Iqtisodiyot
Yevropaga Rossiya gazi eksporti so‘nggi 50 yildagi minimumni yangiladi
2025 yilning dastlabki 10 oyida “Gazprom” yevropalik mijozlarga 14,7 mlrd kub metr gaz yetkazgani qayd etildi. Bu hajm Ukraina orqali tranzit to‘xtashi fonida keskin qisqardi.
Reuters agentligi 3 noyabr kuni xabar qilishicha, Rossiyaning gaz monopolisti — “Gazprom” 2025 yil yanvar—oktyabr oylarida yevropalik mijozlarga 14,7 mlrd kub metr gaz yetkazgan. Hisob-kitoblar Rossiya gazini Yevropaga yetkazib turuvchi oxirgi amaldagi quvur — “Turk oqimi” (Turkish Stream)ning kunlik statistikasiga tayangan. Yil yakuni bo‘yicha hajm “Turk oqimi”ning Yevropa tarmog‘i quvvat chegarasi — 16 mlrd kub metrdan oshishi mumkin, deyiladi xabarda.
O‘tgan yilning shu davri (26,6 mlrd kub metr) bilan solishtirilganda, ilgari eng yirik bozor hisoblangan yo‘nalish yana 45 foizga qisqardi. Bu Ukraina orqali tranzit shartnomasi to‘xtagani bilan bog‘liq: 2024 yilning dastlabki 10 oyida Yevropaga shu yo‘l bilan 12,9 mlrd kub metr rus gazi yetkazilgan edi.
Shu bilan birga, 1 noyabr kuni Yevropaning gaz transporti tarmoqlari operatorlari assotsiatsiyasi — ENsOG saytida e’lon qilingan ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, oktyabrda “Turk oqimi” orqali Yevropaga “Gazprom” yetkazib bergan gaz hajmi sentabrga nisbatan 8,7 foizga, 2024 yil oktyabriga nisbatan esa 13 foizga ko‘paygan. Yil boshidan beri ushbu marshrut orqali yetkazilgan umumiy hajm ham o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,5 foizga yuqori.
Rossiya bu qadar kam gazni Yevropaga 1970-yillar boshidan beri eksport qilmagan: aynan o‘shanda KPSS bosh kotibi Leonid Brejnev Avstriyaga ilk yetkazib berish shartnomasini kelishgan edi. 1975 yilga kelib Yevropaga 19,3 mlrd kub metr, 1980 yilda esa “gazga-quvurlar” bitimi va Germaniya bilan yirik shartnoma tufayli 54,8 mlrd kub metr yetkazilgan. Ukrainada urush boshlanishi oldidan Rossiyaning Yevropaga quvur orqali gaz eksporti 200 mlrd kub metrgacha yetib, shundan beri 12 baravarga kamaydi.
Reuters’ning avvalgi kuzatishlariga ko‘ra, “Gazprom” ortiqcha gazni boshqa yo‘llar bilan joylashtira olmayapti. 2019 yilda ishga tushirilgan “Sibir quvvati” Xitoy hajmning faqat beshdan bir qismini qoplayapti, ikkinchi quvur borasidagi ko‘p yillik muzokaralar esa natija bermadi. 2022 yilda e’lon qilingan Turkiyada gaz habi loyihasi ham amalga oshmay qoldi: Kreml bu orqali yangi Yevropa gaz birjasini ochish va mahalliy bozorni qayta shakllantirishni ko‘zlagan edi.
O‘tgan yili “Gazprom” 416,19 mlrd kub metr gaz qazib oldi, shundan 355,23 mlrd kub metrini ichki va tashqi bozorlarda sotishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada kompaniyada taxminan 60 mlrd kub metr sotilmay qoldi — bu ayrim mamlakatlarning yillik qazib olish hajmiga (masalan, BAAda 55 mlrd kub metr) yaqin va Polsha yillik iste’molidan (20 mlrd kub metr) uch baravar ko‘p.
