Jamiyat
Uning jinoyat ishi 12 ming 192 varaqni tashkil etgan – Usmon Nosir qanday shaxs bo‘lgan?
1912-yil 13-noyabr Namanganning Tanhog‘or mahallasida o‘zbekning iste’dodli shoiri, tarjimon va dramaturgi Usmon Nosir dunyoga keldi. Otasi Mamatxo‘ja davr qiyinchiligi, ochlik va xastalikdan 1916-yil vafot etdi. Shoir keyinchalik ana shu vaqtlarni xotirlab:
Otam o‘ldi, men sarson bo‘ldim,
Shum yetim deb so‘kdilar meni.
Ajab kunlarga mubtalo bo‘ldim,
Ko‘chalarga quvdilar meni…
deya yozadi. Otasidan yetim qolgan bola onasi bilan boylarning uyida xizmat qiladi.
Usmon Nosirning onasi Xolambibi keyinchalik Nosir hoji degan rus tilini biladigan, tijoratchi bilan oila quradi va 1921-yil ular Qo‘qonga ko‘chib keladi. Shu tariqa shoir Qo‘qonning ulkan tarixga ega adabiy muhitiga kirib boradi.
Hayotining “poshsho” davrida bolalar bilan o‘ynashi, zavqlanishi kerak bo‘lgan bola o‘gay otaning doimiy kaltaklari va haqoratlari qurshovida qoladi. Og‘ir jazolardan biri haqida shoirning do‘sti Temur Fattoh o‘z xotiralarida aytib o‘tadi. Bir kuni Xolambibi uyda bo‘lmagan vaqtda, hoji yosh Usmonni holdan toyguncha urib, qo‘lini orqasiga bog‘lab, oyog‘idan quduqqa osib qo‘yadi. Kutilmaganda kelib qolgan Tohirjon Sobirov uni quduqdan qutqarib oladi. Shundan so‘ng “Yangi hayot” maktabida o‘qiyotgan bolani onasi “Dor-ur shafaqa” – yetim bolalar yotib o‘qiydigan maktabga berishga majbur bo‘ladi. Zulmkor otadan qutulgan Usmon endi she’riyatga butun vujudi bilan sho‘ng‘iydi. Abdulahad Qahhorov rahbari bo‘lgan “Sanoyi nafisa” to‘garagiga a’zo bo‘ladi va she’r mashq qila boshlaydi.
1927-yilda Qo‘qon shahar xotin-qizlar muxbirlari mitingi munosabati bilan “Bizning ko‘zgu” devoriy gazetasi chiqariladi. Unga maktab o‘quvchilari maqola, she’r, ocherklar berishadi. Ular orasida Usmon Nosirning “Haqiqat qalami” nomli ilk she’ri ham bor edi. Keyinchalik Muxtorxon domla tashabbusi bilan bu she’r “Yangi yo‘l” jurnalining 8-sonida qayta nashr etiladi.
Haqiqatni yozasan,
Borliqni sen kezasan…
deya muxbirlarni olqishlab yozgan shoirni, afsuski, qalam ahli himoya qilmaydi.
Usmon Nosirning hayot yo‘li rang-barang edi. Misol uchun, 1929-yil to‘qqiz yillik maktabning birinchi bitiruvchilari bo‘lgani uchun u Moskva va Leningradga ekskursiyaga boradi. Sayohat davomida Usmonning dunyoqarashi kengayadi. U Moskva Kinematografiya davlat instituti va Samarqand Pedagogika akademiyasiga o‘qishga kiradi, ammo sog‘lig‘i va xulqidagi muammolar sabab bu ikki oliygohni ham tugata olmaydi.
Sobir Abdulla xotiralariga qaraganda Usmon Nosir Amin Umariy bilan Qo‘qon mumtoz adabiyotini o‘rganadi. Temur Fattoh esa ular 1926-yilda nashr etilgan Sergey Yeseninning to‘rt jildlik asarlarini o‘qishganini aytadi. Shoirning “Monolog” she’rida Dezdemona, Otello qahramonlari, Shekspir nomlari keltiriladi. Bundan ko‘rinadiki, Usmon Nosir sharq va g‘arb adabiyotidan xabardor bo‘lib, ularning mohiyati, yig‘indisini o‘z she’rlarida jamlagan.
