Jamiyat
Yo‘qni bor, borni yo‘q qiluvchi inspektorlar
1983 yil. AQShda Ozodlik haykali odamlar ko‘z o‘ngida yo‘qolib qoldi va qayta paydo bo‘ldi. Bu dunyoga mashhur illyuzionist Devid Kopperfild tomoshasi edi. 2024 yil O‘zbekistonda yuzlab avtomobil g‘oyib bo‘ldi va qayta topilmadi. Ammo bu qandaydir tomosha emas, “afsungar” rolini qoyilmaqom ijro etgan IIB xodimlarining ishi edi. Hatto Gollivud filmlariga ssenariy bo‘la oladigan darajada mukammal tuzilgan jinoiy sxema baribir fosh bo‘ldi va 5 nafar xodim qamaldi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Kun.uz avvalroq mashina oldi-sotdisi bilan shug‘ullanish niqobi ostida odamlarni chuv tushirgan uyushgan guruh haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Unda Namangan viloyatidagi yashirin ustaxonalarda kuzov va dvigatel raqamlari o‘zgartirilgan holda 1 yilda 300 ga yaqin mashina gumdon qilingani haqida gap boradi. Guruh a’zolari davlat idoralari xodimlarining ko‘magisiz bunday katta jinoyatni amalga oshirishlari qiyin edi. Ushbu guruhga ko‘maklashgan, ya’ni uyushgan guruh a’zosi bo‘lgan IIB xodimlarining kimligi ma’lum bo‘ldi.
Uyushgan guruh
2023-2024 yillar davomida O‘zbekistonda yuzlab avtomobillar g‘oyib bo‘lgan. Ularning ko‘pi bojxona chegara postlari orqali qo‘shni davlatlarga olib chiqilib, sotib yuborilgan. Ayni shu faoliyat – O‘zbekistonda bo‘lib to‘lash sharti bilan avtomobil xarid qilib, so‘ngra uni qo‘shni davlatlarga olib o‘tib pullash bilan o‘nlab uyushgan va jinoiy guruhlar shug‘ullangan. Kun.uz bularning bir nechtasi haqida surishtiruvlar e’lon qilgandi.
Biroq uyushgan guruhlardan birining ishi hammasidan oshib tushdi. Ushbu guruhda jinoiy sxemani amalga oshirishda muhim bo‘lgan shaxslar to‘plangandi. Jumladan, Namangan viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi inspektorlari. Ular – Boburjon Ergashev, Ma’sharip Obidxo‘jayev, Ne’mat Mansurov, Erkin Musulmanov va Ravshan Esanov. Ularning vazifasi uyushgan guruhning boshqa a’zolari tomonidan yetkazib berilgan avtomobillarni noqonuniy tarzda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘lgan.
Guruhga 1991 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan Akmalxon Hoshimov rahbarlik qilgan. Shuningdek, uyushgan guruh tarkibida Habibullo Matisayev, Abror Zaynutdinov, Umid Mamadaliyev, Shuhrat Dalimov, Murodillo Bayatov, Zuxruddin Chalov, Sevara Ahmadjonova kabi shaxslar bo‘lgan. Jinoyat ishining ularga oid qismi alohida ish yurituviga olingan va sud hukmi o‘qilgan.
Guruhning har bir a’zosi o‘ziga ajratilgan vazifani bajargan. Guruhdagi asosiy vazifa – noqonuniy harakatga qonuniy tus berish ishini Navoiy shahrida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Ixtisoslashgan auksion avto-mulk markazi” MChJ rahbari Murodillo Bayatov hamda Namangan viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi inspektorlari amalga oshirgan.
Jinoiy sxema
Avtomobillar qanday usulda yo‘q qilingan? Keling, buni bir Lacetti misolida ko‘rib chiqamiz.
Muqaddam jinoiy yo‘l bilan egallanib, uyushgan guruh a’zolari tasarrufida bo‘lgan Lacetti tergovda aniqlashning imkoni bo‘lmagan ustaxonaga olib borilgan. U yerda mashinaning qat’iy hisobdagi dvigatel va kuzov raqamlari o‘zgartirilgan. Bu ikki xil usulda amalga oshirilgan. Ya’ni, raqam yozilgan yuzalar charhlangan va maxsus moslamada qayta yozilgan yoki kesib olinib, payvandlash yo‘li bilan yopishtirilgan. Lacetti’ning kuzov va dvigatel raqamlari kelib chiqish manbasi aniq bo‘lmagan XWB5V31BVPA928209 va B15R92726PRST6582 raqamlariga o‘zgartirilgan.
