Connect with us

Jamiyat

“Yaralanganda ham jangga kirishimiz buyurilgan” – Rossiya armiyasiga yollangan yigit hikoyasi

Published

on


Samarqandlik yigit Rossiya armiyasiga yollanib, Kursk viloyatidagi janglarda ishtirok etgan. Qishloqlardan birini shturm qilishda dron hujumidan yaralanib, yerto‘lada 10 kun yashirinib yotgan. U sudda komandiri yaralangan holda ham jangga kirishni buyurganini, uning buyrug‘iga bo‘ysunmay ratsiyani sindirgani uchun turgan joyiga bomba tashlanganini aytgan.

Rossiya armiyasiga yollangan yana bir o‘zbekistonlik jinoiy jazoga tortildi. U urushga yollanishdan oldin narkotik savdosi bilan ayblanib qamalgan.

Kun.uz tanishgan sud hukmida keltirilishicha, Paxtachi tumanida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan A.H. 2019 yil dekabr oyida ishlab pul topish maqsadida Rossiyaning Moskva shahriga borgan. Avvaliga qurilish, keyinchalik issiqxona qurish ishlarida ishlab yurgan yigit 2021 yilda narkotik modda savdosida ayblanib, 7 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va qattiq tartibli koloniyaga yuborilgan.

A.H. 2024 yil iyul oyida jazoni ijro etish muassasasida olib borilgan targ‘ibot ishlari paytida jazodan ozod qilish va Rossiya fuqaroligini berish va’dasi bilan Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishga rozilik bildirgan. So‘ngra Luhansk va Kursk viloyatidagi harbiy harakatlarda qatnashgan.

A.H. sudda o‘z aybiga qisman iqrorlik bildirgan.

“2019 yil pul topish maqsadida Moskva shahriga borib, beton quyadigan firmaga ishga kirdim. Ish juda og‘ir va qiyin bo‘lgani uchun 10-15 kundan so‘ng Sankt-Peterburg shahriga ketdim. U yerda 2020 yil mart oyiga qadar qurilish ishlarida payvandchi bo‘lib ishladim. Qurilish firmasi karantin sabab o‘z faoliyatini to‘xtatdi. 2020 yil sentabr oyida akam meni o‘zi ishlab yurgan Vladivostok shahriga chaqirdi. Biroz muddat akam bilan dacha qurilishida ishladim va 2020 yil noyabr oyida Sankt-Peterburg shahriga qaytib keldim.

2021 yil mart oyida Moskva shahridagi qurilish firmasiga payvandchi bo‘lib ishga o‘tdim. U yerda 2021 yil iyul oyiga qadar ishlab, so‘ng Chelyabinsk shahrida issiqxona qurish va unga mevali ko‘chatlar ekish ishlari bilan shug‘ullandim.

2021 yil 5 avgust kuni kechasi biz yotgan yotoqxonaga Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari kelib, barchani qo‘lga olishdi. So‘ng yotoqxonada tintuv o‘tkazishdi. Tintuv harakati davomida yotoqxonadan 43 gramm geroin va tarozi topishdi. Shundan keyin bizni vaqtincha saqlash hibsxonasiga olib ketib, 2022 yil 20 avgust kuniga qadar saqlashdi. So‘ngra giyohvand vositalari noqonuniy savdosi bilan ayblab, menga 7 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashdi”, degan yigit o‘z ko‘rsatmasida.

A.H.ni 2022 yil sentabr oyi oxirida Leninskiy tumanidagi qamoqxonaga olib borishgan. 2023 yil senyabr oyida qamoqxona tezkor xodimi u bilan suhbatlashib, Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish taklifini bergan. Buning uchun pul, Rossiya fuqaroligi taklif etilgan.

“Dastlab bu taklifni rad etdim. 2024 yil iyul oyida Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari qamoqxonaga kelib, mahbuslar bilan suhbat o‘tkazdi. Bu paytda jarima izolyatorida edim. Sog‘ligim yomonlashib borayotgani sababli ularning taklifiga rozi bo‘ldim va shartnomaga imzo qo‘ydim.

2024 yil avgust oyida meni Luhansk shahriga olib borishdi va Rossiya fuqaroligini berishdi. Luhanskdagi harbiy poligonida harbiy tayyorgarlikdan o‘tdim: har xil turdagi qurollardan o‘q otishni, jarohatlangan shaxslarga qanday qilib birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishni, granata uloqtirishni o‘rgatishdi. Ikki oy davomida harbiy tayyorgarliklardan o‘tib, shturm rotasiga oddiy askar bo‘lib qo‘shildim.

