Iqtisodiyot

UzNIF IPO arafasida BlackRock, Franklin Templeton va boshqalar bilan 300 mln dollarlik bitimlar tuzdi

Published

on


O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi IPO arafasida BlackRock, Franklin Templeton, Redwheel hamda Allan & Gill Gray kabi tayanch investorlar bilan qariyb 300 mln dollarlik kelishuvlar tuzib qo‘yganini e’lon qildi. Ular UzNIF aksiyalarini IPO narxida sotib oladi. Avvalroq UzNIF portfeli 2,4 mlrd dollarga baholangan edi. Jami nechta aksiya qancha narxdan taklif etilishi may oyi o‘rtalarida ma’lum bo‘ladi.

O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) mahalliy va xalqaro fond bozorlarida IPO o‘tkazish niyatini tasdiqladi. Bu haqda Kun.uz’ga taqdim etilgan press-relizda so‘z boradi.

Dual listing doirasida Toshkent fond birjasida chakana va institutsional investorlarga kompaniyaning oddiy aksiyalari, London fond birjasida esa muayyan institutsional investorlar uchun GDR’lar taklif etiladi.

Ma’lum qilinishicha, BlackRock, Franklin Templeton, Redwheel boshqaruvidagi ayrim fondlar va hisobvaraqlar hamda Allan & Gill Gray Foundation’ning to‘liq egaligidagi ikkita g‘aznachilik kompaniyasi bilan jami taxminan 300 mln dollar miqdoridagi GDR’larga yakuniy taklif narxida obuna bo‘lish bo‘yicha odatdagi shartlarga muvofiq tayanch (“cornerstone”) kelishuvlar tuzilgan.


BlackRock (AQSh) – jahondagi eng yirik aktivlar boshqaruvchisi. Dunyo bo‘ylab ushbu kompaniya boshqaruvidagi aktivlar qiymati 12,5 trillion dollardan oshadi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BlackRock katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesi bilan so‘nggi bir yilda uch marta uchrashuv o‘tkazdi.
Franklin Templeton (AQSh) va Redweel (Britaniya) ham yirik investitsiya kompaniyalari bo‘lib, ularning o‘zbek aksiyalariga kirishi – boshqa investorlarning ishonchi uchun muhim ahamiyatga ega.

Yakuniy narx, sotiladigan GDR’lar va aksiyalar soni bukbildingdan keyin belgilanadi va 2026 yil may oyi o‘rtalarida e’lon qilinishi kutilmoqda.

Aksiyalarning birjaga joylanishi – narx va taklif hajmi e’lon qilinganidan keyin “qisqa muddat ichida” ro‘y beradi.

UzNIF’ni 2025 yil may oyidan buyon Franklin Templeton (AQSh) kompaniyasining sho‘’basi boshqarib kelmoqda. Kompaniyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh ijrochi direktori Marius Dan mazkur IPO O‘zbekistondan birinchi xalqaro aksiyadorlik taklifi bo‘lishini qayd etdi.

“UzNIF IPO’si O‘zbekiston kapital bozorlari uchun ham, keng doiradagi investorlar uchun Markaziy Osiyoning eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlaridan biriga kirish imkonini taqdim etishga mo‘ljallangan investitsiya platformasi sifatida UzNIF uchun ham muhim bosqich hisoblanadi. Ushbu IPO O‘zbekistondan ilk xalqaro aksiyadorlik taklifi bo‘ladi, bu esa mamlakatning islohotlar dasturi doirasida erishgan sezilarli yutuqlarini, barqaror iqtisodiy o‘sishini, jadal transformatsiyasini hamda xalqaro investorlar uchun tobora jozibador bo‘lib borayotganini tasdiqlaydi”, – dedi Marius Dan.

Milliy investitsiya jamg‘armasi – O‘zbekistonda transport, energetika, kommunal va telekommunikatsiya xizmatlari kabi sohalardagi 13 ta yirik davlat kompaniyasining 25-40 foiz ulushlarini o‘zida jamlagan.

Aksiyalar sotuvidan keladigan mablag‘lar jamg‘armaning o‘ziga emas, uning yagona aksiyadori – Iqtisodiyot va moliya vazirligiga, ya’ni davlat budjetiga tushadi.

IPO tashkilotchilari va konsultantlar kimlar?

London fond birjasida GDR’larni joylashtirish jarayonini boshqaruvchi yagona global koordinator – Jefferies International Limited. Qo‘shma bukrannerlar – Abu Dhabi Commercial Bank, Auerbach Grayson, Raiffeisen Bank (ODDO BHF SCA bilan hamkorlikda), WOOD & Company.

Toshkentdagi taklifni boshqarish uchun mahalliy menejerlar: Alkes Research, Avesta Investment Group va Bluestone Financial Group tanlangan. Yuqorida nomi keltirilgan yagona global koordinator va qo‘shma bukrannerlar mahalliy joylashtiruvda ham ishtirok etadi.

UzNIF’ning moliyaviy maslahatchilari: STJ Advisors Group, ScholzvonGleich, Finasia Capital.

UzNIF va IMVning yuridik maslahatchilari: Cleary Gottlieb Steen & Hamilton, Kosta Legal.

Yagona global koordinator va qo‘shma bukrannerlarning yuridik maslahatchilari: White & Case, Dentons.

GDR dasturi bo‘yicha depozitar bank: The Bank of New York Mellon.

Depozitar bankning yuridik maslahatchilari: Debevoise & Plimpton, Centil Law Firm.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version