Jamiyat
30 dan ortiq mamlakatda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan o‘zbek qizi hikoyasi
50 mingdan ortiq xotin-qizlarga bilim bergan, ularning shaxsiy rivojlanishiga, til o‘rganishlarida va hayotda o‘z o‘rnini topishiga munosib hissa qo‘shgan, 30 dan ortiq mamlakatda O‘zbekiston nomidan chiqish qilgan o‘zbek qizi – Shohida Yusupova Kun.uz bilan suhbatda o‘z muvaffaqiyatlari siri bilan bo‘lishdi.
Shohida Yusupova – Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, Harvard universitetining “Leadership: Creating Public Value” kursini tamomlagan. Oksford universiteti va Buyuk Britaniya Lordlar palatasi tomonidan tashkil etilgan xalqaro tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Ayni paytda Italiyadagi Siyena universitetida “Xalqaro madaniy diplomatiya” yo‘nalishida magistraturada tahsil olmoqda. U 4 tilda erkin so‘zlasha oladi, sayyohlik firmasi asoschisi, 30 dan ortiq xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi va u yerda o‘zbek yoshlari manfaatlarini faol ilgari surib, xalqaro loyihalari bilan dunyoning ko‘plab mamlakatlarida shuhrat qozongan o‘zbek qizi.
Hayotimni o‘zgartirgan savol
“Hayotimning o‘zgarib ketishida bir savol jiddiy sabab bo‘ldi. 2019 yilda talabalar bilan Turkiyaga xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun borgan edik. Taqdimot tugagach, shahar aylanish uchun chiqib, bir do‘konga kirdik. Sotuvchi bizning qayerdan kelganimizni so‘radi – faxrlanib “O‘zbekistondan” dedim.
Lekin sotuvchining e’tiborsizlik bilan, ochig‘ini aytganda, hurmatsizlik bilan “ha, ishlagani kelganmisizlar?” degan savolini qalbimni ming bo‘lakka parchalab yubordi. Bunday qarash mening yuragimga juda og‘ir botgan edi. Chunki o‘zbek ayollariga u yerda sayohatchi yoki bilimli talaba sifatida emas, balki qora ishchi sifatida qarashar ekan. O‘shanda o‘ylab qolgan edim, millatimizda iste’dodli va ilmli ayollar ko‘p. Lekin nega chetda ularga oddiy ishchi sifatida qarash urf bo‘lgan ekan. Bu menga sira yoqmagan edi.
O‘shanda o‘zbek ayollari ham 3–4 ta tilni biladigan, jahon minbarlarida o‘z fikrini dadil va erkin ayta oladigan ishbilarmon, zukko shaxslar ekanini butun dunyo bilishini xohlagandim.
2021 yil Turkiyada huddi shu konferensiyada 50 ta adabiyot sohasida faoliyat olib borayotgan nihoyatda iste’dodli ayollarning ijod namunalarini saralab-jamlab, xalqaro antologiya tuzdik. U yerda ularning nafaqat ijod namunalari, balki o‘z faoliyatlari va yutuqlari haqida ham qiziqarli ma’lumotlar bor edi. Va o‘sha kitobning taqdimotini milliyligimizga mos bir tarzda o‘tkazdik. Zamonaviy turk jamoatchiligi tomonidan juda yaxshi qabul qilindi.
Ochig‘ini aytaman, juda ko‘p iqtidorli ayollarimiz oddiy uy bekasi qiyofasiga yashirinib olishgan. Men ularni butun dunyo bilishini, tan olishini va e’tirof etishini istaydim”.
“Shine Qizlar Akademiyasi” – har bir qiz uchun imkoniyat maydoni
“2022 yilda ko‘plab qizlarning istaklari, talablari bilan “Shine qizlar akademiyasi”ni tashkil etdik. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazdik. Bugungi kunga qadar 50 mingga yaqin ayol-qizlarimiz loyihalarimizda qatnashdi.
O‘zim Yangibozor tumanidagi Qalandardo‘rmon qishlog‘ida tug‘ilib o‘sganim uchun u yerda juda ko‘plab, orzulari ulug‘vor, lekin ishni qayerdan boshlashni bilmayotgan, tushkunlikka tushgan, ammo g‘oyatda qobiliyatli ayol-qizlarni bilardim. Ularning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartira oladigan nimadir qilgim kelardi. Vaqti kelib bu loyihaga aylandi. Shunday ayollar va qizlar uchun imtiyozli ravishda ingliz va turk tillarini o‘rgatadigan kurslar tashkil qildim.
Eng avvalo, o‘zim 4 ta tilni puxta o‘rgandim, ularda erkin so‘zlasha olganim uchun alohida xalqaro til kurslarida o‘qib, xalqaro metodlarni o‘zlashtirdim. Har bir yoshdagi insonga mos keladigan o‘z uslublarimni ishlab chiqdim. Bu yondashuv tez orada natijasini berdi.
Kurslarimizda 3 oy o‘qib, C1 darajadagi sertifikatni qo‘lga kiritgan qizlar ham bo‘ldi. Loyihalarimizda ishtirok etib, xalqaro forumlarda qatnashayotgan, grant va stipendiyalar yutib olayotgan qizlarimiz soni tobora ko‘payib bormoqda.
Bizda ota-onasi bo‘lmagan, ajrashgan, kam ta’minlangan oilalar qizlari imtiyozli ravishda o‘qishlari mumkin. Talabalik yillarimda til o‘rganish bilan birga yangi kasblar bo‘yicha bilim olishni xohlaganman. Harvard universitetining rahbarlik va boshqaruv yo‘nalishida, Germaniyaning Berlin-biznes xalqaro institutining marketing va kommunikatsiyalar yo‘nalishida qo‘shimcha masofaviy ta’lim oldim.
Har bir ayolning shaxsiy brendi bo‘lsa…
Bugungi kunda bu bilimlarning hayotimdagi foydasi juda katta. Har bir ayol uchun o‘z shaxsiy brendini yaratishda, salohiyatini to‘liq namoyon qilishida bu kabi ilmlarning o‘rni beqiyos. Biz xalqaro miqyosda ilmli, o‘z ustida to‘xtovsiz ishlaydigan, orzularidan sira voz kechmaydigan va har qanday qiyinchilikdan qo‘rqmaydigan betakror o‘zbek qizlarining kuchli obrazini yaratmoqdamiz. Bu faqat mening emas, butun jamiyatimizning umumiy yutug‘i.
Akademiyada 4 ta tildagi o‘quv dasturlar, xalqaro metodika asosida kurslar, imtiyozli dasturlar va C1 darajagacha bilim beriladigan mukammal tizim mavjud. Ko‘plab ishtirokchilar bu orqali xalqaro tanlovlar, konferensiyalar va stipendiyalar g‘olibiga aylanmoqda, dunyo ko‘rmoqda, dunyoqarashi o‘zgarmoqda.
24 yoshimda 30 davlatni ko‘rdim. Aytishim kerakki, men hamisha moliyaviy mustaqil bo‘lishni xohlaganman. Dadamga doim hali zo‘r bo‘lib ketaman, sizga mashinalar olib beraman der edim.
Shunday kun keldiki, men bu aytganlarimning barchasini uddaladim. 21 yoshimda dala bilan tillashgan, doim halol mehnat ortidan biz farzandlarni katta qilgan dadamga avtomobil sovg‘a qildim. Uy bekasi bo‘lgan, menga va ukamga faqat o‘qishimimiz kerakligini uqtirib yashagan onamga ham Turkiya, Amirliklar, Ozarboyjon, Saudiyaga yo‘llanmalar olib berdim.
Bir paytlar o‘zimning shaxsiy uyim bo‘lishini orzu qilar edim, bugun poytaxtdan tashqari Dubaydan ham xonadon sotib olish nasib qildi. Men bularni nega aytyapman? O‘zining katta hayot yo‘lini boshlashga ikkilanayotgan, baland marralar sari dastlabki qadamlarni tashlashga cho‘chiyotgan qizlar jur’atli bo‘lishi uchun ularga ilhom berishni asosiy vazifam deb bilaman”.
Dunyoni qalbimda mehr bilan aylanaman
Shohidaning orzusi hamisha katta bo‘lgan: Qaysi xorijiy davlatga bormasin ona yurtini iftixor bilan namoyon etdi, o‘sha yurtlar xalqlarida o‘zbek nomiga ehtirom uyg‘otishga intildi.
Uning tashabbuslari – Turkiyada “O‘zbekistonning umidli chechaklari”, Ozarboyjonda “Iste’dodli qizlar”, Misrda “Ilhomlantiruvchi ovozlar”, Xitoyda “O‘zbekiston adabiy antologiyasi” va “Amazon” platformasida “O‘zbekiston qo‘shig‘i” kabi xalqaro loyihalarda o‘z ifodasini topdi. Bu e’tiborli izlanishlar ayol-qizlarimizning yuksak ma’naviy kuchi va dilbar qiyofasini butun dunyoga yaqqol ko‘rsatdi.
Xalqaro maydondagi chiqishlari — O‘zbekiston imiji uchun xizmat
Shohida Yusupova so‘nggi yillarda dunyoning yetakchi telekanallari, xalqaro forumlari va media platformalari orqali Yangi O‘zbekiston va o‘zbek ayol-qizlari haqida turkum suhbatlar berib kelmoqda.
Bu chiqishlari orqali u yurtimizning boy tarixi, betakror go‘zalligi, turizm salohiyati, ta’lim va ma’rifat sohalaridani o‘zgarishlari haqida jahon ahlini tanitishga hissa qo‘shmoqda.
Yakun: bir yurak, bir el, bir missiya
Shohida uchun bu faqat shaxsiy muvaffaqiyatlar emas – bu bir umrlik missiya. Uning orzusi: 100 minglab qizlarimizning ko‘zlarida porlagan umid va ishonch uchqunlarini reallikka aylantirishga chin sababchi bo‘lishdir.
“Har bir ayol agar qo‘llab-quvvatlash va ishonch, mehr va e’tibor bo‘lsa, qalblarni yayratadigan go‘zal bo‘stonga o‘xshaydi.
Menga ishonishdi. Men esa ularning ishonchini yurakda saqlab, butun dunyoga o‘zbek qizining bilimda, iymonda va orzuda qanday qudratga ega ekanini ko‘rsataman.
Har bir xalqaro chiqish, har bir yozilgan kitob, har bir o‘tkazilayotgan loyiha bu aziz va mo‘tabar Vatanimiz imiji uchun qo‘yilgan xayrli qadamdir.
Qayerda bo‘lmaylik, O‘zbekistonning jahonga qanday tanilishi – aynan bizga, yurt farzandlariga bog‘liq”, – deydi u.
Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.
Jamiyat
Ag‘nagan devor, suv bosgan hovli: Rapqondan fotoreportaj
May oyining birinchi kuni kuchli yomg‘ir yog‘di, buning oqibatida Farg‘ona viloyati Beshariq tumani Rapqon qishlog‘ining Vorux Dasht, Yangiqo‘rg‘on mahallalaridagi 90 dan ortiq xonadonlarni suv bosdi. Ayrim xonadonlarning yerto‘la va uy ichigacha suv kirdi. Hozirda tegishli tashkilotlar ko‘magida toshqin talafotlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilyapti. Kun.uz muxbiri Rapqon qishlog‘ida bo‘lib, hodisa joyidan fotoreportaj tayyorladi.
Jamiyat
Gaz ishlab chiqarish 1-chorakda 1,7 mlrd kub metrga kamaydi – stistika
2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekiston sanoatida ishlab chiqaradigan tarmoq asosiy ulushni egallab, 246,1 trln so‘m (85,1foiz)ni tashkil etdi. Biroq energiya resurslari, xususan, tabiiy gaz ishlab chiqarishda pasayish kuzatildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur davrda respublikada 9,6 mlrd kub metr tabiiy gaz ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kamayganini anglatadi (2024–2025 yillarda 11 mlrd kub metrdan ortiq bo‘lgan).
Gaz bilan birga boshqa ko‘rsatkichlarda ham o‘zgarishlar bor:
– neft – 157,3 ming tonna (2025-yil 1-chorakda 160,8 ming tonna atrofida);
– ko‘mir – 1,1 mln tonna (2025-yil 1-chorakda 1,2 mln tonna);
– gaz kondensati – 242,3 ming tonna (2025-yil 1-chorakda 296,6 ming tonna).
Shu bilan birga, ayrim qayta ishlangan mahsulotlarda o‘sish kuzatildi:
– avtomobil benzini – 313,2 ming tonna;
– dizel yoqilg‘isi – 280,9 ming tonna;
– portlandsement – 4,1 mln tonna.
Jamiyat
Baliqlarni nobud qilgan korxonaga 90 mln so‘mdan ortiq kompensatsiya hisoblandi
Ijtimoiy tarmoqlarda Zangiota tumani Achchisoy kanalida baliqlar nobud bo‘layotgani aks etgan video tarqaldi. Holat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tomonidan o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida Zangiota tumani «Ittifoqchi» mahallasida faoliyat yuritib kelayotgan “Damachi baliq” MChJga qarashli baliqchilik ko‘lida suv sathi pasaytirilgani sababli baliqlarda kislorod yetishmasligi yuzaga kelib, 200-300 grammli baliqlar nobud bo‘lganligi aniqlandi. Nobud bo‘lgan baliqlar jamiyat ishchisi tomonidan tozalanib, tuman hududidan oqib o‘tgan Achchisoy kanaliga oqizib yuborilgan.
Jamiyat faoliyati natijasida hosil bo‘layotgan oqova suvlardan belgilangan tartibda laboratoriya tahlillari uchun namunalar olinib, atrof-muhitga ta’sirini aniqlash maqsadida chuqur o‘rganildi. Tahlil natijalariga ko‘ra, bir qator muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha me’yoriy talablardan sezilarli darajada oshish holatlari qayd etildi.
Xususan, azot ammoniy miqdori belgilangan me’yordan 1,7 barobar, azot nitrit 1,95 barobar, quruq qoldiq 1,28 barobar hamda umumiy fosfor 1,8 barobar ortiq ekanligi aniqlandi. Mazkur holatlar oqova suvlar yetarli darajada tozalanmasdan tashlanayotgani hamda suv obyektlarining ifloslanishi, ekologik muvozanatning buzilishi va bioxilma-xillikka salbiy ta’sir ko‘rsatganini ko‘rsatdi.
Holat bo‘yicha korxonaga 92 mln so‘m miqdorida kompensatsiya hisoblandi, mas’ullarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, holat qayta takrorlanmasligi bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, kanal nobud bo‘lgan baliqlardan tozalandi.
Jamiyat
Navoiydagi YTHda haydovchi va yo‘lovchi halok bo‘ldi
Joriy yilning 2-may kuni soat 07:20larda Konimex tumani «Karak-ata» OFY hududidan o‘tuvchi A-379 «Navoiy-Uchquduq» xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yo‘lining 142-143 km.lar oralig‘ida haydovchi N.J. boshqaruvida bo‘lgan «Nexia-3» rusumli avtomobil «Zarafshon-Navoiy» yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelib, tezlikni oshirishi natijasida yo‘lning xavfli burilish joyida rul boshqaruvini yo‘qotib, qarama-qarshi tomonga chiqib ketib, qarama-qarshi tomondan harakatlanib kelayotgan fuqaro M.A. boshqaruvida bo‘lgan «SKANIA 114L» rusumli avtomashina bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan.
Natijada «Nexia-3» rusumli avtomobil haydovchisi va yo‘lovchisi og‘ir tan jarohatlari sabab vafot etgan.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqea tafsilotlarini o‘rganish yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda o‘tadigan OTB yig‘ilishida ishtirok etadi
3-4 may kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi tadbirlarida ishtirok etadi.
Davlatimiz rahbari tadbirning ochilish marosimida nutq so‘zlaydi hamda xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.
Yig‘ilishning bosh mavzusi – «Taraqqiyot chorrahalari: mintaqaning o‘zaro bog‘liq kelajagini ilgari surish». Forum global va mintaqaviy iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun muhim xalqaro platforma bo‘ladi.
Ishtirokchilar asosiy e’tiborini «yashil» transformatsiya, energetik o‘tish, raqamlashtirish, investitsiyalarni jalb qilish, oziq-ovqat xavfsizligi, sanoatda yetkazib berish zanjirlarining barqarorligi va boshqa masalalarga qaratadilar.
Besh kunlik sammitda 100 dan ortiq mamlakat delegatsiyalari, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va boshqa institutlar rahbarlari va xodimlari hamda xorijiy hukumatlarning 2 ming nafarga yaqin vakillari, yetakchi kompaniyalar va banklar, transmilliy korporatsiyalar top-menejerlari hamda nufuzli ekspertlar ishtirok etadi. Jami 4 mingdan ziyod delegat qatnashishi kutilmoqda.
O‘zbekiston 1995-yildan buyon Osiyo taraqqiyot bankining a’zosi bo‘lib, uning eng yirik hamkorlaridan biri hisoblanadi: loyihalar portfelining umumiy hajmi qariyb 16 milliard dollarni tashkil etmoqda. Mamlakatimiz bankning yillik yig‘ilishiga ikkinchi bor mezbonlik qilmoqda.
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev energiya tejash vositasi sifatida kommunal xizmatlarni oʻchirishni taqiqlovchi farmonni imzoladi
-
Turk dunyosi4 days agoKurd jangari rasmiysining aytishicha, Turkiya islohotlarning yoʻqligi tufayli tinchlik muzokaralarini toʻxtatib qoʻymoqda
-
Iqtisodiyot5 days ago«Kursga sun’iy ta’sir o‘tkazish tarafdori emasmiz»
-
Jamiyat4 days agoBuxoro va Surxondaryoda Afg‘onistondan kontrabanda qilingan opiyning katta partiyasi aniqlandi
-
Jamiyat4 days ago
Sud jarayonlarini OAVda yoritishni takomillashtirish bo‘yicha dastur boshlandi
-
Jamiyat5 days ago
Elchining tarixiy xotiralari chop etildi
-
Jamiyat3 days ago
Jurnalistika uchun dolzarb bo‘lgan kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
-
Siyosat3 days agoOʻzbekistonda yil oxiriga qadar 13 ta GES qurish rejalashtirilmoqda, tarmoqni kengaytirish koʻzda tutilmoqda