Turob To‘la shoirni “Qalamida Navoiy, Fuzuliy, Bobur, Furqat nafasi ufurgan, Dante, Petrarka muhofazalarini eslatgan, Pushkin, Lermontovlarni o‘zbek tilida gapirtirgan shoir” deya tar’iflaydi. Usmon Nosirning ilk to‘plami “Quyosh bilan suhbat” bo‘lib, 1932-yilda nashr etilgan.
Shoirning ijodiy merosi beshta she’riy kitob, to‘rtta drama va uchta dostondan iborat. Asarlaridagi ismlar mahorat bilan tanlanganki, ular insonni o‘ziga ipsiz bog‘laydi. Masalan, “Atlas” pesasida bosh qahramon Atlas yoki “Naxshon” dostonidagi Naxshon ismlari noyob va o‘ziga xos. Shuningdek, “Yurak”, “Monolog”, “Yo‘lchi”, “Nil va Rim” she’rlari Usmon Nosirning tug‘ma talant ekanini isbotlaydi.
O‘tkir Rashid “Usmon Nosir haqida” nomli maqolasida shoirga quyidagidek ta’rif beradi: “Uning 1927-yildan 1932-yilgacha bo‘lgan ijodida publitsistika, voqealarga publitsistik munosabat, publitsistik pafos va ritorika ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Shuning uchun uning she’rlari shior va chaqiriq bo‘lib yangradi. Bu xususiyat Usmon ijodining zamon talabiga hozirjavobligini ko‘rsatdi… Shoirning mana shu dastlabki davr ijodida tematik aktuallik va rang-baranglik ustun bo‘lsa-da, bu yillar badiiy mahorat va ijodiy mustaqillik yo‘lida izlanish davri edi.”
Usmon Nosir tarjimon ham edi. U 1937-yili rus shoiri A.S.Pushkin vafotining yuz yilligi munosabati bilan uning “Bog‘chasaroy fontani” asarini o‘zbek tiliga tarjima qiladi. Nodira Rashidova suhbatlarining birida aytib o‘tadi: “1937-yil Moskvada Pushkinga bag‘ishlangan plenum bo‘ladi. O‘sha plenumga o‘zbek yozuvchilari ham taklif etiladi. SSSR Yozuvchilar uyushmasi raisi Bezimenskiy minbarga chiqib ma’ruza qilayotganida Pushkin nemis ijodkori Gyotening she’rlarini tarjima qilgani haqida so‘z yuritib, o‘sha tarjimadan misollar keltiradi. Shunda eng orqadagi o‘rindiqda o‘tirgan Usmon Nosir shartta o‘rnidan turib, “Kechirasiz, Nikolay Aleksandrovich, bu Gyotening emas, Shillerning misralari!” deydi. Shunda uyushma raisi dovdirab qoladi va uni sahnaga taklif qiladi. Tog‘am o‘zini tanishtirgach, Nikolay Aleksandrovich undan, sen Shillerni o‘qiganmisan, deb so‘raydi. Usmon Nosir esa, nafaqat o‘qiganman, hatto yod olganman, deya Shillerning dostonini yoddan o‘qib beradi. Bezimenskiy hayratda qoladi. U tog‘amning yelkasidan mahkam quchib, zalga qarab, “Hamma ko‘rib qo‘ysin! Sharqda Pushkin paydo bo‘ldi!” deydi, shundan so‘ng Moskva gazetalarida Usmon Nosir haqida maqolalar yozilgan”.
Shuningdek, u M.Lermontovning “Demon” (“Iblis”) va “Egmont” tragediyasini ham o‘zbek tiliga tarjima qiladi. XX asrning 30-yillarida O‘zbekiston radio qo‘mitasi rahbari Qurbon Beregin bu asar ham o‘zbek tilida qo‘yilishi shart degan fikrga keladi va uni tarjima qilishni Usmon Nosirga topshiradi. Lekin 1937-yil avgust oylarida Usmon Nosir hibsga olingani sabab “Egmont” tragediyasini o‘zbek tiliga o‘girgan odam sir tutiladi. Naim Karimov izlanishlari natijasida o‘tmishning bizdan yashirgan maxfiy ma’lumoti oshkor bo‘ldi.