So‘ngra Xerson shahriga bordik va u yerda 2024 yil noyabr oyi oxirigacha harbiy istehkom qurdik. 2024 yil dekabr oyida yo‘nalish o‘zgarib, Kursk viloyatiga bordik. Fuqarolarning buzilib ketgan uylari yerto‘lasidan o‘zimiz uchun joy topdik. 2025 yil 10 yanvar kuni bizga Kurskdagi Nikolay darina nomli qishloqni shturm qilish topshirig‘i berildi. 12 yanvarda men va yana to‘rt askar berilgan topshiriqqa asosan qishloqni shturm qilish uchun harakatlandik. Shu vaqtda dushman tomondan dron kelib, bizning ustimizda uchib turgan vaqtida sherigim uni urib tushirdi. So‘ng 10 ta dron kelib, tepadan bomba tashladi. Bir sherigim o‘sha joyda halok bo‘ldi, o‘zim esa qo‘lim va o‘ng oyog‘imdan yaralandim.

Har tarafga qarab qochdik. Men orqaga qochib, yerto‘laga borib yashirindim. Sheriklarimdan ikki nafari ham oldimga qochib keldi. Ratsiya orqali komandirga aloqaga chiqib, vaziyat bo‘yicha xabar berdik. Komandir yaralangan xolda ham jangga kirishimizni buyurdi. Uning buyrug‘iga bo‘ysunmasdan ratsiyani yerga urib sindirdim. Shundan keyin drondan biz turgan joyga bomba tashlashni boshlashdi. Yerto‘ladan chiqib qochdik. Boshqa yerto‘laga qochib borib, o‘sha yerga berkingan askarlarga qo‘shildim. 10 kun davomida o‘sha yerto‘lada yashirinib yotdik. So‘ng evakuatsiya joyiga qochib bordik”, degan A.H. sudda.

Ushbu voqealardan keyin yaralangan A.H.ni shifoxonaga olib ketishgan. 2025 yil 29 yanvar kuni esa Moskva shahridagi harbiy shifoxonaga jo‘natishgan. Yigit u yerda operatsiya qilingan. 2025 yil 12 mart kuni Moskva viloyatidagi davolash va dam olish maskaniga yuborilgan A.H. u yerdan qochib, O‘zbekiston elchixonasiga borgan va hujjatlarini yo‘qotib qo‘yganini aytgan. Hujjatlari tayyor bo‘lgach, 28 mart kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan.

JIB Paxtachi tuman sudining 2025 yil 15 sentabrdagi hukmi bilan A.H. Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli konloniyalarda o‘tash belgilangan.

Avvalroq Rossiya armiyasiga yollangan 55 yoshli namanganlik erkak 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi. 



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Boysundagi dor yo‘li attraksionida nosozlik ro‘y berdi

Published

on


Dor yo‘lining po‘lat arqonlari belgilangan texnik me’yorlar asosida yetarli darajada tarang tortilmagani hamda qiyalik burchagi talab darajasida ta’minlanmagani oqibatida fuqaro harakat yo‘nalishining o‘rtasida to‘xtab qolgan.

27 iyun kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumani Omonxona mahallasi hududida joylashgan qarashli dor yo‘li (ziplayn) attraksionida noxush hodisa qayd etildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur dor yo‘li attraksioni texnik jihatdan to‘liq ishga tushirilmagan, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan hamda undan foydalanish uchun tegishli ruxsatnoma olinmagan bo‘lishiga qaramasdan, fuqaro undan foydalanishga harakat qilgan.

Dor yo‘lining po‘lat arqonlari belgilangan texnik me’yorlar asosida yetarli darajada tarang tortilmagani hamda qiyalik burchagi talab darajasida ta’minlanmagani oqibatida fuqaro harakat yo‘nalishining o‘rta qismida to‘xtab qolgan.

Tashkilot xodimlari tomonidan fuqaro xavfsiz tarzda attraksiondan tushirib olingan.

Hodisa oqibatida fuqaro tan jarohati olmagan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Audiosi tarqalgan Muzrabot tumani hokimi jazoga tortildi

Published

on


Muzrabot tumani hokimiga jazo berildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovning fermerlarni haqorat qilgani aks etgan audiosi tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ushbu holat yuzasidan Surxondaryo viloyati hokimligiga xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha taqdimnoma kiritdi.

O‘rganishlar davomida mazkur holatda davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalari talablariga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. 

Qonunchilikka muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilari xizmat vazifalarini vijdonan bajarishi, davlat organlari va tashkilotlarining obro‘-e’tiboriga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilishi, shuningdek, fuqarolar bilan munosabatlarda xushmuomalalik, hurmat va professionallik tamoyillariga qat’iy rioya qilishi shart, deyiladi agentlik xabarida.

Davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalarini buzgani uchun Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovga nisbatan «hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llanildi.

Agentlik davlat xizmatida axloqiy standartlar buzilishiga qarshi choralarni davom ettirishini ma’lum qildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Insoniyatni vabo emas, befarqlik mag‘lub qiladi

Published

on


Agar sizdan insoniyatning eng katta dushmani nima, deb so‘rashsa, ehtimol urush, ochlik yoki kasallik deb javob berarsiz. Alber Kamyu esa bu savolga boshqacharoq javob beradi. U – insonning yovuzlikka ko‘nikib qolishini eng og‘ir kulfat deya baholaydi. Chunki urush ham, diktatura ham, epidemiya ham bir kuni tugaydi. Ammo odamlar yomonlikni oddiy hol deb qabul qila boshlasa, haqiqiy falokat ana shunda boshlanadi.

Asar voqealari Aljirning Oran shahrida sodir bo‘ladi. U yerda hayot odatdagidek davom etardi. Biroq bir kuni ko‘chalarda o‘lik kalamushlar paydo bo‘ladi.

Avvaliga hech kim bu holatga ahamiyat bermaydi. Keyin esa odamlar kasallana boshlaydi. Isitma, og‘riq… Birin-ketin o‘limlar.

Shunda ham shahar rahbarlari xavfni tan olishga shoshilmaydi. Chunki «vabo» degan so‘zni aytishning o‘zi katta iqtisodiy va siyosiy oqibatlarga olib kelardi. Turizm to‘xtaydi, savdo buziladi, odamlar vahimaga tushadi.

Baribir Oran shahri butunlay yopiladi. Bir kunda minglab odamlar o‘z yaqinlaridan ajralib qoladi. Kimdir onasini ko‘rolmaydi. Kimdir farzandiga yetib borolmaydi. Kimdir sevgan insoni bilan xayrlashishga ham ulgurmagan.

Shu yerda romanning asosiy qahramoni – doktor Bernard Riyo paydo bo‘ladi. U har kuni kasalxonaga boradi. Bemorlarni qabul qiladi. O‘lganlarni ko‘radi. Yana yangi bemorlarni qabul qiladi. Uning butun qahramonligi shunda.

Riyo yaxshi bilardi: bu kasallikni to‘xtatish qiyin. Balki ilojsiz hamdir. Ammo u kurashdan to‘xtamaydi. 

Roman davomida boshqa qahramonlar ham paydo bo‘ladi. Jurnalist Raymond Ramber dastlab shahardan qochishga harakat qiladi. Uningcha, bu ofat unga tegishli emas. U faqat Parijga, sevgan ayolining oldiga qaytishni istaydi.

Ammo vaqt o‘tgani sayin Ramber boshqa haqiqatni anglaydi. Agar atrofingdagilar halokat bilan yuzma-yuz qolganda sen faqat o‘zingni o‘ylasang, keyin o‘sha baxt ham senga tatimaydi. U shahardan qochish imkoniyati paydo bo‘lganida ham qolishga qaror qiladi.

Jan Tarru esa butun roman davomida daftariga kuzatishlarini yozib boradi. Ammo Tarruning maqsadi voqealarni qayd etish emas. U inson qanday qilib yovuzlikning bir qismiga aylanib qolishini tushunishga harakat qiladi.

Asarni o‘qirkansiz, ruhoniy Panlyuni ham yaxshi eslab qolasiz. U dastlab minbardan turib vaboni Xudoning odamlarga yuborgan jazosi sifatida talqin qiladi. Uningcha, bu falokat gunohlar uchun berilgan jazodir va insonlar tavba qilishi kerak.

Ammo bir kuni u doktor Riyo bilan birga og‘ir azob ichida vafot etayotgan bolaning so‘nggi lahzalarini ko‘radi. Bolaning o‘limi hech qanday falsafa bilan izohlanmaydi. Bu yerda diniy bahs ham, ilmiy bahs ham bir lahzaga ma’nosini yo‘qotadi. Faqat bir savol qoladi: aybsiz inson nega azob chekishi kerak?

Doktor Riyo esa Xudo bilan bahs qilmaydi. Taqdirdan nolimaydi. U bir fikrni takrorlaydi: agar bolalar azob cheksa, begunohlar jabrlansa, men bu azobga qarshi kurashishim lozim. Kamyu uchun insonparvarlik aynan shu nuqtadan boshlanadi.

Asarda yana shunday qahramonlar borki, ular xalqqa kelgan bu kulfatdan quvonishadi, daromad qilishadi. Ular haqida gapirib o‘tirmayman, olti yil avval, pandemiya davrida shu toifa odamlarni ham ko‘rdik.

