Iqtisodiyot
Mustaqillikdan keyingi 34 yil. Markaziy Osiyo davlatlari qanday rivojlandi?
Mustaqillikka erishilgan paytda Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti 47 mlrd dollar atrofida edi. Oradan 34 yil o‘tib bu miqdor 10 barobardan ko‘proqqa o‘sib, 500 mlrd dollarga yaqinlashib qoldi. Milliy iqtisodiyotlar yuqori sur’atda o‘sayotgan bo‘lsa-da, mintaqada xomashyo eksporti va pul o‘tkazmalariga qaramlik saqlanib qolyapti.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
1991 yilda Markaziy Osiyo davlatlari birin-ketin SSSR tarkibidan chiqib, mustaqillikka erishdi. Istiqlolning dastlabki yillarida mintaqa mamlakatlarining barchasida og‘ir iqtisodiy muammolar kuzatilgan bo‘lsa-da, 90-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab milliy iqtisodiyotlar tiklana boshladi. O‘tgan davr mobaynida aholi daromadlari va turmush darajasi ham sezilarli yaxshilandi.
Xo‘sh, 1991 yildan keyingi davrda MO davlatlari qanday rivojlandi?
Aholi jon boshiga daromadlar
1991 yilning oxirida aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi Qozog‘istonda 1442 dollarni, Turkmanistonda 832 dollarni, O‘zbekistonda 658 dollarni, Qirg‘izistonda 569 dollarni, Tojikistonda esa 458 dollarni tashkil etgan.
2023 yil yakuniga kelib, bu ko‘rsatkich davlatlar kesimida quyidagicha o‘zgargan:
Qozog‘iston – 12 919 dollar;
Turkmaniston – 8232 dollar:
O‘zbekiston – 2849 dollar:
Qirg‘iziston – 1970 dollar;
Tojikiston – 1160 dollar.
O‘tgan 22 yil ichida aholi jon boshiga daromadlar Qozog‘istonda 8,9 barobarga, Turkmanistonda 9,9 barobarga, O‘zbekistonda 4,3 barobarga, Qirg‘izistonda 3,4 barobarga, Tojikistonda 2,5 barobarga oshgan.
Yalpi ichki mahsulot hajmi
1991-2023 yillar oralig‘ida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 13,8 mlrd dollardan 101,6 mlrd dollarga yoki 7,3 barobarga ko‘paygan. Bu ko‘rsatkich qo‘shni mamlakatlarda quyidagicha bo‘lgan:
Qozog‘istonda – 24,9 mlrd dollardan 262,6 mlrd dollargacha (o‘sish – 10,5 barobar);
Turkmanistonda – 3,2 mlrd dollardan 60,6 mlrd dollargacha (o‘sish – 18,9 barobar);
Qirg‘izistonda – 2,54 mlrd dollardan 14 mlrd dollargacha (o‘sish – 5,5 barobar);
Tojikistonda – 2,54 mlrd dollardan 12 mlrd dollargacha (o‘sish – 4,7 barobar);
Qayd etish lozim, xalqaro tashkilotlar va nufuzli reyting agentliklari Turkmaniston yalpi ichki mahsulotining hajmi va o‘sishi haqidagi ma’lumotlar ishonchliligiga shubha bilan qarash kerakligini ta’kidlab keladi.
Aholi sonining o‘sishi
O‘zbekiston – mintaqada eng ko‘p aholiga ega davlat. 1991 yilda mamlakat aholisi 20,4 mln bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilning 1 yanvar holatiga 37,5 mln nafarga yetgan.
Qozog‘iston aholisi 1991 yilda 16,8 mln kishini tashkil etgan. Mustaqillikning dastlabki yillarida bu ko‘rsatkich deyarli o‘zgarmadi. 1994 yildan to 2002 yilgacha aholi soni sezilarli darajada qisqarib bordi va 2001 yil yakunlari bo‘yicha 14,8 mln nafarga tushib qoldi. Bu – asosan mamlakatdan ko‘p sonli ruslar, nemislar, chechenlar va boshqa millatlar ko‘chib ketgani bilan ham izohlanadi. Shundan so‘ng mamlakat aholisi kichik farq bilan bo‘lsa-da o‘sa boshladi va 2025 yilning 1 yanvar holatiga qariyb 20,3 mln nafarga yetdi.
