Jamiyat
Pokiston bilan radiatsiya va yadro xavfsizligi bo‘yicha bitim imzolandi
Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.
Bundan tashqari, yetakchilar huzurida quyidagi ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi:
– Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
– O‘zbekiston – Pokiston Ishbilarmonlik kengashini tashkil etish to‘g‘risida bitim;
– O‘zbekiston – Pokiston hududlararo forumini tashkil etish to‘g‘risida shartnoma;
– Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimga yangi tovarlar ro‘yxatini kiritish haqida bayonnoma;
– Port xizmatlari va chegirmalar taqdim etish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Konchilik va geologiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va rivojlanish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Farmatsevtika mahsulotlarini nazorat qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– To‘qimachilik va tikuvchilik sanoatida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Raqamli va axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Buyuk Boburiylar sulolasining ilmiy-ma’rifiy, madaniy va me’moriy merosini asrash, o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish to‘g‘risida bitim;
— Sport sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Ekologiya va tabiiy ofatlar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Favqulodda vaziyatlarni boshqarish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida shartnoma;
– Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Giyohvandlik vositalari, psixotrop va yangi psixoaktiv moddalar va ularning prekursorlarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun topshirish to‘g‘risidagi kelishuv;
– O‘zbekistondan Pokistonga iste’mol qilish uchun yangi uzilgan olma, anjir, limon va achchiq qalampir eksporti uchun fitosanitariya talablari to‘g‘risida bayonnoma;
– ikki mamlakat mudofaa vazirliklari o‘rtasida “yo‘l xaritasi”.
Shuningdek, O‘zbekiston – Pokiston ekspertlar kengashini tashkil etish, O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan Pokiston Sanoat va ishlab chiqarish vazirligi huzuridagi Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish boshqarmasi, Termiz shahri hokimligi va Peshovar shahri ma’muriyati, Samarqand shahri hokimligi va Islomobod shahri ma’muriyati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Islomobod strategik tadqiqotlar instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Peshovar universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar imzolandi.
Jamiyat
Pochta jo‘natmasidan 1,8 kg «Pregabalin» musodara qilindi
Toshkent shahrida Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Hindistondan yuborilgan pochta jo‘natmasidan 1,8 kg «Pregabalin» kuchli ta’sir qiluvchi moddasi aniqlanib, musodara qilindi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda bojxona organlari xodimlari hamkorligida poytaxtning Yunusobod tumanida joylashgan pochta bo‘limida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida Toshkent viloyati Toshkent tumanida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan shaxs Hindistondan yuborilgan pochta jo‘natmasini qabul qilib olganidan so‘ng to‘xtatilib, belgilangan tartibda tekshirildi.
Tekshiruv natijasida jo‘natma ichida tarkibida jami 1,8 kilogramm «Pregabalin» kuchli ta’sir qiluvchi moddasi mavjud bo‘lgan 6000 dona kapsula borligi aniqlandi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni kuchli ta’sir qiluvchi vositalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlarga duch kelganda yoki bu haqda ma’lumotga ega bo‘lganda, DXXning 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Qayd etilishicha, murojaat etuvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Navoiyda 35 mlrd so‘mlik soxta «keshbek» sxemasi fosh etildi
Navoiy shahrida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda soxta elektron hisob-fakturalar va xarid cheklari orqali qariyb 35 milliard so‘mlik «keshbek» mablag‘lari noqonuniy hisoblanib, o‘zlashtirilgani aniqlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Navoiy shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda 13 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) mas’ul shaxslari va boshqa shaxslar o‘zaro til biriktirib harakat qilgani aniqlangan.
Tergov materiallariga ko‘ra, ular 4,5 trillion so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtirgan. Shuningdek, go‘yoki savdodan tushgan mablag‘lar nazorat-kassa mashinalari orqali kirim qilinib, fuqarolarga mahsulot sotilgani haqida soxta xarid cheklari rasmiylashtirilgan.
Natijada 105 ming 524 nafar fuqaro nomiga Soliq Mobile ilovasi orqali jami 34,8 milliard so‘m miqdorida «keshbek» hisoblanib, ushbu mablag‘lar noqonuniy o‘zlashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Namanganda narkolaboratoriya fosh etildi
Namangan viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar va bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda yashirin narkolaboratoriya fosh etildi. Tadbir davomida giyohvandlik vositalari, sintetik narkotiklar tayyorlashda qo‘llaniladigan kimyoviy moddalar hamda maxsus jihozlar ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.
Giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ichki ishlar va bojxona organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.
Tadbir davomida Davlatobod tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxsning yashash xonadonida tashkil etilgan narkolaboratoriya fosh etildi.
Tekshiruv jarayonida ushbu manzildan 1 kilogramm 119 gramm «gashish», 111 gramm «marixuana», 493 gramm kukunsimon moddalar, sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlashda foydalaniladigan formulalar yozilgan varaqlar, turli kimyoviy suyuqliklar, giyohvandlik vositalarini qadoqlash uchun mo‘ljallangan zip-paketlar, respiratorlar, elektron tarozilar, quritish moslamalari hamda boshqa asbob-uskunalar va texnik vositalar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 6-qismi «a» bandi hamda 276-1-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari haqida ma’lumotga ega bo‘lgan taqdirda, DXXning 1520 qisqa raqamiga murojaat qilishga chaqirdi. Qayd etilishicha, murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Qashqadaryoda o‘nlab fuqaroning kreditga olingan mashinalari g‘oyib bo‘ldi
Qashqadaryoda kredit botqog‘idan chiqishni istab avtomobilini sotmoqchi bo‘lgan fuqarolar aldanib qoldi. Ularga mashina uchun shu paytgacha to‘lagan mablag‘larini qaytarib berish va qolgan kreditni o‘z zimmasiga olishni va’da qilishgan. Kelishuvdan keyin esa na mashina topilgan, na kredit to‘langan.
Qashqadaryo viloyatida kreditga mashina olgan o‘nlab odamlar firibgarlar tuzog‘iga tushib qoldi. Jabrlanganlar Kun.uz’ga murojaat qilib, vaziyat qanday bo‘lganini aytib berishdi.
Sxema qanday ishlagan?
Murojaatchilarning so‘zlariga ko‘ra, firibgarlik sxemasi asosan avtokredit bo‘yicha to‘lov qilayotgan, ammo moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan fuqarolarga qaratilgan. Ularga mashina uchun shu vaqtgacha to‘langan mablag‘ni qaytarib berish, kredit to‘lovlarining qolgan qismini har oy o‘zlari so‘ndirib borish, kredit muddati yakunlanganidan keyin esa avtomobilni yangi egasi nomiga rasmiylashtirish va’da qilingan.
Ishonch uyg‘otish maqsadida mashinani qabul qilib olish jarayoni videoga olingan. Tasvirga olish vaqtida ma’lum miqdorda pul berilgan. Biroq videotasvir tugashi bilan berilgan mablag‘ qaytarib olingan hamda to‘lov ertasi kuni notariusda rasmiylashtirish vaqtida amalga oshirilishi aytilgan. So‘ngra mashina olib ketilgan.
Shu tariqa, mashina g‘oyib bo‘lgan, berilgan va’da bajarilmagan: aldanganlar esa kreditdan qutulmagani yetmaganday mashinadan ham ayrilib qolavergan.
“Bankka bir so‘m ham to‘lanmagan”
Aldanganlardan biri Nurbek Shodmonov. Uning ta’kidlashicha, firibgarlar aynan kreditga mashina olib, to‘lovlarni to‘lay olmay qolganlarni “ovlagan”.
“Qarshi shahriga kelishyapti va avtokreditga olingan mashinalarni izlashyapti.
2024 yil iyul oyida kreditga yangi Gentra olganman. 54 mln so‘m boshlang‘ich to‘lov qilganman. Mashinaning tannarxi 191 mln 600 ming so‘m edi. Oyiga 4 mln so‘mdan to‘lov chiqqan. Men buni to‘lashga qiynalyapman desam “1000 dollar boshlang‘ich to‘lov sizga beramiz, qolgan to‘lovlarni o‘zimiz davom ettiramiz. Mashinani Toshkentga olib borib, Rent-car’ga ishlatamiz. 1-2 yildan keyin xohlasangiz mashinani o‘zingizga qaytarib beramiz. Sizga bankdan, hech joydan so‘rab kelmaydi, oyma-oy kreditlaringizni yopamiz o‘z vaqtida”, degan.
Uch oydan keyin men ularni izlashga tushdim. Erta deyapti, indin deyapti, xullas bir yil bo‘ldi, bir so‘m pul to‘lamagan bankka”, deydi jabrlanuvchi.
“Pul berib, keyin qaytarib olishdi”
Yana bir jabrlanuvchi Charos Oripovaning ta’kidlashicha, uning oldiga 8 kishi borgan.