Bu orada “Gazprom” katta zarar ko‘rdi: 2023 yilda xalqaro moliyaviy hisobot standartlari bo‘yicha 629 mlrd rubl yo‘qotish qayd etilgan. 2024 yilda qog‘ozda 1,2 trln rubl foyda ko‘rsatilganiga qaramay, asosiy gaz biznesi 1 trln rubl sof zarar bilan “qizil” zonada qolgan.
Kompaniya hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025–2034 yillarda eksport imkoniyatlari cheklangani sabab 15 trln rublgacha yo‘qotish xavfi bor.
Yevropa Ittifoqi 2028 yil 1 yanvargacha rus gazidan butunlay voz kechish niyatida. Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz (STG)dan esa Yevropada 2027 yil 1 yanvargacha voz kechish rejalashtirilgan.
Iqtisodiyot
Markaziy bank dollar bo‘yicha yangi ma’lumot berdi
Markaziy bank 2026yil 7 avgustdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 28,92 so‘mga oshib, 11 915,64 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 32,19 so‘mga oshdi va 13 749,46 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 034,88 so‘m bo‘ldi (+27,03).
Rossiya rubli 146,19 so‘m etib belgilandi (-0,18).
Iqtisodiyot
Dollar kursi 11 900 so‘mdan tushib ketdi
Markaziy bank 2026-yil 6-avgustdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 55,49 so‘mga tushib, 11 886,72 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,83 so‘mga tushdi va 13 717,27 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 0007,85 so‘m bo‘ldi (-43,67).
Rossiya rubli 146,37 so‘m etib belgilandi (-1,05).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston chorvadorlar uyushmasi tashkil etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev chorvachilik va parrandachilik tarmoqlarini rivojlantirish, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda aholi soni va turizm oqimining o‘sishi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni ham oshirmoqda. Hozirgi kunda go‘shtga bo‘lgan yillik talab 2 million 150 ming tonnani, ishlab chiqarish hajmi esa 1 million 600 ming tonnani tashkil etmoqda.
Shu bois, taqdimotda 2026-2028-yillarda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan kompleks choralar muhokama qilindi.
Faoliyat yuritmayotgan korxonalarni tiklash, chorvachilikka ixtisoslashgan tumanlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi xonadonlarida yengil konstruksiyali molxonalar qurish va yangi loyihalarni amalga oshirish hisobiga qo‘shimcha 190 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Jumladan, faoliyati to‘xtab qolgan 103 ta chorvachilik korxonasini sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan. Ularning qarzlarini restrukturizatsiya qilish yoki o‘n yilga bo‘lib to‘lash, ozuqa yetishtirish uchun yer maydonlari ajratish va naslli mollar bilan ta’minlash taklif etildi. Natijada 33 ming bosh qoramol parvarishlanib, yiliga 12 ming tonna go‘sht va 40 ming tonna sut ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Chorvachilikka ixtisoslashgan 13 ta tumanda 75 ming gektar ozuqa maydonidan samarali foydalanish, kichik chorvachilik loyihalarini moliyalashtirish, sut qabul qilish punktlari va ozuqa sotish shoxobchalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, aholi xonadonlarida 20 sotix maydonda yengil konstruksiyali 11 mingta molxona qurish va ularda 421 ming bosh qoramol parvarishlash rejalashtirilgan.
Umumiy qiymati 3 trillion so‘m bo‘lgan 802 ta yangi loyiha doirasida 68 ming boshdan ziyod qoramol hamda 186 ming bosh qo‘y va echki parvarishlash ko‘zda tutilgan. Ushbu loyihalar yiliga qo‘shimcha 20 ming tonna go‘sht va 120 ming tonna sut ishlab chiqarish imkonini beradi.
Qoraqalpog‘iston misolida chorvachilik komplekslarini sog‘lomlashtirish bo‘yicha sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan tahlil natijalari ham ko‘rib chiqildi. O‘rganilgan 20 ta kompleksning qarzi 109,6 milliard so‘mni tashkil etib, ularning yarmi yuqori xavfli toifaga kiritilgan. Aksariyat obyektlarda ozuqa maydonlari va zarur infratuzilma yetarli emas.
Shundan kelib chiqib, qarz yukini yengillashtirish, ozuqa bazasini shakllantirish, komplekslarni dastlab pilot tartibida, keyinchalik bosqichma-bosqich ishga tushirish va naslli mollar bilan ta’minlash bo‘yicha takliflar bildirildi.
Mo‘g‘ulistondan 150 ming bosh qo‘y, Xitoy va Yevropa davlatlaridan 100 ming bosh naslli qoramol, Belarus Respublikasidan 2 ming bosh mol olib kelish rejalashtirilmoqda. Bu orqali yiliga qo‘shimcha 44 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Umuman, chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish uchun 463 million dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Aholi xonadonlari va chorvachilikka ixtisoslashgan mahallalarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Respublikada 191 ta tumanda 2 ming 407 ta chorvachilikka ixtisoslashgan mahalla mavjud bo‘lib, ularda 823 mingta xonadon va 3,9 million nafar aholi istiqomat qiladi.
Ushbu xonadonlarga arzon chorva mollari yetkazib berish, sigirlarni sun’iy urug‘lantirish, yem-xashak ta’minoti va zooveterinariya xizmatlarini yaxshilash, nasldor buzoqlarni identifikatsiya qilish hamda ular uchun subsidiya ajratish taklif etildi. Natijada xonadonlarda chorva bosh soni va mahsuldorlik ortishi, aholi uchun qo‘shimcha daromad manbalari yaratilishi kutilmoqda.
Naslchilik sohasida 13 ta tumanda har biri 200 bosh qoramolga mo‘ljallangan xo‘jaliklar tashkil etish, yiliga 500 ming bosh sigirni saralangan urug‘ bilan sun’iy urug‘lantirish va embrion transplantatsiyasi texnologiyalarini keng joriy qilish rejalashtirilgan.
Taqdimotda O‘zbekiston chorvadorlar uyushmasini tashkil etish taklifi ham ko‘rib chiqildi. Yangi tuzilma chorvadorlar manfaatlarini himoya qilish, kooperatsiyani rivojlantirish, naslchilik ishlari, ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish hamda tashqi bozorlarga chiqishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi.
Fermerlar va aholi uchun “Smart Fermer” yagona raqamli yordamchisi ham taqdim etildi. Mobil ilova orqali chorva mollarini identifikatsiya qilish, veterinar chaqirish, sun’iy urug‘lantirish, oziqlantirish va yaylovlarni boshqarish bo‘yicha ma’lumot olish, subsidiyalarga murojaat qilish va sun’iy intellekt asosida maslahat olish mumkin bo‘ladi.
Parrandachilik sohasida umumiy qiymati 432 million dollar bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Mazkur loyihalar hisobiga 2028 yilgacha qo‘shimcha 100 ming tonna parranda go‘shti ishlab chiqarish, ozuqa-yem quvvatini 3,3 million tonnaga yetkazish va zamonaviy so‘yish tizimi qamrovini 20 foizdan 50 foizga oshirish maqsad qilingan.
Davlatimiz rahbari loyihalarning iqtisodiy samaradorligini chuqur tahlil qilish, mablag‘larni manzilli yo‘naltirish, raqamli hisob va monitoringni yo‘lga qo‘yish, ichki bozorni sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Iqtisodiyot
Iyul oyida iste’mol tovarlari va xizmatlar narxi pasayishi kuzatildi
Iyul oyida O‘zbekistonda 0,1 foizlik deflyasiya qayd etildi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning iyul oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,1 foizga pasayishi kuzatildi.