Tojikiston possovet respublikalari orasida aholi soni o‘sishi bo‘yicha 1-o‘rinda turadi. Xususan, 1991 yilda Tojikiston aholisi 5,3 mln bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, 10,5 millionga yaqinlashdi.
1991 yil SSSR tarqab ketishi arafasida Qirg‘iziston aholisi 4,4 millionni, Turkmaniston aholisi esa 3,7 mln kishini tashkil qilgan. Markaziy Osiyoning boshqa respublikalari kabi Qirg‘iziston va Turkmanistonda ham aholi soni ko‘paygan: mos ravishda 7,2 mln va 6,3 milliondan oshgan.
Mustaqillikka erishilgan paytda Markaziy Osiyoning 5 ta mamlakatida umumiy hisobda 50 milliondan ko‘proq kishi yashagan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2024 yilning oxiriga kelib 80 million kishidan oshdi. Eng katta o‘sish – Tojikiston (98 foiz) va O‘zbekistonda (84 foiz) kuzatilgan. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda ham aholi soni sezilarli darajada ko‘paygan.
Davlat qarzlari
Infratuzilma loyihalarini rivojlantirmay turib, barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish imkonsiz. Shu boisdan bo‘lsa kerak, oxirgi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari tashqi qarzining o‘sish sur’ati sezilarli darajada tezlashdi.
Xususan, 2025 yilning 1 yanvar holatiga, O‘zbekistonning davlat qarzi 40,2 mlrd dollarga yetgan (bir yil oldingiga nisbatan 5,3 mlrd dollarga ko‘p). Qozog‘istonning davlat qarzi esa 60,8 mlrd dollarni tashkil etadi.
2024 yil 1 yanvar holatiga, Markaziy Osiyo davlatlarining davlat qarzi miqdori va uning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushi quyidagicha bo‘lgan:
Qozog‘iston – 59,8 mlrd dollar, YaIM ($259,3 mlrd)ning 23 foizi;
O‘zbekiston – 34,9 mlrd dollar, YaIM ($101,6 mlrd)ning 34,4 foizi;
Qirg‘iziston – 6,2 mlrd dollar, YaIM ($13,7 mlrd)ning 45,2 foizi;
Tojikiston – 3,6 mlrd dollar, YaIM ($12,1 mlrd)ning 30,2 foizi;
Turkmaniston – taxminan 3,8 mlrd dollar, YaIM ($75,4 mlrd)ning 5 foizi.
Korporativ tashqi qarz ham qo‘shilganda, bu miqdor Qozog‘istonda – 165,6 mlrd dollarni, O‘zbekistonda 60,2 mlrd dollarni tashkil etadi.
Transchegaraviy pul o‘tkazmalariga bog‘liqlik
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlarida mehnat migratsiyasi millionlab fuqarolar uchun asosiy daromad manbalaridan biri bo‘lib qolyapti. 2024 yil holatiga, mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari Tojikiston YaIMning 45 foizini tashkil etgan – bu nisbiy ma’noda dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Qirg‘izistonda pul o‘tkazmalarining YaIMdagi ulushi 24 foizga, O‘zbekistonda esa 14 foizga yetadi.
“Ushbu mamlakatlardan kelgan muhojirlar chet elda ishlash orqali o‘z daromadlarini ikki yoki uch baravar oshirishlari mumkin, bu esa ularning oilalari turmush darajasini sezilarli darajada yaxshilaydi. Xususan, Qirg‘izistonda pul o‘tkazmalari oladigan uy xo‘jaliklari orasida kambag‘allik darajasi 10 foizdan kam, ularsiz esa 50 foizdan oshgan bo‘lardi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari bo‘lmaganda mamlakatdagi kambag‘allik darajasi 9,6 foizdan 16,8 foizga oshishi mumkin”, deyiladi Jahon banki hisobotida.
Iqtisodiyotlarning murakkablik darajasi
Sobiq sovet ittifoqi davrida respublikalar markazga xomashyo yetkazib beradigan baza vazifasini bajargan. Sanoat deyarli rivojlanmagan. Shu sababli Markaziy Osiyo mamlakatlarining “iqtisodiy murakkablik” (economic complexity) darajasi hamon past bo‘lib qolyapti. Chunki ularning iqtisodiyotlari asosan xomashyo (neft, gaz, mineral resurslar) va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportiga qattiq bog‘langan.
