Mahalliy
Xalqaro integratsiya va global raqobat uchun til bilishning ahamiyati
Hozirgi zamon – chegaralar deyarli sezilmaydigan, ma’lumotlar bir lahzada butun dunyoga yetib boradigan va kecha yangilik bo‘lgan bilimlar esa bugun eskiga aylanib ketadigan tezkor davr hisoblanadi. Millatning taraqqiyoti, davlatning xalqaro sahnadagi obro‘si va jamiyatning intellektual salohiyati endilikda faqat ichki resurslar bilan emas, balki dunyo jarayonlarida faol qatnashish qobiliyati bilan baholanmoqda. Shu sababli chet tillari, ayniqsa ingliz tili, qo‘shimcha ko‘nikma bo‘lib qolmay, XXI asrdagi eng muhim “kalit”, global imkoniyatlar eshigini ochuvchi strategik vositaga aylandi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda chet tillarini o‘rganish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanayotgani bekorga emas. Prezident tashabbuslari tufayli maktabdan to oliy ta’limgacha, davlat xizmatidan to xususiy sektorgacha – butun tizimda til o‘rganishning yangi, zamonaviy ekotizimi yaratilmoqda. Bu jarayon nafaqat ta’lim sifatini o‘zgartirayapti, balki mamlakatning global dunyoga integratsiyasini ham tezlashtirib, yoshlarga keng imkoniyatlar eshigini ochayapti.
So‘nggi bir necha yilda O‘zbekistonda til o‘rganish haqiqiy umummilliy harakatga aylandi. Eng katta o‘zgarish esa xorijiy tillarga bo‘lgan jamiyatning talab va ehtiyoji keskin oshib bormoqda Bu esa kelajakning o‘zgarishlarga ochiq, global fikrlaydigan avlodni shakllanayotganligini ko‘rsatmoqda.
So‘nggi yillarda qabul qilingan qarorlar chet tillarini o‘qitishni butunlay yangi tizimga aylantirdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda nafaqat ingliz tili, balki boshqa xorijiy tillarni o‘rganish keng qo‘llab-quvvatlanmoqda:
– xorijiy til bo‘yicha A2 va undan yuqori sertifikati bo‘lgan maktab bitiruvchilari texnikum, kollej va litseylarga o‘qishga kirishda chet tili fani bo‘yicha testdan ozod qilinadi va maksimal ball beriladi.
– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xorijiy til o‘rganmoqchi bo‘lgan yoshlarga 6 oygacha kursga qatnashi har oyda BHMning 4 baravarigacha pul beriladi.
– xorijiy tillar bo‘yicha kamida S1 sertifikatini olgan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning testga kirish uchun to‘lagan pullari davlat hisobidan qaytarib beriladi.
– xorijiy tillar bo‘yicha B2 yoki undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar testdan ozod qilinadi va ularga maksimal ball beriladi.
– ta’lim muassasalarining kamida S1 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega xorijiy tillar o‘qituvchilariga har oylik 50 foiz qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Kamida S1 sertifikatini olgan o‘qituvchilarning testga kirish uchun to‘lagan pullari davlat hisobidan qaytarib beriladi va ular attestatsiyadan ozod qilinadi.
– milliy va xalqaro sertifikatga ega davlat xizmatchilari lavozim maoshiga 20 foizgacha qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
– ommaviy axborot vositalarida kamida 1 yil asosiy ishi sifatida ishlab kelayotgan jurnalistlar va tahririyat xodimlari xorijiy tillar bo‘yicha V2 va undan yuqori natijani olsa ularga ikki turdagi imtiyoz: xorijiy tilni o‘rganish xarajatlari uchun BHMning 15 baravarigacha pul beriladi va imtihon topshirish uchun to‘langan pullar to‘liq qoplab beriladi.
– qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitishni tashkil etish uchun tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha mahalliy budjetdan bir martalik subsidiya beriladi.
Bugungi kunga qadar xalqaro imtihon tizimlaridan yuqori ball to‘plagan yoshlarga 80 mlrd 42 mln so‘m mablag‘ ajratish orqali 42 779 nafar yoshlarning imtihon topshirish xarajatlari to‘liq qoplab berilgan. Albatta, bu kabi yaratilgan imkoniyatlar va berilgan imtiyozlar o‘z natijasini bermay qolmaydi.
Xususan, 2024-yilda birgina IELTS imtihonidan 5,5 va undan yuqori ball olgan yoshlar soni 2020-yilga nisbatan 5 baravarga, 7–8 ball (C1 daraja)ni qo‘lga kiritganlar 7,4 baravarga, 8,5–9 ball (C2 daraja) ga erishganlar esa 23,7 baravarga oshganligi kuzatilgan.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘rganish shunchaki ta’lim sohasidagi islohot emas, balki jamiyat miqyosidagi katta ijtimoiy harakatga aylandi. Til o‘rganishga bo‘lgan talabning keskin o‘sishi mamlakatning global maydonga chiqish istagi va yangi avlodning dunyo bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishga bo‘lgan intilishi bilan uyg‘unlashdi.
Davlat tomonidan joriy etilgan keng qamrovli imtiyozlar tilni milliy rivojlanishning strategik drayveri sifatida ko‘rilayotganini namoyon qiladi.
Bu choralar natijasida til o‘rganish faqat shaxsiy rivojlanish emas, balki iqtisodiy foyda, ta’limga yo‘l, kasbiy o‘sish va global raqobatda ishonchli poydevorga aylandi.
Dunyo iqtisodiyoti, ayniqsa raqamli iqtisod, autsorsing xizmatlari, IT, ilmiy-tadqiqot, startaplar, xalqaro biznes munosabatlarida xorijiy tillarni ayniqsa ingliz tilini bilishni talab qilmoqda.
O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan strategik yo‘nalishlarida tashqi bozorlarga chiqish, investitsiya va texnologiya jalb etish, xalqaro kooperatsiyani kuchaytirish kabi vazifalar bor. Bu vazifalarni amalga oshirish uchun:
– chet el manbalari bilan bevosita ishlaydigan mutaxassislar,
– xalqaro tadqiqotlarda ishtirok eta oladigan olimlar,
– dunyo bozoriga chiqishni maqsad qilgan tadbirkorlar,
– global muomaladan qo‘rqmaydigan yoshlarga ehtiyoj bor. Buning asosiy sharti esa chet tillarini egallash hisoblanadi.
Zamonaviy dunyoda xorijiy tillar xorijiy manbalar va axborotlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish imkonini beradigan va ma’lumotlar eshigini ochadigan “kalit” sifatida tariflanmoqda.
Ilmiy maqolalarning 80 foizi ingliz tilida e’lon qilinadi. Innovatsiya, fan va texnika sohasidagi global bilimlar asosan ingliz tilida tarqaladi. Toshkentda o‘tirgan va ingliz tilini o‘zlashtirgan bir talaba MIT, Harvard, Oxford, Seoul National University yoki Tokyo University’ning ochiq darslaridan bevosita foydalana olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Til bilish talaba va olimni tarjimalarga bog‘liqlikdan xalos qiladi va mustaqil fikrlash madaniyatini mustahkamlaydi.
Shuningdek, maktablarning metodik bazasini yanada kuchaytirib borish, xalqaro imtihon markazlarini kengaytirish hamda fanlar bo‘yicha ingliz tilida seminarlar, xalqaro onlayn kurslar bilan integratsiya qilinadigan darslarni ko‘paytirish yoshlarning til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda chet tillarini, ayniqsa ingliz tilini o‘rganish jarayoni so‘nggi yillarda milliy rivojlanishning asosiy strategik yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Statistik ko‘rsatkichlar ham bu siyosatning natijasini ravshan ko‘rsatmoqda: so‘nggi 3–4 yil ichida IELTSda yuqori ball olgan yoshlar soni bir necha barobarga ortdi, ayniqsa C1 va C2 darajasi bo‘yicha ko‘rsatkichlar keskin o‘sdi. Bu esa mamlakatda til o‘rganish madaniyati chuqurlashib, yangi avlodning global raqobatga tayyorlik darajasi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Hozirgi davrda xorijiy tillar bilim olish, texnologiya, fan va innovatsiyalarga olib boruvchi asosiy ko‘prikka aylandi. Ilmiy tadqiqotlar, startap ekotizimi, raqamli xizmatlar va xalqaro biznes sohalarida samarali faoliyat ko‘rsatish uchun til bilish shart bo‘lib qolmoqda. Shu sharoitda O‘zbekistonning chet tillarini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirayotgan davlat siyosati mamlakatning 2030-yilgacha belgilangan strategik maqsadlari bilan uyg‘unlikda rivojlanmoqda.
Xulosa qilib aytganda, bu islohotlar mamlakatning intellektual salohiyatini oshirish, global bozorda ishtirokini kuchaytirish va innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Buranova Lobar,
Toshkent shahridagi 50-maktabning ingliz tili o‘qituvchisi
Mahalliy
25 yil ichida kitob olamida nimalar kashf etildi?
XXI-asrning birinchi choragi ya’ni 2001-2025-yillarda adabiyot olamida, umuman kitobga bog‘liq sohalarda qanday yangiliklar bo‘ldi?
Avvalo kitoblarning shakli o‘zgardi — elektron kitoblar va audio kitoblar paydo bo‘ldi. Endi kutubxonaga qatnab kerakli kitobni izlash muammosiga barham berildi. Chunki, istalgan kitobning elektron ko‘rinishi yaratildi. Elektron qurilmalar mutolaani juda osonlashtirib yubordi. Audio kitoblar esa insonlarga harakat paytida ham mutolaa qilish imkonini yaratdi.
Muallifga erkinlik berildi. Shoir va yozuvchilar endi avvalgidek nashriyotga qaram bo‘lmay qoldi. Ular o‘z saytlarini, ijtimoiy tarmoqlarda blog va sahifalarini yuritib, ijodini ommaga olib chiqa boshladilar. Yozuvchiyu shoirlar nashriyotlar yordamida asarlarini e’lon qilib, avvalgidek noyob, sirli muallif emas, kontent yaratuvchiga aylandilar.
Kitob terapiya yo‘lga qo‘yildi. Kitob “san’at”dan tashqari terapiya – davolovchi hamda motivator vazifasini ham bajara boshladi. Mualliflar ilmiy-ommabop, psixologik va biznes mavzusidagi kitoblar bilan odamlarga ta’sir o‘tkaza boshladilar.
Multimediali kitoblar ommalashdi. XXI asrda nashriyotlar bolalar uchun ovozli, interaktiv kitoblar chiqara boshladilar. Va mazkur kitoblarning ichidagi animatsiyalar va har xil o‘yinlar bolalarni kitobga qiziqtirishda muhim rol o‘ynadi.
Yaxlit janrlar kamayib, ularning aralashmalari paydo bo‘ldi. Masalan: Roman esselar, hujjatli badiiy asarlar, tarixiy fentezilar yaratildi.
Shuningdek, distopiya, grafik roman, manga, LitRPG (o‘yinlar ichida kechadigan asarlar), iqlim o‘zgarishi haqidagi asarlar, muxlislar yozgan asarlar kabi yangi janr va oqimlar ham vujudga keldi.
Yirik asarlar qisqartirildi va yangi mutolaa turlari paydo bo‘ldi. Chunki yostiqday romanlar endi zamonaviy kitobxon uchun zerikarli bo‘la boshladi. Vaqtni tejash uchun esa yirik romanlarning qisqartirilgan nasriy bayonlari yaratildi. Zamonaviy mualliflar 50 betlik romanlar, epizodik hikoyalar yozishmoqda.
Shuningdek, tez o‘qishning yangi yo‘llari kashf etildi. Shoshqaloq o‘quvchi vaqtini tejash uchun vertikal o‘qib, bir oyda 20 talab asar tugatayapti.
Yevropa kutubxonalaridagi “tirik” kitoblar paydo bo‘ldi. Masalan Daniyadagi kutubxonalardan biri “tirik kitoblar”dan iborat. Bunda siz kutubxonaga kirib mavzuga qarab bironta odamni tanlaysiz, u esa sizga o‘z hayotidan qiziqarli hikoyalar so‘zlab beradi. Bu kabi “tirik kitoblar” qisqa vaqt ichida Yevropada ommalashdi va hozirgacha faoliyat yuritib kelmoqda.
Eng mashhur elektron kitob do‘koni Amazon o‘z faoliyatini 1990-yillarda boshlagan bo‘lsa-da, XXI boshida ommalashdi. Natijada, butun dunyoga bosma va elektron kitoblar sotish orqali katta natijalarga erishdi.
2018-yilga kelib O‘zbekistonda ham Amazondan ilhomlanib Asaxiy Books elektron kitob savdosini yo‘lga qo‘ydi.
Birinchi internet bloglar 1990 yillarda tor doirada yaratilgan edi, XXI-asrning boshlarida esa faollasha boshladi. 2004 yilda Facebook, 2010 yilda Instagram, 2013-yilda yesa Telegram platformalari ishga tushgach kitob bloglarini yurituvchilar ko‘paydi.
Sun’iy intellekt XXI-asrning birinchi choragidagi eng katta kashfiyot bo‘ldi. Chunki uning ommalashishi tufayli barcha sohalarning ish sistemasi o‘zgardi. SI adabiyot va kitoblar dunyosiga ham ta’sir o‘tkazmay qolmadi. Masalan: SI yordamida hikoya, qissa, roman yozish, tarjima qilish, rasm va illyustratsiyalar chizish osonlashib ketdi.
Hatto ilmiy ishlardagi murakkablik ham SI oldida ojiz qolmoqda.
Temur Tangriberganov
Mahalliy
Ayrim hududlar aholisiga bog‘cha puli kamaytirib beriladi
“Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2026 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kelgusi yillar uchun mo‘ljallangan dasturlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan ma’muriy boshqaruv jihatdan Nukus shahri tarkibiga kiruvchi “Qaratau” va “Bestobe” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisiga davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bola ta’minoti uchun ota-onalar to‘loviga 50 foiz kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llaniladi.
Shuningdek, maydoni 5 ming kvadrat metrdan yuqori bo‘lgan savdo komplekslari va mehmonxona (joylashtirish vositalari) xizmatlari bo‘yicha mazkur hududda faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga 2027 yil 1 yanvardan 2040 yil 1 yanvarga qadar yer solig‘i va mol-mulk solig‘i stavkalari 90 foizga kamaytirilgan holda qo‘llaniladi.
2028 yil 1 yanvarga qadar:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joylashgan tijorat banklarining balansida bo‘lgan mol-mulk ob’yektlari bozor narxida qayta baholanib, 10 yil davomida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri realizatsiya qilinadi;
realizatsiya qilingan mol-mulk ob’yektlari bo‘yicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomalariga muvofiq to‘lovlar 6 oy ichida to‘liq to‘langanda shartnoma qiymatining 25 foiziga teng miqdorda chegirmalar beriladi.
Mahalliy
Mashhur bestseller o‘zbek tilida
Mario Pyuzoning nomi ko‘pchilikka, xususan, o‘zbek kitobxonlariga yaxshi tanish. U dunyo miqyosida mashhur «Cho‘qintirgan ota» romanining muallifi hisoblanadi.
Yaqinda ushbu muallifning «So‘nggi don» nomli kitobi nashrdan chiqdi. Unda aynan «Cho‘qintirgan ota» epopeyasidagi sulola haqida, ammo o‘ttiz yil keyingi kechmishlar xususida hikoya qilinadi.
Keksa don o‘z avlodiga qonunga itoatkor boylarning baxtli taqdirini baxshida etishni o‘ylagan edi. Biroq o‘ttiz yillik voqealar birdan qonli aks-sado berib, o‘zaro ziddiyatlar kelib chiqadi. Vaziyat qaltis tus oladi va buni faqat don bartaraf etishi mumkin. Lekin qay tarzda: qon to‘kibmi yoki tinch yo‘l bilanmi? Bu butun boshli xonadonning xuni, axir…
Sevgi-muhabbatning fojiali intihosi, dushmanlar nizosi, dahshatli muhoraba, qonli intiqom, pul va mol-dunyo vasvasasi uzoq yillik adovatga olib keladi. Bularning hammasiga esa o‘ylanmay qilingan mudhish xato sabab bo‘ladi.
Mahalliy
Dorilar jim o‘ldiradi yoxud «Elektron retsept» ortidagi haqiqat
Elektron retsept tizimi joriy qilinishi bilan ijtimoiy tarmoqlarda katta bahs-munozaralar paydo bo‘ldi.
Ba’zi bemorlar surunkali kasalligi tufayli doimiy ravishda qabul qiladigan dorilari ham endilikda retsept asosida beriladigan dorilar ro‘yxatiga kiritilganidan norozi.
To‘g‘ri, biz dorini osongina qabul qilamiz. Ammo u noto‘g‘ri ichilsa — oshqozon, yurak, jigar, ichak va gormonlar tizimini asta sekin yemira boshlaydi.
21 yillik tajribaga ega farmatsevtika eksperti va endokrinolog Gavhar Muxiddinova bilan bo‘lgan intervyuda elektron retsept, antibiotiklar, gormonlar, insulin, disbakterioz va hatto anafilaktik shokgacha olib kelgan real holatlar haqida ochiq suhbatlashdik.
Gavhar Muxiddinovaning so‘zlariga ko‘ra, elektron retsept tizimi dorilarni nazorat qilish va noto‘g‘ri foydalanishni kamaytirish maqsadida joriy etildi.
«Bemor o‘zboshimchalik bilan dori ichsa, natija jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin,» — deydi u.
Shu jumladan:
Antibiotiklar oshqozon va ichak mikroflorasiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Gormonal preparatlar va insulin noto‘g‘ri qabul qilinsa, qalqonsimon bez va umumiy gormon tizimiga zarar yetkazadi.
Disbakterioz va anemiya ko‘pincha noto‘g‘ri yoki ortiqcha dorilar oqibatida yuzaga keladi.
Ba’zi bemorlar esa o‘zboshimchalik bilan dori qabul qilish oqibatida anafilaktik shok holatiga duch kelgan.
Ekspert elektron retsept tizimini aynan shu xavfli dorilarni nazorat qilish uchun samarali vosita sifatida baholaydi.
Uning ta’kidlashicha, har bir dori muayyan vaziyat va bemor holatiga mos ravishda individual tanlanishi kerak.
Shuningdek, Gavhar Muxiddinova, qimmat dorilar har doim ham foyda beradimi yo‘qmi, uning analoglaridan farqi nimada ekanligini ham aniq tushuntirib berdi.
Elektron retsept tizimi ba’zi bemorlar tomonidan shikoyatlar va ayrim noqulayliklarni keltirib chiqarishi mumkin, ammo uning asosiy maqsadi — bemor xavfsizligini ta’minlash.
Bu suhbatni nafaqat bemorlar, balki, shifokorlar ham ko‘rishi tavsiya etiladi.
Mahalliy
Ekoshapaloq (hajviya)
Ekoshapaloq (hajviya)
Source link
-
Siyosat5 days agoKorrupsiyaga qarshi kurash agentligi 2025-yilda davlat tenderlarida 666,6 milliard bedana sotilganini maʼlum qildi.
-
Siyosat4 days agoSaida Mirziyoyeva Toshkent transport tizimini modernizatsiya qilish boshlanganini maʼlum qildi
-
Jamiyat3 days ago10:10 “Hovlimizda doim bahor” – angrenlik qulupnaychi
-
Siyosat5 days ago
Londonda Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari uchrashadi
-
Dunyodan5 days ago
Saudiya Arabistoni AQSh elchisining “Isroilning qo’shni hududlarga bo’lgan huquqlari” haqidagi izohlariga izoh berishni talab qildi.
-
Siyosat5 days agoShavkat Mirziyoyev Surkandaryo harbiy qismining havo hujumidan mudofaa tizimini ko‘zdan kechirdi
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp oʻzining eski “hiylasini” takrorladi
-
Jamiyat3 days ago
55 metrli shokoladli poyezd Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi
