Sport
YChLda pley-off juftliklari. Kimda qanday imkoniyat?
Bugun Yevropa Chempionlar Ligasida nimchorak final uchrashuvlari start oladi. Qur’a yana «Real» va «Manchester Siti»ni pley-offda to‘qnashtirgan, «PSJ»da «Chelsi»dan o‘tgan yozdagi mag‘lubiyat uchun qasos olish imkoni yuzaga kelgan. Bundan tashqari, «Liverpul» yana Istanbulga, «Barsa» yana Nyukaslga safar qiladi.
10 mart kuni Chempionlar ligasi 1/8 finalida dastlabki uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Turnirning yangi formatida ham bu bosqichdan oldingi tartib saqlanib qolgan: 16 jamoa, har bir bosqichda ikkitadan o‘yin, hech qanday safardagi gol qoidasi yo‘q. Quyida sakkizta juftlikning keyingi bosqichga chiqish imkoniyatlari chamalab ko‘riladi.
«Galatasaroy» – «LIVeRPUL» (10 mart, 22:45. Zo‘r TV)
Imkoniyatlar: 35 foizga – 65 foiz
Stadionlardagi muhit, aura bo‘yicha eng zo‘r juftlik deb atash mumkin. «Rams Park» ham, «Enfild» ham muxlislarning performansi bo‘yicha Yevropada eng yaxshilaridan sanaladi. Mersisaydliklar uchun qur’adan oldingi ehtimoliy raqiblar orasida aynan «Galatasaroy» nisbatan osonroq raqib sifatida ko‘rilgan bo‘lishi mumkin, ammo aynan Istanbulda odatda mezbonlarni yengish juda qiyin. Dastlabki o‘yin Turkiyada bo‘lishi e’tiborga olinsa, Okan Buruk shogirdlari birinchi o‘yinda kerakli natijaga erishib, javob o‘yinida shu ustunlikni saqlashga harakat qilib o‘ynashi mumkin. Zero «Galatasaroy» tarkibidagi futbolchilarni «Enfild» bilan qo‘rqitib bo‘lmaydi – Sanches, Gundo‘g‘an, Torreyra, Lamina, Sane kabi futbolchilar APL futbolida yetarlicha tajriba to‘plab ulgurishgan.
Jamoalar Chempionlar Ligasining joriy mavsumida guruh bosqichida ham to‘qnash kelgandi. «Galatasaroy» o‘z maydonida 1:0 hisobida ustun kelgan, yagona golni Viktor Osimhen penaltidan urgandi. Ammo bu o‘yin Slot jamoasidagi inqiroz davriga to‘g‘ri kelgandi, bugungi «Liverpul» esa nisbatan ancha tartibga kelib qoldi. Shu bilan birga, «Liverpul» hali «Galatasaroy»ga qarshi safar o‘yinlarida g‘alaba qozonmagan. 2001/02 yillar mavsumida Istanbulda 1:1 hisobi qayd etilgan va faqat safardagi gol qoidasi bo‘yicha inglizlar keyingi bosqichga chiqishgandi. 2006/07 yillar mavsumida esa jamoalar guruhda duch kelib, har ikki o‘yin 3:2 hisobida mezbon jamoa foydasiga hal bo‘lgan.
«Nyukasl» – «BARSeLONA» (11 martga o‘tar kechasi, 01:00. Zo‘r TV)
Imkoniyatlar: 45 ga – 55
Ushbu jamoalar ham kuzda, guruh bosqichi doirasida uchrashgandi. Angliyada bo‘lib o‘tgan o‘yinni Eddi Hau shogirdlari o‘ta faol boshlashgan, bir qator vaziyatlar yaratib, raqibni qiyin ahvolga solib qo‘yishgandi. Keyin esa Frenki de Yong – Pedri juftligi ishga tushdi – bu ikki futbolchi maydon markazini qo‘lga olib, o‘yinni «Barselona» uchun qulayroq, xotirjamroq ko‘rinishga olib kelishdi. Keyin esa Markus Reshford kerakli gollarni urib, ispanlarga g‘alaba keltirgandi.
