Jamiyat
Yong‘in vaqtida asosiy eshikka emas, evakuatsion chiqish zinasiga yo‘nalish kerak – favqulodda vaziyatlarda qanday harakatlanish lozim?
Poytaxt FVBB matbuot kotibi Zuhriddin Qurbonovning aytishicha, yong‘in yuzaga kelib, atrofga tutun to‘planganida odamlar yerga cho‘kkan holda paypaslab binodan chiqib ketishi kerak. Bunda asosiy eshikka emas, evakuatsion qo‘shimcha zinapoyalarga yo‘nalish va obektdan butkul chiqib ketish lozim. Xo‘sh, odamlar u eshiklarni qanday topadi? Va umuman bunday vaziyatda nima qilish kerak? Qurbonov shu va insonlar ko‘p yig‘iladigan maskanlarga qanday xavfsizlik talablari qo‘yilgani haqida Kun.uzʼga gapirib berdi.
Toshkent shahrida odamlar ko‘p to‘planishi mumkin bo‘lgan maskanlarning yong‘in va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha xavfsizlik talablariga muvofiqligi tekshirilmoqda. Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmaguncha ayrim obektlar faoliyati vaqtincha to‘xtatilyapti. Bu harakat Yashnobod tumanidagi Aviator savdo markazida yuzaga kelgan yong‘in voqeasi fonida amalga oshirilmoqda.
Hukumatning 2020 yilda qabul qilgan 646-sonli qarorida yong‘in xavfsizligi qoidalari tasdiqlangan. Xo‘sh, unda nimalar deyilgan? Va umuman bu kabi gavjum obektlarda yong‘in yuzaga keladigan bo‘lsa, odamlar qanday harakatlanishi lozim? Kun.uz bu haqda batafsil ma’lumotni shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi matbuot kotibi Zuhriddin Qurbonovdan oldi. Quyida intervyuning matni keltiriladi.
– Yashnobod tumanidagi Aviator savdo markazida yirik yong‘in yuzaga keldi. Afsuski, jarayonda uch yoshli bolakayning murdasi ham topilgan va umumiy fonda hozir ko‘pchilikda savol tug‘ilyapti. O‘zi umuman bu kabi ko‘ngilochar maskan yirik obektlarga yong‘in xavfsizligi bo‘yicha qanday talablar qo‘yilgan? Shuni batafsil tushuntirib bersangiz.
– Vazirlar Mahkamasi qarorlari va tegishli qonun-qoidalar qabul qilingan. Bu qonun-qoidalarga ko‘ra, har bitta obekt, binoda evakuatsion chizma bo‘ladi. Evakuatsiya chizma nimaga kerak? Binoga kelgan fuqaro birinchi navbatda, binoning kirish-chiqish joylari bilan tanishib olishi kerak. Chunki ko‘ngilochar savdo maskanlarida barchamizga ma’lumki, birinchi navbatda tashrif buyurgan fuqaro kirish-chiqish eshiklarini adashtirib qo‘yishi mumkin. Ya’ni yong‘in, biror favqulodda vaziyat yuzaga kelsa, o‘zi qo‘shimcha evakuatsion eshiklarini topa olmasligi mumkin. Ko‘p fuqarolar shunday tushunchaga egaki, asosiy eshik shu oldi va orqa[da joylashganlari] deb o‘ylashadi. Lekin unday emas. Bu asosiy eshik hisoblanmaydi, evakuatsion chiqish eshiklari [bor].
Evakuatsion chiqish eshiklari shunday joylashganki, ular aynan yong‘in sodir bo‘lganda avtomatik tarzda ishlaydi yoki xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ishga tushiriladi. Qo‘shimcha zinapoyalardagi eshiklar ochiladi. Oddiy paytda u yopiq turadi, lekin xavf tug‘ilganda avtomatik tarzda, o‘zidan-o‘zi ochiladi. Agarda fuqarolar e’tibor bilan qarasa, yashil maxsus belgi qo‘yilgan. U maxsus belgi aynan o‘sha eshikka qarab yo‘naltiradi. Asosiy tushish eskalatorlariga yo‘naltirilmaydi. Qayerda tursangiz, shu yerdagi eng yaqin bo‘lgan evakuatsion chiqish joyiga qaratiladi. Soddaroq qilib aytganda, evakuatsion chiqish belgilari, evakuatsion chiqish chizmalari bo‘lishi kerak bo‘lgan talablar, shu bilan bir qatorda avtomatik tarzda tutundan, issiqlikdan xabar berish moslamalari o‘rnatilishi bo‘yicha tegishli talablar qo‘yiladi.
