Sport
U-17. Ikkinchi o‘yinda O‘zbekiston Boliviyadan ustun keldi
Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi Lotin Amerikasidagi yig‘in doirasida so‘nggi o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazdi.
Boliviyada mezbonlarga qarshi o‘yinda 89-daqiqadagi gol O‘zbekistonga g‘alaba keltirdi. Eslatib o‘tamiz, jamoalarning birinchi o‘yinida Boliviya 2:0 hisobida ustun kelgandi.
Shu tariqa O‘zbekiston (U-17) Chili va Boliviya yoshlariga qarshi 4 o‘yinda 3 g‘alabaga erishib, 1 marta mag‘lubiyatga uchradi. Eslatib o‘tamiz, Chili maydonidagi ikki o‘yinda ham jamoamiz g‘alaba qozongan.
O‘rtoqlik o‘yini U-17
Boliviya — O‘zbekiston 0:1
Gol: Azizbek Abdumo‘minov (89).
Sport
O‘zbekistonlik tennischi Kamilla Rahimova WTA 125 chempioniga aylandi
O‘zbekiston terma jamoasi vakili Kamilla Rahimova Fransiyaning Anje shahrida yakunlangan WTA 125 Open Angers Arena Loire turnirida chempionlikni qo‘lga kiritdi. Kamilla hal qiluvchi final uchrashuvida germaniyalik Tatyana Korpachni 6–3, 7–6(4) hisobida mag‘lub etdi.
Finalning ilk daqiqalaridanoq Rahimova kortda barqarorlik va tajovuzkor o‘yin namoyish qildi. Birinchi setda u tezda ustunlikni qo‘lga olib, 6–3 hisobida g‘alabaga erishdi. Ikkinchi setda teng kurash kuzatildi, ammo Kamilla asosiy vaziyatlarda sovuqqonlikni saqlab, tay-brekda 7–6(4) hisobida ustun keldi.
Anjedagi g‘alaba Rahimovaning WTA 125 darajasidagi joriy mavsumdagi ilk chempionligi bo‘lib, uning O‘zbekiston bayrog‘i ostida o‘tkazgan muvaffaqiyatli startining muhim bosqichiga aylandi.
Sport
Javohir Sindarov xalqaro turnir saralash bosqichini birinchi o‘rinda yakunladi
Keyptaunda bo‘lib o‘tayotgan nufuzli turnirning saralash bosqichida o‘zbekistonlik 20 yoshli grossmeyster Magnus Karlsen va Fabiano Karuana kabi nomdor raqiblarni mag‘lub etib, 7 imkoniyatdan 5,5 ochko jamg‘ardi va birinchi o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqdi. Bugun chorakfinal bahslari boshlanadi.
Janubiy Afrika Respublikasining Keyptaun shahrida bo‘lib o‘tayotgan Freestyle Chess Grand Slam turniri saralash bosqichining 1-turida Javohir Sindarov jahonning birinchi raqamli shaxmatchisi Magnus Karlsenni mag‘lub etdi.
Bu o‘zbekistonlik 20 yoshli shaxmatchining faoliyatida Magnus Karlsen ustidan ikkinchi g‘alabaga aylandi.
Keyingi turlarda u eronlik Parham Maksudlu, amerikalik Fabiano Karuana va Hans Moke Nimanni ham mag‘lub etdi, hindistonlik Arjun Erigaisi, germaniyalik Vinsent Kaymer hamda amerikalik Levon Aronyan bilan durang qayd etildi.
Natijada o‘zbekistonlik shaxmatchi 5,5 ochko bilan saralash turnirida birinchi o‘rinni egalladi va pley-off bosqichida (chorakfinalda) o‘z raqibini birinchi bo‘lib tanlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. U turnir autsayderi Parham Maksudluni tanladi (ushbu shaxmatchi saralash bosqichida barcha bahslarda yutqazgan).
Chorakfinal bahslari bugun start oladi. Unda quyidagi juftliklar hosil bo‘lgan:
• Javohir Sindarov vs. Parham Maksudlu
• Levon Aronyan vs. Hans Moke Niman
• Arjun Erigaisi vs. Vinsent Kaymer
• Magnus Karlsen vs. Fabiano Karuana
Turnir 11 dekabrgacha davom etadi. Turnir sovrin jamg‘armasi 660 ming dollarni tashkil etib, g‘olib shaxmatchi 200 ming dollar bilan mukofotlanadi.
Sport
O‘zbekiston fuqaroligini qabul qilgan rossiyalik tennischi WTA 125 turniri g‘olibi bo‘ldi
Sport fuqaroligini Rossiyadan O‘zbekistonga o‘zgartirishga qaror qilgan tennischi Kamilla Rahimova Fransiyaning Anjye shahrida o‘tkazilgan WTA 125 turnirida g‘alaba qozondi.