Lekin Frenki de Yong fevral oyida jarohat oldi va «Nyukasl»ga qarshi ikki o‘yinni ham o‘tkazib yuboradi. Pedri esa endigina tiklandi va qisqa vaqtda optimal formaga kira olishi so‘roq ostida. «Barselona» oxirgi o‘yinlarda aynan markazni nazorat qilishga qiynalmoqda.
APL bahslarida kuchli beshlikdan 9 ochkoga ortda qolib ketgan va yagona umidi aynan Chempionlar Ligasi o‘yinlari bo‘lgan «Nyukasl» bu safar «Barselona»ga yetarlicha boshog‘riq bo‘lishi turgan gap. Gordon, Elanga, Vissa, Myorfi kabi tezkor futbolchilarga ega bo‘lgan inglizlar «Barselona»ning yuqori himoya uslubidan foydalanib qolishi mumkin.
Umuman, tarkib bo‘yicha albatta «Barselona» kuchliroq – qo‘pol xatolar, kutilmagan ssenariylar yuzaga kelmasa, kataloniyaliklar keyingi bosqichga o‘tishi mumkin.
«Atalanta» – «BAVARIYa» (11 martga o‘tar kechasi, 01:00)
Imkoniyatlar: 25 ga – 75
Italiya klublari ichida faqat «Atalanta» turnir pley-off bosqichiga chiqa oldi. Bergamoliklar o‘tish bosqichida Bundesliganing boshqa jamoasi – «Borussiya»ga qarshi birinchi o‘yinda 0:2 hisobida yutqazganiga qaramay, o‘z maydonida kambek amalga oshirib, ko‘pchilikning yoqimtoyiga aylanib ulgurishdi. Umuman, jamoa nemislarga qarshi ancha muvaffaqiyatli o‘ynay olishini avval ham isbotlagan. Ikki yil oldin butun mavsumni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan «Bayyer» ham Yevropa Ligasi finalida shu jamoaga qarshi o‘yinda seriyasini to‘xtatgandi.
Lekin «Bavariya»ga qarshi o‘yinda bunday muvaffaqiyatni takrorlash juda qiyin kechishi turgan gap. «Atalanta» o‘zinining eng yaxshi o‘yinlarini o‘tkazgan taqdirda ham ayni damda natijalar borasida Yevropaning eng yaxshi jamoasi bo‘lib turgan Vensani Kompani shogirdlari bir bosh yuqori. Buning ustiga myunxenliklar Bundesligada yetarlicha farq bilan peshqadamlik qilishmoqda va kerakli rotatsiyalarni amalga oshirib, bor e’tiborini aynan Chempionlar Ligasiga qaratish imkoniga ega.
«ATLeTIKO» – «Tottenhem» (11 martga o‘tar kechasi, 01:00)
Imkoniyatlar: 55 ga – 45
Har ikki jamoa ham futbol o‘ynashdan ko‘ra raqibga o‘yin bermaslik, uning ustun jihatlarini yo‘qqa chiqarishga usta, jismoniy kurashlarda o‘zini juda yaxshi his qiladi. So‘nggi yillarda «Atletiko» biroz tashabbuskor futbolga yuzlangan, «Tottenhem» esa muammolar girdobida qolayotgan bo‘lsa-da, bu juftlikdan har narsani kutish mumkin. Angliya chempionatida autsayderlar qatorida yurib ham, Chempionlar Ligasida kuchli sakkizlikka kirgani, umuman, o‘tgan yili ham xuddi shu rejimda Yevropa Ligasini yutgani e’tiborga olinsa, YeChLda umuman boshqacha «Tottenhem»ni ko‘rishimiz mumkin. Shu bilan birga, alohida o‘yinlarda «Atletiko»ning ham plankasi ancha yuqori bo‘lishiga ko‘p marta guvohi bo‘lganmiz.