Masalan, 2024 yilda Qozog‘iston umumiy eksportining 53 foizini neft va neft mahsulotlari tashkil qilgan, O‘zbekiston eksportida oltinning ulushi qariyb 28 foiz bo‘lgan. Turkmaniston iqtisodiyoti esa butunlay tabiiy gaz eksportiga bog‘liq.
Albatta, resurslar islohotlarning boshlanishida ustunlik berishi mumkin, ammo keyinchalik davlat institutlari rivojlanishi va bu iqtisodiyotda ham o‘z aksini topishi kerak. Masalan, 2014 yilda neft narxining arzonlashishi Qozog‘iston iqtisodiyotida turg‘unlik boshlanishiga sabab bo‘lgan.
Economic complexity index – mamlakatning iqtisodiy bilim va qobiliyatlarini aks ettiradi. Yuqori ECI ko‘rsatkichiga ega mamlakatlar (masalan, Yaponiya, Germaniya) odatda ishlab chiqarish murakkab va kam uchraydigan mahsulotlarni eksport qiladi. Past ECI’ga ega mamlakatlar esa (masalan, neftga bog‘liq iqtisodiyotlar) kamroq turdagi mahsulot eksport qiladi. ECI ikkita asosiy o‘lchovga tayanadi:
Diversifikatsiya. Mamlakat eksport qiladigan mahsulotlarning soni, ya’ni eksport savatchasidagi mahsulotlarning xilma-xilligi.
Ubikvitet (umumiylik): Ushbu mahsulotlarni eksport qila oladigan boshqa mamlakatlar soni, ya’ni mahsulotning qanchalik “nodir” yoki “maxsus” ekani.
2023 yilda e’lon qilingan indeksda 132 mamlakat ichida O‘zbekiston 66-o‘rinni, Qirg‘iziston 72-o‘rinni, Qozog‘iston 86-o‘rinni, Turkmaniston 107-o‘rinni, Tojikiston 110-o‘rinni egallagan. Mintaqa mamlakatlarining birortasi reytingda musbat ball ololmagan.
Asosan xomashyo eksport qilishga bog‘langan iqtisodiyot aholining aksariyat qismini yetarli darajadagi daromad bilan ta’minlay olmaydi. Murakkablik darajasini oshirmay turib, aholi orasidagi tengsizlikni bartaraf etish juda qiyin.
Amalga oshmagan integratsiya
Markaziy Osiyo davlatlari integratsiya ustida o‘tgan asrning 90-yillaridan beri bosh qotirib keladi. Biroq qator ichki va tashqi omillar bu jarayonni to‘liq amalga oshirishga xalaqit qilyapti.
1994 yilda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston ishtirokida Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati tuzilib, unga 1998 yilda Tojikiston ham a’zo bo‘lib kiradi. 2002 yilda hamjamiyat nomi Markaziy Osiyo hamkorligi tashkiloti (MOHT)ga o‘zgartirilib, tuzilmaga 2004 yilda mintaqa tashqarisidagi Rossiya qo‘shiladi va qutblar muvozanatini o‘zgartirib yuboradi.
MOHTga a’zo davlatlar parallel ravishda Moskva yetovidagi Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyati (YeIH)ga ham a’zo edi. Bir yil o‘tib, 2005 yilda «ikkala tashkilot vazifalari takrorlanmoqda» degan vaj bilan, Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiyadan mustaqil bo‘lgan o‘zaro integratsiyasiga chek qo‘yiladi. Shundan beri mintaqada mustaqil integratsion tashkilot tuzilmadi.
Davlat rahbarlari o‘rtasidagi siyosiy nizolar esa o‘zaro savdo aloqalarining keskin yomonlashishiga olib kelgan. Masalan, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2007 yildagi 300 million dollardan 2014 yilda 2,1 million dollargacha qisqargan.
Shuningdek, Afg‘onistondagi siyosiy inqiroz, Tojikistondagi fuqarolar urushi, Qirg‘izistondagi inqiloblar ham uzoq yillar Markaziy Osiyo mamlakatlarining investitsiyaviy jozibadorligiga jiddiy putur yetkazdi. Notinch vaziyat endigina mustaqillikka erishgan yosh davlatlarga harbiy sohaga katta mablag‘ ajratishni taqozo qiladi. Bu omillar mintaqa davlatlarining iqtisodiy rivojlanishiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, MDH mamlakatlarining iqtisodiy o‘sishida Rossiyaga yuqori bog‘liqlik saqlanib qolgan bo‘lib, agar Rossiyada krizis holati yuzaga kelsa, bu boshqalarga ham ta’sir qiladi. Shu jihatdan mintaqa mamlakatlariga rasmiy Moskva va dunyoning qolgan qismidagi davlatlar bilan aloqalarni muvozanatlash og‘ir muammo bo‘lib qolyapti.
Bundan tashqari, MO mamlakatlarida davlatning iqtisodiyotdagi hukmron mavqeyi saqlanib qolgan, bozor iqtisodiyotiga o‘tish hali tugallanmagan. Xomashyo eksportiga qaramlik ham davom etyapti.
Doston Ahrorov tayyorladi.
Iqtisodiyot
InfinBANK Qoraqalpog‘istondagi 101 nafar yosh oila uchun yangi hovli uylar qurib beradi
InfinBANK Qoraqalpog‘iston Respublikasida yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan yirik ijtimoiy tashabbusni amalga oshirmoqda.
Shu maqsadda «InFinBank» AJ Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan uch tomonlama hamkorlik memorandumini imzoladi.
Tashabbus doirasida bank ko‘magida 18 ta tumanda og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan 101 nafar yosh oila uchun yangi 3 xonali xususiy hovli uylar qurilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyiha InfinBANKning aholini qo‘llab-quvvatlash, hududlar rivojiga hissa qo‘shish va ijtimoiy mas’uliyat tamoyillarini amalda ro‘yobga chiqarishga qaratilgan sa’y-harakatlarining muhim qismidir.
Yangi uylar zamonaviy infratuzilma, zarur maishiy qulayliklar va quyosh panellari bilan ta’minlanadi. Bank mazkur loyiha orqali nafaqat uy-joy masalasini hal etishga, balki energiya samaradorligi, ekologik yechimlar va oilalar uchun qulay yashash muhitini shakllantirishga ham hissa qo‘shadi.
InfinBANK, Jo‘qorg‘i Kenges va Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakillari ushbu hamkorlik yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlash hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga amaliy yordam ko‘rsatish yo‘lidagi muhim qadam ekanini ta’kidladilar.
Uylarni joriy yil 30 iyun — Yoshlar kuniga foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Reklama huquqi asosida
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda 4 oyda dollarga bo‘lgan talab 20 milliarddan oshdi
Markaziy bankning 2026-yil yanvar–aprel oylari bo‘yicha sharhiga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasiga bo‘lgan umumiy talabi 20,4 mlrd dollarni tashkil qildi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24,3 foizga oshgan. Xususan, yuridik shaxslar tomonidan qariyb 16 mlrd dollar, aholi tomonidan esa 4,4 mlrd dollarlik valyuta sotib olingan.
Shu bilan birga, bozorda valyuta taklifi ham o‘sishda davom etdi. Hisobot davrida umumiy taklif 18 mlrd dollarga yetgan bo‘lib, bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 33,9 foizga ko‘pdir.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, aholi tijorat banklariga 8,2 mlrd dollar sotgan bo‘lsa, yuridik shaxslar tomonidan sotilgan valyuta hajmi 9,8 mlrd dollarga yetgan.
Hisobotda qayd etilishicha, 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida dollar kursi 11 ming 938 so‘mdan 12 ming 320 so‘mgacha bo‘lgan diapazonda tebrangan.
Davr yakunida milliy valyuta 0,6 foizga mustahkamlangan. Ya’ni dollar kursi 12 ming 4 so‘mdan 11 ming 938 so‘mgacha pasaygan.
Taqdim etilgan infografikada ham yil boshida kurs nisbatan barqaror bo‘lgani, keyingi oylarda esa keskin tebranishlar kuzatilgani aks etgan. Xususan, 2025-yilning yanvar–aprel oylarida o‘rtacha kunlik tebranuvchanlik 13,6 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 28,5 so‘mgacha oshgan.
Tahlillarga ko‘ra, valyuta bozorida talab va taklif bir vaqtning o‘zida o‘smoqda. Bu esa tashqi savdo operatsiyalari, import hajmi va aholi valyuta operatsiyalari faollashganini ko‘rsatadi.
Markaziy bank taqdim etgan grafikda yil davomida kurs harakatidagi o‘zgarishlar, ayniqsa yoz oylaridagi keskin pasayish va keyingi tiklanish jarayonlarini ko‘rish mumkin.
Iqtisodiyot
2031 yilga borib dunyo iqtisodiy xaritasi o‘zgaradi
2031 yilga borib jahonning eng yirik iqtisodiyotlari o‘rtasidagi kuchlar muvozanati sezilarli darajada o‘zgarishi kutilmoqda. Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) prognozlariga ko‘ra, bu davrda eng katta iqtisodiy o‘sishni Hindiston namoyon etadi.
Visual Capitalist infografikasida 2026, 2028 va 2031 yillardagi nominal yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmi bo‘yicha dunyoning 15 ta eng yirik iqtisodiyoti keltirilgan. Ma’lumotlar XVJning 2026 yil aprel oyida yangilangan “Jahon iqtisodiyoti istiqbollari” hisobotiga asoslangan.
Prognozlarga ko‘ra, AQSh va Xitoy yaqin yillarda ham jahon iqtisodiyotida mutlaq yetakchilikni saqlab qoladi. Har ikki davlat iqtisodiyoti 2031 yilga qadar taxminan 6,6 trillion dollarga o‘sishi mumkin. Bu AQSh uchun qariyb 20 foiz, Xitoy uchun esa 32 foizlik o‘sishni anglatadi.
Shunga qaramay, Xitoy iqtisodiyoti 2031 yilda 27,5 trillion dollarga yetsa ham, u hali ham AQSh iqtisodiyotidan taxminan 11,5 trillion dollarga kichik bo‘lib qoladi. Ayni vaqtda Xitoy dunyodagi navbatdagi eng yirik iqtisodiyotdan deyarli to‘rt barobar katta bo‘lishi kutilmoqda.
Mutaxassislar AQSh va Xitoy kelgusi yillarda jiddiy ichki muammolarga duch kelishini ta’kidlamoqda. AQShda siyosiy qutblashuv va davlat qarzi ortib bormoqda. Xitoy esa aholi soni qisqarishi va eksportga bog‘liq iqtisodiyot sabab uzoq muddatli o‘sish sur’atlari sekinlashishi xavfiga yuz tutmoqda.
Hindiston esa kelajakda jahon iqtisodiyotining yangi superkuchiga aylanishi mumkin. XVJ prognozlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti 2031 yilga qadar 63,5 foizga o‘sadi va bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘ladi.
Taxminlarga ko‘ra, Hindiston 2028 yilga borib Yaponiya va Buyuk Britaniyani ortda qoldirib, YaIM hajmini 5 trillion dollardan oshiradi. 2031 yilga kelib esa Germaniyani ham quvib o‘tib, 6,8 trillion dollarlik iqtisodiyotga aylanishi mumkin.
1,4 milliarddan ortiq aholiga ega Hindiston uchun bu o‘sish global iqtisodiy tartibdagi o‘zgarishlar ramzi sifatida baholanmoqda. Mamlakat kompaniyalarining xalqaro bozorda raqobatbardoshligi ham ortib bormoqda.
Hisobotda Rossiya iqtisodiyotiga oid prognozlar ham keltirilgan. Qayd etilishicha, 2016–2026 yillar oralig‘ida Rossiya iqtisodiyoti ikki barobardan ko‘proq o‘sgan va yirik iqtisodiyotlar orasida yuqori sur’atlarni ko‘rsatgan. Biroq 2031 yilga kelib Rossiya nominal YaIM hajmi qisqaradigan yagona yirik iqtisodiyot bo‘lishi mumkin.
Prognozlarga ko‘ra, Rossiya iqtisodiyotining sekinlashishi natijasida Braziliya, Kanada va Meksika uni jahon reytingida ortda qoldiradi. Mutaxassislar buni mamlakatning uglevodorod eksportiga yuqori darajada bog‘liqligi, mehnat unumdorligining past o‘sishi hamda G‘arb davlatlari sanksiyalari bilan izohlamoqda.
Iqtisodiyot
Chet elliklar O‘zbekistonda maxsus soliq rejimiga o‘tish uchun 50 ming dollar to‘laydi
Maxsus soliq rejimi belgilangan talablarni bajargan chet el fuqarolari va ularning voyaga yetgan yaqin qarindoshlariga arizada ko‘rsatilgan soliq davri uchun, biroq 5 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.
Hukumat qarori bilan “Chet el fuqarolariga maxsus soliq rejimini taqdim etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, chet el fuqarosi maxsus soliq rejimini taqdim etish bo‘yicha YaIDXP (my.gov.uz), Elektron soliq xizmatlari portali orqali yoxud Davlat xizmatlari markazlari orqali ariza taqdim etadi.
Arizaga chet el pasportining nusxasi va O‘zbekistonda bo‘lish muddatini tasdiqlovchi hujjat (viza yoki boshqa hujjatlar) ilova qilinadi.
Soliq qo‘mitasi Maxsus soliq rejimini taqdim etish komissiyasining arizani ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha xulosasi yuzasidan 1 ish kunida chet el fuqarosiga xabarnoma yuboradi.
Ijobiy xulosa bo‘yicha xabarnoma olgan chet el fuqarosi bank hisobvarag‘i yoki kripto-hamyon ochadi hamda 50 ming AQSh dollari miqdorida maxsus yig‘imni to‘laydi.
Maxsus soliq rejimi belgilangan talablarni bajargan chet el fuqarolari va ularning voyaga yetgan yaqin qarindoshlariga arizada ko‘rsatilgan soliq davri uchun, biroq 5 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.
Iqtisodiyot
Chet elliklar uchun maxsus soliq rejimi taqdim etiladi
Chet el fuqarolariga maxsus soliq rejimini taqdim etish tartibi belgilandi.
Hukumat qarori (270-son, 21.05.2026 y.) bilan «Chet el fuqarolariga maxsus soliq rejimini taqdim etish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, chet el fuqarosi maxsus soliq rejimini taqdim etish bo‘yicha YaIDXP (my.gov.uz), Elektron soliq xizmatlari portali orqali yoxud Davlat xizmatlari markazlari orqali ariza taqdim etadi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
– chet el pasportining nusxasi ;
– O‘zbekistonda bo‘lish muddatini tasdiqlovchi hujjat (viza yoki boshqa hujjatlar).
Soliq qo‘mitasi Maxsus soliq rejimini taqdim etish komissiyasining arizani ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha xulosasi yuzasidan 1 ish kunida chet el fuqarosiga xabarnoma yuboradi.
Ijobiy xulosa bo‘yicha xabarnoma olgan chet el fuqarosi bank hisobvarag‘i yoki kripto-hamyon ochadi hamda 50 ming AQSh dollari miqdorida maxsus yig‘imni to‘laydi.
Maxsus soliq rejimi belgilangan talablarni bajargan chet el fuqarolari va ularning voyaga yetgan yaqin qarindoshlariga arizada ko‘rsatilgan soliq davri uchun, biroq 5 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.
-
Siyosat4 days agoBirlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyodagi chegaralarni tinch yoʻl bilan tartibga solish boʻyicha rezolyutsiyani qabul qildi
-
Iqtisodiyot5 days agoKo‘chmas mulk bo‘yicha soliqni bozor narxi asosida hisoblash tartibi belgilandi
-
Siyosat5 days agoO’zbekistonda banklardan oltin quymalarini qanday sotib olish mumkin
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev YeXHT bosh kotibini qabul qildi
-
Jamiyat3 days ago
Kontent markazida «Yurt qayg‘usida 365 kun» nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekistonda IPO investorlari huquqini himoya qilish bo‘yicha qonun ishlab chiqilmoqda
-
Dunyodan2 days agoPrezident Trampning Gʻazo boʻyicha 15 banddan iborat rejasi eʼlon qilindi
-
Siyosat5 days agoJazoir elchisi O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunladi
