Jamiyat
Uch oyda 60 mingdan ziyod haydovchi jarima ballarini oldi
1 iyundan boshlab, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima ballarini hisoblash tizimi ishga tushirilgach, uch oy ichida 60 mingdan ortiq haydovchilar jarima ballarini olgan.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berishicha, o‘tgan davrda:
5 ballgacha jarima to‘plaganlar — 4 nafar;
4 ballgacha — 14 nafar;
3 ballgacha — 129 nafar;
2 ballgacha — 4976 nafar;
1 ballgacha — 63 974 nafar haydovchini tashkil etgan.
9 million 325 mingdan ortiq haydovchi umuman jarima balli olmagan.
Uch oy ichida qoidabuzarliklar va yo‘l-transport hodisalari sezilarli darajada kamaygan. Xususan, iyun-avgustda 167 mingta qoidabuzarlik aniqlangan bo‘lib, bu 2024 yilning shu davriga nisbatan (285 mingta) 58 foizga kam. Bu davrda haydovchi aybi bilan sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari soni 2024 yildagi 531 tadan joriy yilda 338 tagacha — 36 foizga qisqardi.
Jamiyat
Poytaxtda 9-may kuni bayram mushakbozligi o‘tkaziladi
«9-may — Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan shu kunga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi tasdiqlandi.
Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar «Burch, jasorat, matonat!» shiori ostida o‘tkaziladi hamda madaniy-ma’rifiy tadbirlar, «uch avlod uchrashuvlari», tasviriy san’at ko‘rgazmalari, ijodiy kechalar, tanlovlar va ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front orti mehnat faxriylari, shuningdek, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi.
Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti faxriylarining o‘z xohishlariga ko‘ra respublika hududidagi sanatoriylarga 1 nafar kuzatuvchisi bilan birga bepul yuborilishi ta’minlanadi.
Toshkent shahrida 2026-yil 9-may kuni soat 21:00 da Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram mushakbozligi tashkil qilinadi.
Jamiyat
Endi xonadonlarga gaz balloni shu tartibda beriladi
Turarjoy xonadonlarini maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlashda davlat xizmatini ko‘rsatish»ning ma’muriy reglamenti Hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Reglamentga ko‘ra, davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP (my.gov.uz) orqali vakolatli operator tomonidan ko‘rsatiladi.
Maishiy gaz balloni tabiiy gaz bilan gazlashtirilmagan hududlarda yashovchi jismoniy shaxslarga beriladi.
Vakolatli operator ariza kelib tushgan kuni ma’lumotlarni «E-gaz» dasturida shakllantiradi.
1 ish kunida so‘rovnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tekshiradi.
3 ish kunida ariza beruvchini maishiy gaz balloni bilan ta’minlash masalasi joyiga chiqib o‘rganiladi. Bunda o‘rganish yakunlari bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Dalolatnomada keltirilgan xulosa ijobiy bo‘lgan taqdirda, ariza beruvchi bilan «Maishiy gaz ballonini vaqtincha foydalanishga berish to‘g‘risida» va «Suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish to‘g‘risida»gi shartnomalar 2 nusxada rasmiylashtiriladi.
Shartnomalar asosida ariza beruvchi «Face ID» tizimi orqali suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish uchun tegishli hisobvaraq bilan ta’minlanadi hamda unga 1 dona maishiy gaz balloni 12 ish kunida bepul yetkazib beriladi.
Jamiyat
“Uyimiz mehmonlarga to‘lib ketdi” – Kun.uz qahramoni uyiga viloyat hokimi keldi
Kun.uz avvalroq Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani Zilol mahallasida yashovchi Ro‘zixon Haydarova va uning turmush o‘rtog‘i G‘ulomjon Haydarov haqida material e’lon qilgandi. Ro‘zixon opaning aytishicha, videolavhadan so‘ng ko‘plab o‘zbekistonliklar oila holidan xabar olishga kelishgan. Ular orasida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ham bor. U xonadonda bo‘lib, uyni ta’mirlash va yangi imoratni bitkazish berish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq bergan.