1937-yil 27-yanvar kechasi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi soyuzida 25 yoshli Usmon Nosir ijodining o‘n yilligi munosabati bilan ijodiy kecha o‘tkaziladi. Oybek: “Usmon Nosir – ulug‘ shoir. Uning 25 yilligini nishonlasa arziydi. Ehtimol hali unga haykal qo‘yarmiz. U o‘zbeklarning Lermontovi”, deya shoir ijodiga yuksak baho bergan.
Shoirning hayotidagi sho‘xliklarni aytib o‘tish ham o‘quvchi oldidagi burchimiz. Usmon Nosirning do‘stlari ko‘p bo‘lgan va ular doimiy bazmlarda ishtirok etgan. Shoir shunday joylarda she’r o‘qishni yoqtirgan, ayniqsa yosh qizlarning oldida, ularga bag‘ishlangan she’rlarni maromiga yetkazib o‘qigan.
1937-yilning qaqshatqich qatag‘on siyosati O‘zbekistonga ham kirib keladi. Bu siyosat birinchi galda adabiyot ustunlari Cho‘lpon, Fitrat, shuningdek, Usmon Nosirga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Bu vaqtda Usmon Nosir endi 25 yoshga kirgan, hali oila ham qurmagan, yosh va navqiron yigit edi. 1937-yil 12-iyulda Usmon Nosir O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasidan o‘chiriladi, 13-iyul kuni esa NKVD xodimlari tomonidan qamoqqa olinadi. Shoir qalami o‘tkir, ma’rifatparvar, muxlislarining doim e’tibor va e’tirof markazida bo‘lgan, shuning uchun ham ba’zi hasadgo‘ylar uni “millatchi”likda ayblab ariza va ko‘rsatma berishadi. Uning jinoyat ishi 12 ming 192 varaqni tashkil etgan.
Davrning qiyinchiligi, NKVD xodimlarining tergov jarayoni qanday bo‘lgani hammaga ma’lum. Qamoqqa olinganlar u yerdan qaytib chiqolmagan, aybi bo‘lmasa NKVD xodimlari tomonidan ayb yaratilar edi. Usmon Nosirni 1938-yil 5-oktyabrda o‘tkazilgan sud “millatchi”, “Pushkin asarlarining saviyasini tushirish uchun tarjimani qasddan buzgan”, “ruslarga qarshi xunrezli niyati bor” degan ayblovlar qo‘yib, o‘n yil ozodlikdan mahrum qiladi.
Shoir adolat nimaligini bilmaydigan zamondan haqiqatni izlaydi. Qamoqda bo‘lgan vaqtida Stalinga jinoiy ishini qayta tekshirishini so‘rab xat yozadi. Doimiy harakatlar besamar ketmaydi. 1944-yil 15-dekabrda Harbiy prokuratura Usmon Nosir ishi bo‘yicha chiqarilgan hukmni bekor qiladi. Afsuski, oqlov tizimi ancha kechikadi. Usmon Nosir 1944-yil 9-mart sanasida yurak zaifligi va o‘pka silidan vafot etgan edi.
Shoir xotirasini abadiylashtirish yo‘lida Abubakir Rajabiy birinchilardan bo‘lib 1969-yilda shoirning ikki jildlik “Tanlangan asarlar”ini nashr etgan. Nodira Rashidova, Naim Karimovlar esa u haqida kitob, maqolalar yozishgan.
Xulosa o‘rnida Abdulla Oripovning shoir haqidagi fikrini keltiramiz: “Usmon Nosir ulug‘ va abadiy she’riyatning diydasini oqib ulgurmagan shabnamdir, u hali qahqahaga aylanmay lablarimizda manguga qotib qolgan nim tabassumdir”.
Zebo RAHMATULLA qizi,
jurnalist
Jamiyat
Qichqiriq mahallasidagi o‘zgarishlar ko‘zdan kechirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Olmazor tumanidagi Qichqiriq mahallasida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari va aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Tashkil topganiga o‘ttiz yildan oshgan ushbu mahallada 23 ta ko‘p qavatli uy joylashgan. 1 ming 416 ta xonadonda 5 ming 400 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.
Prezidentimizning 2024-yil 25-iyundagi “Mahallalarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va qiyofasini tubdan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilgan o‘zgarishlar natijasida mahalla bugun butunlay yangi qiyofa kasb etdi.
“Obod mahalla” davlat dasturi doirasidagi ushbu loyihaga mahalliy budjetdan 71,4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada hudud zamonaviy “yashil” shaharsozlik muhitini o‘zida mujassam etgan haqiqiy ekologik mahallaga aylandi.
Eng katta yangiliklardan biri Qichqiriq kanali qirg‘og‘i bo‘ylab barpo etilgan sayilgoh bo‘ldi. Uning uzunligi 2,4 kilometrni tashkil etadi. Suv bo‘yi hududi aholi tunu kun hordiq chiqaradigan shinam va ozoda maskanga aylantirildi.
Bu yerda 12,4 kilometr uzunlikda piyodalar yo‘lagi yotqizildi, qo‘shimcha yashil hudud tashkil etildi. Suv havzasi ustida muhtasham ayvon, 14 ta shiypon, charxpalak va favvoralar qurildi.
Bugun mahallada 6,5 mingga yaqin manzarali va mevali daraxt parvarish qilinmoqda. Turar joylarning tashqi ko‘rinishi ham yangilandi. Aholi dam olishi uchun yuzlab o‘rindiqlar, yoritish chiroqlari o‘rnatildi.
Bu yerda yoshlar uchun ham barcha sharoit yaratildi. 12 ta vorkaut maydonchasi va 3 ta futbol maydoni barpo etildi, kutubxonalar foydalanishga topshirildi.
Tadbirkorlik ham jadal rivojlanib, 47 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Yangi loyihalar hisobiga 61 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Davlatimiz rahbari shu yerning o‘zida aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allik bilan ishlash bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berdi.
Qichqiriq mahallasida ham bu borada o‘ziga xos tizim yo‘lga qo‘yilmoqda.
Masalan, mahalla fuqarosi Gulnora G‘oyipova kulolchilik to‘garagi va to‘quvchilik sexi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Bu yerga mahalladagi ishsiz yoshlar va xotin-qizlar jalb etilib, “Usta-shogird” an’anasi asosida hunar o‘rganmoqda.
Shuningdek, hududda respublikada birinchilardan bo‘lib zamonaviy minorali avtoturargoh o‘rnatildi. Ushbu 8 qavatli inshoot lift prinsipida ishlaydi. Markazdagi lift avtomobilni qabul qilib, uni o‘ng va chap tomondagi bo‘sh joylarga joylashtiradi. Natijada atigi bir juft mashina sig‘adigan kichik yer maydonida 16 ta avtomobilni bemalol saqlash imkoni yaratildi.
Bundan tashqari, madaniy hordiq chiqarish, turli jamoatchilik tadbirlarini o‘tkazish va mahalla ahlini birlashtirish maqsadida shinam amfiteatr ham barpo etildi.
Bu yerda mavjud 2 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbari ushbu muassasalardan biri – 441-bog‘chada yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi.
Ushbu maskan 1976 yilda qurilgan bo‘lib, uning hududi tubdan kengaytirildi. Muassasaning bo‘sh turgan maydonida jami 450 o‘rinli 2 ta yangi bino barpo etildi. Natijada bog‘chaning umumiy quvvati 835 o‘ringa yetkazildi.
Muassasada bolajonlar salomatligiga alohida e’tibor qaratilgan. Bolalar immunitetini mustahkamlash va nafas yo‘llari kasalliklarining oldini olish maqsadida maxsus tuz xonasi tashkil etildi.
Bundan tashqari, kichkintoylarning har tomonlama rivojlanishi uchun ingliz tili, mental arifmetika, tasviriy san’at, musiqa, badiiy gimnastika, shaxmat hamda taekvondo bo‘yicha qo‘shimcha to‘garaklar yo‘lga qo‘yilmoqda.
Prezidentimizga muassasada bolalar uchun yaratilgan “O‘zbek tilini o‘ynab o‘rganamiz” maxsus interaktiv platformasining imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Ushbu maxsus interaktiv platforma bolajonlarning davlat tilini qiziqarli o‘yinlar va raqamli texnologiyalar orqali oson o‘zlashtirishi uchun katta imkoniyat yaratadi. Platformadan mashg‘ulot jarayonida bolalarda mustaqil fikrlash, hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish, kasblar bilan tanishishda ham foydalanish mumkin.
