqiqiy amerikalik oilaviy qadriyatlar» davri edi deb romantiklashtiradi, 50–60-yillar «golden age» – oltin asr sifatida yodga olinadi: Elveys, sutli kokteyl, suburbia (amerikancha orzuning ramzi: tinch, qulay oilaviy muhit, ammo mashinalarga bog‘liq va bir xillikka asoslangan hayot tarzi). Bu haqda amerikalik professor Ken Miller «Oltin davr»ni romantik qilishni to‘xtating: Haqiqiy farovonlik inklyuziyani talab qiladi» nomli maqolasida shunday deydi: «Agar biz 21-asrda haqiqiy Amerika buyukligini istasak, oqilona sarmoya kiritishimiz, inklyuziv tarzda boshqarishimiz va o‘tmishga tiniq qarashimiz kerak. Oltin davr oltin davr emas edi. Mark Tven ta’kidlaganidek, u zarhal qilingan: sirti yaltiroq, lekin ichi chirigan. Hatto «Oltin asr» filmi ham o‘zining jozibali modasi va dabdabali kechalari bilan davrning achchiq haqiqatlarini – tizimli tengsizlik, mehnat ekspluatatsiyasi va badavlat kishilarga xizmat qilgan mustahkam kuch tuzilmalarini ko‘rsatishdan qochmaydi». Ya’ni muallif aytmoqchidek:  haqiqiy farovonlik – faqat iqtisodiy o‘sish yoki «bir necha kishining yaxshi yashashi» emas, balki butun jamiyatning turli qatlamlari teng imkoniyat va sharoitga ega bo‘lgandagina haqiqiy hisoblanadi.

Yoki 1950–80-yillarni yaponiyaliklar entikib eslaydi: arzon ramen do‘konlari, umumiy teleko‘rsatuvlar, birinchi animelar, urushdan keyingi qayta tiklanish hissi. Bugun ham ko‘p yaponlar «Showa» (yorqin dunyo) qahvaxonalariga borib, o‘sha atmosferani his qilishadi.

Yoki Buyuk Britaniyada «imperiya davrida qudratli edik» degan hissiyot bor. Germaniyada katta avlod «Wirtschaftswunder» (iqtisodiy mo‘’jiza, 50–60-yillar)ni sog‘inadi. Italiyada «Dolce Vita» (50-60) yillari. Bu davrlar ularning bolalik yoshligi bilan tutashgani uchun kollektiv xotiraga aylangan. Koreya ham 70–80-yillarni romantiklashtiradi. «Reply 1988» seriali aynan shu hisni qayta jonlantirgan: umumiy ko‘cha o‘yinlari, radio qo‘shiqlari, ko‘shnichilik madaniyati.

Svetlana Boymning Nostalgiya kelajagi «The Future of Nostalgia» (2001) kitobida ikki turdagi nostalgiya haqida yozadi: Restorativ nostalgiya –o‘tmishni real qaytarishga intilish, refleksiv nostalgiya – o‘tmishni ideallashtirib, estetik halovat sifatida ko‘rish. Fridrix Nitsshe — «O‘tmishdan foydalanish va uning zarari» kitobida (On the Use and Abuse of History for Life, 1874) insonning o‘tmishni romantiklashtirib, hozirgi hayotdan qochishi haqida yozadi.

Ijtimoiy-psixologik tadqiqotlarda esa nostalgiya stressni kamaytiruvchi mexanizm sifatida qaraladi, ya’ni insonlar qiyin damlarda o‘tmishni ideallashtirib, ruhiy taskin topishadi.

«SSSRdagi odamlarning hayoti aslida baxtli bo‘lganmi?»

Ushbu maqolada yuridik fanlar nomzodi V. N. Usolsev shunday faktlarni keltiradi: «SSSRda ko‘plab iste’dodli olimlar, muhandislar, shifokorlar, yozuvchilar, rassomlar fan, madaniyat va texnologiyalarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shdilar. Bu davlat ta’lim va fanga katta e’tibor qaratgani tufaylidir. Undan tashqari muallif sog‘liqni saqlash tizimining yutuqlari, garchi odamlar ko‘pi yotoqxona yoki bir xonali uylarda yashagan bo‘lsada uy joylarning arzon bo‘lganini ham eslatib o‘tadi. SSSR rivojlangan ijtimoiy himoya tizimiga ega edi. Davlat pensiya, ishsizlik, bolalar nafaqalari va boshqa ijtimoiy imtiyozlarni taqdim etdi. Bu odamlarga o‘zlarini yanada himoyalangan va kelajakka ishonch bilan his qilishlariga imkon berdi. Afsuski, deydi u maqola davomida SSSR hayotida hamma narsa mukammal emas edi. Asosiy kamchiliklardan biri oziq-ovqat va boshqa narsalarning tanqisligi edi.

Surat: pikabu.ru 

Sovet Ittifoqining deyarli barcha respublikalari uchun umumiy bo‘lgan narsa shundaki, fuqarolar ko‘plab narsalarni, shu jumladan oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishdan ko‘ra «olishga» majbur bo‘lishgan. Shunga qaramay, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari arzon va sifatli edi.

SSSR hayotidagi yana bir muammo erkinlikning yo‘qligi edi. Davlat odamlar hayotining barcha jabhalarini, shu jumladan so‘z erkinligi, yig‘ilish (miting) erkinligi va tanlov erkinligini nazorat qildi. Odamlar o‘z fikrlarini erkin ifoda eta olmadilar, hokimiyatni tanqid qila olmadilar va o‘z kelajagini tanlay olmadilar. Bu jamiyatda katta keskinlikni keltirib chiqardi va ko‘p odamlar noaniqlikda yashadilar.

Real hayotni yashirgan suratlar

Yana bir maqola muallifi Maksim Mirovich SSSRda haqiqiy hayotning taqiqlangan fotosuratlari maqolasida esa shunday deydi:

«…Biroq, SSSRdagi haqiqiy hayot bu xayollardan uzoq edi va uni ko‘rish uchun uyushtirilgan rasmlarga emas, balki o‘sha davrdagi fotosuratlarga qarashingiz kerak. Bugun men sizga bo‘sh vaqtlarida kundalik fotosuratlar bilan shug‘ullangan va bir vaqtning o‘zida «sotsialistik voqelikni qoralash» ayblovlari uchun o‘zlarining foto arxivlarining bir qismini yo‘q qilishga majbur bo‘lgan professional sovet fotosuratchilarining ishlari bilan tanishtiraman. Fotosuratchilar Vladimir Sokolayev, Vladimir Vorobyov va Aleksandr Trofimov – ular «Triva» ijodiy guruhini tuzdilar, Kuznetsk metallurgiya zavodida fotograf bo‘lib ishladilar, shuningdek atrofdagi barcha narsalarni suratga olishdi.

 Yerda yotgan qo‘y go‘shtlari. Navbatga turgan o‘sha davr odamlari (Surat: «Triva» ijodiy guruhi)

1982-yilda Novokuznetskda olingan eng mashhur fotosuratlaridan biri «Shisha idish qabul qiluvchilar»deb nomlangan. Ushbu fotosuratga qarab, negadir men qayg‘uli aforizmni eslayman – «SSSRda hamma narsa yaxshi edi, shishalar faqat yorliqsiz qabul qilinganligi achinarli».

«Triva» ijodiy guruhi suratlari

1978-yil tushdan keyin dam olish uchun izolyatorlar brigadasi. U yerga qaytishni va «dunyodagi eng yaxshi muzqaymoq va qisqichbaqa tayoqchalarini iste’mol qilishni» orzu qilgan barcha SSSR muxlislarini hayratda qoldiradigan ajoyib fotosurat: hayot umuman muzqaymoq va shirinliklar emas, balki har kungi mashaqqatli mehnat bo‘lib, uning xavfsizligi haqida hech kim o‘ylamagan.

«Raspadskaya konidagi smena ishchilari» – ushbu fotosuratda nimani ko‘rayotganingizni bilmayman, men sovet tashviqot filmlaridagi abadiy quvnoq va toza ishchilarga o‘xshamaydigan charchagan odamlarni ko‘raman, deydi muallif.

Yana bir surat 1983-yilda olingan va «bolalar ortopediyasi kafedrasi. Shifokor tayinlanishini kutish». Nima uchun «buyuk mamlakat» raketalarni ishlab chiqarishda, shuningdek balet sohasida va hokazolarda ilg‘or bo‘lgan o‘sha davrdagi bolalar shifoxonalari shunday ko‘rinishda javobni men sizga    qoldiraman. Va bunday SSSRga qaytishni xohlaysizmi? U yerda nima qilardingiz», deb savol beradi muallif…

Illyuziya va haqiqat

Qisqa qilib aytganda: SSSR haqidagi illyuziyalarning har biri «yopiq jamiyat»ning tabiiy natijasi. Chunki odamlar tanlash imkoniyatisiz qolganda, mavjud narsani «ideal» deb bilishga majbur bo‘ladi. Ya’ni tanlovsizlik ideallashtirishni keltirib chiqaradi.

SSSR ko‘p narsa «yaxshi» edi, lekin bir katta narsa yo‘q edi – erkinlik. Erkinlik bo‘lmasa, ijod ham, iqtisod ham siljimaydi.  

To‘g‘ri SSSR qulaganda katta zahiralar qoldi: intellektual salohiyat – olimlar, muhandislar, konstruktorlar. Infratuzilma – sanoat shaharlari, yirik fabrikalar. Ma’naviy kapital – «bilimga ishonish», kitobxonlik an’anasi.

Lekin nyega bu tajribalar foydali bo‘lmadi?

Tizim falsafasi eskirgan edi –iqtisod bozor qonunlariga to‘g‘ri kelmadi. Meros «mafkuraga xizmat» uchun yaratilgandi, erkin raqobat uchun emas. Shuning uchun ko‘plab olimlar, muhandislar va mutaxassislar chet elga chiqib ketdi. Qolganlar esa bozor sharoitida o‘z bilimini qo‘llay olmadi. SSSR tarixi faqat siyosiy tizim yoki geosiyosiy kuch sifatida emas, balki katta illyuziya sifatida ham e’tiborga loyiq. Bu illyuziya shundan iborat ediki: insonlarga «ertangi kunda hamma teng bo‘ladi, barcha ehtiyojlar ta’minlanadi, ilm va madaniyatda misli ko‘rilmagan darajaga yetiladi» degan va’da berilgandi. Umid bor joyda insonlar qiyinchiliklarga toqat qiladi. Shuning uchun ham odamlar «ertangi kommunizm» uchun o‘z hayotini qurbon qilishga tayyor edilar. Ammo «ertaga» hech qachon kelmadi.

Nega illyuziya natija bermadi?

SSSR tajribasi inson irodasi va tabiiy iqtisodiy rivojlanishga emas, balki «reja» va «majburiy yo‘l»ga qurilgandi. Ilm-fan ham ko‘p hollarda ideologiyaga xizmat qildi. Bozor iqtisodi, shaxsiy mas’uliyat, raqobat – bularning barchasi sobiq sovet insonlari uchun og‘ir sinov bo‘ldi. SSSR illyuziyasi odamlarga umid berdi, ammo erkinlikni olib qo‘ydi. U insonlarni katta maqsadlar yo‘lida qo‘llab-quvvatladi, ammo shaxsiy tashabbusni yo‘q qildi. Ta’lim yuqori darajada bo‘lsa-da, bu bilimlar erkin fikr va erkin iqtisod bilan uyg‘unlashmadi.

«SSSR – bu buyuk sanoat, ulkan armiya va ta’limda tengsiz tizim edi». Bu gapni haligacha ko‘p eshitamiz. Kosmosga chiqish, savodxonlik, ko‘plab zavod-fabrikalar – bularni inkor etib bo‘lmaydi. Lekin savol muallaq: agar shunchalik qudratli bo‘lgan bo‘lsa, nima uchun uning natijalari bugun possovet mamlakatlarini haqiqiy taraqqiyotga olib kelmadi?

Masalan kosmosga chiqildi, ammo xalq uchun oddiy turmush sharoiti – uy, oziq-ovqat, kiyim-kechak tanqisligi yillab hal qilinmadi. Zavodlar ishladi, lekin ular ko‘proq harbiy yoki «plan uchun» ishlab, bozor qonuniyatlariga tayyor bo‘lmadi.

SSSR 1957-yilda sputnik uchirdi, Koreya esa hali qashshoq davlat edi. Ammo 30 yil ichida Koreya iqtisodiy islohot va erkin bozorga ochilib, «Samsung», «Hyundai», «LG» kabi global gigantlarni yaratdi. SSSR esa o‘sha ilmiy salohiyat bilan dunyo brendlari emas, faqat «plan qo‘ygan» mahsulotlarni ishlab chiqarishda qoldi.

G‘arb mamlakatlari o‘z industrial merosini «texnologiya eksporti»ga aylantira oldi. SSSR davlatlari esa industrial merosini «metall chiqindisi» sifatida sotdi.

Hamma narsa umumiy, hatto xotiralar ham…
«Hamma teng, hamma baxtli, hamma mehnatkash» bo‘lgan bu mamlakatda  hatto yo‘qchilik ham romantika sifatida bezatilardi: «oddiylik», «bosiq hayot», «qanoat»…

«Hamma narsa umumiy» degan g‘oya amalda «hech kimniki emas»ligini isbotladi. Taqqoslab ko‘ramiz: G‘arbda ishchi o‘z mehnatidan foyda ko‘rib, xususiy mulk orqali kelajak yaratardi. SSSRda esa ishchi «mulkdor emas, ijarachi» edi. Qurgan uyi ham, ishlab chiqargan texnikasi ham, hatto o‘z hovlisidagi daraxti ham davlatniki sanaldi.

«SSSRda hammasi yaxshi edi» degan gap bu qalbda qolgan illyuziya. Chunki o‘sha davrda ham kamchiliklar bor edi, faqat ular yopiq jamiyat devorlari orasida ko‘rinmas edi. Bugun esa biz tanlay olamiz: qolish yoki ketish, aytmoq yoki sukut saqlash, yangicha yo‘l izlash. Mustaqillikning qiymati – illyuziyalarga aldanmay, haqiqatni anglab, erkin va mas’uliyatli hayotni qurishda.

                                                                              Barno Sultonova



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Prezident mahallalarda jinoyatchilikni kamaytirish bo‘yicha yangi vazifalarni belgiladi

Published

on


Prezident huzurida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, so‘nggi uch yilda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 1 162 ta mahallaning 571 tasida joriy yilda birorta ham jinoyat sodir etilmagan. Endi ushbu tajriba asosida yangi metodika ishlab chiqilib, u avvalo kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda joriy etiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyul kuni “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha yaratilgan tizim o‘z natijasini berayotgani qayd etildi. So‘nggi uch yilda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 1 ming 162 ta mahallaning 571 tasida bu yil birorta jinoyat sodir etilmadi.

Ta’kidlanishicha, bunga videokameralar o‘rnatilib, xavfsiz ko‘cha va yo‘laklar tashkil qilingani, aholi muammolari ilmiy asosda hal etilgani, oilalarga psixologik yordam ko‘rsatilgani natijasida erishildi.

Endi jinoyatchilikni jilovlashga mas’ul ilmiy tashkilotlar bilan birga namunali mahallalar tajribasi asosida metodika ishlab chiqiladi. Yil davomida “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalar profilaktika inspektorlari ushbu metodika bo‘yicha joyiga borib o‘qitiladi.

Namangan viloyatida profilaktika inspektorlariga yonkameralar berilib, planshetlariga integratsiya qilingan tajriba ham ijobiy natija bergan. Bu orqali fuqarolar shaxsini aniqlash, ma’muriy bayonnoma to‘ldirish va sudga material yuborish avtomatlashgan.

Natijada profilaktika inspektorlarining ish yuklamasi qisqarib, ayrim mahallalarda jinoyatlar 10 tadan 5 taga kamaygan. Mazkur tajribani yil yakunigacha Namangan viloyatida to‘liq, qolgan hududlarda esa kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 448 ta mahallada yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.4



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkent atrofida yangi «yashil belbog‘»lar barpo etiladi

Published

on


Toshkent shahri va unga tutash hududlarda «Yashil belbog‘» loyihasining navbatdagi bosqichi amalga oshiriladi. Unga muvofiq, yangi yashil hududlar barpo etilib, iqlimga mos, qurg‘oqchilikka chidamli daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri atrofida «yashil belbog‘»lar tashkil etish hamda yo‘l yoqalarida tabiiy o‘sib chiqqan daraxt va buta nihollarini saqlab qolish yuzasidan bildirilgan fikrlar o‘rganilgan.

Qayd etilishicha, prezidentning farmon va qarorlariga muvofiq, 2022–2026 yillarda Toshkent shahrida 1 million 350 ming tupdan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazilgan. 2025–2026 yillarda esa poytaxt va unga tutash hududlarda Bektemir tumanida 38 ming, Toshkent tumanida 20 ming, Yangihayot tumanida 2,1 ming va Qibray tumanida 100 ming tup daraxt ekilgan. Shuningdek, 4R–21 avtomobil yo‘li yoqasida ham 2 mingdan ziyod manzarali daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazilgan.

2026–2027 yillarda Yangihayot tumanida 21,21 gektar, Sergeli tumanida 6,81 gektar, Bektemir tumanida 40,1 gektar hamda Chirchiq daryosining Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod va Bektemir tumanlari hududidan o‘tuvchi qismi bo‘ylab 100 gektar maydonda yangi «yashil belbog‘»lar tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, prezidentning 2026 yil 25 martdagi farmoniga muvofiq, Toshkent shahri va viloyatida botanika hamda dendrologiya bog‘larini tashkil etish uchun jami 385,3 gektar yer maydoni ajratiladi. Vazirlar Mahkamasining qarori asosida esa poytaxtda umumiy maydoni 139,6 gektar bo‘lgan to‘qqizta yangi jamoat bog‘ini barpo etish belgilangan.

Ekologiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, «Yashil belbog‘» loyihasi doirasida 2045 yilga qadar Toshkent shahri va unga tutash hududlarda kamida 58 ming gektar maydonda intensiv himoyaviy o‘rmonzorlar tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun 50 million tupdan kam bo‘lmagan iqlimga mos, qurg‘oqchilikka chidamli va changni yaxshi ushlab qoluvchi daraxt hamda buta ko‘chatlari ekilib, ularning yashovchanligini 85 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Mas’ullar ta’kidlashicha, «yashil belbog‘» loyihasi faqat ko‘chat ekish bilan cheklanmaydi. Uning doirasida yashil hududlarning huquqiy muhofazasini kuchaytirish, suv tejovchi sug‘orish tizimlarini joriy etish, havo sifati va yashillik qoplamini muntazam monitoring qilish, shuningdek, yo‘l yoqalarida tabiiy o‘sib chiqqan daraxt va buta nihollarini saqlab qolish choralari ham amalga oshiriladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Mustaqillik shohko‘chasida harakat sxemasi vaqtincha o‘zgaradi

Published

on


Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mustaqillik shohko‘chasida rekonstruksiya ishlarining navbatdagi bosqichi boshlanishi munosabati bilan transport harakati sxemasi vaqtincha o‘zgartiradi. Ta’mirlangan yo‘l qismi harakat uchun ochilsa, ko‘chaning qarshi yo‘nalishida qurilish-ta’mirlash ishlari olib boriladi.

Toshkent shahar hokimligi ma’lum qilishicha, Mustaqillik shohko‘chasida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, transport oqimini tartibga solish va jamoat transporti harakati uchun qulay sharoit yaratish maqsadida qurilish-ta’mirlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Avvalgi bosqichda ko‘chaning bir tomonidagi qatnov qismi to‘liq ta’mirlanib, yo‘l qoplamasi yangilandi. Shuningdek, ko‘cha bo‘ylab muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va boshqa infratuzilma obektlarini takomillashtirish ishlari ham davom etmoqda.

Endi esa ko‘chaning ikkinchi tomonida ta’mirlash ishlarini boshlash uchun harakat tartibi o‘zgartiradi.

Shu munosabat bilan 2026 yil 16 iyul soat 01:00 dan 31 iyul soat 22:00 gacha Mustaqillik shohko‘chasining Parkent ko‘chasi kesishmasidan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi chorrahasigacha bo‘lgan qatnov qismi transport vositalari harakati uchun vaqtincha yopiladi.

Ayni paytda 16 iyul soat 02:00 dan qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlangan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi kesishmasidan Oqqo‘rg‘on ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘nalish barcha transport vositalari harakati uchun qayta ochiladi.

Ma’lum qilinishicha, vaqtinchalik cheklovlar Mustaqillik shohko‘chasini to‘liq va sifatli rekonstruksiya qilish, harakat xavfsizligini oshirish hamda haydovchilar, yo‘lovchilar va piyodalar uchun zamonaviy va qulay yo‘l infratuzilmasini yaratish maqsadida joriy etilmoqda.

Mas’ullar haydovchilardan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirishni tavsiya qildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Bo‘stonliqda ko‘knori plantatsiyasi fosh etildi

Published

on


Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 17,6 ming tup ko‘knori va 9 tup kannabis yetishtirilgan yashirin plantatsiya aniqlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Videodan kadr / DXX

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida Bo‘stonliq tumanida yashovchi 1971 yilda tug‘ilgan fuqaro taqiqlangan ko‘knori o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotgani aniqlangan.

Gilavasoy qishlog‘i tog‘ yonbag‘irlarida joylashgan yer maydoni ko‘zdan kechirilganda, jami 17 600 tup ko‘knori va 9 tup kannabis o‘simligi mavjudligi ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, gumonlanuvchining yashash xonadoni tintuv qilinganda, quritilgan ko‘knori boshoqlari hamda quritib, maydalangan holda saqlanayotgan ko‘knori ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 270-moddasi 2-qismi «v» bandi hamda 25, 273-moddasi 6-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Serra-Leonedan yuborilgan kokain Toshkentda ushlandi

Published

on


Toshkent shahrida Serra-Leonedan kurerlik jo‘natmasi orqali olib kirilgan 728 gramm kokain musodara qilindi. Giyohvandlik vositasi avtoehtiyot qismlari ichiga yashirilgan bo‘lib, uni qabul qilib olgan shaxs qo‘lga olindi.

Foto: Videodan kadr / DXX

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona organlari xodimlari tomonidan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi navbatdagi tezkor operatsiya o‘tkazildi.

Ma’lum qilinishicha, Serra-Leone davlatidan yuborilgan kurerlik jo‘natmasini Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi xususiy kurerlik xizmati orqali qabul qilib olmoqchi bo‘lgan Yashnobod tumanida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs ushlangan.

Tekshiruv davomida avtoehtiyot qismlari ichiga yashirilgan 728 gramm kokain borligi aniqlanib, giyohvandlik vositasi protsessual tartibda musodara qilindi.

Shuningdek, gumonlanuvchining yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, zip-paketlarga joylangan kukunsimon moddalar hamda tarkibida narkotik moddalar mavjud bo‘lgan shirinliklar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.