Jamiyat
Xorazmda odamlarni qo‘rqitib, ularni kaltaklagan shaxslar qo‘lga olindi
Odamlar orasida «Jommi Darital», «Malish» va «Rasul qilich» nomlari bilan tanilgan gumonlanuvchilar ko‘cha muhitini shakllantirib, fuqarolarni qo‘rqitib, jismoniy zo‘ravonlik qilish bilan shug‘ullangan.
Xorazm viloyati IIB va DXX xodimlari tomonidan qonunsiz ko‘cha muhitini shakllantirib, fuqarolarni qo‘rqitish va zo‘ravonlik orqali nazoratda ushlashga urinib kelgan bir guruh shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xususan, tanishlari va yoshlar o‘rtasida «Jommi Darital» laqabi bilan tanilgan 29 yoshli J.A. Urganch shahar markaziy dehqon bozori hududida 27 yoshli yigitning yo‘lini to‘sib, turli bahonalarni ro‘kach qilib, uni hech qanday sababsiz tanasining turli joylariga urib, tan jarohati yetkazgan.
Jabrlanuvchining ichki ishlar organlariga murojaati asosida surishtiruv boshlanganidan so‘ng, J.A. unga ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazishga uringan. Shundan keyin tezkor xodimlar tomonidan ushlangan J.A.ning yonlari ko‘zdan kechirilganida, og‘irligi 3 gramm bo‘lgan marixuanani qonunga xilof ravishda saqlab yurgani aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Yana bir holatda ilgari Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan sudlangan, «Malish» laqabli 28 yoshli A.M. 18 yanvar kuni Bog‘ot tumanida 27 yoshli yigitni oldiga chaqirib, kelmaganini bahona qilib, uning yashash xonadoniga borgan. U yerda yigitning erkiga xilof ravishda uyiga kirib, tanasining turli joylariga urib, jarohat yetkazgan.
Shuningdek, «Rasul qilich» laqabi bilan tanilgan R.F. 13 yanvar kuni Xiva-Urganch yo‘nalishida kirakashlik qilib kelayotgan 41 yoshli erkakni ta’qib qilib, uning yo‘lini to‘sgan va avtomashinadan tushganidan keyin tanasining turli joylariga urib-tepib, jarohat yetkazgan. Janjalni to‘xtatishga uringan 44 yoshli erkak ham zo‘ravonlikka uchragan.
Uchta holatda ham gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi (Bezorilik) bilan, J.A.ga esa qo‘shimcha ravishda 276-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Gumondorlar ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Yuqoridagi shaxslarning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan ichki ishlar organlariga murojaat qilish so‘ralmoqda.
Jamiyat
O‘zbekiston va Serbiya turizm sohasida hamkorlik qiladi
PQ–115-son qaror bilan O‘zbekiston Hukumati bilan Serbiya Hukumati o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.
Bitim 2025-yil 28-oktyabrda Toshkent shahrida imzolangan.
Turizm qo‘mitasi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi.
Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin uning qoidalari bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi.
Jamiyat
Namanganda 6-sinf o‘quvchisiga jinsiy zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchi qamoqqa olindi
53 yoshli o‘qituvchi 2013 yilda tug‘ilgan qizga jinsiy zo‘ravonlik qilganlikda gumonlanmoqda. U protsessual tartibda ushlangan. Agar bu o‘z tasdig‘ini topsa, o‘qituvchi 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Namanganda o‘qituvchi o‘quvchi qizga jinsiy zo‘ravonlik qilishda gumonlanmoqda. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi H.D. 28 mart kuni tuman IIBga murojaat qilgan. U o‘z murojaatida 2013 yilda tug‘ilgan qizi 6-sinfda o‘qishini, 1973 yilda tug‘ilgan o‘qituvchi T.Sh. farzandiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganini bildirgan.
Holat yuzasidan Yangiqo‘rg‘on tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi T.Sh. protsessual tartibda ushlangan. Unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Bolalar ombudsmani holatni o‘z nazoratiga olganini bildirgan.
Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismida o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyati nazarda tutilgan. Bunday qilmish uchun 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Avvalroq Angrenda 14 yoshli qizni zo‘rlagan 4 kishi ozodlikdan mahrum qilingandi.
Jamiyat
Narkosavdo va noqonuniy dorilarga qarshi tezkor operatsiyalar o‘tkazildi
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar va bojxona organlari hamkorligida mamlakat hududlarida giyohvandlik vositalari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi qator tezkor operatsiyalar amalga oshirildi.
Xorazm viloyatining Urganch shahrida 1983 yilda tug‘ilgan shaxs ushlanib, uning yonidan 5 gramm “opiy” moddasi topildi. Shuningdek, u ijaraga olgan xonadondan 887 gramm “opiy” va 71 gramm “geroin” giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi. Mazkur shaxs ushbu moddalarni qo‘shni davlatdan olib kelib, keyinchalik sotish orqali daromad topishni rejalashtirgan.
Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda esa 1991 yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadonidan muqaddam Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan, umumiy bahosi 140 million so‘mlik 2800 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlanib, musodara qilindi.
Shu kabi holat Toshkent viloyatida ham qayd etildi. Toshkent tumanida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan shaxs va uning 1994 yilda tug‘ilgan, Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan sherigi oldindan kelishgan holda, kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 300 ml “Tropikamid” dori vositasini xaridorga 300 AQSh dollari va 600 ming so‘mga sotayotgan vaqtda ushlandi.
Ularning yonidan bir necha dona “Pregabalin” kapsulalari hamda “Tropikamid” suyuqligi bo‘lgan flakonlar ashyoviy dalil sifatida olindi. Noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangan shaxslar kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni turli nomdagi dori vositalari idishlariga joylashtirgan holda mamlakatga olib kirgan.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolardan shubhali holatlarga duch kelganda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga murojaat qilish so‘raldi. Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Shaxsga doir muhim ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilandi
Shaxsga doir ma’lumotlarning samarali himoya qilinishi ta’minlanadi.
Qonun (O‘RQ–1125-son, 26.03.2026 y.) bilan «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida» gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, quyidagi shaxsga doir ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shart:
– shaxslarning biometrik ma’lumotlari;
– shaxslarning genetik ma’lumotlari;
– O‘zbekiston hududida faoliyat olib borayotgan telekommunikatsiyalar operatorlaridagi ularning xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarning ma’lumotlari.
Yuqorida ko‘rsatilmagan shaxsga doir ma’lumotlar quyidagi shartlardan biri bajarilganda, O‘zbekistondan tashqarida saqlanishi va ishlov berilishi mumkin:
– chet davlatni shaxsga doir ma’lumotlarning bir xil himoya qilinishini ta’minlovchi davlat sifatida tan olish;
– operator tomonidan vakolatli davlat organi tasdiqlaydigan talablarga javob beruvchi standart shartnomaviy shartlar yoki majburiy korporativ qoidalar qabul qilinishi va ularga rioya etilishi;
– ro‘yxati vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish va saqlash sohasidagi xalqaro standartlarga operator tomonidan rioya etilishi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Jamiyat
Chiqindilarni qonunga xilof ravishda olib chiqib ketganlik uchun javobgarlik belgilandi
Chiqindi to‘plash maydonchalaridan chiqindilarni qonunga xilof ravishda olib chiqib ketganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Qonun (O‘RQ–1124-son, 25.03.2026 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalarning monitoringini yuritish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlar yuklatildi.
Bunda atrof-muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga ma’lumotlarni kiritmaganlik, to‘liq kiritmaganlik yoki noto‘g‘ri ma’lumot kiritganlik uchun:
– atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga mansub faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima qo‘llanilishi ko‘rsatildi.
Shuningdek, qonunga xilof ravishda o‘rmon fondi yerlarini berish, ulardan foydalanish, shunday qilmishlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, –
– BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Quyidagilar uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi:
– maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etilgan ekologik huquqbuzarliklar uchun;
– chiqindilar to‘plash maydonchalaridan va ularning qo‘riqlanmaydigan inshootlaridan chiqindilarni qonunga xilof ravishda to‘plaganlik va olib chiqib ketganlik uchun.
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga eng ko‘p safar qilmoqda (top-10)
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston ikkita toʻlaqonli islom bankini tashkil etadi, 2030-yilgacha 1 milliard dollar jalb etishni maqsad qilgan
-
Dunyodan4 days ago
Maskat va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyiladi.
-
Dunyodan1 day agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan2 days ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Jamiyat5 days ago
«Ташаббусли бюджет» ғолиблари эълон қилинди
-
Dunyodan2 days ago
Saudiya Arabistoni AQShni urushga chaqirmoqda
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekistonda kichik AES qurilishi Rossiya kompaniyalarini 24,7 mlrd dollargacha buyurtmalar bilan ta’minlaydi – Lixachyov
