Connect with us

Jamiyat

uni qanday bartaraf etish mumkin?

Published

on


Soat tungi 02:45. Siz hali ham telefon ekraniga termulib yotibsiz. Ertaga erta turishingiz kerak, lekin uyqu “kelmayapti”. Tanish holatmi? Bu shunchaki bedorlik emas, sirkadiyal ritmingiz izdan chiqqanining belgisi bo‘lishi mumkin.

Sirkadiyal ritm – inson organizmining ichki biologik soati hisoblanadi. U bosh miyadagi gipotalamus bir qismi bo‘lgan supraxiazmatik yadro tomonidan boshqariladi va tashqi omillarga, ayniqsa, yorug‘likka bog‘liq ravishda 24 soatlik sikl asosida ishlaydi. Bu ritm orqali tanada:


uxlash va uyg‘onish;
ishtaha paydo bo‘lishi;
harorat va yurak urishi;
gormonlar, masalan, melatonin va kortizol darajasi nazorat qilinadi.

Qaysi omillar sirkadiyal ritmni buzadi?

Sun’iy yorug‘lik: kechki payt telefon, noutbuk va televizor ekranidan tarqaladigan ko‘k nur melatonin ishlab chiqarilishini to‘xtatadi. Natijada uyqu kechikadi.

Tartibsizlik: har kuni turli vaqtda yotish va uyg‘onish organizmni adashtiradi. Tanangiz qaysi vaqtda tinchlanishi yoki faollashishini anglay olmaydi.

Tungi ish va kechki ovqat: biologik jihatdan tun davomida faol bo‘lish, ayniqsa, og‘ir ovqat iste’moli metabolik ritmga zarar yetkazadi.

Stress va kortizol: surunkali stress holatida tanada kortizol ishlab chiqarilish muvozanati buziladi. Bu esa sirkadiyal ritmni izdan chiqaradi va uyqu sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Biologik soat buzilishi qanday belgilar bilan namoyon bo‘ladi?

Sirkadiyal ritm buzilishi oqibatida birinchi navbatda uyqu sifati yomonlashadi. Inson kech uxlashga odatlanadi, uxlab qolishi qiyinlashadi, tez-tez uyg‘onib ketish holatlari ko‘payadi, ertalab esa charchoq hissi bilan uyg‘onadi. Bu chuqur uyqu bosqichining qisqarishiga olib keladi, oqibatda tana to‘qimalari to‘liq tiklana olmaydi.

Mazkur holatda miya faoliyati ham izdan chiqadi: e’tibor susayadi, eslab qolish qobiliyati pasayadi, hissiy barqarorlik buziladi. Motivatsiya yo‘qoladi, surunkali charchoq va hatto depressiv holatlar paydo bo‘ladi.

Jismoniy salomatlik ham zarar ko‘radi. Gormonlar muvozanati yo‘qoladi: stress gormoni haddan tashqari ko‘p ishlab chiqarila boshlaydi, bu esa yurak-qon tomir tizimiga bosim o‘tkazadi. Immunitet zaiflashadi, qandli diabet, semizlik, yurak xastaliklari xavfi ortadi. Shu bilan birga, ovqatlanish tartibi ham izdan chiqadi: ochlik va to‘qlik gormonlari (grelin va leptin) balansi buziladi, kechki vaqtda nosog‘lom yeguliklarga moyillik kuchayadi.

Sirkadiyal ritm ichki organlar faoliyatini sinxronlashtirib turadi. Jigar, yurak, buyrak, oshqozon-ichak tizimi kabi muhim organlar o‘z funksiyalarini aynan muayyan vaqtda bajarishga moslashgan. Bu sinxronlik yo‘qolganda esa organlar haddan ortiq ko‘p yuklama ostida qoladi, tiklanishga ulgurmaydi va faoliyati izdan chiqadi.

Nima qilish kerak?

Sirkadiyal ritmni tiklash uchun bir nechta muhim qoidalarga amal qilish zarur. Eng avvalo, kunni ertalabki quyosh nuri bilan boshlash tavsiya etiladi. Quyosh nuri tanada melatonin ishlab chiqarilishini to‘xtatib, kortizol gormonini tabiiy ravishda uyg‘otadi va biologik soatni sinxronlashtiradi.

Kechki payt esa aksincha, sun’iy yorug‘lik, ayniqsa telefon, televizor yoki noutbuk ekranlaridan tarqaladigan ko‘k nurdan cheklanish zarur. Bu melatonin ishlab chiqarilishini muvozanatlashtiradi va insonni sifatli uyqu bilan ta’minlaydi.

Uyqu va uyg‘onish vaqtining barqarorligi sirkadiyal ritmni tiklashda muhim rol o‘ynaydi. Har kuni bir vaqtda uxlab, bir vaqtda turish miya va tana uchun tartib yaratadi.

Surunkali stress sirkadiyal ritmning eng katta dushmanlaridan biri sanaladi. Kortizolning me’yoridan ortiq ishlab chiqarilishi uyquga to‘sqinlik qiladi. Shu sababli nafas mashqlari, meditatsiya, yoga yoki sayr qilish kabi usullar bilan stressni kamaytirish foydali bo‘ladi.

Ovqatlanish vaqti ham bu ritmga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Nonushta – tanaga “kun boshlandi” degan signalni beradi, kechki ovqatni esa uyqudan kamida 2-3 soat oldin iste’mol qilish tavsiya etiladi. Spirtli ichimliklar va kofeinga boy mahsulotlar sirkadiyal tizimni izdan chiqarishi mumkin, ayniqsa, ular kechki payt ichilsa. Kofein uyqu sifatini yomonlashtiradi, spirtli ichimliklar melatonin ishlab chiqarilishiga to‘sqinlik qiladi.

Umuman olganda, sirkadiyal ritmni tiklash – salomatlikni mustahkamlashning asosiy bosqichlaridan biri hisoblanadi. To‘g‘ri ovqatlanish, tartibli uyqu rejimi, stressdan xoli hayot tarzi orqali biologik soatni izga solish mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, jismoniy va ruhiy sog‘liqni tiklashga xizmat qiladi.

Diyoraxon Nabijonova



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Navoiyda IIB tergovchisi pora olishda qo‘lga tushdi

Published

on


Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida Ichki ishlar bo‘limi tergovchisi xizmat mavqeidan foydalanib, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan mobil telefonni qaytarib berish evaziga pora olgan vaqtida qo‘lga tushdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qiziltepa tumani IIB Tergov guruhi katta tergovchisining qonunga zid harakatlari fosh etildi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 1 iyul kuni ichki ishlar organlari tomonidan telefoni xotirasida taqiqlangan diniy materiallar bo‘lishi ehtimoli bilan 2003 yilda tug‘ilgan fuqaroning iPhone 17 Pro Max rusumli telefoni olib qo‘yilgan.

Tergovchi mazkur telefonni egasiga qaytarib berish evaziga ikki nafar vositachi orqali 1000 AQSh dollari olgan vaqtida tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Nikoh shartnomasi qanday tartibda tuziladi?

Published

on


Nikoh shartnomasi er va xotinning nikoh davrida hamda nikoh bekor qilingan taqdirda ularning mulkiy huquq va majburiyatlarini belgilab beruvchi kelishuv hisoblanadi. Qonunchilikka ko‘ra, ushbu shartnoma nikohdan oldin yoki nikoh davomida tuzilishi mumkin, ammo u albatta yozma shaklda rasmiylashtirilib, notarial tartibda tasdiqlanishi shart.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, nikoh shartnomasi bo‘lajak er-xotin yoki nikohda bo‘lgan shaxslar o‘rtasidagi mulkiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga xizmat qiladi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, nikoh shartnomasi nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkazilguniga qadar ham, nikoh rasmiylashtirilganidan keyin ham tuzilishi mumkin.

Agar shartnoma nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishidan oldin imzolangan bo‘lsa, u nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab yuridik kuchga kiradi.

Shuningdek, nikoh shartnomasi faqat yozma shaklda tuzilishi va notarius tomonidan tasdiqlanishi lozim. Notarial tasdiqlanmagan shartnoma qonunchilikda belgilangan talablarga javob bermaydi.

Nikoh shartnomasi er-xotinning mol-mulki, undan foydalanish, uni tasarruf etish hamda boshqa mulkiy huquq va majburiyatlarini oldindan belgilash imkonini beradi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Asakada savdo rastasida yong‘in sodir bo‘ldi

Published

on


Andijon viloyatining Asaka tumanida joylashgan savdo rastasida tungi vaqtda yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga qisqa vaqt ichida yetib borib, yong‘inni bartaraf etdi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in haqidagi xabar 16 iyul kuni soat 23:43 da 112 tizimi orqali kelib tushgan. Hodisa Andijon viloyati, Asaka tumani, Marg‘iloniy ko‘chasida joylashgan savdo rastasida sodir bo‘lgan.

Xabar olingach, yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 23:48 da hodisa joyiga yetib borgan. Yong‘in 17 iyul kuni soat 00:10 da to‘liq o‘chirilgan.

Yong‘in oqibatida savdo rastasining taxminan 60 kvadrat metr maydondagi shift va tom qismi, shuningdek, kiyim-kechak mahsulotlari yonib zararlangan.

Hodisa natijasida tan jarohati olganlar qayd etilmagan.

Ayni paytda yong‘inning kelib chiqish sababi hamda yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Jaziramada konditsionersiz qanday yashash haqida 10 ta foydali maslahat

Published

on


Bu yil yozda dunyoning aksariyat mintaqalarida g‘ayrioddiy jazirama hukm surmoqda. Biroq, konditsionerdan foydalanish imkoniyati hammada ham mavjud emas. 

Jaziramadan saqlanish bo‘yicha Hindistonning NPR nashri jamlagan maslahatlarning har biri alohida olinganda arzimasdek tuyulishi mumkin, ammo ular birgalikda tananing sovishiga haqiqatan ham yordam beradi.

Alohida ta’kidlanishicha, issiq urish belgilariga quyidagilar kiradi: tana haroratining ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, ongning chalkashishi yoki holsizlik. Ushbu alomatlar paydo bo‘lganda, darhol tez yordam chaqirish va tibbiy yordamga murojaat qilish kerak.

Jazirama bilan kurashishga yordam beradigan maslahatlar:

1. Ko‘p suyuqlik iching

Tana gidratatsiyasi darajasini doimo kuzatib borish kerak. Har qanday jismoniy faoliyatni boshlash bilan suvni kichik qultumlarda ichish lozim. Ko‘chaga chiqqanda suv olib yurish – jaziramada hayot-mamot masalasidir.

2. Albatta, biror narsa yeb oling

Hech qachon uydan och qoringa chiqmaslik kerak, doim nimadir yeb olish lozim. Masalan, tarkibida erigan elektrolitlar bo‘lgan bodring yoki bir bo‘lak ananas buning uchun ayni muddao.

3. Ruh tetikligi

Agar isib ketayotgan bo‘lsangiz, sovuq dush qabul qiling yoki hech bo‘lmaganda yuzingiz va qo‘llaringizni, shuningdek, boshingizni vaqti-vaqti bilan suv bilan ho‘llab turing – bu tana haroratini pasaytirishga yordam beradi.

4. Dam olish uchun salqin joy toping

Shuni bilish kerakki, issiq havo yuqoriga ko‘tarilgani uchun ko‘p qavatli uylarning pastki qavatlari salqinroq bo‘ladi. Kunduzi quyosh nurini qalin pardalar bilan to‘sing. Qo‘lingiz ostidagi barcha ventilyatorlarni ishga tushiring.

Va salqinlik izlab mebellarni qayta joylashtirishdan qo‘rqmang. Masalan, karavotni deraza yoniga qo‘ysangiz, uxlayotganda yengil shabadani his qilishingiz mumkin.

Agar xona ichida nafas olish qiyinlashib, dim bo‘lib ketsa, tashqariga chiqing va gamakda yoting. Tebranish paytida hosil bo‘ladigan havo oqimi tanani sovutishga yordam beradi.

5. Me’morchilikdan ilhomlaning

Ko‘plab me’moriy yangiliklar orasida «jaali» deb nomlangan me’moriy uslub bor, u hind va urdu tillaridan tarjima qilinganda shunchaki «to‘r» degan ma’noni anglatadi. Aslini olganda, bu tosh devorni yaxlit qoldirish o‘rniga, bir qator kichik teshiklari bor geometrik naqshlarni o‘yib, uni naqshinkor panjaraga aylantirish usulidir.

6. Bug‘lantiruvchi sovutgich

Ushbu elektr qurilma, shuningdek, bug‘lantiruvchi sovutgich sifatida ham tanilgan bo‘lib, xonadagi havoni suvga botirilgan filtrlar orqali o‘tkazadi, bu filtrlar havoni sovutadi va keyin uni xonaga qaytaradi. Bu qurilmalar konditsionerlardan arzonroq va kamroq energiya sarflaydi. Bunday qurilmani hatto o‘zingiz ham yasashingiz mumkin.

7. Oq rangli kiyimlar kiying

Paxta va zig‘ir matolaridan tikilgan kiyimdan foydalaning, oq rang issiqlikni samarali qaytaruvchi hisoblanadi.

8. Bosh va bo‘yningizni yopib yuring

Yozda boshni yopib yurish qadimiy va samarali an’anadir.

9. Tushki quyoshdan saqlaning

Kunning eng issiq vaqtida ko‘chaga chiqish, sport bilan shug‘ullanish yoki ochiq havoda bo‘lish orqali o‘zingizni charchatmaslikka va quvvatingizni behuda sarflamaslikka harakat qiling, chunki jazirama quyosh nuri va issiq havo tana haroratini yanada oshirib yuboradi.

10. Soyadan foydalaning

Ochiq havoda ishlayapsizmi yoki ko‘chada ketyapsizmi, daraxtlar soyasida yurishga harakat qiling. U yerdagi havo harorati aslida quyosh ostidagidek bo‘lsa-da, teringiz quyosh nurlarini yutmaydi va bu tanangizning qizib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Jazirama sabab poyezdlar tezligiga cheklov qo‘yiladi

Published

on


Jazirama issiq sabab ayrim yo‘nalishlarda poyezdlar harakat tezligiga vaqtinchalik cheklov joriy etiladi.

Foto: Temiryo‘lekspress

“Temiryo‘lekspress” AJ xabariga ko‘ra, mazkur choralar yo‘lovchilar va poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, temir yo‘l infratuzilmasining barqaror va ishonchli ishlashini saqlash maqsadida ko‘rilmoqda. Shu sababli ayrim poyezdlar harakat jadvalida belgilangan vaqtdan kechroq manzilga yetib borishi mumkin.

Xabarda qaysi yo‘nalishlarda cheklov joriy qilinishiga aniqlik kiritilmagan.

Eslatib o‘tamiz, 13 iyuldan boshlab O‘zbekiston hududida g‘ayritabiiy o‘ta issiq ob-havo sharoiti kuzatilmoqda, u 20 iyulgacha davom etishi mumkin. Havo harorati 43-45 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda 46-48 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.