Kamilla Rahimova (jahon reytingida 112-o‘rin) finalda germaniyalik Tamara Korpachni (138-o‘rin) 6:3, 7:6 (7:4) hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Anjyedagi g‘alaba uchun Rahimova 125 ochko va 13 ming yevrodan ortiq mukofot puli oladi. Bu g‘alabadan so‘ng, Rahimova WTA reytingida 97-o‘ringa ko‘tarildi.
Shu yil dekabr oyi boshida Rahimova O‘zbekiston sharafini himoya qilishi ma’lum bo‘lgandi. Uning onasi O‘zbekistonda tug‘ilgan.
Anjye turnirida u O‘zbekiston bayrog‘i ostida emas, balki neytral maqomda ishtirok etdi.
Rahimova Instagram sahifasida O‘zbekiston terma jamoasiga o‘tish qarori oson bo‘lmagani, ammo professional va shaxsiy jihatdan to‘g‘ri ekanini aytdi.
«Qarorim ambitsiyalarim, faoliyatimdagi maqsadlarim va sportchi sifatida rivojlanishim uchun eng yaxshi imkoniyatlarni taqdim etishini his qilishimga asoslangan», deb yozdi Rahimova.
Uning ta’kidlashicha, fuqarolikni o‘zgartirish uning ildizlarini va avvalgi jamoa va federatsiyaga bo‘lgan hurmatini «o‘chirmaydi».
Sport
Uchta qizil, ikkita javobsiz gol. «Real» «Bernabeu»da ilojsiz holda qoldi
Eder Militao yana jarohat oldi, «Real» deyarli vaziyatga ega bo‘lmadi. Endi madridliklar turnir jadvalida «Barselona»dan 4 ochkoga ortda qolmoqda.
Xabi Alonso uchun dahshatli oqshom
«Real» – «Selta» 0:2
Gollar: Svedberg, 53 (0:1). Svedberg, 90 (0:2)
«Real»: Kurtua, Eder Militao (Ryudiger, 24), Karreras, F. Garsiya, Raul Asensio (Rodrigu, 54), Tshuameni, Arda Guler (G. Garsiya, 74), Bellinghem, Valverde, Vinisius Junior, Mbappe
«Selta»: Radu, Starfelt, Alonso, Rodriges, Moriba, Roman (Beltran, 84), Mingesa (Rueda, 71), Karreyra, Saragosa (Hutgla, 71), Duran (Svedberg, 46), Iglesias (Aspas, 88)
Ogohlantirishlar: Bellinghem, 62. F. Garsiya, 63. Valverde, 90. Rodrigu, 90. Karreras, 90 – Moriba, 83
Chetlatishlar: F. Garsiya, 64 (ikkinchi sariq). Karreras, 90+1 (ikkinchi sariq)
O‘yinning birinchi bo‘limidagi eng asosiy vaziyat – Eder Militaoning jarohati bo‘ldi. U raqib forvardi Pablo Duranni ta’qib qilayotib, belidan jarohat oldi. U darhol gazonga quladi va o‘yinni davom ettira olmaydigan bo‘ldi.
Bu Militao uchun joriy mavsumdagi ikkinchi jarohat bo‘lib, bunisi oldingisidan jiddiyroq bo‘lib chiqdi. Xuddi braziliyalik futbolchiga qarg‘ish tekkandek: qatorasiga ikki bor uning xochsimon paylari uzilib ketdi, bir yildan ortiq tiklanish jarayonidan keyin safga qaytganida esa tanasining boshqa qismlarida muammolar yuzaga kelmoqda.
Holbuki «Real» himoyasida shusiz ham muammolar yetarlicha edi, Dani Karvahal va Trent ham safdan chiqqani tufayli o‘ng qanot himoyasida Raul Asensioni tushirishga to‘g‘ri kelgandi. Va o‘yin ushbu himoyachi uchun juda yomon boshlandi. Avvaliga Saragosa to‘pni uning oyoqlari orasidan o‘tkazib, bolalarcha aldab o‘tdi. Keyin ea Asensio oddiy vaziyatda toyib ketdi va to‘pni raqibga sovg‘a qildi.
Shu kuni Jud Bellinghem ham, Arda Guler ham boshlang‘ich tarkibda tushgandi. Natijada «Real» maydon markazini nazorat qildi, ammo bu birinchi bo‘limda yetarlicha xavfli vaziyatlar yaratilishini ta’minlay olmadi. 45 daqiqa davomida mezbonlar hujumida faqat Bellinghemning bosh bilan yo‘llagan zarbasi xato ketgani va Guler deyarli 11 metrlik nuqtadan to‘g‘ri zarba berolmagani yodda qoldi. Shu bilan birga, «Selta» qarshi hujumlarda vaziyatlar yaratdi. Shunday ekan, o‘yinni faqat bir darvoza tomon kechdi deyish qiyin edi.