Shaharda hayot asta-sekin faqat raqamlarda qoladi. Bugun nechta odam o‘ldi? Ertaga-chi? Odamlar aza tutishga ham ulgurmay qoladi. O‘lim oddiy yangilikka aylanadi.

Shu o‘rinda juda og‘ir ichki iqrorga kelasiz. Ya’ni inson hamma narsaga ko‘nikadi. Hatto fojiaga ham. 

Oylar davom etgan kurashdan keyin vabo chekina boshlaydi. Darvozalar ochiladi. Poyezdlar yana qatnaydi. Odamlar bir-biri bilan yana avvalgidek quchoqlashib ko‘rishadi.

Kamyuning romanida shunday ogohlantirish bor: vabo hech qachon butunlay yo‘qolmaydi. U yillar davomida jim yotishi mumkin. Keyin esa odamlar o‘zini xavfsiz deb o‘ylagan kuni yana qaytib keladi…

Bir so‘z bilan aytganda, «Vabo» romani kasallikdan qanday qutulib qolish haqida bahs yuritmaydi. Bu asar bizga eng og‘ir vaziyatlarda ham inson bo‘lib qolishni o‘rgatadi.

Darvoqe, Doktor Riyoni butun roman davomida balandparvoz nutq so‘zlaganiga guvoh bo‘lmaysiz. U shunchaki o‘z ishini bajaradi. Balki Kamyuning eng katta g‘oyasi ham shu yerdadir. Dunyoni har doim ham mashhur qahramonlar emas, o‘z vazifasini halol bajaradigan oddiy insonlar saqlab qoladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekistonda pensiya, nafaqa, ish haqi va stipendiyalar oshiriladi

Published

on


Prezidentning «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan pensiyalar, nafaqalar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga to‘lanadigan bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdori 7 foizga oshiriladi.

Shunga ko‘ra, yoshga doir eng kam pensiya oyiga 983 ming so‘m, nogironlik pensiyasining eng kam miqdori esa 1 million 83 ming so‘m etib belgilandi.

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun 3 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzandga har oylik nafaqa 386 ming so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzand uchun 295 ming so‘mni tashkil etadi. Ikkinchi farzand uchun qo‘shimcha 177 ming so‘m, uchinchi va undan keyingi har bir farzand uchun esa qo‘shimcha 118 ming so‘m to‘lanadi.

Shuningdek, mazkur toifadagi oilalar uchun moddiy yordam miqdori oyiga 450 ming so‘m etib belgilandi.

Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-sentyabrdan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda talabalar stipendiyalari ham 7 foizga oshiriladi.

Shu sanadan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 million 360 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori esa 440 ming so‘m etib belgilanadi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 504 ming so‘mni tashkil etadi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Olimlar kimlar tezroq qarishini aniqlashdi

Published

on


Turli mamlakatlar olimlari inson organizmini vaqtidan oldin qaritadigan asosiy sabablarni aniqlashdi.

Kambag‘allik, past daromad va sifatli ta’lim olish imkoniyatining yo‘qligi inson tanasidagi biologik qarishni tezlashtirishi isbotlandi. Eng yomoni, bu salbiy jarayon ko‘pincha bolalikdanoq boshlanadi.

Xulosa chiqarish uchun mutaxassislar dunyoning 23 ta davlatidan 66 mingdan ortiq odam ishtirok etgan 140 ta ilmiy tadqiqot natijalarini o‘rganib chiqishdi. Unda chaqaloqlardan to 86 yoshgacha bo‘lgan odamlar ishtirok etdi. Olimlar odamlarning qarish tezligini maxsus «epigenetik soatlar» (organizmning ichki holatini ko‘rsatuvchi tizim) yordamida tekshirishdi. Bu haqda «Nature Human Behavior» nashri ma’lum qildi.

Tadqiqot natijalariga  ko‘ra agar biologik qarish sekinlashsa inson o‘z yoshiga nisbatan tetik, yosh va sog‘lom bo‘lib yuradi. Uning tashqi ko‘rinishi ham, ichki sog‘lig‘i ham xuddi pasportdagi yoshidek (yoki undan ham yoshroq) saqlanib qoladi.

Agar qarish jarayoni tezlashayotgan bo‘lsa odatda keksalikka xos bo‘lgan kasalliklar insonda vaqtidan ancha oldin paydo bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ta’minoti past va kambag‘al oilalarda o‘sayotgan bolalarning ichki organizmi (biologik yoshi) o‘ziga to‘q oilalardagi tengdoshlariga qaraganda ancha katta, ya’ni ertaroq qariyotgani ma’lum bo‘ldi. Xuddi shunday holat katta yoshli insonlar orasida ham kuzatilmoqda.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.