Jamiyat
“Unutmoq osonmas bizlarni” – Oxunjon Madaliyev xonadonidan reportaj
Mustaqillikning 34 yilligi munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev ilm-fan, adabiyot, madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirishga hissa qo‘shgan bir guruh marhum olim va ijodkorlarni mukofotladi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Oxunjon Madaliyev ham “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi. Kun.uz muxbiri Oltiariq tumanidagi Yangiarab qishlog‘ida – xonanda yashagan xonadonda bo‘lib, marhum qo‘shiqchining yaqinlari bilan suhbatlashdi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
“Mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan bayram arafasida otamga “Mehnat shuhrati” ordeni berildi. Qarangki, o‘tganlariga 25 yil bo‘lgan bo‘lsa-da, hali-hanuz otamning qilgan mehnatlari, xizmatlari el-yurtimizning va prezidentimizning eslaridan chiqmagani bizni judayam quvontirdi.
Bu katta e’tirof, katta e’tibor. Bu haqida o‘zimning Instagram sahifamga qo‘yganimda minglab odamlar xursand bo‘lib, o‘z fikrlarini yozishdi, yurtboshimizga rahmat aytishdi. Albatta, bu nafaqat bizning oilamiz, balki qishlog‘imiz, tumanimiz, viloyatimiz va butun O‘zbekistonimizdagi san’atsevar xalqimizni ham xursand qildi.
Oxunjon Madaliyev onasi bilan
Men ham qo‘shiq aytishni boshlaganimga 20 yil bo‘lgan bo‘lsa, lekin hali otamning hamma qo‘shiqlarini aytib ulgurganim yo‘q. Judayam ko‘p qo‘shiqlar yaratishgan. Judayam sermazmun, barakali ijod qilishganini endi-endi tushunib yetyapman-da. Judayam ko‘p qo‘shiqlari bor. Otamning qo‘shiqlari so‘ralmagan kunning o‘zi yo‘q. Deyarli har kuni so‘raladi. Umuman olganda, o‘zimning qo‘shiqlarimdan ko‘ra baribir ko‘proq qayerga borsam, otamning qo‘shiqlarini aytaman.
Qilichbek Madaliyev onasi Habibaxon Madaliyeva bilan
Otam onalarini, ya’ni buvimni judayam yaxshi ko‘rganlar. Avval eski hovlimizda birga yashaganmiz. Keyinchalik yangi hovliga alohida bo‘lib ko‘chib chiqqanimizdan keyin, aynan buvim uchun alohida xonalar solishgan, sharoitlar qilingan. Har kuni otam ertalab to‘yga ketayotganlarida, albatta, buvimning oldilariga tushib, birga nonushta qilib, duolarini olib, keyin to‘yga ketardilar.
To‘ydan kech kelsalar ham, onamdan so‘rarkanlar: “Buvimga obed jo‘natdingizmi, kechki ovqat jo‘natdingizmi?” deb. Lekin yerda ham buvim o‘zlari yolg‘iz bo‘lmaganlar. Amakim oilalari bilan u yoqda qolganlar. Baribir bu yerda qilingan ovqatdan ham, albatta, buvimga yuborish kerak bo‘lgan-da, shunaqa odat bo‘lgan. Hech shu narsalar esdan chiqmasdi. Judayam yaxshi ko‘rganlar. Sababi buvim rahmatli ham o‘zlari ko‘p intervyularda aytgan: “juda qiynalib katta qilganman”, deb. Ular oddiy qishloqning oddiy odamlari bo‘lishgan. U paytda dalalarga chiqib mehnat qilishgan. Qolaversa, otam o‘zi kenja farzand bo‘lganlar-da. Shuning uchun ham buvim ham otamni judayam yaxshi ko‘rganlar.
Men o‘ylaymanki, qiyinchilik bilan katta qilganlarini otam yurak-yuraklaridan his qilganliklari uchun hammi. Men eslayman bu narsani aniq. Buvim nima desalar, aytgan narsalari joyida bo‘lardi. Juda ko‘ngillariga qattiq qarardilar. Hech qachon xafa bo‘lmasin, nimadir zaruriyat bo‘lib qolmasin deb, har doim mana shu e’tiborda turardilar. Mana shu uylarimiz qurilishida ham hali ustalar ishlayotgan paytdayoq: “buvi, yuring, bir sizga yangi uyimizni ko‘rsatib kelay. Faloncha o‘zgarish bo‘ldi”, deb, ya’ni haligi imorat bitishni boshlaganda nimadirlar ko‘zga ko‘rinishni boshlaydi-yu baribir. O‘zlari olib chiqib, aylantirib, ko‘rsatardilar, “mana, bu yerda mana bunaqa xona qilaman, mana bu yerda mana bunaqa qilaman, mana bu uy sizga”, deb. Men tug‘ilgan hovli, u bu taraflar endi o‘sha paytda dasht deyilgan. Biz eski hovlimizning past tarafida borganmiz.
O‘sha pastki hovlimiz deymiz. Eski pastki hovlimizda tug‘ilganman. O‘sha yerda yashaganmiz. Otamning akalari bor edi, rahmatli bo‘ldilar. Amakim bilan o‘sha biz turgan hovli yonma-yon bo‘lgan. Amakim ham keyin bu yoqqa o‘tdilar. Buvim o‘sha hovlida qoldilar. Bu yoqqa kelishni xohlamadilar. Sababi endi haligi buvamiz ham rahmatli bo‘lib ketgan edilar. O‘shaning uchun otamga aytarkanlar-da: “yo‘q, men u yoqqa chiqmayman. Otangning ruhlari mana shu yerga keladi. Mana shu yerning chirog‘ini yoqib o‘tiraman, mana shu uyim mening. Shu yerda o‘tiraman”, deb. Lekin aytyapman-ku, har kuni ertalab otam, albatta, u hovliga tushardilar. Nonushta u yoqda bo‘lardi.
Agar vaqtlari bo‘lsa, umuman olganda ovqatlanadigan imkoniyat bo‘ladigan bo‘lsa, biz eski hovlimizga tushardik. Yoki buvim bu yoqqa olib chiqilardi. Imkon topsalar otam buvim bilan birga dasturxon ustida o‘tirishni ma’qul topardilar. Biz shuni ko‘rib o‘rganganmiz. Otamdek inson bo‘lish qiyin. Bag‘rikenglik, mehridaryolik, har kimda ham bo‘lavermaydi bunaqasi”, deydi Oxunjon Madaliyevning o‘g‘li Qilichbek Madaliyev.
Habibaxon Madaliyeva, Oxunjon Madaliyevning turmush o‘rtog‘i
“Prezidentimiz mukofotni berganidan, avvalambor, juda ham xursandmiz. Nafaqat oilamiz, butun O‘zbekiston Respublikasidagi Oxun akaning muxlislari juda katta xursandchilik bilan qarshi olishdi. Hozirgacha mana, telefon orqali hammalari bizni tabriklashyapti. Mana shu Oxun akamning qilgan mehnatlarini shunday darajaga ko‘tarib, shunday ordenlarni berganiga Allohga hamdu sanolar bo‘lsin.
Oxunjon Madaliyev Muhriddin Holiqov bilan
Turmush o‘rtog‘im “ona-o‘g‘il” ramzi bo‘lgan. Unda yosh edim, bolalarim kichkina edi. Torlarini ko‘tarib, xizmatga chiqib ketishar edi har kuni, onamning duosini olib, unda onamiz bilan birga yashardik. Turmush o‘rtog‘im onamni, ya’ni qaynonamni birinchi o‘rinda ko‘rgan, nihoyatda hurmatini joyiga qo‘ygan. Gastrolga ketishsa ham, 10 kun, 15 kunga onamdan xabar olib turing, men sizga ishonaman deb topshirib ketar edi. Onaning hurmatini joyiga qo‘yganini endi men boshqa joyda ko‘rmaganman-u, lekin oilada shuning guvohi bo‘ldim, ko‘rdim.
Xizmatga ketadimi, shoshilib turadimi, xalq xizmatda kutib tursa ham, birinchi o‘rinda onamning duosini olib, keyin xizmatga chiqib ketishar edi. Kelganlarida ham onamning oldiga tushib, uyqusida bo‘lsa ham ko‘rib, yuzlarini silab, duolarini olib keyin uyga kirar edi. Nihoyatda onam bebaho ona edi, dilbar ona edi.
Onam 42 yoshida ekanida Oxunjon akam tug‘ilgan ekan. Komiljon Otaniyozov, Olmaxon Hayitovaning qo‘shiqlarini eshitganda, shularning xizmatini qilsam deb niyat qilgan ekan. Tug‘ma iste’dod bor edi-da Oxun akada. Unaqa inson dunyoga 100 yilda bir marta keladi. Insonparvar, ko‘ngli ochiq, katta-yu kichikka bir xil hurmat-izzatda bo‘lib, hammani bir xil ko‘rar edi. Mahalladagi katta-kichiklarga bir xil hurmat-izzatda bo‘lishgan.