“Zokir ismli shaxs bilan 5 yildan keyin mashinani uning nomiga o‘tkazib berishim uchun o‘rtada shunchaki kelishuv bo‘ldi. Men mashinani olib ketishlariga ruxsat ham, ishonchnoma ham bermadim. Bizga 800 dollar pul berishdi, ammo videos’yomka o‘char-o‘chmas uni qaytarib olishdi. Nega unday qilishganini so‘rasam, notariusda hamma xarajatlarni hal qilishini aytdi. Shu bilan mashinani haydab ko‘rishlarini aytib chiqib ketishdi. O‘shandan beri mashinani ham, ularning o‘zini ham ko‘rmadim”, deydi u.
Biri qamaldi…
Murojaatchilarga ko‘ra, holat yuzasidan 4 kishiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Muzaffar Shodmonovga oid jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilgan.
JIB Qarshi shahar sudining 2026 yil 18 maydagi hukmi bilan Muzaffar Shodmonov Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “”a, b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, Muzaffar Shodmonov va boshqalardan 13 nafar jabrlanuvchi foydasiga yetkazilgan zarar summalarini undirish belgilangan.
Murojaatchilarning ma’lum qilishicha, qolgan gumondorlar bo‘yicha hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
“Zarafshon daryosida suv sarfi keskin oshgani sabab bo‘ldi” – Samarqandda temiryo‘l o‘tkazilgan damba o‘pirilganiga izoh berildi
Harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida daryo qirg‘oqlarini xarsang toshlar bilan mustahkamlash ishlari olib borilmoqda. Zarur qurilish materiallari yuklangan yana 130 ta dumpkar vagon hududga yo‘naltirilgan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hodisaga Zarafshon daryosida suv sarfining keskin oshishi sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
Samarqandda temiryo‘l o‘tkazilgan dambani mustahkamlash ishlari boshlangan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ holat bo‘yicha munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 3 iyul kuni Samarqand viloyati Toyloq tumani hududidan o‘tuvchi “Samarqand – Urgut” temir yo‘l uchastkasining ma’lum qismiga shikast yetgan.
“So‘nggi kunlarda O‘zbekiston va Tojikistonning tog‘li hududlarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchiliklar oqibatida Zarafshon daryosida suv oqimi keskin kuchaydi. Buning oqibatida daryo qirg‘oqlarini yuvib ketib, ayrim hududlarda o‘zan yo‘nalishi o‘zgardi.
Hodisaga Zarafshon daryosida suv sarfining me’yoriy 80–100 m³/s o‘rniga keskin oshib, 300 m³/s gacha yetgani sabab bo‘ldi. Oqibatda daryo o‘zani temir yo‘lga yaqin hududlarda 30–40 metrgacha kengayib, o‘zanga yaqin joylashgan temir yo‘lning ma’lum qismiga zarar yetdi. Mazkur gidrologik holat so‘nggi 20 yil davomida kuzatilmagan”, deyiladi jamiyat munosabatida.
Ayni paytda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida daryo qirg‘oqlarini xarsang toshlar bilan mustahkamlash ishlari olib borilayotgani bildirilgan.
“Ishlarga 15 ta maxsus texnika jalb etilgan. 30 ta dumpkar vagon orqali xarsang toshlar yetkazib berildi. Shuningdek, zarur qurilish materiallari yuklangan yana 130 ta dumpkar vagon hududga yo‘naltirildi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, hozirda temir yo‘l qatnovini imkon qadar qisqa muddatda to‘liq tiklash hamda poyezdlar harakatining uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Avvalroq Toyloq tumani hududidan o‘tgan yangi temiryo‘l tarmog‘ida favqulodda holat ro‘y bergani xabar qilingandi. Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan videoda daryo suvi temiryo‘l o‘tkazilgan dambani yuvib ketgani, natijada relslar tayanchsiz qolganini ko‘rish mumkin.
-
Dunyodan2 days ago
NATO davlatlari Rossiyadan xavotirda…
-
Jamiyat4 days agoNavoiyda 7 yoshli bolaga yuk mashinasi boshqaruvini bergan shaxsga chora ko‘rildi
-
Turk dunyosi5 days agoAsaddan keyin Suriya: Turkiya yuksaladi, Eron chidaydi
-
Jamiyat3 days agoSog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat bilan chiqdi
-
Jamiyat2 days agoToshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
-
Dunyodan3 days ago
Tojikistonning Togri-Badaxshon muxtor viloyati raisining jasadi topildi.
-
Turk dunyosi4 days agoEksklyuziv – Turkiya NATO xavfsizlik muhitiga moslashishini ta’kidlamoqda, AQSh esa undan chiqmaydi
-
Iqtisodiyot4 days agoAl Kaponedan Gulnora Karimovagacha: “Kir pullar” qanday yuviladi?