Endilikda mashinani qonuniy yo‘llar orqali sotish va sodir etilgan jinoiy harakatlarni yashirish kerak edi. Buning uchun avtomobilni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish kerak. Buning uchun fuqaro Akmal Matkarimovning aldov yo‘li bilan olingan pasport ma’lumotlari “Ixtisoslashgan auksion avto-mulk markazi” MChJ rahbari Murodillo Bayatovga taqdim qilingan. U go‘yoki Akmal Matkarimovga tegishli, 2023 yilda ishlab chiqarilgan, dvigatel raqami B15R92726PRST6582, kuzov raqami XWB5V31BVPA928209 bo‘lgan qora rangli Lacetti 174 mln 880 ming so‘mga baholanib auksionga chiqarilgani hamda savdolarda Shokir Samatov g‘olib bo‘lgani haqida soxta hujjat tayyorlab bergan. Murodillo Bayatov QI449-853299 raqamli g‘oliblik bayonnomasi va unga asos bo‘lgan oldi-sotdi shartnomasini tayyorlab, ushbu hujjatlardagi sotuvchi va sotib oluvchi ishtirokchilarning imzolarini soxtalashtirgan hamda ularni o‘zining imzosi, yumaloq muhri va QR-kod bilan tasdiqlagan.
So‘ngra ushbu hujjatlar Shokir Samatovning imzosi qalbakilashtirilgan arizasi bilan Namangan viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish guruhi katta inspektori Bobur Ergashevga taqdim qilingan. U esa fuqaro Shokir Samatovning ishtirokisiz, transport vositasining texnik ko‘rikdan o‘tkazilishini ta’minlamagan holda rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritib, yangi qayd etish guvohnomasi va 50 B 437 CB davlat raqam belgisini bergan. Ya’ni, avtomobilni noqonuniy tarzda davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan.
Shundan so‘ng Lacetti Toshkent shahridagi Sergeli mashina bozoriga olib borilgan. U yerda uyushgan guruh a’zolari fuqaro Ismadiyor Zamonovni aldab, 300 dollar evaziga nomiga ikkilamchi avtokredit rasmiylashtirishga ko‘ndirishgan. “Kredit to‘lovlarini sening nomingdan o‘zimiz to‘lab boramiz, 6 oy ichida to‘liq to‘laymiz”, deya ishontirishgan.
Aslida Ismadiyor Zamonov hech qanday ish faoliyati va oylik daromadiga ega bo‘lmagan. Biroq uning yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsga oid ma’lumotlarini modifikatsiya qilib, o‘zini-o‘zi band qiluvchi shaxs sifatida yolg‘on ma’lumotlar kiritishgan. Shu tariqa, Ismadiyor Zamonov nomida “Kapital bank”ning Sergeli filialidan 182 mln 560 ming so‘m miqdorda ikkilamchi avtokredit rasmiylashtirishgan. So‘ngra Lacetti Toshkent viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tkazilib, 10 L 139 GB davlat raqam belgisi va qayd etish guvohnomasi olingan hamda notarial tartibda bank tomonidan garovga qo‘yib yuborilgan.
Shundan keyin uyushgan guruh a’zolari ushbu avtomobil va unga asos bo‘lgan hujjatlarni taksi xizmati olib borish bahonasida Ismadiyor Zamonovdan olib qo‘yishgan. Ya’ni, fuqaro bo‘ynida 182 mln so‘m kredit bilan mashinasiz qolib ketavergan. Ushbu Lacetti tezkor-qidiruv tadbirlari davomida topilmagan. Chunki, uyushgan guruh mashinani o‘zga shaxslarga aldab sotib yuborgan. Shu tariqa, guruh a’zolari ham enidan, ham bo‘yidan deganday, kredit puli va mashina sotuvidan tushgan pulni o‘zaro ulush sifatida taqsimlab olishgan.
Lacetti qayerdan kelib qolgandi?
Yuqorida Lacetti mashinasi muqaddam jinoiy yo‘l bilan egallanib, uyushgan guruh a’zolari tasarrufida bo‘lgani haqida aytdik. Bu aynan sud hukmida shunday qayd etilgan. Xo‘sh, avtomobil qayerdan va qanday tartibda uyushgan guruh qo‘liga kelib qolgandi? Bu haqda sud hujjatlarida aniq gap keltirilmagan.
