Mahalliy

Yoshlar umrini sotgan jinoyatchilar qo‘lga olindi

Published

on


Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan keng ko‘lamli tezkor tadbirlar «qora bozor»ning yana bir jirkanch tarmog‘ini fosh qildi. Yoshlarning hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy tahdid soluvchi, giyohvandlikka tenglashtirilgan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotish bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi.

Toshkent shahrida o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida muqaddam sudlangan R.A. o‘z «faoliyatini» yana davom ettirishga urindi. U fuqaro K.K.ga (u ham muqaddam sudlangan) miqdori jihatidan kichik bo‘lmagan partiyani — 90 dona «Tropikamid» va 448 dona «Regapen»ni 4 000 AQSh dollari evaziga sotayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Bu shunchaki oldi-sotdi emas, balki yuzlab yoshlarning taqdirini «savdoga qo‘yish» edi.

Huquq-tartibot organlarining tezkorligi natijasida Qibray tumanida ham noqonuniy muomala tarmog‘i uzildi. Fuqaro A.Z. navbatdagi «mijoziga» «Tropikamid»ni 1,1 million so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Tintuv jarayonida uning xonadonidan yana o‘nlab dona «Tropikamid» va «Regapen» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi. Jinoyatchi o‘z uyini «kuchli ta’sir qiluvchi vositalar ombori»ga aylantirib olgani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ayblanuvchilarni endi nafaqat jarima, balki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi kutmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ogohlantiradi: yoshlarning kelajagini zaharlovchi har qanday noqonuniy harakatning oxiri panjara ortida yakun topadi. «Oson pul» ilinjidagilar buni unutmasliklari kerak.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version