Igor Tyudor va Diyego Simeone dueli – chiroyli kombinatsiyalar va hujumkor o‘yindan ko‘ra, qanday qilib raqibga xalaqit berilishi, o‘zini ham ayamasdan kurashni jonli tomosha qilishni xohlaydigan ixlosmandlar uchun ajoyib shou.
«Bayyer» – «ARSeNAL» (11 mart, 22:45. Zo‘r TV)
Imkoniyatlar: 30 ga – 70
Yengilmas jamoalar to‘qnashuvi. Bugungi tarkiblarga unchalik aloqador bo‘lmasa-da, har ikki jamoa milliy chempionatda mavsumni mag‘lubiyatsiz yakunlay olganlar klubiga a’zo hisoblanadi. «Arsenal» 2003/04 yillar mavsumida, «Bayyer» esa 2023/24 yillarda chempionatda biror marta ham yutqazmasdan chempion bo‘lishni uddalagan.
Ushbu juftlikda «Arsenal» yaqqol favorit. Taqvim ham Mikel Arteta nemislarga qarshi o‘yinlarga nisbatan qulay sharoitda tayyorgarlik ko‘rish uchun sharoit yaratdi. Birinchidan, «Arsenal» «Bayyer»ga qarshi ilk o‘yin oldidan APLda qiyin o‘yin o‘tkazishiga to‘g‘ri kelmadi, londonliklar shanba kuni uchinchi liga vakili «Mansfild Taun»ga qarshi oson o‘yin o‘tkazdi va murabbiy katta rotatsiya qilish imkoniga ega bo‘ldi. Endi Leverkuzenga jamoa jismonan tayyor holatda borishi mumkin. Javob o‘yini borasida esa APL londonliklarga yon bosdi – «Everton»ga qarshi uchrashuv avvaliga yakshanba kuniga belgilangan edi, ammo «Bayyer»ga qarshi o‘yin seshanba kunga to‘g‘ri kelgani sababli, APL rahbariyati o‘yinni shanbaga ko‘chirib berdi.
«Arsenal» so‘nggi o‘yinlarda unchalik barqaror emasligi haqida mulohazalar ko‘p bo‘lsa-da, «Bayyer»da muammolar yanada ko‘proq deyish mumkin. Londonlik keyingi bosqichga o‘tishda jiddiy muammoga duch kelishi dargumon.
«Real» – «Manchester Siti» (12 martga o‘tar kechasi, 01:00. Zo‘r TV)
Imkoniyatlar: 50 ga – 50
Chempionlar Ligasi klassikasiga aylanib bo‘lgan to‘qnashuv. So‘nggi yetti mavsumning oltitasida jamoalar turli bosqichlarda o‘zaro kuch sinashishiga to‘g‘ri kelgan. Faqat 2020/21 yillar mavsumida muxlislar ushbu jamoalar to‘qnashuviga guvoh bo‘lmagan. Ammo buni joriy mavsumda guruh bosqichidagi o‘zaro o‘yin kompensatsiya qilgandi, deyish mumkin. O‘shanda Pep Gvardiola shogirdlari Madriddan 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgandi.
Ammo o‘tgan qisqa vaqt ichida ham ko‘p narsa o‘zgarib ketdi. «Real» Habi Alonsoni iste’foga chiqarib, Alvaro Arbeloani yangi bosh murabbiy etib tayinladi, «Manchester Siti» esa yanvarning o‘zida ikkita katta transferga qo‘l urdi: Semenyo va Geyi bilan jamoa yanada kuchaydi. Semenyo guruh bosqichi uchun qaydnomaga kiritilmagani tufayli, jamoa a’zosi bo‘lsa-da, Chempionlar Ligasi o‘yinlarida qatnasha olmagandi. U aynan «Real»ga qarshi o‘yinda debyut qilishi kutilmoqda.
O‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov ham aynan «Real»ga qarshi ushbu turnirdagi ilk o‘yinini o‘tkazgan va katta taassurot qoldirgandi, Gvardiola bu safar ham unga ishonch bildirishi mumkin.
