Iqtisodiyot
Xitoyda Made in Uzbekistan savdo do‘koni tashkil etiladi
Mamlakat Bosh konsulxonasi diplomatlari Guandun provinsiyasida yirik savdo markaziga ega bo‘lgan Guangzhou Guangbai kompaniyasi bosh menejeri Tsay Chjinsu bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda ushbu savdo tarmog‘i binosida Made in Uzbekistan savdo do‘koni va milliy mahsulotlar shou-rumini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Guangzhou Guangbai kompaniyasi bosh menejeri Tsay Chjinsuning aytishicha, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar yuqori sifati va narx jihatdan raqobatbardoshligi bilan Guanchjou aholisi hamda eksportyorlar uchun manfaatli bo‘lishi mumkin.
Muzokaralar yakunida Xitoy tomoni bilan birgalikda, mamlakatda ishlab chiqarilgan, qayta ishlangan va qadoqlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hamda milliy hunarmandchilik tovarlari savdosini yo‘lga qo‘yish maqsadida xitoylik importyorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatishga kelishib olindi.
Guangzhou Guangbai kompaniyasi Xitoyning janubiy provinsiyalaridagi eng yirik mahsulot yetkazib beruvchilaridan biri bo‘lib, bugungi kunda mamlakat bo‘ylab 100 dan ortiq savdo nuqtalariga ega.