Jamiyat
2026 yilda energiya samaradorligiga yangi talablar joriy etiladi
O‘zbekistonda energiya resurslaridan samarali foydalanishni kuchaytirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar belgilandi. Bu Prezidentning 2026-yil 29-aprelda qabul qilingan «2026-yilda energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–70-sonli Farmonida o‘z aksini topgan.
Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan boshlab davlat tashkilotlari, ijtimoiy soha muassasalari hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan yoki mukammal ta’mirlanadigan bino va inshootlari energiya samaradorligining kamida «S» toifasiga javob berishi shart bo‘ladi. Bu talab binolarni loyihalash va qurish jarayonida energiya tejamkor yechimlarni joriy etishni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, energiyani tejash iste’molchilarni elektr energiyasi yoki tabiiy gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yish orqali emas, balki samaradorlikni oshirish orqali ta’minlanishi belgilandi. Bu yondashuv energiya ta’minotida barqarorlikni saqlash bilan birga, resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Hujjatga ko‘ra, Energiya samaradorligi milliy agentligiga Energiya samaradorligini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali energiya servis kompaniyalari (ESKO) tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun kafolatlangan to‘lovlarni amalga oshirish huquqi berildi. Bu mexanizm sohada xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va yangi loyihalarni jalb qilish imkonini oshiradi.
2026 yildan boshlab energiya sarfi belgilangan me’yorlardan keskin oshib ketgan davlat obyektlarida har yili xalqaro standartlar asosida energiya samaradorligini yaxshilashga qaratilgan dasturlar amalga oshiriladi. Bu orqali ortiqcha energiya sarfini kamaytirish va tizimli nazoratni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 2026-yil 1-oktyabrga qadar energiya iste’molini tahlil qilishda zamonaviy raqamli yechimlar joriy etiladi. Xususan, Big Data, Business Intelligence va sun’iy intellekt texnologiyalari orqali energiya sarfi va samaradorlik ko‘rsatkichlarini doimiy monitoring qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Jamiyat
Buxoro va Surxondaryoni bog‘lagan «narkozanjir» uzildi
DXX va bojxona xodimlari hamkorlikda yirik miqdordagi giyohvandlik moddalarini fosh qilishdi.
Voqea Kogon tumanida Surxondaryo–Buxoro yo‘nalishida harakatlanayotgan «Lacetti» avtomashinasi to‘xtatib tekshirilishidan boshlandi. Mashinani boshqarib kelayotgan buxorolik shaxs (1993-y.t) muqaddam narkojinoyat sodir etgani uchun sudlangani ma’lum bo‘ldi. Avtomashina ko‘zdan kechirilganda, uning motor qismidagi havo filtri ostiga yashirilgan 993 gramm «opiy» moddasi topildi.
Surishtiruv davomida ushbu modda Termiz tumanida yashovchi, xalqaro yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi 46 yoshli shaxsdan olingani aniqlandi. Tezkor tadbir davom ettirilib, termizlik ham qo‘lga olindi. Uning yonidan Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan 5 kg, yashash xonadonidan esa 7 kg «opiy» ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.
Mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Navoiyda ma’danli toshlarni qazish va oltin ajratib olish bilan shug‘ullangan shaxslar ushlandi
Tomdi tumanida bir necha fuqaroi umumiy bahosi 569,8 mln so‘mlik 5200 kg ma’danli toshlarni noqonuniy ravishda qazib olgan vaqtida ushlangan.
Foto: Illyustrativ surat / SI
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Tomdi tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro O.I. va boshqalar “Bessopan” sanoat maydoni hududidan tarkibida umumiy bahosi 569,8 mln so‘mlik 315,1 gramm oltin moddasi bo‘lgan 5 200 kg ma’danli toshlarni noqonuniy ravishda qazib olgan vaqtida ushlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Konimex tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar T.T. va T.G‘. o‘zaro til biriktirib, “Karakata” OFY hududida tarkibida oltin moddasi bo‘lgan qum va toshlarni oltin izlovchilar usulida maxsus uskunalar orqali qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotganliklari aniqlangan.
Departamentning Xatirchi tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda fuqaro U.R. “Zarafshon” MFY hududidagi xonadonida qum va toshdan oltin ajratib olish bilan shug‘ullanib kelganligi aniqlanib, undan tarkibida oltin zarralari bo‘lgan 160 kg qum-toshlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kabi, fuqaro S.X. ham “Zarafshon” MFY hududidagi xonadonida qum va toshdan oltin ajratib olish bilan shug‘ullanib kelganligi aniqlanib, undan tarkibida oltin zarralari bo‘lgan 300 kg qum-toshlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 196-2-moddasi (foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Ekopolitsiya tomonidan «Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi»ga 16 ta ko‘rsatma berildi
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tomonidan ekologik qonunchilik talablari ijrosini ta’minlash hamda sanoat korxonalarining atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish maqsadida Qashqadaryo viloyatida navbatdagi tekshiruv tadbirlari o‘tkazildi.
