Jamiyat
«World Content Market»da ilk bor O‘zbekiston milliy paviloni tashkil etildi
«World Content Market»da ilk bor O‘zbekiston milliy paviloni tashkil etildi.
Media va raqamli kontent sohasidagi nufuzli xalqaro tadbir – World Content Market o‘z ishini boshladi. Joriy yilda O‘zbekiston ushbu yirik media bozorida ilk bor milliy pavilon bilan ishtirok etib, mamlakatning milliy kontent salohiyatini global maydonda keng namoyon etmoqda.
«World Content Market» 2008 yildan buyon televideniye va raqamli kontentni yaratish, tarqatish, monetizatsiya qilish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilib kelayotgan yirik media platformalardan biri hisoblanadi. Mazkur tadbir har yili dunyoning turli mamlakatlaridan media industriya vakillarini bir maydonga jamlab, yangi loyihalar, sheriklik tashabbuslari va kontent savdosi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Joriy yilgi tadbirda 20 ga yaqin davlatdan 1500 dan ortiq media sohasi mutaxassislari, 500 dan ziyod kompaniyalar qatnashmoqda. Shuningdek, Janubiy Koreya, Turkiya, Hindiston, Rossiya, MDH mamlakatlari, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarning milliy ekspozitsiyalari namoyish etilmoqda.
Ishtirokchilar qatoridan 150 dan ortiq televizion kanallar (barcha platformalar bo‘yicha), 40 dan oshiq OTT platformalari va video-portallar, 200 dan ziyod kontent distribyutorlari, 100 dan ortiq prodyuserlar, 100 dan ziyod studiyalar hamda ishlab chiqarish xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalardan iborat kontent xaridorlari o‘rin olgan.
O‘zbekiston milliy pavilonida 10 dan ortiq xususiy kontent ishlab chiqaruvchilar tomonidan 500 dan ortiq o‘zbek badiiy filmlari va seriallari xalqaro xaridorlar e’tiboriga taqdim etilmoqda.
Kontent markazi tomonidan tashkil etilgan mazkur pavilon doirasida o‘zbek milliy kontentini xalqaro bozorga olib chiqish, uni xorijiy telekanallar va raqamli platformalarda joylashtirish hamda eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
O‘zbekistonning Moskva shahrida o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro media maydonda milliy pavilon bilan ilk bor ishtirok etishi mamlakatda milliy kontent sanoatini rivojlantirish, mahalliy ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va o‘zbek madaniy mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish yo‘lida muhim strategik qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Jamiyat
Qurilish inspeksiyasi ob’yektlarda 250 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqladi
O‘tgan yili qurilish ob’yektlarida loyihachi va buyurtmachilarning nazoratchilari 42 mingta kamchilik qayd etgan, Qurilish inspeksiyasi esa yana 250 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqlagan. Sabab – loyihachi hamda buyurtmachilarda mualliflik va texnik nazorat bo‘yicha manfaatdorlik yo‘q.
Shu bois, joriy yil 1-iyundan boshlab davlat buyurtmachilari faoliyati to‘liq KPIga bog‘lanishi, xodimlarning oyligi 3 karra oshirilishi belgilandi. Loyiha hujjatini ishlab chiqish uchun ob’yekt qiymatining 5 foizigacha mablag‘ beriladi, mualliflik nazorati uchun esa alohida shartnoma asosida to‘lov qilinadi.
Shu bilan birga, endi texnik nazorat yoki mualliflik nazoratchisi mas’ul bo‘lgan ob’yektda qo‘pol qoidabuzarlik aniqlansa, pudrat korxonasi bilan birga nazoratchilarga ham qat’iy chora ko‘rish zarurligi qayd etildi. Loyihachining «Shaffof qurilish»dagi reytingi ham pasaytiriladi.
O‘tgan yili 400 nafar qurilish nazoratchisi yonkamera bilan ta’minlandi, 1 ming 221 ta ijtimoiy va infratuzilma ob’yektiga videokuzatuv kameralari o‘rnatildi.
Endilikda budjetdan quriladigan qiymati 3 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan ijtimoiy soha ob’yektlari, ko‘p qavatli uy, yirik savdo va sanoat korxonasi, mehmonxona, turizm ob’yektlari qurilishi ham onlayn nazorat kameralari bilan qamrab olinadi.
Urbanizatsiya qo‘mitasiga shaharsozlik qoidalarini qo‘pol buzganlik bo‘yicha moliyaviy sanksiya joriy qilish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Xalqaro moliya tashkilotlari bilan 20 milliard dollardan ortiq infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda.
Lekin kichik va o‘rta quruvchilar uyoqda tursin, hatto yuqori reyting, yetarli mablag‘ va texnikaga ega bo‘lgan mahalliy korxonalarimiz ham ushbu bozorga to‘liq kira olmayotgani, kirgani ham subpudratchi bo‘lib ishlayotgani qayd etildi.
Mutasaddilar, buyurtmachi vazirlik va idoralar xalqaro moliya tashkilotlari bilan muzokaralarda quruvchilarimiz imkoniyatlarini ko‘rsatib bera olmayotgani, shartnoma shartlarini belgilashda mahalliy pudratchilar manfaatlarini himoya qilmayotgani, xalqaro tenderlar shartlarini o‘rgatmagani uchun eng arzon narx bergan korxonalarimiz ham tenderda raqobat qila olmayotgani tanqid qilindi.
Shu bois, mahalliy loyihachi, quruvchi va konsultantlarni xalqaro tenderlarda ishtirok etishga o‘qitish bo‘yicha tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.
Qolaversa, quruvchilarimiz qo‘shni davlatlardagi xalqaro loyihalarda bosh pudratchi bo‘lib qatnasha boshlagani yuqori baholandi.
Aholini uy-joyga bo‘lgan talabini ta’minlash doimiy diqqat markazida bo‘lishi shartligi ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda 56 ta «Yangi O‘zbekiston» massivining infratuzilmasi uchun 4 trillion 100 milliard so‘m mablag‘ berildi. Joriy yil ushbu maqsadlarga yana 1 trillion 400 milliard so‘m ajratilmoqda.
Lekin 2025-yilda Toshkent viloyatida 2,1 mingta, Samarqandda 1,5 mingta, Farg‘onada 1,3 mingta, Toshkent shahrida 1 mingta, Jizzaxda 380 ta xonadon foydalanishga topshirilmagan.
Soha mutasaddilari va hokimlar bu yil «Yangi O‘zbekiston» massivlarida 34 ming xonadonni qurib bitkazishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qurilishi davom etayotgan massivni kengaytirishga o‘sha hududdagi 85 foiz kvartirani egasiga topshirganidan keyingina ruxsat berilishi belgilandi.
Poytaxt va Samarqand tajribalari asosida investitsiya kompaniyalari tashkil qilindi. Bu kompaniyalar 1 oktyabrdan boshlab, ko‘p qavatli uylar qurish uchun yerlarni qurilishga ruxsati, arxitektura rejalashtirish topshirig‘i va dastlabki loyihasi bilan birga tayyor holda auksionga chiqaradi.
Jamiyat
Navoiyda 8 yoshli o‘quvchi B2 sertifikatini qo‘lga kiritdi
Navoiy shahridagi 4-maktab o‘quvchisi Muhammadali Yusupov chet tilini bilish darajasi bo‘yicha milliy sertifikat oldi. U ilk urinishdayoq bu natijani qayd etdi.
Navoiy shahridagi 4-umumta’lim maktabining 2-sinf o‘quvchisi Muhammadali Yusupov ingliz tilidan B2 sertifikatni qo‘lga kiritdi. Bu yosh jihatdan milliy sertifikatni qo‘lga kiritish bo‘yicha O‘zbekistondagi eng yaxshi natijalardan biri bo‘ldi.
Ma’lum bo‘lishicha, Muhammadali qariyb 3 yildan buyon ingliz tilini qo‘shimcha darslar asosida o‘rganib kelgan. Unga oxirgi 6 oyda o‘quv markazi o‘qituvchisi Shahzod Bobonazarov dars o‘tgan.
“Birinchi urinishdayoq sertifikatni qo‘lga kiritdi. Bu O‘zbekistondagi eng yaxshi natijalardan biri”, deydi Shahzod Bobonazarov.
Muhammadali Yusupovning onasi Shohsanam Hasanova uy bekasi, otasi Alisher Ro‘ziyev esa NKMKda faoliyat olib boradi.
Avvalroq Farg‘onada 3-, Samarqandda 4- hamda Navoiyda 5-sinf o‘quvchisi shunday natijani qayd etgandi.
Tahririyat: Shu turdagi milliy sertifikatni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarning yaqinlaridan bu haqida xabar chiqarishni so‘rab ko‘p so‘rov keladi. Kelgusida 8 va undan kichik yoshdagi shunday qahramonlar haqida ma’lumot yuborilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Jamiyat
O‘zbekiston BMT UNFCCC tomonidan e’tirof etildi
BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (UNFCCC) Ijrochi kotibi Saymon Stil O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga yangilangan Milliy miqyosda belgilangan hissalarni (ONUV 3.0) taqdim etgani uchun minnatdorlik maktubi yo‘lladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston iqlim bo‘yicha Parij kelishuvi doirasida Uchinchi Milliy darajada belgilangan hissa (ONUV 3.0)ni ishlab chiqib, 2025-yil noyabr oyida COP30 — BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi tomonlarining 30-konferensiyasida (Braziliyaning Belen shahrida) rasman taqdim etgan edi.
Milliy sharoit va imkoniyatlardan kelib chiqib, mamlakat 2035-yilga borib yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari tashlamalarini 2010-yil darajasiga nisbatan 50 foizga kamaytirish majburiyatini oldi.
Murojaatda ONUV 3.0 mamlakatning iqlim bo‘yicha ambitsiyalari oshganini aks ettirishi ta’kidlangan. Shuningdek, keng tarmoqlar qamrovi, 2055-yilga borib uglerod neytralligiga erishishga yo‘naltirilgani hamda Global yakuniy baholash natijalari inobatga olingani qayd etilgan. COP30 Belen qarorlari esa tashlamalarni kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha global sa’y-harakatlarni kuchaytirishi alohida ta’kidlangan.
Saymon Stil UNFCCC Kotibiyati O‘zbekiston Respublikasiga ONUV 3.0da belgilangan maqsadlarga erishishda har tomonlama yordam ko‘rsatishni davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi.
O‘z navbatida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ham issiqxona gazlari tashlamalarini kamaytirish, iqlimga chidamlilikni oshirish va barqaror rivojlanishga qaratilgan iqlim siyosatini amalga oshirish yo‘lida xalqaro hamkorlar bilan faol hamkorlikni davom ettirish niyatini bildirdi.
Jamiyat
24 yashar yigitning qing‘ir niyati qimmatga tushdi
Navoiy viloyati, Navbahor tumani markazida joylashgan maishiy mahsulotlar do‘koniga o‘g‘irlik qilish maqsadida chiqqan 24 yoshli yigitning rejalari amalga oshmadi. Bu haqda Navoiy viloyat IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimov ma’lum qilmoqda.
Fuqaro N.X. ushbu do‘konga kirish uchun avval shisha eshikni sindirishga uringan. Bu urinishi samara bermagach, u binoga tuynuk orqali kirishga qaror qilgan. Kuzatuv kameralarini ham ishdan chiqarishga urinib, o‘z izlarini yashirishga harakat qilgan. Biroq, shu daqiqalarda u kutmagan holat sodir bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, maishiy mahsulotlar do‘koni Qo‘riqlash xizmati xavfsizlik tizimiga ulangan bo‘lgan. Allaqachon Navoiy viloyati IIB huzuridagi Qo‘riqlash xizmati monitoring markaziga xavotirli signal kelib tushgan bo‘lgan. Dovdirab qolgan N.X. o‘zini eplab olishga ulgurolmay turib, bir necha daqiqalar ichida voqea joyiga tezkor guruh yetib kelgan. Va qo‘riqlanadigan ob’yekt yaxlitligini buzilganiga guvoh bo‘lishgan. Xodimlarning tezkorligi va sinchkovligi natidasida N.X., aynan, o‘sha joyning o‘zida jinoyat ustida ushlangan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Hafta oxirida yog‘ingarchilik kutilmayapti
O‘zbekistonda dam olish kunlari ko‘plab hududlarda yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘ladi. Harorat kunduzi +20…+25, janubda esa +26…+28 darajagacha ko‘tariladi.
O‘zbekistonda dam olish kunlari ko‘plab hududlarda yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘ladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.
Juma kuni Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysining ayrim hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. Boshqa hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati +13…+18 daraja bo‘ladi.
Shanba va yakshanba kunlari faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Yakshanba kuni Farg‘ona vodiysining ayrim hududlarida ham biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Harorat asta-sekin ko‘tariladi va yakshanba kuni kunduzgi harorat +20…+25, janubda esa +26…+28 darajaga ko‘tariladi.
19 aprelda respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlarida ba’zi joylarda 15–20 metr/soniyagacha shamol esishi kutilmoqda, chang to‘zonlar kuzatilishi mumkin. Respublikaning tog‘li hududlarida 17–19 aprel kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, baland tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Toshkent shahrida dam olish kunlari davomida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Juma kuni harorat +14…+16, shanba kuni +19…+21 va yakshanba kuni +21…+23 daraja bo‘ladi.
-
Siyosat5 days ago
Buxoroda O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
-
Mahalliy5 days ago
Xorijlik abituriyentlar uchun «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» grant dasturi joriy etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
16-apreldan dollar sezilarli ravishda oshadi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekistonga kofe importi keskin kamaydi
-
Turk dunyosi5 days agoDadam Turkiyadagi dahshatli tish davolash tufayli tishlarini yo’qotib, o’z joniga qasd qiladi
-
Sport4 days agoToshkentda taekvondo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati start oldi
-
Sport2 days ago
Shavkat Mirziyoyev Sindorovni telefon orqali tabrikladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar, yevro va funt-sterling pasaydi