“Hokimning uyimizga kelib biz bilan uchrashishi yetti uxlab tushimga ham kirmagandi. Chala qolgan imoratim ham bitadigan bo‘ldi”, – deydi Ro‘zixon opa.
Ro‘zixon opa tarmoqlarda mashhur bo‘lib ketganidan hayratlangani, uyiga viloyat hokimining kelishi esa kutilmagan sovg‘a bo‘lgani haqida so‘zlab berdi:
“Kun.uz’ga qoyil qoldim, rosti. Oilamiz haqidagi lavha butun internetga tarqabdi. Juda ko‘pchilik kelib biz bilan suhbatlashib ketdi. Eng quvonarlisi, uyimizga Xayrullo Bozorov kirib keldi, hayron qoldim. Viloyat kattasi yashash tarzimiz, kunlik qilayotgan mehnatimizni ko‘rib tasannolar aytdi.
Ustalar kelib uyimizni ta’mirdan chiqarib berishdi. Viloyat hokimi hali bitmagan imoratimizning qolgan qismini ham bitkazib berishga va’da berdi. Bundan barchamiz xursand bo‘ldik.
Kuni kecha turmush o‘rtog‘imning tavallud topgan kuni edi. Oltiariq tumani madaniyat bo‘limidan sovg‘a-salomlar bilan kelishib musiqiy chiqishlari bilan tabriklab ketishdi.
Turmush o‘rtog‘im har kuni telefonimga ishora qilib oilamiz haqidagi lavhani qo‘yib bering, deb imo-ishora qilyapti. Videoni qayta-qayta ko‘rib quvongandan quvonyapti. Tovuqlarim ham mashhur bo‘lib ketdi. Tuxumidan sotasizmi, deb keluvchilar ko‘paydi”, – deydi Ro‘zixon opa.
Jamiyat
“6 oyda dollarda millionerga aylanasiz!” – bu shunchalik osonmi?
Kiberfiribgarlar uchun “qaynoq bozor” bo‘lib qolayotgan O‘zbekistonda Befree nomi ostidagi moliyaviy piramida ishlab kelayotgani ma’lum bo‘ldi. U odamlarga kraudfanding loyiha sifatida tanishtirilmoqda. Befree’da bir necha oyda dollarda millionerga aylanish va’da qilinyapti. Tegishli organlar har doimgi kabi “burni ostida” ro‘y berayotgan moliyaviy piramida targ‘ibotini ko‘rmagan.
Kraudfanding nima?
Kraudfanding – moliyaviy savodxonligi yetarli bo‘lmaganlar uchun biroz tushunarsiz so‘z. Shu sababli Befree ortida turganlar undan ustomonlik bilan foydalanishga harakat qilmoqda.
Kraudfanding jamoaviy pul to‘plash, xalq tomonidan moliyalashtirish degani. Ya’ni ko‘p odamdan kam-kam mablag‘ yig‘ib, biror loyihani amalga oshirish.
Masalan, Ali biror qiziq yoki muhim loyihani amalga oshirmoqchi. Lekin bunga mablag‘i yetarli emas. U g‘oyasini kraudfanding platformasida e’lon qiladi va moddiy yordam so‘raydi. Ushbu loyihaga qiziqqan foydalanuvchilar unga mablag‘ o‘tkazadi. Ali yetarli mablag‘ to‘planganidan so‘ng loyihasini amalga oshirishga kirishadi.
Bunda loyihaga pul tikkanlarga biror daromad va’da qilinmaydi yoki foyda kafolatlanmaydi. Sababi — kraudfanding platformalarda asosan xayriya yordami ko‘rsatish, ijtimoiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash nazarda tutiladi.
Niqob
Befree moliyaviy piramidasi esa o‘zini aynan kraudfanding platformasi sifatida tanishtirib, odamlarni chuv tushirishga harakat qilmoqda.
Befree O‘zbekistonda Telegram’dagi bir nechta yopiq guruhlarda targ‘ib qilib kelingan. Shulardan biri “Omadli milliarderlar” guruhi. Uni Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisi Umid Abrorov yuritgan.
