Mahalliy
«UzHack» — xorijdagi vatandoshlarni birlashtirgan ilk xalqaro hakaton
Latviyaning Riga shahri uch kun davomida Boltiqbo‘yi mamlakatlarida tahsil olayotgan va ishlayotgan vatandoshlarimizning innovatsion markaziga aylandi. 2026-yilning 27–29-mart kunlari bo‘lib o‘tgan «UzHack» texnologik hakatoni nafaqat IT-musobaqa, balki xorijdagi yosh iste’dodlarni vatan bilan bog‘lagan ko‘prik bo‘ldi.
Mazkur hakaton ilk bor o‘tkazilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Tadbir «Vatandoshlar» jamoat fondi hamda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi hamkorligida, Latviya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi ko‘magida yo‘lga qo‘yildi.
Hakaton doirasida innovatsion g‘oyalar va texnologik yechimlar ishlab chiqish, startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek turli mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar o‘rtasida barqaror professional aloqalarni shakllantirish asosiy maqsadga aylandi.
Tadbirda 70 nafardan ortiq ishtirokchi 20 ta jamoaga birlashgan holda qatnashdi. Ishtirokchilar 48 soat davomida O‘zbekiston Markaziy banki, Raqamli texnologiyalar vazirligi, «Uzinfocom» hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan taqdim etilgan dolzarb keyslar ustida ishladi. Mazkur keyslar real muammolar asosida shakllantirilgani bilan ishtirokchilarning amaliy ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qildi.
48 soat davom etgan intensiv ish jarayonlari yakunida hakamlar hay’ati bahosiga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘olib deb topildi: 1-o‘rin — Osmondagi bolalar, 2-o‘rin — UzVision, 3-o‘rin — Onetour, 4-o‘rin — One Click.
«UzHack» xalqaro hakatoni yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni global innovatsion muhitga integratsiya qilish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish hamda O‘zbekistonning intellektual salohiyatini xalqaro maydonda namoyon etishda muhim platforma bo‘lib xizmat qildi. Mazkur loyiha kelgusida an’anaviy tarzda davom ettirilishi kutilmoqda.
Davron Ergashev
Mahalliy
Ayrim texnikumlarda Ekostipendiya ta’sis etiladi
Avvalroq O‘zbekistonda ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirish maqsadida Prezidentning tegishli qarori qabul qilingani haqida xabar bergandik.
Mazkur qarorga ko‘ra, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti hamda «Yashil» texnikumlar ta’lim tizimining uzviyligini ta’minlash maqsadida 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab «yashil» texnikumlarda ta’lim jarayoni Universitet tomonidan ishlab chiqiladigan va Kasbiy ta’lim agentligi tasdiqlaydigan ta’lim dasturlari asosida tashkil qilinadi.
Shuningdek, kelgusi o‘quv yilidan «yashil» texnikumlarda majburiy va tanlov fanlari Universitet tomonidan belgilanadi. Universitetning 1-bosqichida o‘qitiladigan mutaxassislik fanlari «yashil» texnikumlarning 2-bosqich o‘quv dasturlariga maxsus kurs sifatida kiritiladi.
Qarorga muvofiq «yashil» texnikumlarni muvaffaqiyatli bitirgan ingliz tilidan V2 darajaga ega bo‘lgan bitiruvchilarga Universitet tomonidan belgilangan ballar o‘rtacha qiymatidan (GPA) kelib chiqib, bakalavriatning 2-bosqichidan o‘qishni davom ettirishga ruxsat beriladi.
Shu jumladan, «yashil» texnikumlarda Ekostipendiya ta’sis etiladi va har yili 10 nafargacha iqtidorli o‘quvchilarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda stipendiya to‘lanadi.
Mahalliy
2027-yilgacha hududlarda jami 14 ta «yashil» texnikum ochiladi
O‘zbekistonda ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirish maqsadida Prezident qarori qabul qilindi. Hujjat «Eko-madaniyat» umummilliy loyihasi doirasida amalga oshiriladi.
Qarorga ko‘ra, 2026–2027-yillar davomida respublika hududlarida jami 14 ta «yashil» texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ularda ekologik sohalar uchun o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash tizimi joriy etiladi.
Shu bilan birga, 2030-yilgacha ushbu ta’lim muassasalarida 10 ming nafar mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan. 2026–2028-yillarda ekologiya va iqlim o‘zgarishi sohasida ilmiy daraja olgan mutaxassislar sonini 150 nafarga yetkazish vazifasi belgilandi. Bu ilm-fan salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
2026/2027-o‘quv yilidan ayrim ta’lim muassasalari «yashil» texnikumlar sifatida qayta tashkil etiladi. Ularda hududning ekologik va iqtisodiy xususiyatlaridan kelib chiqib, kadrlar tayyorlanadi.
«Yashil» texnikumlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda ular maxsus universitet bilan hamkorlikda ishlaydi.
Jumladan, texnikumlar Kasbiy ta’lim agentligi bilan kelishuv asosida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetiga biriktiriladi.
Mahalliy
Maktab va OTMlarda kontentni filtrlash tizimi joriy etilishi mumkin
AQShga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Kanadaning «Netsweeper» kompaniyasi bosh texnik direktori Lu Erdeli bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda internet makonida xavfsizlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda zararli onlayn kontentni cheklash va ayniqsa bolalar hamda yoshlarni himoya qilishga qaratilgan yechimlarni joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, maktablar va oliy ta’lim muassasalarida kontentni filtrlash tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etish, sun’iy intellekt asosida axborotni tasniflash va xavfli kontentni erta aniqlash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda telekommunikatsiya operatorlari uchun tarmoq darajasida kontentni boshqarish bo‘yicha texnik yechimlar ham muhokama qilindi. Bu orqali internet makonida xavfsizlikni ta’minlash va zararli axborot tarqalishining oldini olish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqlikni ta’minlash va foydalanuvchilar manfaatlarini himoya qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar tizimlarning shaffof ishlashi, xalqaro xavfsizlik standartlariga mosligi va ularni joriy etishda tashkilotlar o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Muzokaralarda raqamli savodxonlikni oshirish va kibermadaniyatni rivojlantirish yo‘nalishlari ham ko‘rib chiqildi. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida onlayn xavfsizlik madaniyatini shakllantirish muhim vazifa sifatida qayd etildi.
Shu maqsadda amaliy treninglar va ta’lim dasturlarini tashkil etish, internetdan mas’uliyatli foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish rejalari muhokama qilindi.
Mahalliy
“Zita va Gita”dagi kennoyi – Manorama hayoti
Hind kinosi tarixida shunday aktrisalar borki, ular ekranda bir necha daqiqa ko‘rinsa ham, tomoshabin qalbida chuqur iz qoldiradi. Shu kabi noyob iste’dod sohiblaridan biri – “Zita va Gita” filmidagi yovuz kennoyi obrazi bilan mashhur bo‘lgan Manorama edi.
Haqiqiy ismi – Erin Isaak Daniyel. Ammo millionlab muxlislar uni faqat bitta nom – Manorama orqali taniydi.
Manorama 1926 yil 16 avgustda Lahorda dunyoga kelgan. Uning otasi irlandiyalik, onasi hindistonlik edi. Bolaligi oson kechmadi – moddiy qiyinchiliklar, hayot sinovlari uni erta ulg‘aytirdi.
Bo‘lajak aktrisa yoshligidanoq san’atga, ayniqsa sahnaga qiziqdi. Bu qiziqish uni kino olamiga olib kirdi. O‘sha paytlari Bollivudda o‘z o‘rnini topish oson emasdi, ammo Manorama tinimsiz mehnati va o‘ziga xos iste’dodi bilan bu yo‘lni bosib o‘tdi. Keyin esa klassik Bollivud davrining eng yorqin ikkinchi plandagi aktrisalaridan biriga aylandi.
Manoramaning obrazlari oddiy bo‘lmagan. U qattiqqo‘l qaynona, ayyor va makkor ayol, bir vaqtning o‘zida kulgili va qo‘rqinchli qahramon rolini o‘ynar edi. Aktrisaning mimikasi, ovozi va harakatlari shu qadar kuchli ediki, hatto kichik roli ham tomoshabin yodida qolardi.
1972 yilda ekranga chiqqan «Zita va Gita» filmi Manoramaga haqiqiy shuhrat olib keldi. Aktrisa unda zolim, ochko‘z va shafqatsiz kennoyi – Kaushaliya rolini ijro etdi. Mazkur obraz tomoshabinni g‘azablantirdi va bir vaqtning o‘zida kuldirdi, shu asnoda uni kino tarixida qoldirdi. Manorama bu roli orqali «negativ komediya ustasi» sifatida tanildi.
Ekranda qattiqqo‘l va qo‘rqinchli ko‘ringan bu ayolning shaxsiy hayoti ancha og‘ir kechgan. U turmush qurgan, ammo oilaviy baxtga erisha olmagandi. Umr yo‘ldoshi bilan munosabatlari murakkab kechdi. Keyinchalik eri vafot etgach, bu Manorama uchun katta ruhiy zarba bo‘ldi.
Ammo Manoramaning eng katta dardi qizining bedarak yo‘qolishi hisoblanadi. Rita Axtar uning eng aziz insoni, nuridiydasi bo‘lib, sirli ravishda yo‘qolgan edi. Onaizor qizini yillar davomida kutdi, izladi, umid qildi… ammo bu umid-ilinj hech qachon ro‘yobga chiqmadi. Qizidan ayriliq dardi aktrisa qalbida umrining oxirigacha qoldi.
Manoramaning yoshi o‘tgan sari kinoga takliflar kamaydi. Daromad yo‘qoldi.
Bir vaqtlar millionlar olqishlagan aktrisa moddiy qiyinchilikka duchor bo‘ldi, hatto uyidan ayrildi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Manorama ko‘chada yashashgacha borgan. Bu holat uning shonli o‘tmishi bilan keskin zid edi.
Hayotining oxirida Manorama bir necha loyihada ishtirok etib, ozgina bo‘lsa-da moliyaviy barqarorlikka erishdi. U kichikroq uy sotib oldi va tinchroq hayot kechirishga harakat qildi.
Manorama 81 yoshida insult tufayli vafot etdi. Eng alamlisi shundaki, uning dafn marosimida juda kam odam qatnashdi. Manorama deyarli unutilgan holda hayotdan ko‘z yumgan edi. Bir paytlar ekranni «zabt etgan» aktrisa hayot sahnasini jimgina tark etdi. U ekranda zolim kennoyi edi. Hayotda esa mehrga muhtoj, qalbi yaralangan inson bo‘lib vafot etdi.
Akbar Fathullayev
Mahalliy
Odob
-
Dunyodan3 days agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Dunyodan4 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozida baʼzi davlatlar bilan koridor ochadi
-
Sport4 days agoO‘zbekiston 4 ta gol urilgan o‘yinda Gabon ustidan irodali g‘alaba qozondi
-
Dunyodan4 days ago
Saudiya Arabistoni AQShni urushga chaqirmoqda
-
Turk dunyosi3 days agoBangladesh va Turkiya axborot almashish memorandumi boʻyicha umumiy kelishuvga erishdilar
-
Siyosat4 days agoMarkaziy Osiyoda 2030 yilga borib elektr energiyasiga bo‘lgan talab 40 foizga oshadi, deya ogohlantiradi ETB hisobotida
-
Iqtisodiyot5 days ago2026 yilda dunyodagi 50 ta eng yirik iqtisodiyot