Ammo Lacetti kimdandir bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olingan va puli to‘lanmagan bo‘lishi mumkin. Chunki, uyushgun guruh a’zolari mashinasini sotmoqchi bo‘lgan fuqarolarni ham chuv tushirishgan.
Jumladan, uyushgan guruhga rahbarlik qilgani aytilgan Akmalxon Hoshimov 2023 yil 8 aprel kuni Toshkent tumani hududida fuqaro Akbar Abduxabirov bilan uchrashib, uning Lasetti mashinasini bo‘lib to‘lash sharti bilan 11 ming AQSh dollariga sotib olishga kelishgan. Akmalxon Hoshimov mashina egasiga boshlang‘ich to‘lov sifatida 2 ming dollar bergan. Qolgan pulni 2 oy davomida to‘lab berishni va’da qilgan. So‘ngra o‘zaro ijara shartnomasi tuzgan holda og‘zaki kelishib, mashinani qabul qilib olgan. Akbar Abduxabirov xaridorga transport vositasini boshqarish huquqini taqdim etuvchi ishonchnoma rasmiylashtirib bergan.
Biroq Akmalxon Hoshimov bergan va’dasini bajarmagan. U qolgan pulni to‘lamasdan Lasetti’ni vodiy viloyatlarida mashina oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchilar orqali boshqa shaxslarga sotib yuborgan. Ushbu mashina ham tezkor-qidiruv tadbirlari davomida topilmagan.
Bu ikki Lasetti aynan bir mashina deyishdan yiroqmiz. Biroq kuzov va dvigatel raqamlari o‘zgartirilib, noqonuniy tarzda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan mashinalar shu shaklda uyushgun guruh qo‘liga kelib qolgan bo‘lishi mumkin.
Shokir Samatov kim?
Lacetti go‘yoki auksion savdolarida Shokir Samatov tomonidan yutib olingani haqida soxta g‘oliblik bayonnomasi tayyorlanganini aytdik. Ushbu shaxs kim?
Sud hukmida keltirilishicha, Shokir Samatov mashina oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi Abdulaxat Qahhorovning tanishi bo‘lgan. Qahhorov Shokir Samatovga o‘z nomida mashina ko‘payib ketganini, uning nomiga mashina olib turishni iltimos qilgan.
“Har bir mashina uchun 100 dollar berishini aytdi. Ehtiyojim uchun pul zarur bo‘lgani sababli pasport nusxamni berdim. Shundan so‘ng Abdulaxat nomimga 2 ta mashina oldi. Bittasiga sotish huquqi bilan ishonchnoma qilib berdi. Yana bittasini Toshkent shahrida o‘tkazib berdi. Mashinalarni olishda auksion savdolarida ishtirok etmaganman, ular qanchaga va qanday tartibda sotib olinganidan, necha so‘mga sotilganidan xabarim bo‘lmagan.
Ushbu mashinalar bo‘yicha biror-bir manfaatdor bo‘lmaganman, Abdulaxat va’da qilgan 100 dollarni ham bermagan”, degan u sudda.
Shuningdek, Shokir Samatov nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan avtotransport vositalariga davlat raqam belgilarini kim olganini ham bilmasligini aytgan.
Qolgan mashinalar ham shu tartibda begona shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan.
Kimda qancha mashina?
Uyushgan guruh ko‘plab mashinalarni noqonuniy tarzda davlat ro‘yxatidan o‘tkazib yuborgan. Bunda Namangan viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi inspektorlari Boburjon Ergashev, Ma’sharip Obidxo‘jayev, Ne’mat Mansurov, Erkin Musulmanov va Ravshan Esanovning roli bor. Shu sababli, ular jinoiy jazoga tortilgan.
Sud hukmida keltirilishicha, Boburjon Ergashev 37 ta, Ma’sharip Obidxo‘jayev 17 ta, Ne’mat Mansurov 15 ta, Erkin Musulmanov 4 ta, Ravshan Esanov 3 ta avtomobilni yuqorida keltirilgan jinoiy sxemasi asosida noqonuniy tarzda davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan. Ular orasida qimmatbaho mashinalar ham bor.
“Mening aybim yo‘q”
Sudda inspektorlarning hech biri o‘z aybiga iqrorlik bildirmagan.
Masalan, Bobur Ergashev mashinalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda QR kodni skaner qilganida avtomobilga aloqador barcha ma’lumotlar chiqib kelgani sababli shubha qilmaganini aytgan.