Shu paytgacha jamoalar ko‘p marta to‘qnash kelgan bo‘lishsa-da, bu safar ilk bor o‘yinlar kartinasini taxmin qilish qiyin. Avvallari, Gvardiola jamoasi o‘z uslubiga muvofiq tarzda to‘pni nazorat qilishga urinar, «Real» esa individual mahorat va tezkor qarshi hujumlarga tayanar edi. Ammo yangilangan «Manchester Siti» biroz boshqacha, raqibga moslashib ham o‘ynashni o‘rganib olgan. O‘z navbatida, Arbeloa boshqaruvi davridagi «Real»ning ham aniq uslubini tasavvur qilish qiyin. Xullas, muxlislarni hakam hushtagi chalingandan keyingina jamoalarning rejasi namoyon bo‘ladigan, shuningdek, o‘yin davomida bir necha marta muvozanat o‘zgarishi mumkin bo‘lgan bahslar kutib turibdi.
«PSJ» – «Chelsi» (12 martga o‘tar kechasi, 01:00)
Imkoniyatlar: 50 ga –50
O‘n yillar oldin ushbu jamoalar to‘qnashuvi ham Chempionlar Ligasining doimiy tomoshasiga aylanib ketgandi. Demba Baning so‘nggi daqiqalardagi golidan so‘ng maydon bo‘ylab yugurgani, 2015 yildagi olovli qo‘shimcha bo‘limlar ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. Oxirgi marta esa raqiblar o‘tgan yozda klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida to‘qnash kelishgandi. O‘yin kutilmaganda «Chelsi»ning 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangandi. Demak, parijliklarda qasos olish imkoni tug‘ildi.
Umuman, londonliklarning sobiq ustozi Enso Mareska katta o‘yinlarga xos tayyorlanish borasida ko‘p bor o‘zini ko‘rsatgan, agar hozir ham ushbu mutaxassis ishlayotgan bo‘lganida «Chelsi»ning imkoniyatlari biroz yuqoriroq baholanishi ham mumkin edi. Liam Rosenior kelganidan buyon London klubi top-raqiblardan faqat «Arsenal»ga qarshi uchta o‘yin o‘tkazdi va uchalasida ham yutqazdi. Qolgan raqiblar bilan o‘yinlarda esa asosan birinchi raqamda o‘ynadi va yutqazmadi. «PSJ» Rosenior uchun yana bir jiddiy sinov bo‘ladi.
Albatta, o‘tgan yilning oktyabrida «PSJ» – «Strasbur» bahsini ham unutmaslik kerak – o‘shanda «Strasbur» ustozi bo‘lgan Rosenior Enrike uchun yaxshigina syurpriz tayyorlagan va 3:3 hisobida durang o‘ynab ketgandi. Mehmonlar atigi o‘yinning 29 foiz vaqtida to‘pga egalik qilib ham vaziyatlar borasida raqibga bo‘sh kelmagan, 3:1 hisobida oldinda borgandi ham. Demak, Roseniordan bu safar ham nimadir kutish mumkin.
O‘z navbatida, «PSJ»ning holati ham biroz mavhum. O‘tgan mavsumda jamoa guruh bosqichi masalasini faqat so‘nggi turlardagi qiyin g‘alabalar orqali hal qilgan va shundan keyin asta-sekinlik bilan kuchayib borgandi. Fransiya chempionati ancha yengil ekanidan kelib chiqilsa, aynan shunday tonus jamoa uchun juda kerak. Ammo bu safar «PSJ» guruh bosqichini nisbatan oson o‘tkazdi, hatto o‘tish bosqichida ham ichki chempionatdagi tanishi «Monako» raqib bo‘ldi. Enrikening bu mavsum uchun tajribalari hali davom etayotgani, guruhning hal qiluvchi o‘yinida «Nyukasl»ni mag‘lub eta olmagani, «Monako»ga qarshi ikki o‘yinda ham qiynalgani, ichki chempionatda ham ishlar joyida emasligidan kelib chiqilsa, «PSJ» va «Chelsi»ning imkoniyatlarini teng baholash mumkin.