Guruhda har kuni videochat ko‘rinishida tushuntirish ishlari olib borilgan va bir necha oyda milliarder bo‘lish haqida va’dalar berilgan.
Tuzoq
Befree kraudfanding emas, moliyaviy piramida ekanini anglatuvchi dalillar juda ko‘p. Ularning bir nechtasini sanab o‘tamiz.
Kafolatlangan daromad va’dasi: odatda barcha moliyaviy piramidalarda odamlar katta daromad va’dasi orqali jalb etiladi. Befree’da ham shunday – Every Day va Autohouse nomli ikki dasturda ishlab, bir necha oyda boyib ketish taklif etiladi.
Tizimdan foydalanishdan oldin shaxsiy kabinetni faollashtirish uchun 10 dollar haq olinadi. Ya’ni foydalanuvchi platformada 10 dollar to‘lagan holda ro‘yxatdan o‘tib, dasturlardan birini tanlaydi. Har ikki dastur biznes o‘rin sotib olishdan iborat.
Masalan, Every Day dasturida 15, 30, 75 va 150 dollarlik stollar bor. Narx oshishiga qarab daromad ham ko‘payib borishi ko‘rsatilgan.
Autohouse dasturida esa 300, 900, 2700 hamda 8100 dollarlik stollar taklif etilgan. Bunda stol cho‘qqisidagi odam boshqalarning to‘lagan puli evaziga keyingi darajaga o‘tadi.
Yangi odam jalb qilish: moliyaviy piramida doimiy ravishda yangi ishtirokchilarning mablag‘larini jalb qilish orqali tuzilma a’zolariga daromad to‘lab borish tizimi hisoblanadi. Ya’ni birinchi ishtirokchilarning daromadlari keyingi ishtirokchilar hisobidan to‘lanadi.
Befree ham barcha moliyaviy piramidalarni harakatga keltiruvchi ana shu qonuniyatga asoslangan. Buni platformaning istalgan “biznes stoli” misolida ko‘rish mumkin: pastdagilar tepadagilar uchun to‘laydi.
Aniq loyiha yo‘q: kraudfanding platformalarda biror loyiha nazarda tutiladi. Befree’da esa aniq loyiha, mahsulot yoki xizmatning o‘zi yo‘q. Shunchaki, ma’lum bir darajadagi “biznes o‘rin” sotib olish orqali daromad taklif qilingan. To‘langan pul qayerga ketadi, qanday loyihaga ishlatiladi, qanday shaklda daromadga aylanadi, aniq ko‘rsatilmagan.
“Guruh ichida guruhcha bo‘lgan”
Kun.uz Umid Abror bilan bog‘landi. Aytishicha, u Befree moliyaviy piramida ekanini bilmagan holda uni targ‘ib qilgan.
“Tizim shunday ishlayaptiki, kimdir bo‘lsa, kimgadir bo‘ladi. Mana, ketyapti-ku, deb o‘ylagandim. Ozgina o‘rganganim uchun shu narsani chat qilib, tushuntirdim. 5-6 kishini men chaqirganman, ularning ham odami bor, guruh ichida guruhcha bo‘lgan.
Moliyaviy piramidada to‘planib boradigan pul bor, foiz bor. Bizda shu narsa yo‘q deganlariga ishonganman. Aynan kimnidir orqadan jalb qilganga bu piramida bo‘lmaydi deb o‘qitilganiga shunday deb aytganman. Ishlolmaganlarga pulini o‘zimning hisobimdan qaytarib berganman”, deydi Umid Abrorov.
“Bozor” hamon yopilmadi
Kiberfiribgarlar uchun O‘zbekiston hamon “qaynoq bozor” bo‘lib qolayotgani achinarli. Hatto davlat rahbari darajasida tanqid qilinganiga qaramay, bu yo‘nalishda o‘zgarish sezilmayapti: biri yopilsa, boshqasi paydo bo‘layotgan moliyaviy piramidalar odamlarni chuv tushirishda davom etmoqda.