Shuningdek, bog‘chada tashkil etilgan yo‘l harakati xavfsizligi to‘garagi faoliyati bilan ham tanishildi. Bu kabi to‘garaklar faoliyatini boshqa maktabgacha ta’lim muassasalarida ham ommalashtirish, bolalarni yo‘l harakati xavfsizligi madaniyatiga bog‘cha paytidanoq o‘rgatib borish muhimligi ta’kidlandi.
Jamiyat
Shahidlar xotirasi xiyobonidan Chilonzor tumanigacha 20 kilometrlik piyodalar yo‘lagi qurilishi mumkin
Poytaxtning tarixiy qismi – Eski shahar hududini kompleks rivojlantirish masalasi ham muhokama qilindi.
Xorijiy kompaniyalarni jalb qilgan holda 1 noyabrga qadar mazkur hududni rivojlantirish bo‘yicha yagona konsepsiya va aniq loyihalar portfelini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda poytaxtdagi davlat idoralariga tegishli binolardan samarali foydalanish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Bugun Toshkentda umumiy maydoni 765 ming kvadrat metr bo‘lgan 497 ta ma’muriy bino mavjud.
Davlat tashkilotlarini maqbul tarzda joylashtirish, bo‘sh va samarasiz foydalanilayotgan maydonlarda savdo, servis, xususiy tibbiyot va ta’lim xizmatlarini yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.
Mas’ullarga davlat idoralari binolarini xatlovdan o‘tkazib, maqbul maydonlarni tadbirkorlarga kafolatli shartlarda uzoq muddatli ijaraga berish bo‘yicha amaliy ishlarni tashkil etish topshirildi.
Yig‘ilishda davlat mulkini xususiylashtirish orqali yangi investitsiya va biznes loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Birgina Olmazor tumanining o‘zida qiymati 100 milliard so‘m bo‘lgan 52 ta davlat obyekti savdoga chiqarilmoqda. Ularni tayyor biznes loyihalari bilan birga tadbirkorlarga taklif etish budjet tushumlari va iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, aholining ko‘proq piyoda yurishi, sport bilan shug‘ullanishi va ochiq havoda dam olishi uchun zamonaviy infratuzilma yaratish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Qichqiriq mahallasida 2,5 kilometr soybo‘yi hududida ekosayilgoh va 12,5 kilometr piyodalar yo‘lagi tashkil etilgan. Bu aholi orasida ertalab badantarbiya qilish va kechqurun piyoda sayr qilish odatini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Poytaxtdagi kanal va katta ariqlar bo‘yini aholi uchun ochiq va xavfsiz sayr hududiga aylantirish taklif qilindi. Jumladan, Bo‘zsuv kanalining Shahidlar xotirasi xiyobonidan Chilonzor tumanigacha bo‘lgan qismida 20 kilometrlik uzluksiz piyodalar yo‘lagini tashkil qilish imkoniyati mavjud.
Bu borada bir oy ichida alohida loyiha ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Mahallalarda kichik biznes va xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatlarini savdo va servis faoliyatiga moslashtirish imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Shu bilan birga, Toshkent shahrida biznes boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun garovsiz kredit limiti 100 million so‘mdan 200 million so‘mga oshiriladi.
Olmazor tumanida ushbu imkoniyatlardan foydalanib, joriy yilning o‘zida 300 nafar yangi tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash va 1 mingta ish o‘rni yaratish belgilandi. Mazkur tajribani poytaxtning boshqa tumanlariga ham kengaytirib, yil yakunigacha 20 ming nafar aholini daromadli ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Miskin va Ibrohim ota mahallalari hududidagi 305 gektar sanoat zonasida 504 ta tadbirkorlik obyekti mavjud. Ularning aksariyati 1-2 qavatli binolarda joylashgani sababli hududning iqtisodiy salohiyatidan to‘liq foydalanilmayapti.
Bu yerda ish o‘rinlarini hozirgi 35 mingdan 100 mingga, eksport hajmini esa 600 million dollarga yetkazish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Tadbirkorlarga sanoat ipotekasi, kredit va lizing kabi qulay moliyaviy instrumentlarni taklif etib, sanoat hududida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan yangi loyihalar boshlanishi belgilandi.