«Budyo/Glimt» – «Sporting» (12 martga o‘tar kechasi, 01:00)
Imkoniyatlar: 50 ga – 50
Qur’a Chempionlar Ligasi ushbu mavsumining ikkita eng yorqin sensatsiyasi jamoalarini o‘zaro raqib qildi. «Budyo/Glimt» guruh bosqichida «Manchester Siti» va «Atletiko»ni, o‘tish bosqichida esa «Inter»ni mag‘lubiyatga uchratib, barchaning e’tiborini o‘ziga qaratgandi. «Sporting» esa umumiy guruh bosqichida kuchli sakkizlikka kira oldi. Portugaliyaliklar so‘nggi turda Bilbaoda kechgan o‘yinda mezbonlar darvozasiga 90+4-daqiqada gol urib, «Real»ni kuchli sakkizlikdan tushirib yuborgandi. Undan oldingi turda turda esa «PSJ» ustidan g‘alaba qozonilgan.
Shu yergacha yetib kelishning o‘zi katta g‘alaba, chorakfinal esa har ikki jamoa uchun ertakning davomi, ajoyib mukofot bo‘ladi. Demak, nimchorak finalning eng ochiq, hujumkor va erkin o‘yinlari aynan shu juftlik ishtirokida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
Sport
Ronaldu Messining oilasidagi yo‘qotishga munosabat bildirdi
Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu otasi vafot etgan argentinalik futbolchi Lionel Messini qo‘llab-quvvatladi. U Messining Instagram sahifasidagi posti ostida izoh qoldirdi.
«Bu qiyin damlarda siz va yaqinlaringizni mahkam quchgan holda chuqur hamdardlik bildiraman, Leo. Bardoshli bo‘ling», deb yozgan Ronaldu.
Avval Messi «Inter Mayami»dagi o‘yinchilik faoliyatini to‘xtatgani e’lon qilingan edi. U oilasi va do‘stlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Argentinada qoldi.
Xorxe Messi 8-avgust kuni 68 yoshida vafot etdi. U uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng olamdan o‘tdi. Ko‘p yillar davomida argentinalik futbolchining otasi o‘z o‘g‘lining faoliyatida muhim o‘rin tutardi.
Sport
Dunyoning eng boy odamlaridan biri «Liverpul»ni sotib oladi
Amazon asoschisi Jeff Bezos professional sportga sarmoya kiritish niyatida. The Guardian nashrining xabar berishicha, tadbirkor boshqa investorlar bilan birgalikda Angliyaning «Liverpul» futbol klubining kamida 30 foiz ulushini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda. Kelishuv 1,35 milliard funt sterling yoki taxminan 1,8 milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin.
«Liverpul» taxminan 6 milliard dollarga baholanadi va dunyodagi eng taniqli sport brendlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bezosning qiziqishi kengroq tendensiyaga mos keladi: badavlat amerikalik investorlar Angliya futbol klublarida faol ravishda ulushlarni sotib olmoqdalar. Amerikalik aksiyadorlar allaqachon «Chelsi», «Kristal Pelas», «Everton» va «Bornmut» kabi 20 ta Premer-liga jamoalaridan 13 tasiga egalik qilishadi.
Agar kelishuv amalga oshsa, Bezos ingliz futboliga faol ravishda sarmoya kiriyotgan amerikalik milliarderlar safiga qo‘shiladi.
Investorlar uchun ingliz futbolining jozibadorligi qisman sportning Qo‘shma Shtatlarda tobora ommalashib borayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, yetakchi Amerika sport franshizalari ko‘pincha yangi investorlar uchun juda qimmat yoki cheklangan, ingliz klubidagi ulush esa global auditoriyaga va eng tijorat jihatidan jozibador sport bozorlaridan biriga kirish imkonini beradi.
-
Siyosat5 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat4 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
-
Mahalliy5 days ago
O‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha muhim tadbir tashkil etildi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Sport5 days ago
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
-
Iqtisodiyot3 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