Masalan, Umid Abrorov bir yildan buyon Telegram’dagi yopiq guruh va kanalida Befree targ‘ibotini faol olib borgan.
Hatto yangi a’zolar topish uchun turli tadbirlar tashkil etgan. Biroq Navoiy viloyati IIB “burni ostida” bo‘layotgan moliyaviy piramida targ‘ibotini negadir ko‘rmagan.
Targ‘ibot uchun jazo kerak
Moliyaviy piramidalarda odamlarni shunga ishontiruvchi targ‘ibotchilar qatlami shakllangan. Ular tushunib yoki tushunmagan holda boshqalarni turli shubhali platformalarga jalb qilib, katta daromad va’da qilishmoqda. Hatto buni kasb qilib olganlar bor.
Biroq moliyaviy piramida palak yozishida katta rol o‘ynaydigan ushbu qatlam oxirida suvdan quruq chiqib ketmoqda. O‘z yolg‘onlari bilan boshqalarning chuv tushib qolishiga sababchi bo‘layotganlarga jazo choralari ko‘rilmas ekan, bu yo‘nalishda targ‘ibot davom etaveradi.
Jamiyat
Telefon raqamni boshqa shaxsning nomiga o‘tkazish – endi onlayn shaklda mumkin
Endi O‘zbekistonda mobil aloqa foydalanuvchilari MyGov orqali o‘zlarining mobil telefon raqamlarini boshqa shaxsning nomiga onlayn tarzda o‘tkazishi mumkin.
MyGov portali tegishli xizmat ishga tushirilganini e’lon qildi.
Portal ma’muriyatining qayd etishicha, avvallari raqam egasini o‘zgartirish uchun har ikki tomon (raqamning amaldagi egasi va yangi egalik qiluvchi shaxs) aloqa operatori ofisiga shaxsan borishi, navbat kutishi va hujjatlar imzolashi talab etilardi.
Endilikda bu jarayonlar raqamlashdi.
Xizmatdan foydalanish uchun:
My.gov.uz portali yoki MyGov ilovasiga kiring.
“Mobil raqamni qayta rasmiylashtirish” xizmatini tanlang.
Kerakli ma’lumotlarni to‘ldiring va arizani yuboring.
Xizmatni ko‘rsatish muddati – 1 kundan 5 kungacha.
Ariza berish jarayonida har ikki tomon (raqamni boshqa shaxs nomiga o‘tkazuvchi ham, qabul qilib oluvchi ham) arizani MyID vositasida Face-ID orqali tasdiqlashi talab etiladi.
Hozirda bu qulaylikdan Uztelecom, Beeline va Mobiuz abonentlari foydalana oladi. Xizmat qolgan operatorlar uchun ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Qayd etilishicha, mobil aloqa operatorlari o‘z narx siyosatidan kelib chiqib xizmat tarifi asosida to‘lov shakllantiradi. Ba’zi mobil operatorlar tomonidan xizmat yaqin qarindoshlar uchun bepul amalga oshirilmoqda.
-
Siyosat4 days ago
«Muruvvat» internat uylari «G‘amxo‘rlik» markazlariga aylantiriladi
-
Dunyodan3 days ago
Eron nega Hurmuzni yana qamal qildi?
-
Siyosat4 days agoO‘zbekistonda bolalarga qarshi jinoyatlar uchun jazo qat’iylashtirildi
-
Jamiyat2 days ago
Самарқандда МЧЖ раҳбарларининг кирдикорлари ошкор бўлди: тафсилотлар
-
Siyosat3 days agoO‘zbekistonda bolalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va himoya qilishni kuchaytirmoqda
-
Dunyodan2 days ago
Ukraina Turkiyaga Zelenskiy-Putin uchrashuvi boʻyicha soʻrov yubordi
-
Jamiyat3 days ago16:13 “Qo‘rquv bo‘lishi tabiiy, ammo bu sizni to‘xtatmasin”, – 17 yoshida NASA va SpaceX bilan kosmik loyihani amalga oshirgan Akbar hikoyasi
-
Siyosat3 days agoTurk kompaniyalari Farg‘ona xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda
