Connect with us

Jamiyat

«Sizlar Yangi O‘zbekistonning eng katta ishonchi va tayanchisiz» — Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilarini tabrikladi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 25 may kuni mamlakat maktablarini bitiruvchi o‘g‘il-qizlarga tabrik yo‘lladi.

Bugun mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida «so‘nggi qo‘ng‘iroq»lar yangrab, bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Mana shu hayajonli damlarda 472 ming nafar o‘g‘il-qizlar maktab ta’limini tugatib, katta hayotga yo‘llanma olmoqda.

«Biz bugun kelajak rejalarini tuzayotgan sizdek farzandlarimiz timsolida Yangi O‘zbekistonni dunyoga tarannum etadigan bunyodkor kuchni ko‘ramiz.

Joriy yil birinchi marta 11 ming nafardan ziyod farzandlarimiz maktabni oltin va kumush medallar bilan tamomlamoqda. Bunday intiluvchan o‘g‘il-qizlarimiz kelajakda ham o‘z tengdoshlariga namuna bo‘lib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi deb ishonaman.

Har bir maktab bitiruvchisining hayotda munosib o‘rin egallashi uchun hozirgi kunda katta kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etyapmiz.

Albatta, bugungi bitiruvchi – ertangi muhandis, shifokor, olim, shoir va adib, tadbirkor degani. Bugungi bitiruvchi – Uchinchi Renessans bunyodkori degani. Sizlar Yangi O‘zbekistonning eng katta ishonchi va tayanchisiz», — deyiladi tabrikda.

Aytilishicha, mamlakatimizda 207 ta oliygoh va 643 ta texnikum bitiruvchilarga zamonaviy bilim, kasb va malaka berishga tayyor. Tirishqoq, o‘z kuchiga ishongan yoshlar hali maktabni tugatmasdan turib, yurtimizdagi, chet eldagi nufuzli oliygohlarga kirishga ulgurdi. Masalan, 171 nafar yoshlar dunyoning yetakchi universitetlariga, yana minglab bitiruvchilar mamlakatimizdagi oliygohlarga qabul qilindi.

Prezident shu farzandlar, ularning ota-onalari va ustozlarini bunday yutuqlari bilan chin dildan tabrikladi.

«O‘zingiz ko‘ryapsiz, bugun hayot ham, mehnat bozoridagi talab ham shiddat bilan o‘zgarib bormoqda. Yangi-yangi kasblar paydo bo‘lyapti. Til, kasb, kompyuter savodxonligi va mustaqil daromad topish ko‘nikmasini egallash muhim zaruratga aylanmoqda. Mehnat bozori endi, avvalo, “hujjat” emas, amaliy bilim, malaka va natija so‘rayapti.

Bugun qishloqdagi oddiy maktab bitiruvchisi ertaga dunyo tan oladigan olim bo‘ladi. Bugun oldiga katta maqsadlar qo‘ygan, intiluvchan, izlanuvchan yoshlarimiz ertaga millionlab insonlarga xizmat qiladigan texnologiyalarni yaratadi. Bugun kitob o‘qiyotgan bir qizaloq ertaga mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadigan farzandlarni tarbiyalaydi.

Shu bois, har biringiz kamida bittadan xorijiy til va zamonaviy kasbni egallashga harakat qiling. Bu kelajakka ochilgan eshik, siz uchun qo‘shimcha imkoniyat va rag‘batdir.

Tadbirkor bo‘lishni istaydigan yoshlarimiz uchun banklar joriy yil 25 trillion so‘m arzon kreditlar taklif etmoqda. Startap loyihalarini boshlagan bitiruvchilarga esa 100 million dollar mablag‘ tayyorlab qo‘yganmiz. Eng yirik AT kompaniyalar har yili kamida 50 ming bitiruvchini sun’iy intellekt bo‘yicha o‘qitib, yuqori daromadli ishga joylashtirishga tayyor. Kelgusi yillarda 168 ming gektar super intensiv sanoatlashgan bog‘lar tashkil qilamiz. Mazkur loyihalarda qatnashmoqchi bo‘lgan bolalarimni men doim qo‘llab-quvvatlayman.

Mana shu yangi sohalarda sizlar, albatta, o‘z kasbingizning haqiqiy egasi bo‘lasiz!», — dedi davlat rahbari.

Ta’kidlanishicha, bugungi tez o‘zgarayotgan davrda hayotga, uning keskin talablariga tayyor bo‘lish bu – eng muhim vazifa.

Ushbu yo‘lda yoshlar uchun eng yaqin do‘st va eng kuchli qurol – kitobdir. Chunki kitob – nur, ilm va ibrat manbai. Ko‘p kitob o‘qigan inson hech qachon to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi, kuchli iroda, keng dunyoqarashga ega bo‘ladi.

Prezident bugungi hayotda tengdoshlari uchun o‘rnak bo‘ladigan yosh qahramonlarni sanab o‘tdi.

Masalan, to‘rt-besh yil oldin maktabni tugatgan Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Abduqodir Husanov kabi mashhur sportchilarimiz shaxmat va futbol olamida butun dunyoni qoyil qoldirmoqda.

Yosh kino ijodkorlar suratga olgan qisqa metrajli film Kann xalqaro kinofestivali doirasidagi inklyuziv filmlar festivalida Gran-pri mukofotini olishga sazovor bo‘ldi.

Kuni kecha futbol bo‘yicha milliy terma jamoamizni jahon chempionatiga katta tantana bilan kuzatildi.

Barchaga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydigan bunday yutuqlar ilgari tariximizda hech qachon bo‘lmagan.

«Ko‘ryapsizlarmi, chin dildan intilsa, harakat qilsa, Yangi O‘zbekiston yoshlari qanday buyuk marralarni zabt etishga qodir!

Men ishonaman, sizlarning orangizdan ham ana shunday millat qahramonlari, Yangi O‘zbekiston iftixorlari yetishib chiqadi!

Bu dunyoda har bir ongli inson ota-onasi, ustozlari va el-yurti ishonchini oqlashga intilib yashaydi. Inson uchun eng ulug‘ baxt, ulkan sharaf aslida shu.

Siz bugun maktabni tugatdingiz, lekin katta hayot maktabi endi boshlanmoqda.

Men sizlarga ana shunday tengsiz baxt, yuksak saodat egasi bo‘lishlaringizni tilayman.

Oldingizga katta maqsadlar qo‘yishdan hech qachon qo‘rqmang!

O‘zingizga ishonib, hamisha olg‘a boring!

Doimo o‘zgarishlar, islohotlar ruhi bilan yashaydigan avlod bo‘ling!

Shu yo‘ldagi ilk qadamlaringiz qutlug‘ va barakali bo‘lsin!

Barchangizga baxt va omad hamisha yor bo‘lsin, aziz farzandlarim!», — deya tabrik yo‘lladi Shavkat Mirziyoyev.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi

Published

on


Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.

Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.

Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin

Published

on


Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.

Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.

Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.

Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.

Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi

Published

on


O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.

Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.

Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.

Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.

O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.

2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.

Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.

Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi

Published

on


Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.

Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.

Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.

Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.

Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.

Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.

Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi

Published

on


Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.

Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.

Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.

Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.

Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.

Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.