Oxun akam, onam borligida uyimiz qandaydir fayzli edi. Uyimizda kechgacha mehmon bo‘lardi. Unda yosh kelin edim, ularga xizmat qilib, ovqatlarini qo‘yib, baribir o‘shalarni ko‘rib o‘zim quvonib, charchaganimni ham bilmasdim. Dasturxonimiz doim kechgacha ochiq turar edi. Qo‘ni-qo‘shnilar chiqmasa chaqirishar edi. Onam juda odamni yaxshi ko‘rar edi. Odamlar bilan birga o‘tirib, maza qilib, xursand bo‘lib, suhbatlashib o‘tirishni yaxshi ko‘rar edi. Uyda hech kim bo‘lmasa zerikib qolar edi”, deydi Oxunjon Madaliyevning turmush o‘rtog‘i Habibaxon Madaliyeva.
Oxunjon Madaliyev Nusratovich 1963 yil 21 mayda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani Yangiarab qishlog‘ida duradgor Usta Nusrat oilasida dunyoga kelgan.
1980 yilda o‘rta maktabni tamomlab, 1981 yilda hujjatlarini Farg‘ona davlat pedagogika institutining musiqa fakultetiga topshirgan.
1985 yilda institutni muvaffaqiyatli tamomlab, yo‘llanma bilan Oltiariq tumanidagi 26-sonli o‘rta maktabda musiqa fani o‘qituvchisi bo‘lib ishladi.
Keyinchalik Hunar texnika bilim yurtida, bir oz vaqt o‘tib, Farg‘ona Davlat filarmoniyasida yakkaxon solist sifatida faoliyat yuritgan.
1989 yili Toshkent shahrida “Kamolot 89” ko‘rik tanlovida g‘olib bo‘lib, shu yilning dekabr oyida Xalqlar do‘stligi saroyida ilk yakkaxon konsert dasturini taqdim etgan. Keyinchalik xonanda Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Turkmaniston Respublikalarida konsert bergan.
Qo‘shiqchilik san’atiga qo‘shgan munosib hissasi uchun Oxunjon Madaliyev 1997 yil 26 avgustda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
1999 yil 25 avgustda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvoniga sazovor bo‘lgan.
2025 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
Ko‘rsatuvning to‘liq qismini Kun.uz’ning YouTube sahifasida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.
Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz
Jamiyat
Samarqandda ikki qizga zo‘ravonlik qilgan vaqtinchalik vasiy ayolga chora ko‘rildi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video ortidan Samarqandda ikki nafar qizga nisbatan zo‘ravonlik holati fosh etildi. Voqea Bolalar ombudsmani nazoratiga olindi.
Samarqand viloyatining Toyloq tumanida voyaga yetmagan ikki nafar qizga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik holati aniqlandi. Bu haqda Bolalar ombudsmani ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 21-aprel kuni fuqaro M.S. o‘zining vaqtincha vasiyligida bo‘lgan 2019-yilda tug‘ilgan B.D. va 2017-yilda tug‘ilgan B.M.ga nisbatan turli shaklda tazyiq o‘tkazgan. U bolalarning xorijda bo‘lgan onasi D.M.dan pul undirish maqsadida zo‘ravonlik qilgani va bu holatni videoga olgani qayd etilgan.
Holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olindi. Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakil joyiga chiqib, vaziyatni o‘rgandi va bolalarni himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rdi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Tuman vasiylik organi — «Inson» markazi mas’ullari tomonidan M.S. vasiylik vazifasidan chetlatildi. Bu qaror bolalar manfaatlarini himoya qilish maqsadida qabul qilingan.
Shuningdek, bolalarga yetkazilgan tan jarohatlari darajasini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Bu jarayonda barcha holatlarga huquqiy baho berilishi kutilmoqda.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan qizlarning ruhiy holatini barqarorlashtirish maqsadida psixolog jalb qilingan. Hozirda ular tumandagi oilaviy bolalar uyiga joylashtirildi. Shu bilan birga, yashash hududiga yaqin maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga rasmiylashtirilib, ta’lim olish huquqlari tiklandi.
Ayni paytda xorijda bo‘lgan onaning o‘z ota-onalik majburiyatlarini qay darajada bajarayotgani ham o‘rganilmoqda. Bolalar ombudsmani mazkur ish bo‘yicha kuzatuvni davom ettirmoqda.
Jamiyat
«maqsadli omonat» tizimi joriy etiladi
O‘zbekistonda aholini uy-joy bilan ta’minlashni rag‘batlantirish maqsadida ipoteka bozorida yangi mexanizm — «maqsadli ipoteka omonati» amaliyotini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Ushbu tashabbus Prezidentning 2026-yil 24-fevraldagi PF–29-son farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, 2026-yil 1-iyuldan boshlab tajriba-sinov tarzida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Yangi tizimning asosiy g‘oyasi — aholining vaqtincha bo‘sh mablag‘larini uy-joy xaridiga yo‘naltirish. Fuqarolar ipoteka krediti olishdan oldin maxsus omonat hisobvarag‘ida mablag‘ jamg‘aradi. Bu mablag‘lar keyinchalik dastlabki badalni shakllantirishda ishlatiladi.
Bunda:
– tijorat banklarida maxsus omonat hisoblari ochiladi;
– omonatlarga bozor stavkalarida foiz hisoblanadi;
– davlat tomonidan subsidiyalar ajratiladi;
– jamg‘arilgan mablag‘lar ipoteka krediti uchun maqsadli yo‘naltiriladi.
Yangi mexanizm ikki tomonlama samara beradi. Birinchidan, fuqarolar uchun uy-joy sotib olish imkoniyati kengayadi – chunki ular oldindan mablag‘ jamg‘arib, kredit yukini kamaytiradi. Ikkinchidan, banklar uchun uzoq muddatli moliyaviy resurslar bazasi shakllanadi.
Dastlabki badalning bir qismi davlat subsidiyasi hisobidan qoplab berilishi, ipoteka foizlarining ma’lum qismiga ham kompensatsiya berilishi (5 yilgacha) hamda fuqaro uy olmasa, omonat mablag‘lari foizlari bilan qaytarilishi kabi shartlar qo‘shimcha imkoniyatlar sifatida taqdim qilinmoqda.
«Maqsadli ipoteka omonati» tizimi ipoteka bozorida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. U nafaqat aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi, balki ichki moliyaviy resurslarni iqtisodiyotga jalb qilish orqali umumiy iqtisodiy barqarorlikni ham mustahkamlaydi.
Jamiyat
Samarqandda 490 ming dollarga yer sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
U Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning turmush o‘rtog‘iga issiqxona tashkil qilish uchun ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini sotishni rejalashtirgan.
Samarqand shahrida yer uchastkasini noqonuniy sotishga uringan shaxs qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, u Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro bilan til biriktirib, uning turmush o‘rtog‘iga issiqxona tashkil qilish uchun ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini sotishni rejalashtirgan.
Shaxs xaridorga ushbu yerni 490 ming AQSh dollariga sotishini, shuningdek mansabdor tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 50 ming dollar talab qilgan.
U Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Andijonda ikki kishini katta pul evaziga haj ziyoratiga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi
U kelishilgan 18 ming dollar puldan 9 ming dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Asaka tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, fuqaro M.Ch. 18 000 AQSh dollari evaziga fuqarolar A.I. va B.X.ni haj ziyorati uchun Saudiya Arabistoniga yuborishni va’da qilgan.
U kelishilgan puldan 9 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi hajga borishda firibgarlarga aldanib qolmaslikka chaqirgandi.
Jamiyat
Texnik talablarga javob bermaydigan konditsionerlar sotilayotgani aniqlandi
Hisense va Aux konditsionerlarida kamchiliklar aniqlandi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Toshkent shahar bo‘limi tomonidan poytaxtdagi savdo nuqtalarida sotilayotgan Xitoyda ishlab chiqarilgan Aux hamda Hisense rusumli konditsionerlarga nisbatan nazorat xaridi o‘tkazildi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, Aux konditsionerlari «Texnik vositalarning elektromagnit mosligi to‘g‘risida»gi texnik reglament talablariga mos kelmasligi aniqlandi.
Shuningdek, Hisense rusumli konditsionerlar ham belgilangan standartlarga to‘liq javob bermasligi ma’lum bo‘ldi. Xususan, qurilmaning iste’mol qilinadigan nominal quvvati belgilangan me’yorlardan yuqori ekani qayd etildi.
Ushbu holatlar mazkur mahsulotlarning amaldagi texnik va xavfsizlik talablariga to‘liq mos emasligini ko‘rsatadi.
Fuqarolardan maishiy texnika xarid qilishda mahsulotning muvofiqlik sertifikati hamda texnik hujjatlariga alohida e’tibor qaratish so‘raladi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyeva xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirdi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev mintaqaviy sammitda yashil savdo yoʻlaklari va yagona iqlim investitsiya strategiyasini taklif qildi
-
Siyosat5 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
-
Jamiyat4 days ago
Giyohvand moddalar aylanmasini nazorat qilishning milliy tizimi takomillashtiriladi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev Ostonaga Orol dengiziga yordam berish jamg‘armasi yig‘ilishiga keldi
-
Jamiyat4 days agoShavkat Mirziyoyev Ostonaga yetib bordi
-
Dunyodan3 days ago
Buyuk Britaniyada “chekmaydigan avlod” dunyoga keldi
