Jamiyat
yangi «Chevar»ni qiynab kelgan eski muammolar (video)
«Buxoro viloyati Kogon tumanining «O‘ba cho‘li» mahallasidagi yangi nomdagi Chevar, eski Yuqori Yobu qishlog‘idan murojaat qilyapmiz. 20 yilcha avval qishlog‘imizga toza ichimlik suvi quvurlari tortilib, suv bilan ta’minlangan edi. Biroq, 7-8 yildan beri suv muammosida qiynalamiz. Bir yildan ortiq vaqtdan beri quvurlardan umuman suv kelmay qolgan. Bormagan joyimiz, kirmagan eshigimiz qolmadi. Yuqoriga yozsak ham yana masala yechimi Kogon tumani hokimligiga qaytarib yuboriladi. Qishloqni kesib o‘tuvchi zovur quvuridan aholining foydalanishi uchun nosoz qurilma bilan shlang tushirib qo‘yilgan. Unda ham deyarli, suv yo‘q. Bu ham yetmagandek, zovur ko‘prigi ta’mirtalab: o‘nqir-cho‘nqir va qumloq. Shag‘al nomigagina tashlangan. Avtotransport vositalarining qatnoviga xavf tug‘diradi: turli xil shikastlanishlarni yuzaga keltirishi bor gap. Va ko‘p bor shunday bo‘lgan ham. Qishloqdagi «Qizbibi» qabristoniga olib boruvchi yo‘l asfalttalab. Qabristondagi janozaxona o‘n yildan ortiq vaqtdan beri xaroba va ta’mirtalab ahvolda. Bu borada bir marta emas, bir necha marotaba tuman mutasaddilariga bildirdik. Biroq, foydasiz…» – deyiladi murojaatda.
Tan olib aytamizki, ushbu murojaat bizga 2024 yilning 11 may kuni kelib tushgan. Tuman mutasaddilari bilan telefon orqali muloqotga kirishganimizda, murojaat qilgan fuqarolarning «yozuvchi»ligi, aslida, bunday emasligi: «Zovur ko‘prigi soz holatda, qabristonga olib boruvchi yo‘l asfaltlashtirishga muhtoj emas va u qabriston ham ta’mirtalab ahvolda emas. Haftaning har ikki kunida traktor orqali suv yetkazib beriladi», – degan javob olgan edik. Taqdim etilgan suratlarga ko‘ra, bunga ishongan edik ham, hatto. Afsuski, Chevar qishlog‘i aholisini tashvishlantirib kelayotgan muammolar bo‘yicha shaxsan tuman hokimiga ham ma’ulmot berilgan edi.
Zovur ko‘prigi – xavfli barera
«O‘ba cho‘li» mahallasining ichki yo‘llari aro manzil sari borar ekanmiz, bizni bundan uzoq yillar ilgari asfalt yotqizilgan, ammo, o‘nqir-cho‘nqir, pastu baland qishloq yo‘llari qarshi oldi. Biz borayotgan avtomashina so‘nggi rusumdagi transport vositasi bo‘lsa-da, yurish ancha qiyin kechdi. Chang osmonga ko‘tarilgani yetmagandek, shag‘al toshlari avtomashina derazalariga tinimsiz urilardi.
– Qishloq yo‘li, shu-da! – deydi shu qishloqda yashovchi Sayfullo G‘aybullayev. –Asfaltlashtirilganiga 40 yillardan oshgandir-ov. Shikastlangan joylariga yo nomigagina shag‘al keltirib to‘kishadi yoki qum bilan to‘ldirib qo‘yishadi. Qarabsizki, qatnov yo‘llarida o‘ralar soni oshgan. Muammolarni aytaverib, charchadik. Gapirsang, «yozuvchi»ga chiqasan. Gapirmasang, e’tiborsizlik battar oshib ketaveradi.
«O‘ba Cho‘li» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nozim Haydarovning aytishicha, Chevar qishlog‘ida jami 91 xonadon, 98 ta oila, 380 nafar aholi bor. Qishloqning o‘zbek mahallasi bilan lo‘lilar mahallasini yirik zovur ajratib turadi. O‘zbek taraf yo‘li salkam 40 yilcha ilgari asfaltlashtirilgan bo‘lsa, lo‘li taraf endi shag‘allashtirilgan.
– Yomg‘irli kunlarda yo‘llar loyli gilam bo‘lsa, qurg‘oqchilikda esa chang muammolarga sabab bo‘lib kelgan, – deydi fuqarolardan biri. – Yo‘llarning yetarli darajada ta’mirlanmagani aholining ish, maktab va tibbiy xizmatlarga borishiga jiddiy to‘siq bo‘ladi. Shag‘allar esa nomigagina to‘kib ketilgan. Ishonsangiz, yo‘lovchi tashish taksilari ham, hatto, ichki yo‘llargacha kirishmaydi.
Ahvolni kuzatar ekanmiz, zovur ko‘prigining o‘nqir-cho‘nqirligi qishloq markazini boshqa mahallalar bilan bog‘lovchi xavfli barer ekaniga amin bo‘lasiz. Ikki yon tomoni temir konstruksiyalar bilan to‘silmagan. Har qanday vaqtda yomon hodisa bo‘lishi ehtimoli baland. Bu, nafaqat, xavfsizlikni ta’minlamaydi, balki keksalar, bolalar va yoshlar uchun ham katta tashvish manbasidir.
Mutasaddilar sukuti – e’tiborsizlik
Aholi ko‘prikni yangilash yoki ta’mirlashni juda zarur, deya ta’kidlaydi. Foydalanish uchun suv tarmog‘i – zovurni kesib o‘tuvchi ta’mirtalab ahvoldagi bittagina quvur. Ushbu quvur ham zovurning xavfli qismida qo‘lbola tarzda shlangga ulab qo‘yilgan. Odamlar shundan foydalanib kelgan.
Fuqaro Rasul Sultonov qishloq aholi salkam o‘n yildan buyon suv muammosida qiynalib kelayotganini so‘zlaydi: – Qishlog‘imiz aholisini toza ichimlik suvi bilan qo‘llab-quvvatlashda jiddiy muammolar mavjud. Bu esa aholini bir necha kilometr masofadan suv olib kelishga majbur qilmoqda.
– Nega, aytishlaricha, har haftada qishloqqa traktor orqali suv olib kiritilar ekan! – deymiz.
– U suvni ichib bo‘lmaydi, bolam. Ayniqsa, bolalar va keksalarning sog‘lig‘i uchun xavfli, – deydi suhbatdosh.
Qishloq ayollari suhbatga aralashdi: – Traktor bilan keltiriladigan suv toza emas, zang. U bilan zo‘rg‘a yuvinamiz, xolos. Iste’molga yaroqsiz. Haydovchiga bu haqda e’tiroz bildirsak, «Shukur qiling, shuniyam keltirayotganimizga» deb iddao qiladi. Biz qaysi zamonda yashayapmiz o‘zi?! Ichimlik suvining yetarlicha yo‘qligi – hayot uchun xavfli muammo emasmi? Bizni o‘ylantirayotgani mutasaddilarning sukuti, ularning e’tiborsizligi.
Va’da bor, amal yo‘q!
Hudud aholisi bir necha bor mahalliy mutasaddilariga, jumladan, tuman hokimiga ham murojaat qilgan. Ammo, natija yo‘q. Qishloq odamlari «Bizni eshitadigan, ko‘radigan rahbar yo‘qmi? Hammasining va’dasi yolg‘on!» degan ishonchsizlikka berilishgan.
– Bizga toza ichimlik suvi, deb traktorda keltirishayotgani 3-4 kundayoq hidlanadi. Hatto, uni ichida qurtlar paydo bo‘ladi. Xo‘sh, uni ichish mumkinmi? Kir yuvamiz, mol sug‘oramiz, xolos. Iste’mol uchun do‘konlardan bakalashkali suvlar xarid qilamiz. Ikki baravar ko‘p pul sarflayapmiz. Tomorqa yerlarni sug‘orish haqida-ku, gapirmasayam bo‘ladi. Yana «yashil olam» talab qilishadi? – ranjib so‘zlaydi murojaatchilar.
Haqiqatan ham aholining bizga ko‘rsatishicha, traktor orqali keltiriladigan suvlarning iste’molga yaroqsiz ekanini anglash qiyinmas.
– Biz, lo‘li taraf hududda, hatto, infratuzilma nobop. Kadastr masalalari yechimi og‘ir. Muammoni bartaraf etish o‘rnida, hali u-hali bu bahonani ro‘kach qilishadi. Ko‘pchiligimizda tabiiy gazdan foydalanishimiz uchun quvurlar o‘tkazilmagan. Quvur o‘tkazilganlariga esa schyotchik qurilmasi o‘rnatilmagan. Xuddi bo‘zchining mokkisiday u yoqdan-buyoqqa, bu yoqdan-u yoqqa sarson qilishadi. Hatto, kelib-ketayotgan jurnalist va blogerlarga ham ishonmay qo‘ydik! Qishlog‘imiz taqdiri kimni qiziqtiradi, o‘zi?! –deyishdi.
Bu biz uchun ham nechog‘li og‘ir va ozorli baho bo‘lmasin, kichik qishloq aholisining uzoq yillardan beri qo‘l siltab qaralayotgan va yechim kutayotgan shikoyatini mahalliy mutasaddilar va tuman hokimiga yana bir karra eslatishni lozim topdik.
«Open budjet»da «yutmasak», yo‘l tashlandiqligicha qolib ketaveradimi? »
Murojaatda ko‘rsatilgan «Qizbibi» qabristonida ham bo‘ldik. Tashqi tarafdan atrofi temir to‘siqlar bilan o‘ralgan. Ichki tomon esa e’tiborga muhtoj. Aholining so‘ziga ko‘ra, bundan o‘n yilcha ilgari janoza o‘qish va qur’on tilovat qilishga mo‘ljallanib, tiklanishi boshlangan peshayvon hali-hanuz bitmagan. Tikanu begona o‘tlar bilan qoplangan g‘ishtlar bundan o‘n yilcha ilgari qanday keltirib qo‘yilgan bo‘lsa, hozir ham o‘sha holatda. Qurigan o‘t-hashaklar olovda yoqib yuborilgan.
– Mahallamizda 7 ta qabriston bor. Boshqalarida bunday holat kuzatilmaydi. Ushbu qabriston yo‘li 1 km 165 metr uzunlikdagi yo‘l. Yaqinda qabriston yo‘liga aholi ko‘magi bilan shag‘al to‘shaldi. Qolgan muammolarini aholi bilan birgalikda, hamjihatlikda tez kunda bartaraf etamiz, – deydi mahalla raisi Nozim Haydarov.
Kogon tuman Obodonlashtirish boshqarmasi yo‘l bo‘limi boshlig‘i Murod Allaberganov qishloq aholisini tashvishlantirib kelayotgan nosoz va ta’mirga muhtoj ichki yo‘llarning ta’mirlanishi bilan bog‘liq masalalar faqat «open budjet» orqali bartaraf etilishini bildirdi. Bu esa odamlarning e’tiroziga sabab bo‘ldi.
– «Open budjet»da ovoz berishga odam soni yetmasa, unda-chi, unda tashlandiqligicha qolib ketaveradimi? O‘tgan yil qabriston yo‘lini o‘z hisobimdan shag‘allashtirdim. Ichki yo‘lda esa tashlangan shag‘alni yoyish uchun «greyder» topib bermadingiz. Xotinim bilan o‘g‘lim yoydi shag‘alni! – deydi Sayfullo G‘aybullayev asabiylashgan ko‘yi.
Qishloqning bir muammosini aytib ulgurmay, ikkinchi muammosini ham aytib qolishga ulgurishga harakat qilayotgan odamlarni uzoq tingladik.
Kogonda suv ta’minoti uchun 33,7 million dollar mablag‘lar ajratiladi
«Buxoro suv ta’minoti» AJ Kogon shahar filiali boshlig‘i o‘rinbosari Ilyos Ne’matov nafaqat «O‘ba Cho‘li» mahallasi, balki butun Kogon tumanini suvlashtirish dasturiga kiritilganini ma’lum qildi.
– Kogon tumanini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha ikkita loyihamiz bo‘lyapti. Birinchisi – Islom taraqqiyot banki va OPEC Xalqaro jamg‘armasi loyihasi doirasida quruvchi tashkilotni aniqlash maqsadida tender ishlari o‘tkazilyapti. Ikkinchi loyihamiz – O‘zbekiston Respublikasm Vazirlar Mahkamasining 482-sonli qarori doirasida bo‘lib, Kogon tumanida 138,8 km ichimlik suvi tarmoqlari tortiladi. Ikkita suv uzatish inshooti rekonstruksiya qilinadi, bitta yangi suv uzatish inshooti quriladi. Kogon tumanining «O‘ba cho‘li» mahalla fuqarolar yig‘inida 36,6 km ichimlik suvi tarmoqlari yangidan quriladi, – dedi Ilyos Ne’matov.
«Buxoro suv ta’minoti» AJ rahbari Shohruhali Sadillayevning «Xabar.uz»ga taqdim etgan ma’lumotiga ko‘ra, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki ishtirokida «Buxoro viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish» loyihasi doirasida dastlabki hisob-kitoblar bo‘yicha 33,7 million dollar mablag‘lari asosida «Kogon shahri va Kogon tumanida suv ta’minoti tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish» bo‘yicha amaliy ishlar boshlanadi. Bunda Kogon shahrida 1 ta, Kogon tumanida 2 ta suv tarqatish inshootini rekonstruksiya qilish hamda 1 ta suv taqsimlash inshootini qurish rejalashtirilgan. 98,0 km masofali ichimlik suv tarmoqlari o‘tkaziladi.
– 138,8 kilometr masofali ichimlik suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilinadi. Kogon tumanidagi 24 ta mahallasi to‘liq suvlashtiriladi. Bu orqali mavjud 18435 ta xonadonning 86899 nafar axolisi hamda shuningdek, Kogon shahridagi 12 ta mahallasida 18042 ta xonadonning 99629 nafar aholisi ichimlik suv ta’minoti yaxshilanadi, – dedi Shohruhali Sadillayev.
Yechim: qilsa bo‘larkan-ku!
Maqola tayyorlash jarayonida Kogon tumani hokimi Aziz Qahhorov mas’ullarning Chevar qishlog‘i aholisini qiynayotgan muammolarni bartaraf etishga kirishishgani va qolganlari ham bosqichma-bosqich ado etilishini bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, tabiiy gaz quvurlari va schetchik o‘rnatish bilan bog‘liq odamlarni tashvishlantirayotgan masalalarning bartaraf etilishi yo‘lga qo‘yila boshlagan. Kadastr masalalari ham tez kunlarda o‘z yechimini topishi bildirildi. «Kogontumangaz ta’minoti» bo‘limi boshlig‘i Husen Habibov tez kunlar ichida hududda kadastr masalalari o‘z yechimini topgach, boshqa barcha xonadonlar ham schetchik qurilmalari bilan ta’minlanishini bildirdi.
– Ko‘rganingizdek, lo‘li mahallasi ichki yo‘llari sifatli shag‘allashtirilmagan edi. Kuni kecha yo‘llar greyder buldozerlari bilan tekislanib, mustahkamlandi. Tahririyatga minnatdorlik bildiramiz, singlim. Biz uchun eng zaruri va o‘ylantiradigani – suv masalasi. Xushxabarlar kutamiz! – deydi aholi vakillari.
Murojaatchilarning so‘zlariga ko‘ra, qishloq ichki yo‘llaridagi nosozliklarni ham bartaraf etish ishlari boshlangan.
Jamiyat
Qamchiq dovonida sotuvchini miltiq bilan jarohatlagan erkak 4 yildan ko‘proqqa qamaldi
33 yoshli erkak qo‘lida miltiq bilan do‘konga kirib kelgan va sotuvchi ayolning boshiga urgan. So‘ngra rastadan oshib o‘tib, unga tan jarohati yetkazgan. Sud erkakni o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish va bezorilik jinoyatini sodir qilishda aybli deb topdi.
Ohangaronda do‘konga qurol bilan bostirib kirib, sotuvchiga tahdid qilgan erkak jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmiga ko‘ra, 1992 yilda tug‘ilgan D.K. 2025 yil 22 oktyabr kuni tunda Qamchiq dovonidagi do‘konda savdo qiluvchi Sh.N.ning oldiga borgan. Ular avvaldan o‘zaro tanish bo‘lishgan. Erkak Sh.N.ni o‘ldirish bilan qo‘rqitib, qo‘lidagi miltiq bilan uning bosh qismiga urgan. Oqibatda sotuvchi ayol jarohatlangan.
D.K. sudda aybiga qisman iqrorlik bildirib, ayolni o‘ldirish niyati bo‘lmaganini aytgan. Erkak o‘z ko‘rsatmasida Sh.N. bilan oila qurmoqchi bo‘lganini, Rossiyada ishlab yurganida uy olish uchun unga pul jo‘natganini, so‘ngra undan shu pullarni so‘ray boshlaganini aytgan.
“Turli bahonalarni aytib, meni aldab keldi. O‘sha kuni ov qurolim va 2 dona patronni olib, hovlida yurgan daydi itlarni otish uchun uydan chiqdim. Shu orada unga qo‘ng‘iroq qilib, olgan narsa va buyumlaringni berib yubordingmi, deb so‘radim. U “Vaqtim bo‘lmayapti, har kuni ishdaman” dedi. Shunda tayyorlab qo‘yishini, o‘zim borib olib ketishimni aytdim. So‘ng ko‘chada bo‘lganim sababli pivo ichdim.
Shu orada taksi chaqirdim. Ov qurolimni uyga tashlab chiqishga erinib, o‘zim bilan birga olib ketdim. U ishlaydigan do‘konga bordim. Oldiga kirib, o‘zimning narsalarimni so‘ragan vaqtimda u meni eshitishni istamasdan, gap qaytardi. Shunda bosh qismiga ov qurolimning qo‘ndog‘i bilan bir marotaba urdim”, degan u sudda.
Jabrlanuvchi Sh.N. esa haqiqatan ham D.K. Rossiyadan pul jo‘natganini, uning ma’lum qismini o‘rtog‘i olib ketganini, yana bir qismini esa uning o‘zi bo‘lib-bo‘lib olganini aytgan.
“Shundan keyin oramizga sovuqchilik tushib, tez-tez urishadigan bo‘ldik. U meni o‘zining uyida ov miltig‘i bilan o‘ldirishini aytib, qo‘rqitib keldi. Ushbu holat bo‘yicha uning yaqin qarindoshlariga ham bir necha marotaba aytganman. Shunda ham u o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, menga tazyiq o‘tkazishda davom etib keldi”, degan ayol o‘z ko‘rsatmasida.
JIB Ohangaron tuman sudining 2026 yil 1 apreldagi hukmi bilan D.K. Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi va 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 4 yil 3 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni manzil koloniyalarda o‘tash belgilandi.
D.K. Qamchiq dovonidagi savdo do‘koniga miltiq bilan bostirib kirib, sotuvchini urgani avvalroq xabar qilingandi. Oradan ko‘p o‘tmay u qamoqqa olingandi.
Jamiyat
Buk-kafe ochgan tadbirkorlarga imtiyoz beriladi
2026 yilda Farg‘ona viloyatidagi 100 ta mahallada namunaviy mahalla kutubxonalari tashkil etiladi. Buk-kafe ochgan tadbirkorlarga soliq va ijara to‘lovlaridan imtiyoz beriladi.
Axborot xurujlari avj olayotgan hozirgi davrda yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish har qachongidan ham dolzarb. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasidagi yig‘ilishda aytib o‘tdi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, shu maqsadda 2026 yilda viloyatdagi 100 ta mahallada namunaviy mahalla kutubxonalari tashkil etiladi, buk-kafe ochgan tadbirkorlarga soliq va ijara to‘lovlaridan imtiyoz beriladi.
Shavkat Mirziyoyev “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida har ikki yilda Xalqaro kitobxonlik festivalini o‘tkazish, ushbu tadbirga dunyoning mashhur yozuvchi va shoirlarini taklif qilish tashabbusini bildirdi.
Prezident o‘zbek adabiyoti tarixida Qo‘qon adabiy muhitining o‘rni beqiyos ekani, bu zaminda 300 dan ziyod shoir va adib yashab ijod qilganini ham qayd etdi.
Shunday adiblarni yetishtirgan Qo‘qon UNESCO’ning “Adabiyot shahri” maqomini olishga ham munosib. Lekin bunday boy meros haligacha tizimli o‘rganilmagani, ilmiy tadqiqotlar olib borilmagani qayd etildi
Shu bois, Qo‘qon adabiy muhiti antologiyasi va elektron platformasini yaratish, Adabiyot va ijod maktabini tashkil etish taklif qilindi.
Jamiyat
Navoiyda maktab o‘quvchilari boshqaruvidagi mashina YTHga uchradi
Hodisa Karmana tumanida sodir bo‘lgan. YTH oqibatida 16 yoshli yigit vafot etgan. Yana bir o‘quvchi shifoxonada qolmoqda.
Karmana tumanida maktab o‘quvchilari ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Navoiy viloyati IIB YHXB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, YTH 22 aprel kuni soat 21:00 lar atrofida tumanning Malik mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Ichida Hazora qishlog‘idagi 22-umumta’lim maktabining ikki o‘quvchisi bo‘lgan Cobalt yo‘ldan chiqib ketgan.
YTH oqibatida 9-sinf o‘quvchisi I.H. shifoxonada vafot etgan. 11-sinf o‘quvchisi esa tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Navoiy viloyati IIB YHXB maktabda yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazgan.
Kun.uz’ning aniqlik kiritishicha, mashina shifoxonadagi o‘quvchining otasiga tegishli bo‘lgan. Biroq u rulni sherigiga berganini aytmoqda. Mashinani kim boshqarganini aniqlash uchun ekspertiza tayinlanishi mumkin.
Avvalroq Navoiyda YTH oqibatida 5 kishi halok bo‘lgandi.
Jamiyat
O‘zbekistonda uch oyda 62 kishi ish joyidagi baxtsiz hodisalarda halok bo‘ldi
Yanvar-mart oylarida mehnat faoliyati bilan bog‘liq 198 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Ularning 49 tasi esa o‘lim bilan yakunlangan. Eng ko‘p baxtsiz hodisa sanoat va qurilish sohalarida qayd etilgan.
O‘zbekistonda 2026 yilning 1-choragida 62 kishi mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar oqibatida halok bo‘lgan. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yanvar-mart oylarida respublikada mehnat faoliyati bilan bog‘liq 198 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Ularning 9 tasi guruhiy, 139 tasi og‘ir oqibatli, 49 tasi esa o‘lim bilan yakunlangan.
Baxtsiz hodisalar oqibatida:
146 kishi og‘ir tan jarohati olgan;
15 kishi yengil jarohatlangan;
62 kishi vafot etgan.
Sohalar kesimida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar:
sanoat – 71 ta;
qurilish – 54 ta;
qishloq va suv xo‘jaligi – 9 nafar;
savdo va xizmat – 8 nafar;
transport – 8 ta;
ta’lim – 4 nafar;
sog‘liqni saqlash – 4 nafar.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida kuzatilgan – 44 ta baxtsiz hodisa. Keyingi o‘rinlarda Surxondaryo (36 ta), Toshkent (29 ta), Navoiy (18 ta), Buxoro (16 ta), Andijon (15 ta) viloyatlari qayd etilgan.
O‘zbekistonda 2025 yilda ishdagi baxtsiz hodisalarda 248 ta o‘lim kuzatilgandi.
Jamiyat
O‘zbekistonda har ming oiladan 175tasi ajrashadi – tadqiqot
Hududlar kesimida Toshkent shahri, Sirdaryo va Toshkent viloyatida ajrimlar soni ko‘pligi kuzatilmoqda.
2025 yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda nikoh barqarorligi koeffitsiyenti 175,6 promilleni tashkil etdi. Bu 1000 ta nikohga o‘rtacha 175 ta ajrim to‘g‘ri kelishini anglatadi.
Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tahlillariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich xalqaro miqyosda past bo‘lib, O‘zbekistondagi ajrimlar darajasi ko‘plab boshqa davlatlarga nisbatan «ancha kam ekanini» ko‘rsatadi.
Xususan, nikoh barqarorligi koeffitsiyenti Moldovada – 642,7, Ozarbayjonda – 431,9, Qozog‘istonda – 328,2, Qirg‘izistonda esa – 289,6 promilleni tashkil etadi.
“Tahlillardan ko‘rinadiki, O‘zbekistonda ajrimlar darajasi xalqaro ko‘rsatkichlarga nisbatan ancha past bo‘lib, bu jamiyatda oilaviy qadriyatlar ustuvor ekanini va nikohlar barqarorligini ko‘rsatadi”, deyiladi xulosada.
Oila va gender instituti tayyorlagan nikoh barqarorligi haritasi
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Qashqadaryo, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida nikoh barqarorligi yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Toshkent shahri, Sirdaryo va Toshkent viloyatida esa ajrimlar nisbatan yuqoriroq ekani kuzatilmoqda.
-
Iqtisodiyot5 days ago“QQSni oson qaytarib olish ta’minlanmasa, stavkani 6 foizga tushirishni taklif qilamiz” – Davron Vahobov
-
Dunyodan5 days ago
Buyuk Britaniyada “chekmaydigan avlod” dunyoga keldi
-
Dunyodan5 days ago
Eron oliy rahbari yuzi va oyog‘idan jiddiy jarohat oldi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligiga tashrif buyurdi
-
Siyosat4 days ago
Prezident eksport qilishda tadbirkorlarga yordam bermayotgan hokimlarni ogohlantirdi
-
Siyosat4 days agoYevropa Ittifoqi Rossiya mudofaa sanoatiga xomashyo yetkazib bergan ikki O‘zbekiston shirkatiga sanksiyalar kiritdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Ikki oyda xorijga 466,6 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari sotildi
-
Dunyodan3 days ago
Livan-Isroil o’t ochishni to’xtatish muddati uch haftaga uzaytirildi
