Jamiyat
Hukmdorlarni ortidan ergashtirgan inson qissasi
“Balki bu kitobni o‘qishdan voz kechayotgandirsan, eng kamida ichingda shunday o‘ylaysan. Bilginki, seni bundan voz kechtirgan ham, ichingdagi vasvasa va g‘ulg‘ula ham menman. Axir aytdim-ku, Men – senman…”. Ushbu iqtibos turk adibi Fotih Dumanning “Men” kitobidan olindi. Bugun “5 daqiqa”da ichimizdagi eng katta dushman haqida gaplashamiz.
Ushbu asarni go‘yoki bizga zamonaviy Istanbulda yashovchi yigit o‘qib beradi. Uning qo‘liga XVII asrdagi mashhur olim va qozi Aziz Mahmud Xudoyi hayoti haqidagi kitob tushib qoladi. Yigit mutolaa jarayonida o‘zi uchun noma’lum bo‘lgan dunyo eshiklarini ochib kiradi.
Asar qahramoni qozi Mahmud Afandi Usmoniylar imperiyasining hukmronligi davrida yashaydi. U yillar davomida mashaqqat bilan ilm oladi va o‘sha davrning eng yuksak martabalaridan biri – qozilik maqomiga erishadi. Bursa shahriga qozi bo‘ladi.
Qozi Mahmud Afandini bir holat larzaga soladi. Shaharda Bakr Afandi ismli faqir kishi yashardi, u har yili hajga borishni orzu qilardi. Agar shu yil ham hajga borolmasam, xotinimning javobini berdim, deydi. Buni qarangki, bir begunoh ayol zulmdan qutulib qoladi. Bakr Afandi Uftoda hazratlarining duosi bilan Haj amalini bir kechada bajaradi. Bu voqea qozi janoblarining aqliga sig‘maydi. Qanday qilib bir kechada shuncha masofani bosib o‘tish mumkin, deb e’tiroz qiladi. Javob esa juda og‘ir bo‘ladi: “Yaratganning dushmani bo‘lmish shaytonga berilgan imkoniyat Uning do‘stlariga berilmasinmi?”
Shu javob qozi janoblarining butun dunyoqarashini parchalab yubordi. Bursa qozisi o‘z rutbasini yechadi. Shayx Uftoda hazratlariga shogird tushadi. Shu yerdan asarning eng og‘ir, eng ta’sirli qismi boshlanadi.
Qozi janoblarini telbaga chiqarishadi
Asarda nafsning yetti darajasi – nafsi ammoradan komil nafsgacha bo‘lgan yo‘l insonning ichki imtihonlari sifatida tasvirlanadi.
Qozi Mahmud Xudoiy shayx Uftoda rahnamoligida nafsni yengish yo‘liga tushadi. U nafsning barcha bosqichlaridan o‘tib, ilm, taqvo va ma’naviy barqarorlikka erishadi. Bu jarayonda har bir daraja inson uchun imtihon va mashaqqat sifatida ko‘rsatiladi.
Nafsning ammora bosqichida kibr, shahvat, hasad va gunohlar insonni hamisha sinovdan o‘tkazadi. Keyingi olti bosqich yanada murakkablashib boraveradi.
Kechagina shahar qozisi bo‘lgan Mahmud Afandi bozorda jigar sotadi. Xalq uni telbaga chiqaradi, ustidan shafqatsizlarcha kuladi. U talabalarga xizmat qiladi, biz bilgan dunyoning eng past, og‘ir ishlarini qilish orqali ichidagi kuchga qarshi kurash yo‘liga kiradi.
U sultonlarga maslahat beradi…
Kun keladiki, bir vaqtlar qozilikdan ketgan insonni butun xalq tan oladi. Minglab insonlarga rahnamo bo‘ladi, jamiyatga faqat yaxshilik tarqatadi.
Mahmud Xudoiy nafsning barcha bosqichlaridan o‘tgandan so‘ng, ustozining duosi amalga oshadi. U turk hukmdorlari orasida maslahatchiga aylanadi, mamlakatni boshqarishda yordam beradi, sultonlar uning ortidan ergashib yuradi.
Mahmud Xudoiy hayoti misolida insonning haqiqiy g‘alabasi ichidagi menni yengishda, haqiqat yo‘lida harakat qilishda va ma’naviy rivojlanishda ekanini isbotlaydi.
Bu voqealarni bizga o‘qib berayotgan zamonaviy dunyodagi yigit ham ma’nan o‘zgaradi, uning dunyoqarashi kengayib, hayotga nega kelganining mohiyatini anglab yetadi. Ichidagi haqiqiy dushmanni tanib oladi.
Xulosa
Asar so‘ngida “Men” tilga kiradi. O‘zingcha meni tanib oldim, deb o‘ylayapsanmi? Shu holing bilan meni yengmoqchimisan, deb o‘quvchining ustidan kuladi. Menga qarshi kurashishni istash boshqa, kurashish boshqa. Hozir o‘qib tugatganlaringni, bilganlaringni unuttiraman. Men albatta g‘olib bo‘laman, deydi.
Afsuski, Shayx Mahmud Xudoiy ham o‘limi oldidan nafsning eng oxirgi hiylalaridan ogohlantiradi. U hiyla qachon paydo bo‘lishi, qaysi vaqtda qarshingizdan chiqishini ushbu kitobni to‘liq o‘qib chiqqaningizdan so‘ng bilib olasiz. Bu asar mutolaasini ertaga qoldirmang, bugun olib o‘qing.
Jamiyat
Zo‘ravonlik qurbonlariga qo‘shimcha huquqiy kafolatlar berildi
O‘zbekistonda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimi yanada kuchaytirildi. Yangi qonun bilan jabrlanuvchilarning huquqlarini sudda himoya qilish, ularga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish hamda bolalarning eng ustun manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan qator o‘zgartishlar kiritildi.
2026 yil 1 iyulda qabul qilingan O‘RQ–1156-sonli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qonunga muvofiq, milliy qonunchilikka «bolaning eng ustun manfaatlari» tushunchasi hamda uni ta’minlash kafolatlari kiritildi. Ushbu tushuncha bolaning oila muhitida tarbiyalanishi, xavfsizligi, sog‘lig‘i, ta’lim olishi, har tomonlama kamol topishi, shaxsiy daxlsizligi, sha’ni va qadr-qimmati, shuningdek, uning fikrini inobatga olgan holda belgilanadigan boshqa manfaatlarni qamrab oladi.
Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tashkilotlar, jumladan, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlar manfaatlarini ko‘zlab davlat boji to‘lamasdan sudlarga da’vo arizalari kiritish hamda sud majlislarida ularning vakili sifatida ishtirok etish vakolati berildi.
Qonun bilan yana bir muhim yangilik joriy etildi. Endi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxs maxsus markazga joylashtirilgan taqdirda, bu holat unga bir oygacha bo‘lgan muddatga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasini rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi.
Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirdi.
Jamiyat
Davlat arxiv hujjatlari elektron shaklda saqlanadi
O‘zbekistonda davlat organlari va tashkilotlarining arxiv hujjatlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimida elektron shaklda saqlash va yuritish tartibi belgilandi. Tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hukumatning 2026 yil 30 iyundagi 352-son qarori bilan «Davlat organlari va tashkilotlarining arxiv hujjatlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimida elektron shaklda saqlash tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Mazkur nizom respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa davlat tashkilotlarining arxiv hujjatlarini elektron shaklda shakllantirish, yuritish va saqlash, shuningdek, Yagona milliy arxiv axborot tizimidan foydalanish tartibini belgilaydi.
Nizomga muvofiq, arxiv axborot tizimidan davlat organlari va tashkilotlari hamda operator o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida foydalaniladi.
Tizimga ulanish uchun davlat organlari va tashkilotlari maxsus elektron oyna orqali operatorga ariza yuboradi. Operator ariza kelib tushgan kundan e’tiboran ikki ish kuni ichida uni ko‘rib chiqadi.
Agar ariza nizom talablariga muvofiq deb topilsa, operator davlat organi yoki tashkilotga elektron shaklda shartnoma yuboradi.
Shartnoma imzolanib, unda nazarda tutilgan to‘lovlar amalga oshirilganidan keyin operator foydalanuvchini ikki ish kuni ichida Yagona milliy arxiv axborot tizimiga ulash choralarini ko‘radi.
Jamiyat
1,4 mlrd so‘mni talon-toroj qilgan guruh fosh etildi
Jamiyat | 08:49
3296
1 daqiqa o‘qiladi
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanida tijorat banki mas’ullari, mahalladagi hokim yordamchilari va boshqa shaxslar o‘zaro til biriktirib, 37 nafar fuqaro nomidan 1,4 milliard so‘mni talon-toroj qilgani aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Beruniy tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat bankining bank xizmatlari markazi mas’ul shaxslari, 7 ta mahalladagi hokim yordamchilari hamda boshqa shaxslar jinoiy til biriktirgan holda harakat qilgani ma’lum bo‘ldi.
Tekshiruv davomida ular 37 nafar fuqaro nomiga ajratilgan imtiyozli mablag‘larni o‘zlashtirish yo‘li bilan jami 1,4 milliard so‘mni talon-toroj qilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Toshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida yuqori tezlikda harakatlangan Malibu rusumli yengil avtomobil haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, qahvaxona binosiga borib urildi. Hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi 2 iyul kuni soat 05:40 larda Yakkasaroy tumanidagi Shota Rustaveli ko‘chasida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Malibu rusumli transport vositasi haydovchisi katta tezlikda harakatlanayotgan vaqtda rul boshqaruvini yo‘qotgan. Oqibatda avtomobil Caffelito qahvaxonasi binosiga borib urilgan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati haydovchilarni belgilangan tezlik me’yorlariga amal qilishga hamda yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya etishga chaqirdi.
Jamiyat
Jizzax va Samarqandda advokatlar ushlandi
O‘tkazilgan tezkor tadbirlarda aniqlanishicha fuqarolardan mansabdor tanishlari orqali masalalarni hal qilib berishni va’da qilib, pul talab qilgan ikki advokat ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Davlat xavfsizlik xizmatining xabar berishicha, Samarqand viloyati Urgut tumanida faoliyat yurituvchi advokat mansabdor tanishlari orqali Jizzax viloyatidagi manzil koloniyada jazo o‘tayotgan mahkumning ozodlikdan mahrum qilish muddatini qisqartirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga mahkumning tanishidan 15 ming AQSh dollari olgan vaqtida u ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida faoliyat yurituvchi yana bir advokat jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudida ko‘rilayotgan ishda himoyachi sifatida ishtirok etib, mansabdor tanishlari orqali sudlanuvchiga yengilroq jazo tayinlanishiga yordam berishini aytgan. U bu xizmat evaziga sudlanuvchining o‘g‘lidan 2 ming AQSh dollari so‘ragan.
Tezkor tadbirda mazkur advokat ham so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan advokatlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
-
Dunyodan3 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Prezident raisligida videoselektor boshlandi
-
Jamiyat4 days agoToshkent davlat agrar universiteti sport kompleksida yong‘in sodir bo‘ldi
-
Sport4 days agoShomurodov jahon chempionatidagi deyarli imkonsiz gol muallifi bo‘ldi
-
Iqtisodiyot4 days ago“Xohlagan ekinni ekish mumkin” – Yangi tartib fermerga nima beradi?
-
Jamiyat5 days agoO‘zbekistonning 24 ta oliy ta’lim muassasasi top-1000 talik ro‘yxatga kiritildi
-
Sport5 days agoo‘zbek futbolchisi «Chelsi» egalariga tavsiya qilindi
-
Jamiyat5 days agoFarg‘onada gaz to‘ldirish vaqtida avtobus tomidagi gaz balloni yorilib ketdi
