Sport
Xose Mariya Mendes O‘zbekiston futzal milliy jamoasi bosh murabbiyligiga qaytdi
52 yoshli ispaniyalik mutaxassis O‘zbekiston futzal federatsiyasi bilan 2 yillik shartnomani imzoladi.
Foto: O‘zbekiston futzal federatsiyasi
Ispaniyalik taniqli mutaxassis Xose Mariya Mendes O‘zbekiston futzal milliy jamoasining yangi bosh murabbiyi etib tayinlandi, u bilan 2 yillik shartnoma imzolandi, deb xabar berdi O‘zbekiston futzal federatsiyasi.
Mendes muqaddam ikki bor O‘zbekiston milliy jamoasini boshqargan: dastlab 2011–2012 yillarda, so‘ng 2014–2017 yillarda. Uning rahbarligi ostida milliy jamoa 2016 yilgi Osiyo chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgan.
52 yoshli Xose Mariya Pazos Mendes — Pulpis 1974 yilda Ispaniyaning Lugo shahrida tug‘ilgan. Murabbiylik faoliyatini 1996 yilda boshlagan va “Lugo”, “Melilya”, “Kafe Kandelas Lugo”, “Valensiya”, Xorvatiyaning “Orkan”, shuningdek, “Barsel” klublarida ishlagan.
2008–2009 yillarda Tailand, 2010 yilda Vetnam milliy jamoasini boshqargan. Shundan so‘ng, uning O‘zbekiston bilan bog‘liq faoliyati boshlandi. Milliy jamoadan tashqari, 2016–2017 yillarda mamlakat chempioni “Ardus” klubida ham faoliyat yuritdi.
2019–2026 yillar davomida u Tailandda faoliyat olib bordi. 2023 yil qisqa muddat Xitoyning “Shenjyen” jamoasini boshqardi. Murabbiy sifatida ikki karra Osiyo kubogi vitse-chempioni, shuningdek, klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionati hamda Osiyo kubok egalari kubogi g‘olibi bo‘lgan.
Sport
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
Niderlandiyaning Amsterdam shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi tarixiy medalga sazovor bo‘ldi.
Yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi juftlik dasturida (LM2x) Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev dueti oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilarning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritgan birinchi oltin medalidir.
Musobaqada kumush medal Germaniya, bronza medali esa AQSh sportchilariga nasib etdi.
Sport
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
UEFA Chempionlar ligasi 2026/2027-yilgi mavsumi umumiy bosqichi to‘liq taqvimni e’lon qildi.
Bu bosqichda har bir jamoa 8 ta o‘yin o‘tkazadi: 4 tasi o‘z maydonida, 4 tasi safarda.
Joriy mavsumdan e’tiboran bir jamoa bir raqib bilan ketma-ket uch mavsum davomida o‘z maydonida o‘ynashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Umumiy bosqichning 1-turi uch kun — seshanba, chorshanba va payshanba (8-9-10-sentyabr) kunlariga taqsimlanadi. Qolgan turlar ikki kun davomida o‘tkaziladi. So‘nggi turda esa barcha uchrashuvlar bir vaqtda boshlanadi.
1-turni Abduqodir Husanov va «Manchester Siti» safarda «Portu»ga qarshi o‘tkazadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 9 sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:01 da.
Umarali Rahmonaliyev va «Sabah» esa Chempionlar ligasi umumiy bosqichidagi debyutida «Manchester Yunayted» maydonida sinovdan o‘tadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 11-sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da.
Manba: UEFA
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat2 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Jamiyat15 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport1 day ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Sport15 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Siyosat2 hours ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