“Transport vositalarini ro‘yxatga olish va ro‘yxatdan chiqarish ishlari Vazirlar Mahkamasining 683-sonli qaroriga asosan amalga oshiriladi. Auksionda yutib olingan bo‘lsa, auksion bayonnomasi taqdim qilinadi. Unda QR kod bo‘ladi. Bazaga notarius, auksion ulangan: QR kodni skaner qilib, auksion bayonnomasi bilan solishtiraman, dvigatel raqamlarini solishtirib ko‘raman. QR kod skaner qilinganida dvigatel raqamlari va boshqa jihatlari to‘g‘ri kelgani uchun ro‘yxatga olganman.
Elektron onlayn auksion savdolari natijasi to‘g‘risidagi bayonnomalar turli-xil bo‘ladi. Ba’zilarida faqatgina g‘olib haqida ma’lumot ko‘rsatiladi. Shu sababli taqdim qilingan bayonnomalar soxtaligi bo‘yicha hech qanday shubha bo‘lmagan. 37 ta mashinaning barchasini shaxsan o‘zim ko‘rganman, texnik ko‘rikdan o‘tkazib, hujjatlarni imzolaganman. Ularni ro‘yxatdan o‘tkazib berish bo‘yicha hech kim bilan noo‘rin munosabatga kirishmaganman, moddiy manfaatdor bo‘lmaganman”, degan u o‘z ko‘rsatmasida.
Qolgan inspektorlar ham sudda shunga o‘xshash ko‘rsatma bergan.
Jazo
Sudning hukmi bilan inspektorlarning barchasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “a, v” bandlari, 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a, b” bandlari hamda 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 2-qismi “a, b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Boburjon Ergashevga 8 yil 5 oy, Ma’sharip Obidxo‘jayevga 8 yil 4 oy, Ne’mat Mansurovga 8 yil 3 oy, Erkin Musulmanovga 6 yil 2 oy hamda Ravshan Esanovga BHMning 150 baravari miqdorida jarima va 5 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, ularning barchasi 3 yil muddatga IIV tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan.
Bundan tashqari, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida Boburjon Ergashevdan 4 mlrd 163 mln so‘m, Ma’sharip Obidxo‘jayevdan 2 mlrd 858 mln so‘m, Ne’mat Mansurovdan 1 mlrd 544 mln so‘m, Erkin Musulmanovdan 738 mln so‘m va Ravshan Esanovdan 537 mln so‘m undirish belgilangan.
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
Jamiyat
Turistik startaplarga 1 mlrd so‘mgacha subsidiya beriladi
Hukumatning 18-avgustdagi 443-son qarori bilan turistik startaplarga subsidiya ajratish tartibi belgilandi.
Reglamentga ko‘ra, subsidiya Turizm qo‘mitasi tomonidan davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ajratiladi.
Startapni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda qoplanadi. Mablag‘ har yili eng yaxshi 10 tagacha turistik startap uchun ajratiladi.
Subsidiya olish uchun loyihalar maxsus komissiya tomonidan baholanadi. Komissiya tarkibi Turizm qo‘mitasi raisi tomonidan shakllantiriladi.
Talabgorning arizasi kelib tushganidan keyin komissiya unga 5 ish kuni ichida suhbat o‘tkazilishi haqida xabarnoma yuboradi.
Suhbatdan so‘ng komissiya 10 ish kuni davomida talabgorning belgilangan talablarga muvofiqligini o‘rganib chiqadi. Bu jarayonda startapning turizm sohasi uchun ahamiyatiga alohida e’tibor beriladi.
Xususan, loyihaning muayyan turistik xizmatni rivojlantirishga qaratilgani, bu xizmatga turistlar ehtiyoji va talabining dolzarbligi baholanadi.
Shuningdek, startap avval mavjud bo‘lmagan yoki mavjud yechimni sezilarli darajada takomillashtirgan yangi xizmatni taklif etayotgani ham hisobga olinadi.
Xarajatlarni qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan so‘ng Turizm qo‘mitasi mablag‘ni talabgorning xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklaridagi hisobvaraqlariga o‘tkazadi. Mablag‘lar qaror qabul qilingan kundan boshlab 7 ish kuni ichida ajratiladi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga ko‘proq eksport qilmoqda?
-
Iqtisodiyot4 days ago
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
-
Iqtisodiyot4 days ago
Mikro GESlarni loyihalash va qurish tartibi soddalashtiriladi
-
Mahalliy2 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Mahalliy4 days ago
Talabalar uchun o‘quv yili qachon boshlanishi aniq bo‘ldi
-
Mahalliy3 days ago
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
-
Iqtisodiyot24 hours ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat11 hours ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