Bu ham bo‘lsa, binoning o‘ziga yarasha qanday ekani: unda oshxona yoki o‘yingohlar joylashganmi yoki bir sotuv ofislari, ularning turiga qarab Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tekshiruvlar davomida binoni qabul qilishda tegishli talablar qo‘yiladi. Xavfsizlik xizmati xodimlarining bu vaziyatda birinchi vazifasi — favqulodda vaziyatlar qutqaruvchilari yetib kelguniga qadar fuqarolarni evakuatsiya qilish ishlarini tashkil etishi. Agarda to‘g‘ri evakuatsiya ishlari tashkil qilinsa, insonlarga talafot yetishi yoki yirik bir ko‘ngilsiz hodisaning o‘z vaqtida oldi olingan bo‘ladi.
– Asosiy holatlarda ko‘ngilochar markazlarda yong‘in sabablari nimadan bo‘ladi? Shu vaqtgacha faoliyatingiz davomida kuzatganlaringiz va umumiy o‘zi bo‘lishi mumkin bo‘lgan versiyalarni aytib bera olasizmi?
– Ko‘ngilochar savdo maskanlarida, aynan insonlar ko‘p yig‘iladigan markazlarda yaqin yillarda hali yirik yong‘inlar sodir bo‘lmagandi. Chunki ijtimoiy tarmoqlarda hali bunday ma’lumotlar ketmagan, bunday holatlar kuzatilmagan. Agarda kuzatilsa, ko‘pincha olovli ishlar bajariladigan qavatlarda, ya’ni oshxonalarda sodir bo‘lishi mumkin. Unda ham ovqat pishirish jarayonida ko‘pincha shunday holatlar kuzatilishi mumkinki, mo‘rilarda yog‘lar yig‘ilishi natijasida, yog‘lar o‘z vaqtida tozalanmasa yoki elektr simlar, ya’ni bitta elektr “rozetka”ga bir nechta elektr qurilmalarni bir vaqtda ulab, unga ortiqcha kuchlanish tushsa, yong‘in sodir bo‘lishi mumkin. Yoki yana shunday hodisalar yuzaga keladiki, oddiy elektr chiroqlarning qisqa tutashuvi natijasida, ya’ni nosozlik yuzaga kelsa, undan sodir bo‘lishi mumkin va u vaziyatda ham xabar berish moslamalari ishlaydi. O‘z vaqtida u narsa bartaraf qilinadi. Shuning uchun ham binoga har doim avtomatik tutundan xabar berish moslamalari va shu bilan bir qatorda elektr ta’minoti mutaxassislarini chaqirgan holatda elektr simlari kuchlanishini tekshirish talabi qo‘yiladi.
– Signalizatsiya qancha vaqt oralig‘ida ishlab ketadi va odamlar qanday yo‘llar bilan ogohlantiriladi?
– Signalizatsiyaning vaqti emas, bu tutun qayerdan va qanday chiqayotgani bilan bog‘liq. Ya’ni birinchi navbatda yong‘in sodir bo‘lishidan oldin qisqa tutashuv bo‘ladi. Agarda elektr simlarda qisqa tutashuv bo‘lsa, elektr dastaklar bo‘ladi, shularda ayrim vaqtlarda avtomatik ravishda yuqori kuchlanishda nosozlik yuzaga kelsa, elektr toki o‘chadi. Agar shunda ham kuchlanish birdaniga yuqori bo‘lib ketib, undan tutun chiqib, tutun hosil bo‘lib, yong‘in yuzaga kelayotgan bo‘lsa, undagina tutun avtomatik xabarlagichga keladi va unda signal avtomatik ravishda, har bitta ko‘ngilochar savdo maskanlarida shunday tizim o‘rnatilganki, yong‘indan xabar berilishi bilan xavfsizlik tizimi xodimlarida videokuzatuv moslamasida o‘tirgan xavfsizlik xodimlariga [xabar boradi].
Unda aniqlashtirish uchun o‘z xodimini voqea joyiga jo‘natadi. Shu bilan bir qatorda, agarda jiddiy xavf bo‘layotgan bo‘lsa, binoda evakuatsiyaga yo tovushli, yo ovozli tarzda topshiriq beriladi. O‘sha vaziyatga qarab, har bitta avtomatik tutundan xabar berish moslamalarida ikki soniyada yoki besh soniyada signal ishlaydi. Lekin bunaqa uzoq vaqtni talab qilmaydi. Agarda tutun xabarlagichga tutun kelsa, bunday vaziyatda besh soniyada yoki bir to‘rt soniyada yoki 10 soniyada birdaniga signal ketadi. Undan uzoq bo‘lib ketmaydi, chunki signal juda sezuvchan lazer bo‘ladi. Lazerni tutun to‘ssa, u tutun bor deb buyruq beradi.
– Yong‘in xavfi yuzaga kelgan vaqtda, deylik, butun binoni olov qoplab bo‘lib, keyin signalizatsiya ishlab ketishi ham mumkinmi? Ya’ni avtomatik qabul qiluvchi moslamalar uni sezmay qolishi va xodimlar uni ko‘zdan qochirishi ham mumkinmi? Tajribangizda shunday holatlar kuzatilganmi hech?
– Agarda xavfsizlik tizimi yuqori ravishda qo‘yilgan bo‘lsa yoki doimiy nazorat o‘rnatilsa, unday bo‘lmaydi. Agarda xavfsizlik tizimida tashqi holat ta’siri bo‘lsa, misol uchun, ayrim binolarda yoki ko‘ngilochar savdo maskanlari emas, boshqa bir oddiy oshxonalar, restoranlarni olsak, restoranlarda agarda dudburonda qizish kuzatilib, tutab, uning ichidagi yog‘lar yonishni boshlasa, u oshxonadagi ishchilar yoki u yerdagi xodimlar e’tiborsizlik bilan boshlang‘ich vaqt 15-20 daqiqa yo‘qotib qo‘yilsa, ya’ni Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari o‘z vaqtida chaqirilmasa, birdaniga yong‘in yuzaga kelishi mumkin. Chunki yong‘in sodir bo‘lganda tutun har doim yuqoriga qarab talpinadi. Hech qachon u tutun pastga qarab ketmaydi. Qachonki tutun yuqorida to‘planib ketsa, pastga qarab talpinishni boshlaydi, ya’ni xonada kislorod kamayishni boshlaydi.
Mahsulotlar har xil yonadi. Yog‘ yonsa, o‘zidan bir boshqacha tutun chiqazadi. Alukabond mahsuloti yonsa, boshqacha tutun chiqadi. Har bitta mahsulotning yonish xavfi, yonishining vaqti va o‘zidan zaharli tutun chiqarishi bor. Xonada eng xavflisi tutun binoda to‘plansa, nima bo‘ladi? Xonadagi kislorod borgan sari kamayib boradi va inson nafas olishi qiyin bo‘ladi. Bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi kuzatiladi. Mana, qish mavsumida is gazidan zaharlanish degan tushuncha bor. U ham bo‘lsa, hozirgi savolingizga javob. Is gazidan nimaga zaharlanadi? Xonada kislorod borgan sari kamayib boradi, tungi vaqtda inson uxlayotganda uni sezmaydi. Shuning uchun ta’msiz, hidsiz deb aytiladi. Inson uyqu vaqtida sezmaydi, koma holatiga tushib qoladi va o‘lim bilan tugaydi.
– Yuqorida xodimlarning birmuncha, birinchi vaziyatdagi harakatlarini aytib o‘tdingiz. Shuni oxirigacha sanab bera olasizmi, nima bo‘lishi kerak odamlar xavfsiz nuqtaga yetib borgunicha?
– Yong‘indan xabar berilsa, xavfsizlik xodimlari birinchi navbatda signalni ishga tushiradi. Signal ketgandan keyin ham har bitta qavatga javob beruvchi xavfsizlik xodimi evakuatsiya tashkil qilinganini o‘zi mustaqil, ko‘zi bilan kuzatib chiqadi. Ya’ni har bitta fuqaroni olib chiqadi. Chunki nimaga desangiz, u yerda imkoniyati cheklangan fuqaro bo‘lishi mumkin yoki biror bir fuqaro hushdan ketib qolgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ko‘zi bilan kuzatib, barchaga xabar beradi va yosh bolalar yo‘ldan chiqib qolsa, boshqa bir barcha fuqarolarni evakuatsion eshikka qaratib chorlaydi. Chunki ayrim vaziyatlarda fuqarolar asosiy eshikka qarab harakatlanishi mumkin. Evakuatsiya chiqish joyida ko‘pincha fuqarolar asosiy eshikka qarab harakatlanadi. Unda xavfsizlik xizmati xodimlari kerakli, o‘ziga yaqin turgan eshikka qarab yo‘naltiradi va shu yerdan fuqarolarning tezlik bilan binodan chiqib ketishini ta’minlaydi. O‘sha vaziyatda baravariga videokuzatuvda o‘tirgan xavfsizlik xizmati xodimi bizga xabar beradi. Bizga xabar berilganda qutqaruvchilar yetib kelguncha, agarda odamlar binodan to‘liq evakuatsiya qilingan bo‘lsa, yong‘in o‘chirishga kirishiladi. Agarda binodan to‘liq evakuatsiya ishlari tashkil qilinmagan bo‘lsa, birinchi navbatda insonlarni qutqarish va evakuatsiya ishlari amalga oshiriladi. Undan so‘nggina yong‘in o‘chiriladi.
Mana misol qilib aytganda, shu vaziyatda [Aviator savdo markazidagi holat] ham ijtimoiy tarmoq vakillari menga savol berishdi: qanday vaziyat, nima bo‘lgan deb. Shu vaziyatda ham birinchi qutqaruv bo‘linmalari yetib kelgan, u yerda tartibsizlik yuzaga kelgan va barcha fuqarolar, ayrimlari ko‘chaga talpingan, ayrimlari ichkariga kirmoqchi bo‘lgan. Chunki orqa eshikdan ham xizmatchilar, ya’ni ishchilar ayrim bolakaylarni, fuqarolarni evakuatsiya qilish ishlarini boshlagan bo‘lgan. Shu vaziyatda ularning yaqinlari orqa eshikdan chiqib ketgan. Shu vaziyatda ular o‘zining farzandi ichkarida deb o‘ylab, ichkariga talpingan va qutqaruvchilar barcha fuqarolarni evakuatsiya qilish va o‘sha vaziyatda qutqarish ishlariga kirishgan.
– Aynan Aviatordagi holatda ham, masalan, bolalar maydonchasida qolib ketgan uch yoshli qizaloqning murdasi ko‘p tanqidlarga, balki e’tirozlarga ham sabab bo‘lyapti. Shu jihatdan bolani, umuman odam qolgan yoki qolmaganini qutqaruvchilar qanday biladi? Faqat o‘sha yerda bo‘lgan fuqarolardan kelib chiqib, ichkariga kirib qidirishadimi yoki qandaydir tizim ham bormi uni fiksatsiya qiladigan?
– Bizlarda qutqaruvchilar bilan doimiy amaliy-taktik mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Ko‘pgina yirik obektlarda qutqaruvchilar avtomobillar bilan kelib, katta bir amaliy mashg‘ulot va mashqlar o‘tkaziladi. Qutqaruvchi har doim ichkariga kirganda birinchi navbatda razvedka ishlarini amalga oshiradi. Tutun yuqorida bo‘lgani uchun aynan yerda paypaslab yurishadi, chunki tutun bor joyda ko‘rish imkoniyati bo‘lmaydi. Shuni aytib o‘tamanki, biror bir chiroq ham yordam bermaydi, agar tutun quyuq to‘plangan bo‘lsa. Faqatgina qutqaruvchilar o‘z amaliyotidan kelib chiqib, paypaslab, insonlarni qidirish va topish ishlari amalga oshiriladi. U vaziyatda yong‘inni o‘chirishga emas, bizda tamoyil bor, ya’ni yong‘in joyiga kelganda, bir nechta yong‘inning faktorlariga qarab, qanday qutqarish ishlari amalga oshirilishiga qarab, insonlar bor joyda birinchi navbatda moddiy-tovar boylik qanchalik bo‘lmasin, qanchalik yong‘in katta bo‘lib ketish xavfi bo‘lmasin, insonlarni evakuatsiya qilish va qutqarish ishlariga kirishiladi va qutqaruvchilarga har xil turdagi mashg‘ulotlar, ruhiy tayyorgarliklar mashg‘uloti o‘tkaziladi.
Shuningdek, Qurbonov yirik savdo markazlarida bolalar maydonchasi yuqori qavatlarining burchak qismlarida joylashgan favqulodda vaziyatlarda o‘yingohdagilarning xavfsiz evakuatsiya qilinishiga ta’siri, obektlarda shoxobchalarning qanday joylashishi va yong‘in xavfsizlik talabi borasida ma’lumotlarni berib o‘tdi.
To‘liq videoni yuqoridagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Jamiyat
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.
Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.
Jamiyat
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.
Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.
Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.
Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.
Jamiyat
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.
Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.
Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.
O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
