Jamiyat
“Yangi daraxt – yangi nafas” respublika ekochempionati o‘tkaziladi
Unda o‘quvchilar, talabalar, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda 18 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan barcha fuqarolar ishtirok etishlari mumkin.
Foto: Ekologiya qo‘mitasi
Joriy yilning 10 mart kuni “Yangi daraxt — yangi nafas” respublika ekochempionati o‘tkaziladi.
Unda o‘quvchilar, talabalar, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda 18 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan barcha fuqarolar ishtirok etishlari mumkin.
Ekochempionat “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi”da belgilangan vazifalarni bajarish, O‘zbekistonda daraxt ko‘chatlarini ekish orqali iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlarini yumshatish, aholi, jumladan, yoshlar o‘rtasida daraxt ko‘chatlarini ekish tadbirlarini ommalashtirish, aholi orasida daraxt ekish tadbirlarini milliy qadriyat sifatida targ‘ib qilish, insonlarning ko‘chat ekish bo‘yicha bilim va tajribasini oshirish hamda ekologik madaniyatni shakllantirish maqsadida tashkil etilmoqda.
Chempionatda qatnashish istagida bo‘lgan fuqarolar hududiy Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmalariga murojaat qilishlari mumkin.
Chempionat haqida to‘liq ma’lumotni ushbu havola orqali olish mumkin.
Jamiyat
Angrenda 14 yoshli qizni zo‘rlagan 4 kishi ozodlikdan mahrum qilindi
2025 yil yozida Angren shahrida jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan 14 yoshli qiz ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi. Ishda 20–23 yosh oralig‘idagi to‘rt kishi aybdor deb topildi va 7 yildan 12 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Toshkent viloyati Angren shahrida sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik ishi birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Mazkur jinoiy ish JIB Angren shahar sudida yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, 2006 yilda tug‘ilgan S.Q., 2004 yilda tug‘ilgan Z.U., 2004 yilda tug‘ilgan D.O‘. va 2003 yilda tug‘ilgan A.U. voyaga yetmagan S.Ya.ga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan. Ular Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 3-qismi «a» bandi, 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 3-qismi «a» bandi, 28,118-moddasi 3-qismi «a» bandi va 28,119-moddasi 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarini sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Sud hukmi bilan S.Q.ga (u jinoyat sodir etilgan vaqtda voyaga yetmagan bo‘lgan) Jinoyat kodeksining 85-moddasiga asosan 10 yil, Z.U.ga 12 yil, D.O‘.ga 10,5 yil hamda A.U.ga 7,5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyat sudining apellyatsiya/kassatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilingan.
Angrenda 14 yoshli qiz muntazam ravishda jinsiy zo‘ravonlikka uchrab kelgani 2025 yil iyul oyida ma’lum bo‘lgandi. O‘shanda ijtimoiy tarmoqlarda «pedofillar och qolgan qizga lavash, somsa va boshqa yeguliklar olib berib, uni aldab zo‘rlab yurgani» haqida tasdiqlanmagan xabar tarqalgan edi.
Qiz og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Angren bolalar shifoxonasida tegishli amaliyotni o‘tkazish uchun yetarli mutaxassis bo‘lmagani sababli qizni Toshkentga yuborish zarurligi aytilgan va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilingan. Shundan keyin holat Bolalar ombudsmani nazoratiga olingandi.
Jamiyat
Toshkentdagi xususiy klinikada vafot etgan 9 yoshli bola ishida ikki shifokor qamaldi
2025 yil avgustida «Paeonnis» klinikasida 9 yoshli bola burun sohasida o‘tkazilgan rinoplastika jarrohlik amaliyoti paytida vafot etgan edi. Sud anesteziolog va lor-shifokorni kasb vazifalarini zarur darajada bajarmaganlikda aybdor deb topdi.
Toshkent shahridagi «Paeonnis» xususiy klinikasida burun operatsiyasi vaqtida vafot etgan 9 yoshli bola ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi. Voqea 2025 yil 25 avgustida sodir bo‘lgan. Bolaning burnida adenoid aniqlangan va klinika shifokorlari uni jarrohlik yo‘li bilan olishni tavsiya qilgan.
Oliy sud axborot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, 12 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman sudida bolaning o‘limiga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.
Sud qaroriga ko‘ra, «Paeonnis» xususiy klinikasida ishlagan anesteziolog-reanimatolog hamda lor-shifokor Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (kasb vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan aybdor deb topilgan. Ularga 4 yil ozodlikdan mahrum qilish, 3 yil davomida jarrohlik amaliyotida ishtirok etish huquqidan mahrum qilish jazosi qo‘llangan.
Sud hukmiga ko‘ra, jazo manzil koloniyalarda o‘taladi. Sudlanuvchilarga nisbatan qo‘llangan uy qamog‘i ehtiyot chorasi bekor qilinib, ular sud zalidan qamoqqa olingan.
Avvalroq Toshkentdagi xususiy klinikalardan birida 31 yoshli yigit ham burun operatsiyasidan keyin vafot etgandi.
Jamiyat
Toshkentda FVB inspektori tezkor tadbirda qo‘lga olindi
Yangihayot tumani FVB kichik inspektori mahalliy MChJ rahbaridan 1,5 ming dollar olganda ushlandi. U ushbu pulni yong‘in xavfsizligi jihozlarini qabul qilish bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirib berish evaziga talab qilgan.
Toshkentda FVB xodimi qamoqqa olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Yangihayot tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi kichik inspektori MChJ rahbaridan 1,5 ming dollar olganda ushlangan.
FVB xodimi ushbu pulni hamkasblari orqali tumanda faoliyat yurituvchi korxona hududiga o‘rnatilgan yong‘in xavfsizligi jihozlarini qabul qilish bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirib berish evaziga talab qilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkent shahrida FVV xodimiga 30 ming dollar pora taklif qilgan tadbirkor qo‘lga olingandi.
Jamiyat
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi
Prezidentning joriy yil 6-martdagi «Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida»gi PQ-84-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Afg‘oniston o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Iqtisodiyot va moliya Vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organlar etib belgilandi.
Tashqi ishlar vazirligi mazkur xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun O‘zbekiston Respublikasi tomonidan zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi to‘g‘risida afg‘on tomoniga tegishli bildirishnoma yuboradi.
Jamiyat
Navoiyda o‘quvchi 16 yoshida talabalikni naqd qildi
Navoiy shahridagi 11-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Firdavsbek O‘ktamov oliygohga kirishdagi maksimal ballni to‘plab, muddatidan oldin talaba bo‘ldi. U bu natijani 4 ta fandan milliy sertifikatni qo‘lga kiritish orqali uddalagan. Belgilangan tartib bo‘yicha u maktabni to‘liq o‘qishi kerak bo‘ladi.
Navoiy shahridagi 11-ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktabning 9-sinf o‘quvchisi muddatidan oldin talablikni naqd qildi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, maktabning 9-sinf o‘quvchisi Firdavsbek O‘ktamov 4 ta fandan milliy sertifikatni qo‘lga kiritgan.
Jumladan, u chet tili bo‘yicha B2, o‘zbek tili va adabiyoti fanidan A, matematika fanidan S hamda tarix fanidan A+ darajali milliy sertifikatlarni olishni uddalagan.
Bu tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha Firdavsbek O‘ktamovga oliygohga kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ballni taqdim etadi. U 11-sinfni tugatgan paytda qo‘lga kiritgan milliy sertifikatlarining 3 tasi o‘z kuchida bo‘ladi. Chunki chet tilidan tashqari 3 ta fan bo‘yicha olingan sertifikatlarning amal qilish muddati 3 yil.
Kun.uz’ning aniqlashicha, Firdavsbek O‘ktamov pedagoglar oilasida ulg‘aygan. Uning otasi Jo‘rabek To‘rayev hamda onasi Aziza Fayziyeva oliy toifali ingliz tili fani o‘qituvchilari hisoblanib, har ikkisi Firdavsbek ta’lim olayotgan maktabda faoliyat yuritadi.
9-sinfda talabalikni naqd qilgani Firdavsbek O‘ktamovga 10- va 11-sinfni o‘qimasdan, birdan oliygohda o‘qish imkonini bermaydi. Chunki belgilangan tartib bo‘yicha o‘quvchi maktabni to‘liq o‘qishi kerak bo‘ladi.
Avvalroq ayni shu maktabning 23 o‘quvchisi muddatidan oldin talaba bo‘lgani xabar qilingandi. Maktab ma’muriyatining Kun.uz’ga bildirishicha, hozirda bunday o‘quvchilar soni 26 nafarga yetgan.
-
Jamiyat2 days agoNogironlar uchun onlayn platforma tenderida shubhali holatlar aniqlandi
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp: “Eron bilan hech qanday kelishuv boʻlmaydi”
-
Dunyodan3 days ago
2015 yilgi Suriya stsenariysi Eronda takrorlanishini istamaymiz.
-
Dunyodan3 days ago
Ali Xomanaiyning o‘g‘li Eronning yangi oliy rahbari etib saylandi
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp Eronning yangi oliy rahbari haqida gapirdi
-
Dunyodan4 days ago
Indoneziyada bolalarga qaratilgan ijtimoiy tarmoqlar taqiqlandi.
-
Dunyodan4 days ago
Eronda AQSh va Isroilni qo’llab-quvvatlaganlarning mulki musodara qilinadi
-
Dunyodan5 days ago
Xitoy Eron bo’yicha bayonot berdi