Jamiyat
Kelasi yil barcha OTMlarda yangi nazorat tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Yig‘ilishda Olmazor tumanining ta’lim va ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish, talabalar uchun xavfsiz va zamonaviy muhit yaratish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Bu yerda bir vaqtning o‘zida 75 ming nafar talaba tahsil oladi. Shu bois, ularning o‘qishi va yashash sharoiti, bandligi, tadbirkorligi, madaniy hayoti va xavfsizligini qamrab oladigan yaxlit boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
“Yoshlik” shaharchasi hokimligi tizimida talabalarning ta’lim-tarbiyasi, bandligi, ijtimoiy ta’minoti va xotin-qizlar masalalari bilan ishlaydigan alohida mas’ullar faoliyati tashkil etiladi.
Tumanda 7 ta oliygohga qarashli 41 ta talabalar yotoqxonasida qariyb 18 ming nafar yosh istiqomat qiladi. Ularning yashash sharoitini yaxshilash, yotoqxonalar atrofini obod saqlash, yashil hududlar va “buk-kafe”larni ko‘paytirish, madaniy tadbirlarni muntazam tashkil etish uchun alohida Direksiya tuziladi.
Talabalar shaharchasida tashkil etilgan Vaziyatlar markazi orqali oliygoh va yotoqxonalarga kirib-chiqish hamda davomatni onlayn nazorat qilish amaliyoti yaxshi natija berayotgani qayd etildi.
Mazkur tizimni yil yakunigacha Toshkent shahrining boshqa tumanlariga, kelgusi yili esa mamlakatdagi barcha oliy ta’lim muassasalariga joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Hozir Olmazor tumanida bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 67 foizni tashkil etmoqda. Aholisi zich hududlarda mavjud bog‘chalar quvvatini kengaytirish orqali bu ko‘rsatkichni sezilarli oshirish mumkinligi ta’kidlandi.
441-sonli bog‘cha hududida mavjud 385 o‘ringa qo‘shimcha 450 o‘rinli yangi bino qurilishi natijasida mahallaning ehtiyoji to‘liq qoplangan. Ushbu tajriba asosida yil yakuniga qadar Olmazorda kamida yana 5 ta shunday loyihani boshlash belgilandi.
Poytaxtning boshqa tumanlarida ham aholisi zich mahallalar aniqlanib, bog‘cha infratuzilmasini kengaytirish bo‘yicha loyihalar tayyorlanadi.
Shu bilan birga, Toshkentda transport tirbandligi tobora dolzarb bo‘lib borayotgani qayd etildi. Bugun poytaxt ko‘chalarida kuniga 1,5 millionta transport vositasi harakatlanmoqda.
Tirbandlikni faqat yo‘llarni kengaytirish, ko‘prik va tunnellar qurish bilan hal etib bo‘lmasligi ta’kidlanib, piyodalar va avtomobillar harakatini xavfsiz va samarali boshqarish uchun intellektual transport tizimlarini joriy etish bo‘yicha ishlarni yil yakuniga qadar boshlash vazifasi qo‘yildi.
Jamiyat
77 ta chiqindi poligonida saralash xizmati bo‘yicha tanlov e’lon qilindi
Chiqindilarni boshqarish agentligi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi tomonidan chiqindilarni saralash xizmatini tashkil etish uchun 77 ta qattiq maishiy chiqindi poligoni davlat xaridlarining elektron platformasiga tanlov joylashtirilganini ma’lum qiladi.
Hududlar kesimida lotlar quyidagicha taqsimlangan:
Buxoro viloyati – 8 ta;
Jizzax viloyati – 11 ta;
Qashqadaryo viloyati – 4 ta;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 2 ta;
Navoiy viloyati – 7 ta;
Namangan viloyati – 6 ta;
Samarqand viloyati – 2 ta;
Surxondaryo viloyati – 6 ta;
Sirdaryo viloyati – 2 ta;
Farg‘ona viloyati – 6 ta;
Xorazm viloyati – 9 ta;
Andijon viloyati – 8 ta;
Toshkent viloyati – 6 ta.
Mazkur tanlovlar orqali chiqindilarni saralash xizmatini yo‘lga qo‘yish, ikkilamchi xomashyodan samarali foydalanish va qayta ishlashga yo‘naltiriladigan chiqindilar hajmini oshirish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun: Davlatimiz rahbarining 2024-yil 4-yanvardagi 5-son hamda 2025-yil 24-martdagi 56-son farmonlarida chiqindilarni saralash va qayta ishlash jarayonlariga xorijiy hamda mahalliy investorlarni jalb etish, shuningdek, chiqindilarni saralash faoliyatini amalga oshiruvchi investorlarni belgilangan tartibda tanlab olish vazifalari belgilangan.
Unga muvofiq agentlik huzuridagi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi davlat muassasasining tegishli buyrug‘i bilan hududiy boshqarmalarga chiqindi poligonlarida chiqindilarni saralash ishlarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlangan bo‘lib, jadal amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, ayni chora-tadbirlar mamlakatimizda poligonlarda saralash tizimining joriy etilishi chiqindilarni boshqarish samaradorligini oshirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga xizmat qiladi.
Jamiyat
Buxoroda 2 yashar qizaloq onasiga qaytarildi: tafsilotlar
Majburiy ijro byurosining Buxoro viloyati boshqarmasi axborot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Buxoro shahrida oilaviy kelishmovchiliklar sababli turmush o‘rtog‘i R.Y.ning qarshiligiga uchragan J.X. ikki yashar qizchasini o‘zi bilan olib keta olmagan. So‘ngra u da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.
Boshqarma axborot xizmati rahbari Ixtiyor Olimovga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Byuro ish yurituvida bo‘lgan bolani olib berish yoki bola bilan uchrashtirishga oid 666 ta ijro hujjati bo‘yicha ijro harakatlari amalga oshirilgan. Ularning 250 tasi tamomlangan, 189 tasi amalda ijro etilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro shahrida yashovchi fuqaro J.X. oilaviy kelishmovchilik sababli turmush o‘rtog‘i R.Y.ning xonadonini tark etgan. Biroq, ayol har qancha urinishlariga qaramay, erining qattiq qarshiligiga uchrab, 2 yashar qiz farzandini o‘zi bilan birga olib keta olmagan. Shundan so‘ng ayol farzandini o‘z tarbiyasiga olish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudiga murojaat qilgan.
Sud ish holatlarini o‘rganib, da’voni qanoatlantirgan va 2 yashar qizaloqni onasi J.X. tarbiyaisga olib berish bo‘yicha ijroni ta’minlash choralarini ko‘rish haqida ajrim chiqargan. Mazkur ijro hujjati Byuroning Buxoro shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgach, zudlik bilan ijro harakatlari boshlangan.
Qarzdor ota sud hujjatlari bilan tanishtirilib, uni ixtiyoriy ravishda bajarishi zarurligi haqida ogohlantirilgan. Biroq, u sud hujjati talabini bajarishdan bosh tortib, farzandini bermasligini ma’lum qilgan.
Ijro harakatlari davomida qizaloq Buxoro shahridagi xususiy maktabgacha ta’lim muassasalaridan birida tarbiyalanayotgani aniqlangan. Muassasa mas’ullari va taraflar ishtirokida belgilangan tartibda ijro harakatlari amalga oshirilib, 2 yashar qizaloq sog‘-salomat holda onasi tarbiyasiga olib berilgan.
Mazkur holat yuzasidan ijro hujjatlarini bajarishda, avvalo, bolaning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
-
Jamiyat5 days ago
Prezidentning xususiylashtirishga oid farmoni e’lon qilindi
-
Sport5 days ago
Husan Botirov Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi
-
Jamiyat5 days ago
Sudyalikka nomzodlar uchun yosh senzi 30 yoshga tushirilishi mumkin
-
Jamiyat4 days ago
Hokim yordamchilarining 9 ta asosiy vazifasi belgilab berildi
-
Iqtisodiyot5 days agoDollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston hukumati Suriyaga yangi elchisini jo‘natdi
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonning inklyuziv loyihasi Yevropa mukofoti finaliga chiqdi
-
Jamiyat3 days ago
2030 yilga qadar havoni ifloslantiruvchi moddalar miqdori 10,5 foizga kamaytiriladi