O‘tkazilgan tadbirlar jarayonida “Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi” atrof-muhitga muntazam salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligi, jumladan, atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etilmasligi, chang-gaz tozalash uskunalari, oqova suvlarni tozalash inshootlari ekologik talablarga javob bermasligi va yana bir qator ekologik qonunchilik talablari qat’iy buzilganligi aniqlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan korxonaga nisbatan qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovlari belgilandi. Shuningdek, 16 banddan iborat bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
To‘plangan hujjatlar yakuniy baho berish va qaror chiqarish maqsadida sud organlariga yuborildi.
Jamiyat
Baliqlarni nobud qilgan korxonaga 92 mln so‘m kompensatsiya hisoblandi
Zangiota tumanidagi MChJlardan biriga qarashli baliqchilik ko‘lida suv sathi pasaytirilgani sababli baliqlarda kislorod yetishmasligi yuzaga kelib, 200–300 grammli baliqlar nobud bo‘lgan.
Foto: Illyustrativ surat / SI
Ekopolitsiya ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Zangiota tumanidagi Achchisoy kanalida baliqlar nobud bo‘layotgani aks etgan video bo‘yicha o‘rganish olib bordi.
Qayd etilishicha, o‘rganishlar davomida Zangiota tumani «Ittifoqchi» mahallasida faoliyat yuritib kelayotgan “Damachi baliq” MChJga qarashli baliqchilik ko‘lida suv sathi pasaytirilgani sababli baliqlarda kislorod yetishmasligi yuzaga kelib, 200–300 grammli baliqlar nobud bo‘lganligi aniqlandi.
Nobud bo‘lgan baliqlar jamiyat ishchisi tomonidan tozalanib, tuman hududidan oqib o‘tgan Achchisoy kanaliga oqizib yuborilgan.
Jamiyat faoliyati natijasida hosil bo‘layotgan oqova suvlardan namunalar olinib, atrof-muhitga ta’sirini aniqlash maqsadida o‘rganilganida, azot ammoniy miqdori belgilangan me’yordan 1,7 barobar, azot nitrit 1,95 barobar, quruq qoldiq 1,28 barobar hamda umumiy fosfor 1,8 barobar ortiq ekanligi aniqlandi.
Holat bo‘yicha korxonaga 92 mln so‘m miqdorida kompensatsiya hisoblandi, mas’ullarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, holat qayta takrorlanmasligi bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, kanal nobud bo‘lgan baliqlardan tozalandi.
Jamiyat
Namanganda xorijdan olib kelingan qalbaki dollarlarni sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
Ular qalbaki 10 ming AQSh dollarini shartli xaridorga haqiqiy 7,5 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Bojxona idoralari bilan hamkorlikda Chust tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida Yangi Namangan tumanida yashovchi shaxs va Chust tumanida istiqomat qiluvchi, muqaddam sudlangan fuqaro o‘zaro til biriktirib, xorijdan olib kelingan qalbaki 10 ming AQSh dollarini shartli xaridorga haqiqiy 7,5 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
-
Siyosat4 days agoOʻzbekistonda yashirin forumda davlat xizmatchilariga oid maʼlumotlarning sizib chiqib ketishini tekshirmoqda
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston Davlat investitsiya jamgʻarmasi Toshkent va Londonda ikki tomonlama IPO oʻtkazdi
-
Jamiyat4 days agoMashina olib berish va’dasida yuzlab odamni chuv tushirgan “Umid avto”chilarga hukm o‘qildi
-
Mahalliy4 days ago
Gulga shaydo onaxon, kitob “ovchisi” va chemodansiz sayyoh…
-
Iqtisodiyot3 days ago«Kursga sun’iy ta’sir o‘tkazish tarafdori emasmiz»
-
Dunyodan3 days ago
Ukraina va Yevropa Ittifoqi Isroilga qarshi sanksiyalar kiritmoqchi
-
Mahalliy4 days ago
Jurnalistlar o‘rnini robotlar egallaydimi? Samarqanddagi “Media haftalik“da bilib olasiz!
-
Dunyodan4 days ago
Jarrohlar Apple Vision Pro foydasiga monitorlardan voz kechishmoqda
