Sport
Xokkey. O‘zbekiston jahon chempionatida bir divizion yuqoriladi
Honkongda xokkey bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatining III divizion «B» guruhidan o‘rin olgan bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi barcha raqiblarini o‘ta yirik hisoblarda mag‘lub etib, guruhda birinchi o‘rinni egalladi.
Qayd etilgan natijalar:
O‘zbekiston — Mo‘g‘uliston 26:1
O‘zbekiston — Filippin 28:3
O‘zbekiston — KXDR 20:3
O‘zbekiston — Lyuksemburg 14:0
O‘zbekiston — Gonkong 9:4
Ushbu muvaffaqiyatdan so‘ng terma jamoamiz kelasi yil III divizionning «A» guruhida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.
Sport
Eldor Shomurodov Turkiya Superligasining eng yaxshi to‘purari bo‘ldi
O‘zbekistonlik hujumchi ushbu mavsumda 22 ta gol urib, 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Foto: Istanbul Boshoqshehir
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va “Istanbul Boshoqshehir” hujumchisi Eldor Shomurodov Turkiya Superligasi mavsumini eng yaxshi to‘purar sifatida yakunladi.
O‘zbekistonlik hujumchi ushbu mavsumda 22 ta gol urib, 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
“Trabzonspor” hujumchisi Pol Onuachu hisobida ham shuncha gol bor, lekin gollarning 6 tasini penaltidan urganligi sababli to‘purarlar reytingida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Uchinchi o‘rinni “Fenerbaxche” a’zosi Anderson Taliska egalladi. Braziliyalik yarim himoyachi mavsumni 19 ta gol va 4 ta assist bilan yakunladi.
Superliga to‘purarlari reytingi:
Eldor Shomurodov — 22 gol, 5 assist.
Pol Onuachu — 22 gol, 2 assist.
Anderson Taliska — 19 gol, 4 assist.
Sport
O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyo Kubogi yarimfinaliga chiqdi
Bosh murabbiy Sergey Chigodayev shogirdlari Janubiy Koreya o‘smirlarini penaltilar seriyasida mag‘lub etdi.
O‘zbekistonning 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan iborat terma jamoasi Osiyo Kubogi yarimfinaliga chiqdi.
16 may kuni o‘tkazilgan Janubiy Koreyaga qarshi chorakfinal o‘yinining asosiy vaqtida g‘olib aniqlanmadi – 2:2. O‘zbekistonliklarning ikkala goliga Ahror Ravshanbekov mualliflik qildi. Penaltilar seriyasida bosh murabbiy Sergey Chigodayev shogirdlari 5:3 hisobida zafar quchdi.
Endi O‘zbekiston o‘smirlari yarimfinalda 19 may kuni Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi.
Eslatib o‘tamiz, 1-turda o‘zbekistonliklar Hindistonni 3:0 hisobida yengib, muddatidan oldin jahon chempionati va chorakfinal yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi.
U17 Osiyo Kubogi Saudiya Arabistonida o‘tkazilmoqda.
U17 Jahon chempionati shu yil noyabr – dekabr oylarida Qatarda bo‘lib o‘tadi.
Sport
Abduqodir Husanov «Manchester Siti» bilan yana bir sovrinni qo‘lga kiritdi
«Shaharliklar» Angliya Kubogi finalida «Chelsi»ni mag‘lub etdi. Fevral oyida jamoa Liga Kubogini ham qo‘lga kiritgan edi.
«Manchester Siti» klubi Angliya Kubogi finalida «Chelsi»ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Yagona golni 72-daqiqada Antuan Semeno urdi.
O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov asosiy tarkibda tushib, o‘yin oxirigacha harakat qildi.
Bu «Manchester Siti» klubining mavsumdagi ikkinchi sovrini bo‘ldi. Fevral oyida jamoa Liga Kubogida g‘alaba qozongan edi.
«Manchester Siti» umumiy hisobda 8-marta Angliya Kubogini qo‘lga kiritdi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha «Liverpul», «Chelsi» va «Tottenhem» bilan tenglashdi. Ushbu sovrinni eng ko‘p marta «Arsenal» qo‘lga kiritgan – 14. «Manchester Yunayted» hisobida 13 ta Kubok bor.
Shu bilan birga, «shaharliklar» ayni paytda Angliya Premer Ligasi g‘olibligi uchun ham kurashmoqda. Turnir yakunlanishiga 2 tur qolganida Pep Gvardiola shogirdlari peshqadam «Arsenal»da ikki ochko ortda bormoqda.
Sport
Levandovski «Barselona»ni tark etishini e’lon qildi
Polsha milliy jamoasi hujumchisi Robert Levandovski mavsum oxirida Ispaniyaning «Barselona» klubini tark etishini ma’lum qildi.
«Men missiyam yakunlanganini his qilyapman: to‘rt mavsum, uchta chempionlik», deb yozdi 37 yoshli hujumchi ijtimoiy tarmoqlarda.
Levandovski 2022 yilning yozida «Barselona» futbolchisiga aylandi. Uch karra Ispaniya chempioni maqomidan tashqari, u shuncha marta Ispaniya Superkubogi sohibiga aylandi va bir marta Ispaniya Kubogini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, u Germaniyaning «Bavariya» va «Borussiya» (Dortmund) jamoalarida ko‘plab unvonlarni qo‘lga kiritgan, Polshaning «Lex» jamoasida milliy sovrinlarga ega bo‘lgan.
«Barselona» joriy mavsumda Ispaniya chempioni bo‘ldi. So‘nggi ikkita o‘yin o‘z maydonida «Betis»ga qarshi (17 may) va mehmonda «Valensiya»ga qarshi (23 may) bo‘lib o‘tadi.
Sport
Davlatimiz rahbari «Sharq marvaridi – 2026» jahon chempionati g‘oliblarini tabrikladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Axaltaka otlari bo‘yicha «Sharq marvaridi – 2026» jahon chempionati g‘oliblariga tabrik yo‘lladi.
Tabrik matni:
Qadrli do‘stlar, aziz mehmonlar!
Avvalambor, xalqaro ot sporti musobaqasi yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan ushbu tantanali marosimda ishtirok etayotgan barcha yurtdoshlarimiz va muhtaram mehmonlarimizni chin dildan qutlayman.
Musobaqalarda yuksak mahorat va jasorat, milliy an’analarga sadoqat namunasini namoyon etib, ulkan natijalarga erishgan barcha g‘olib va sovrindorlarni samimiy tabriklaymiz.
Bugungi marosim azim poytaxtimizdagi muhtasham va fayzli «Ashxobod» bog‘ida o‘tkazilayotganida chuqur ramziy ma’no bor. Ushbu go‘zal maskan nafaqat o‘zining betakror me’moriy qiyofasi, balki o‘zbekva turkman xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va mushtarak ma’naviy ildizlarning yorqin timsoli sifatida alohida ahamiyatga ega.
Shu kunlarda mamlakatlarimiz vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalar va uning g‘oliblarini sharaflashga bag‘ishlangan mazkur tantanali tadbir ham xalqlarimiz o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Azal-azaldan ozodlik, mardlik, sadoqat, matonat va nafosat timsoli bo‘lib kelgan otga mehr va e’tibor Markaziy Osiyo xalqlariga xos bo‘lgan olijanob fazilat hisoblanadi. Hozirgi vaqtda ham qardosh ellarimiz ana shu bebaho merosni munosib davom ettirib, chavandozlik san’atini yanada yuqori bosqichga olib chiqayotganini alohida ta’kidlash lozim.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Xalqaro miqyosda ot sportini rivojlantirish bo‘yicha Turkmaniston Prezidenti hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedov hamda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi, qadrli birodarim Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedov rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tufayli mamlakat ulkan yutuqlarga erishmoqda, xalqaro maydonda o‘z mavqeini mustahkamlamoqda.
Dunyo hamjamiyati Turkmanistonning tinchliksevar, konstruktiv siyosatini, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va madaniy merosni boyitish borasidagi muvaffaqiyatlarini yuksak e’tirof etmoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda, qadimiy axaltaka yilqichiligi an’analarini munosib davom ettirish, uning shon-shuhratini butun dunyoga targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni alohida qayd etish o‘rinli bo‘ladi.
Bugungi kunda axaltaka tulporlari nafaqat turkman xalqining milliy iftixori, balki butun mintaqamiz madaniy merosining noyob durdonasi sifatida qadrlanmoqda.
«Mustaqil betaraf Turkmaniston – maqsad sari intiluvchi qanotli tulporlar vatani», deb e’lon qilingan joriy yilda o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xalqaro anjumanlar, ilmiy forumlar va bayram tantanalari dunyo xalqlarining chavandozlik san’atiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirmoqda.
Yangi O‘zbekistonda ham milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, ajdodlarimizdan meros noyob an’analarni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Xususan, milliy sport turlarini rivojlantirish, ot sportini ommalashtirish, nasldor yilqichilikni qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy infratuzilmani yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mohir chavandozlar, tajribali sayislar va fidoyi mutaxassislarimiz bu sohadagi milliy maktablarning shon-shuhratini yuksaltirish, yosh avlodni azmu shijoat, vatanparvarlik va sog‘lom turmush tarzi ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shmoqdalar.
Biz kelgusida ham davlatlarimiz o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, azaliy do‘stligimizni yanada mustahkamlash yo‘lida barcha sa’y-harakatlarimizni safarbar etamiz.
Fursatdan foydalanib, musobaqalarda yuksak natijalarga erishgan barcha g‘olib va sovrindorlarni yana bir bor samimiy muborakbod etaman.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.
O‘zbek–turkman do‘stligi doimo bardavom bo‘lsin!
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev Toshkent metropolitenini 2035 yilgacha kengaytirishni maʼqulladi
-
Dunyodan4 days ago
Qamchibek Tashievning ishi sudga yetib bordi
-
Dunyodan4 days ago
AQShda ichki xavfsizlik departamentining sobiq rahbariga nisbatan tergov boshlandi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Barcha viloyatlarda xususiy veterinariya klinikalari va laboratoriyalar ochiladi
-
Iqtisodiyot4 days ago«Bunyodkor» – Rivaldo mojarosi. Vaziyat jiddiylashdi
-
Dunyodan2 days ago
Boshqa davlatlar Eronga yashirincha hujum qiladi
-
Jamiyat4 days agoRossiyada qurilishda baxtsiz hodisa: o‘zbekistonlik halok bo‘ldi
-
Siyosat2 days agoQonun chiqaruvchi yuan “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda maʼqulladi
