Mahalliy

«UzHack» — xorijdagi vatandoshlarni birlashtirgan ilk xalqaro hakaton

Published

on


Latviyaning Riga shahri uch kun davomida Boltiqbo‘yi mamlakatlarida tahsil olayotgan va ishlayotgan vatandoshlarimizning innovatsion markaziga aylandi. 2026-yilning 27–29-mart kunlari bo‘lib o‘tgan «UzHack» texnologik hakatoni nafaqat IT-musobaqa, balki xorijdagi yosh iste’dodlarni vatan bilan bog‘lagan ko‘prik bo‘ldi.

Mazkur hakaton ilk bor o‘tkazilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Tadbir «Vatandoshlar» jamoat fondi hamda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi hamkorligida, Latviya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi ko‘magida yo‘lga qo‘yildi.

 

Hakaton doirasida innovatsion g‘oyalar va texnologik yechimlar ishlab chiqish, startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek turli mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar o‘rtasida barqaror professional aloqalarni shakllantirish asosiy maqsadga aylandi.

Tadbirda 70 nafardan ortiq ishtirokchi 20 ta jamoaga birlashgan holda qatnashdi. Ishtirokchilar 48 soat davomida O‘zbekiston Markaziy banki, Raqamli texnologiyalar vazirligi, «Uzinfocom» hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan taqdim etilgan dolzarb keyslar ustida ishladi. Mazkur keyslar real muammolar asosida shakllantirilgani bilan ishtirokchilarning amaliy ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qildi.

  

48 soat davom etgan intensiv ish jarayonlari yakunida hakamlar hay’ati bahosiga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘olib deb topildi: 1-o‘rin — Osmondagi bolalar, 2-o‘rin — UzVision, 3-o‘rin — Onetour, 4-o‘rin — One Click.

«UzHack» xalqaro hakatoni yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni global innovatsion muhitga integratsiya qilish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish hamda O‘zbekistonning intellektual salohiyatini xalqaro maydonda namoyon etishda muhim platforma bo‘lib xizmat qildi. Mazkur loyiha kelgusida an’anaviy tarzda davom ettirilishi kutilmoqda.

Davron Ergashev



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version