Jamiyat
Trackerʼdan 8,9 kg gashish topildi
Toshkent–Farg‘ona yo‘nalishida harakatlanayotgan Tracker rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, uning yukxonasidan qariyb 9 kilogramm gashish moddasi aniqlandi. Haydovchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari hamda Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi va kontrabandasiga qarshi qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida «Toshkent – Farg‘ona» yo‘nalishida harakatlanayotgan Tracker rusumli transport vositasi yo‘l-patrul xizmati maskanida to‘xtatildi. Avtomashina Farg‘ona shahrida yashovchi, muqaddam talonchilik jinoyati uchun sudlangan 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro tomonidan boshqarilayotgan bo‘lgan.
Transport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, haydovchining o‘z iste’moli uchun saqlab qo‘ygan 1,72 gramm narkotik moddasi borligi aniqlangan. Qo‘shimcha tekshiruvlar davomida esa avtomashinaning yukxonasidan 8 kilogramm 913 gramm gashish musodara qilingan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida ushbu shaxs mazkur narkotik moddani qo‘shni davlatdan Toshkent viloyati hududiga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan narkotuhfani qabul qilib olib, doimiy yashash manziliga olib ketayotgani ma’lum bo‘lgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
DXX fuqarolarni giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq holatlar haqida 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Ma’lumot beruvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.