Yillik iste’mol narxlari indeksi (INI) 106,4 % ni tashkil etib, o‘tgan yilning shu oyiga (2025-yil iyul — 108,9 %) nisbatan 2,5 foiz bandga pasaydi.
Iyul oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 0,91 % ga pasayib, nooziq-ovqat tovarlari 0,3 % ga hamda aholiga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar esa 0,5 % ga qimmatlashgani kuzatilgan.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan sabzi (12,6 %), uzun boshoqli guruch (6,4 %), yumaloq boshoqli guruch (6,1 %), mosh (4,2 %), piyoz (1,7 %) narxlarining oshishi inflyasiyaga ta’sir ko‘rsatdi.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan inflyasiyani pasaytiruvchi omil sifatida baqlajon (-42,8 %), bulg‘or qalampiri (-39,4 %), pomidor (-24,0 %), tarvuz (-20,3 %), kartoshka (-18,0 %), qovun (-14,5 %), shaftoli (-10,6 %), bodring (-10,6 %), sarimsoq (-10,0 %), nok (-7,1 %), uzum (-6,6 %), olma (-6,6 %), banan (-6,6 %) va tuxum (-5,0 %) narxlarining pasayishi muhim hissa qo‘shdi.
Nooziq-ovqat mahsulotlar narxlaridan AI-98 va AI-100 markali benzin (10,0 %), AI-95 markali benzin (8,5 %), AI-92 markali benzin (3,9 %) narxi oshishi kuzatildi.
Shuningdek, xizmatlar narxi va tariflarida maishiy chiqindi uchun haq to‘lash (2,7 %), mobil aloqa xizmatlari (2,4 %), shahar avtobusida yo‘l haqi (1,4 %) narxlari oshishi asosiy omil bo‘lib xizmat qildi.
Hisob-kitoblar uchun 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalaridan 2 mlndan ortiq narxlar qayd etilgan. 419 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari va 98 turdagi xizmatlar narxlari kuzatildi.
Iqtisodiyot
Markaziy bank omonat foizlariga soliq joriy etilishi haqidagi xabarlarga izoh berdi
Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlariga soliq joriy etilishi mumkinligi haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Unda qayd etilishicha, muhokamalarga sabab bo‘lgan fikr Fiskal tahlillar instituti tomonidan o‘tkazilgan ilmiy-tahliliy tadqiqot doirasida ilgari surilgan. Ta’kidlanishicha, ilmiy-tadqiqot muassasalari xalqaro tajriba va iqtisodiy jarayonlarni o‘rganish asosida turli tahliliy takliflarni ishlab chiqishi tabiiy hisoblanadi.
Markaziy bank ma’lum qilishicha, mazkur fikr ilmiy tadqiqot natijalari taqdimoti davomida bildirilgan bo‘lib, rasmiy taklif sifatida kiritilmagan.
Shuningdek, Markaziy bank takliflarni ko‘rib chiqishda ularning moliyaviy resurslar qiymati, banklarning resurs bazasi hamda moliyaviy barqarorlikka ta’sirini kompleks baholashga alohida e’tibor qaratishini bildirdi.
-
Siyosat4 days agoShavkat Mirziyoyev ilgari surgan rezolyusiya BMTda ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilindi
-
Mahalliy5 days ago
Uzrli sabab tufayli milliy sertifikat imtihonida qatnasholmaganlarga to‘lov qaytariladi
-
Mahalliy4 days ago
Toshkentning 10 ta tuman hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bilan savdosi keskin o‘sdi
-
Jamiyat3 days ago
Endi boshpanasizlar Ijtimoiy markazlarga sud qarorisiz joylashtiriladi
-
Sport3 days ago
Husanovning yillik maoshi taxminan 7,5 million yevroga yetadi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 1 kvadrillion so‘mdan oshdi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Dollar kursi 11 900 so‘mdan tushib ketdi
