Mahalliy
Yoshlar umrini sotgan jinoyatchilar qo‘lga olindi
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan keng ko‘lamli tezkor tadbirlar «qora bozor»ning yana bir jirkanch tarmog‘ini fosh qildi. Yoshlarning hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy tahdid soluvchi, giyohvandlikka tenglashtirilgan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotish bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida muqaddam sudlangan R.A. o‘z «faoliyatini» yana davom ettirishga urindi. U fuqaro K.K.ga (u ham muqaddam sudlangan) miqdori jihatidan kichik bo‘lmagan partiyani — 90 dona «Tropikamid» va 448 dona «Regapen»ni 4 000 AQSh dollari evaziga sotayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Bu shunchaki oldi-sotdi emas, balki yuzlab yoshlarning taqdirini «savdoga qo‘yish» edi.
Huquq-tartibot organlarining tezkorligi natijasida Qibray tumanida ham noqonuniy muomala tarmog‘i uzildi. Fuqaro A.Z. navbatdagi «mijoziga» «Tropikamid»ni 1,1 million so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Tintuv jarayonida uning xonadonidan yana o‘nlab dona «Tropikamid» va «Regapen» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi. Jinoyatchi o‘z uyini «kuchli ta’sir qiluvchi vositalar ombori»ga aylantirib olgani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ayblanuvchilarni endi nafaqat jarima, balki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi kutmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ogohlantiradi: yoshlarning kelajagini zaharlovchi har qanday noqonuniy harakatning oxiri panjara ortida yakun topadi. «Oson pul» ilinjidagilar buni unutmasliklari kerak.
Mahalliy
Toshkent shahrida xalqaro talablarga javob beruvchi zamonaviy laboratoriyalar majmuasi ish boshladi
Poytaxt sanitariya-epidemiologiya tizimida muhim yangilik yuz berdi. Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi qoshidagi laboratoriyalar majmuasi BMTning Loyiha xizmatlari bo‘yicha boshqarmasi (UNOPS) bilan hamkorlikda tubdan rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.
Mazkur majmuaning ochilish marosimida soha mutasaddilari, xalqaro tashkilotlar vakillari va tibbiyot xodimlari ishtirok etishdi.
Zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or tahlil uskunalari bilan jihozlangan ushbu obyekt aholi salomatligini muhofaza qilish hamda xavfli infeksiyalarni erta aniqlashda strategik ahamiyatga ega. Rekonstruksiya jarayonida laboratoriyaning texnik imkoniyatlari xalqaro standartlarga moslashtirildi, bu esa tahlillar sifati va aniqligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Yangilangan majmuada faoliyat yuritadigan mutaxassislar uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ular endilikda eng yuqori darajadagi epidemiologik xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda tadqiqotlarni amalga oshirishlari mumkin.
Ushbu loyihaning hayotga tatbiq etilishi poytaxt sanitariya-epidemiologiya xizmatining salohiyatini kuchaytirib, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Mazkur yangilik sohadagi tizimli islohotlarning uzviy davomi bo‘lib, yurtimizda jamoat salomatligini ta’minlashga qaratilgan ishlarning yana bir muhim natijasidir.
Mahalliy
O‘zbekiston IT-platformasi 79-Kann xalqaro kinofestivalida rasman namoyish etildi
79-Kann xalqaro kinofestivali shunchaki yulduzlar jilosi emas, balki global texnologiyalar to‘qnashadigan markazga aylandi.
Bu yilgi nufuzli «Marché du Film» kinobozorida O‘zbekiston nomi butun dunyoga yangicha qirrada, yuqori texnologik yechimlar yaratuvchi markaz sifatida jarang sochdi!
IT Park Uzbekistan rezidenti — «OSG PLUS» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan «itAntares» global film distributsiyasi platformasi xalqaro ekspertlar va kinoindustriya gigantlari e’tibor markazida bo‘ldi.
Dunyoning eng yirik kino platformasi bo‘lmish «Marché du Film»da 16 000 dan ortiq professional ishtirokchilar, 1 700 nafar xaridor hamda 600 dan ortiq xalqaro kompaniyalar jamlangan. Aynan mana shu ulkan raqobat muhitida o‘zbekistonlik dasturchilar tomonidan yaratilgan raqamli ekotizim nafaqat o‘zini ko‘rsatdi, balki distributsiya jarayonlarini inqilobiy darajada soddalashtiruvchi texnologiya sifatida tan olindi!
Kino sanoati uchun butun boshli raqamli ekotizim — endi jahon kinosi o‘zbek IT-mutaxassislari yaratgan yechimlar orqali boshqariladi.
O‘zbek IT-sektori shunchaki xizmat ko‘rsatuvchi emas, balki jahon san’at va biznes jarayonlariga bevosita ta’sir o‘tkazuvchi asosiy o‘yinchiga aylanib ulgurdi. «itAntares» — bu o‘zbek injiniringining Kann cho‘qqisidagi ilk va dadil g‘alabasi!
Kelajak kino sanoati endi aynan shu platforma atrofida birlashadi. Bizning mutaxassislar jahonni lol qoldirishda davom etmoqda.
Mahalliy
Pul dardida ruhiy himoyasiz insonlarni tomoshaga aylantirmang
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ruhiy holati og‘ir, psixologik himoyasiz yoki intellektual jihatdan zaif insonlar ishtirokida kontent tayyorlash xavotirli darajada kuchaymoqda. Bu holatga shunchaki oddiy blogerlik yoki “xayp” deb qaramaslik kerak. Bunday kontentlar jamiyatning axloqiy va huquqiy chegaralari yemirilayotganining belgisi. Eng og‘ir jihati shundaki, insonning og‘rig‘i auditoriyaga aylantirilmoqda. Ruhiy iztirob ko‘ngilochar mahsulot sifatida iste’mol qilinmoqda.
Bugun ayrim kontent mualliflari ruhiy nosog‘lom insonlarni kamera orqali provokatsiya qilmoqda, ularning holatini masxara obyektiga aylantirmoqda, emotsional beqarorligidan monetizatsiya vositasi sifatida foydalanmoqda, ijtimoiy tarmoq algoritmlari uchun “tomosha” ishlab chiqarmoqda.
Bu esa jamiyat ongida xavfli normani shakllantirmoqda. Ya’ni inson qadri emas, ko‘rishlar soni muhim. Xayp uchun bir insonning huquqi poymol bo‘lmoqda, dardi masxara qilinmoqda. Bu masalaga faqat axloqiy emas, huquqiy va siyosiy nuqtai nazardan ham qarash vaqti keldi. Chunki Konstitutsiyamizda ham inson qadri oliy qadriyat sifatida belgilangan. Inson sha’ni, qadr-qimmati va shaxsiy hayoti daxlsizligi davlat himoyasidadir. Shunday ekan o‘z harakatlarini to‘liq anglay olmaydigan, psixologik jihatdan himoyasiz, ruhiy kasallik belgilari mavjud insonlarning videolarini tarqatish va monetizatsiya qilish jiddiy huquqiy bahoni talab qiladi. Ayniqsa roziliksiz tasvirga olish, ommaviy masxara qilish, shaxsni qadrsizlantiruvchi material tarqatish, kiberbulling elementlari qonunchilik nuqtai nazaridan tahlil qilinishi shart. Bu axborot xavfsizligi masalasidir.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ruhiy himoyasiz insonlardan kontent jamiyatning emotsional muhitini buzadi. Auditoriya bora-bora rahmsizlikka, mazaxni tabiiy qabul qilishga, inson dardini tomosha sifatida ko‘rishga o‘rganib qoladi. Bu esa ijtimoiy ongning degradatsiyasiga olib keladi. Davlat axborot siyosati nuqtai nazaridan ham bu xavfli tendensiya. Chunki jamiyatda agressiya, ommaviy mazax madaniyati, psixologik zo‘ravonlik oddiy holga aylansa ijtimoiy ishonch va fuqarolik muhitiga ta’sir qiladi. Huquqiy davlatning asosiy belgilaridan biri himoyasiz qatlamni himoya qilish qobiliyatidir. Agar jamiyat ruhiy nosog‘lom insonni “kontent” sifatida iste’mol qila boshlasa, davlat institutlari bu holatga munosabat bildirmasa, platformalar monetizatsiyani cheklamasa, bu huquqiy davlat prinsiplariga ham, insonparvarlik tamoyillariga ham zid holatga aylanadi. Shu nuqtai nazardan, Bolalar ombudsmani, Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, Kiberxavfsizlik markazi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi mutasaddi organlar mazkur holat yuzasidan aniq huquqiy mexanizmlar ishlab chiqishi kerak.
Qonunchilikda ruhiy himoyasiz insonlarning tasviridan foydalanish, ularni ommaviy mazax obyektiga aylantirish, blogerlik orqali psixologik ekspluatatsiya qilish, monetizatsiya maqsadida inson qadrini poymol qilish holatlarini huquqiy baholash masalalari kun tartibiga chiqishi kerak.
Chunki bu yerda gap faqat odob-axloq, etika haqida emas, inson huquqlari haqida ketyapti.
Axir mamlakatning sivilizatsiya darajasi jamiyatning eng kuchsiz insonga munosabati bilan o‘lchanadi. Ruhiy azobdagi insondan auditoriya yig‘ishni mediaga qiyoslab bo‘lmaydi. Bu endi insoniy chegaralarning yemirilishi. Agar bugun jamiyat bu holatga befarq qarasa, ertaga har qanday himoyasiz inson kamera oldida “kontent”ga aylanishi mumkin. Inson qadri har qanday tomoshadan, shoudan, reklamadan ustun bo‘lgan jamiyatgina haqiqatan rivojlangan jamiyat hisoblanadi.
Mahfuza Yo‘ldosheva
Mahalliy
Gullar shahrida yilning eng qaynoq media haftaligi bo‘lib o‘tmoqda
Namangan bu hafta nafaqat gullari, balki Media haftaligi bilan ham bo‘y taratadi! Bugun viloyatda start olgan Media haftalik hududdagi eng kuchli tele-radio xodimlari, matbuot faollari, jurnalistlar, blogerlar va media sohasiga oshufta yoshlarni yagona, ulkan media maydonda birlashtirdi.
Haftalik davomida eng dolzarb va eng qaynoq mavzularda seminarlar bo‘lib o‘tadi, jumladan:
Auditoriya yuragiga yo‘l topish sirlari;
Tezkor va yuqori sifatli kontent formulasi;
Sun’iy intellekt (AI) imkoniyatlari va media kelajagi;
Ijtimoiy tarmoqlardagi eng so‘nggi virusli tendensiyalar.
Har kuni soat 17:00 ga qadar davom etadigan amaliy treninglarda o‘z loyihalaringizni taqdim eting, soha top-ekspertlaridan javoblar oling va o‘z imkoniyatingizni ko‘rsating.
Vodiy media muhiti hozir bilim, tajriba va kreativ g‘oyalar bilan to‘lib-toshmoqda. Safga qo‘shiling va kontent yaratish san’atini yangi bosqichga olib chiqing!
Mahalliy
Navoiy nomida xalqaro o‘zbek tili olimpiadasi tashkil etiladi
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasi tashkil etiladi.
Hukumat qarori (250-son, 18.05.2026-y.) bilan «Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida» gi nizom tasdiqlandi.
Nizom Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, xalqaro olimpiadada 14-18 yoshdagi chet elda istiqomat qiluvchi vatandosh bo‘lgan maktab o‘quvchilari yakka yoki jamoaviy tarzda ixtiyoriy ravishda ishtirok etadi.
Xalqaro olimpiada har yili oktyabr oyigacha 2 bosqichda (test topshiriqlari va yozma ish shaklida) o‘tkaziladi.
Ishtirokchilar jamoaviy yoki yakka tartibda offlayn va onlayn shaklda ishtirok etishlari mumkin.
Xorijiy davlat terma jamoalari tarkibi 6 nafargacha ishtirokchi va 1 nafar jamoa rahbaridan iborat bo‘ladi.
1 ta davlatdan 3 tagacha terma jamoa ishtirok etishiga ruxsat beriladi.
1-bosqichda (test) ishtirokchilar umumiy 50 ball bilan baholanadigan 30 ta test topshiriqlarini bajaradilar.
2-bosqichda (yozma ish) ishtirokchilar Hakamlar hay’ati tomonidan taqdim etilgan 5 tagacha yozma ish (esse) mavzulari orasidan qur’a tashlash yo‘li bilan tanlangan 1 ta mavzu asosida ijodiy ish yozadilar.
Olimpiada g‘olib va sovrindorlari oltin, kumush, bronza medallari, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
-
Siyosat5 days ago
Prezident Bokuga yetib keldi
-
Jamiyat4 days ago
Bugun O‘zbekistonda quruq va juda issiq ob-havo kutilmoqda
-
Iqtisodiyot4 days agoChorva mollari va asalarilar QQSning nol stavkasi qo‘llanadigan ro‘yxatga kiritildi
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston urbanizatsiya darajasini 2040-yilga borib 65 foizga yetkazishni maqsad qilgan – Prezident Mirziyoyev
-
Iqtisodiyot3 days agoQirg‘izistonda sanksiyalar tahdidi tufayli 50 ta korxona tugatildi
-
Siyosat1 day agoBirlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyodagi chegaralarni tinch yoʻl bilan tartibga solish boʻyicha rezolyutsiyani qabul qildi
-
Iqtisodiyot3 days ago“Yaxshi foyda bo‘lmasa, tashlab ketadiganlardan emasmiz” – Germaniya elchisi
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Tramp ortidan prezident Putin ham Xitoyga boradi.