Umuman olganda, birinchi bo‘limda golli vaziyatlardan ko‘ra, xavfli to‘qnashuvlar ko‘proq bo‘ldi. Bu boradagi g‘oliblikni Militaoning o‘rniga tushirilgan Ryudigerga berish mumkin, epizodlardan birida u to‘pdan ancha uzoqda turgan Saragosani urib yiqitdi va bu vaziyat uchun na jarima zarbasi, na ogohlantirish berildi.
Lekin mezbonlarning qo‘pol o‘yin uslubi ikkinchi bo‘limda baribir pand berdi.
53-daqiqada «Selta» hisobda oldinga chiqib oldi: Brayan Saragosa chap qanotdan uzatma berdi va Villiot Svedberg to‘pni to‘xtatmasdan butsasining tashqi qismida yo‘llagan zarbasi bilan chiroyli gol muallifiga aylandi. Ushbu 21 yoshli shvetsiyalik tanaffusda Duran o‘rniga tushgandi va to‘pga birinchi teginishidayoq hisobni ochdi. Umuman olganda, murabbiy uni bejiz tushirmagandi. «Real» ushbu futbolchi uchun sevimli raqib hisoblanadi, u maydan buyon gol urmayotgandi va uning oxirgi goli aynan «Real» darvozasiga urilgandi.
Va mezbonlarning muammosi shu bilan tugamadi. Fran Garsiya 62 soniya ichida ikki bor sariq kartochka olishning uddasidan chiqdi. U avvaliga «Selta»ning xavfli hujumini to‘xtatish uchun raqib futbolchisini yiqitdi, keyin esa Svedbergning oyog‘iga tepdi.
Ikki holatda ham bosh hakam Alexandro Kintero Gonsalesga e’tiroz bildirib bo‘lmasdi, ammo shundan biroz oldinroq «Selta» futbolchisiga Bellinghemning qoshini yorgani uchun hech qanday ogohlantirish berilmagan, aksincha uning o‘ziga hakam bilan bahslashgani uchun sariq kartochka ko‘rsatilgandi.
Alonso maydon chetida turib nafaqat hakamga, balki o‘z futbolchilariga ham jiddiy e’tiroz bildira boshladi. Son jihatdan ko‘pchilik bo‘lib olgan mehmonlar hech qayerga shoshilmasdan, to‘pni o‘zi bilan olib yura boshladi. Shusiz ham vaziyat yaratishda qiynalayotgan madridliklar esa ozchilik holatda hech narsa o‘ylab topa olmadi.
O‘yin oxirida asablar dosh bermadi: «Real» futbolchilari hakam bilan bahslashganlik uchun yana to‘rt bor ogohlantirish olishdi, shundan ikkitasi Alvaro Karrerasga ko‘rsatildi. Yetmaganiga zaxira o‘rindig‘idan sakrab chiqqan Endrikka to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil berildi.
«Selta» esa bundan foydalanib, ikkinchi golni ham urdi: Svedberg bu safar 38 yoshli Yago Aspasning himoyachilar orasidan o‘tkazgan pasiga ochildi va darvozabonni ham aldab o‘tib, to‘pni darvoza to‘riga olib kirdi.
Noyabrda qatorasiga uch o‘yinda durang qayd etgan «Real» «Atletik»ni yirik hisobda yengganidan keyin yana ochko yo‘qotishni boshladi. Natijada madridliklar endi turnir jadvalida «Barselona»dan to‘rt ochkoga ortda qolmoqda. Uchinchi o‘rindagi «Vilyarreal» ham o‘z o‘yinida g‘alaba qozonib, oldinga chiqib olishi mumkin.
«Real» keyingi o‘yinni Chempionlar ligasida «Manchester Siti»ga qarshi o‘tkazadi. Yil oxirigacha «Alaves»ga qarshi safarda va «Sevilya»ga qarshi uyda bo‘ladigan o‘yinlar qolgan.
Sport
«Kimdir meni jamoada ko‘rishni istamayapti». Saloh shov-shuvli intervyu berdi
U murabbiy bilan munosabatlari buzilganini ochiq aytdi va qishda ketishi mumkinligiga ishora qildi.
«Liverpul» mavsum startidagi g‘alabali seriyadan keyin inqiroz ko‘chasiga kirib qoldi. Va hozircha vaziyatni o‘nglashning imkoni bo‘lmayapti. 6 dekabr kuni APLning navbatdagi turida mersisaydliklar yana ochko yo‘qotishdi: «Lids» bilan o‘yinda avvaliga jamoa 2:0 hisobida oldinga chiqib olgandi, keyin ikkita gol o‘tkazib yubordi, o‘yin oxirida Soboslai yana qizillarni hisobda oldinga olib chiqdi, ammo 90+6-daqiqada uchinchi gol o‘tkazib yuborildi (3:3). So‘nggi 10 o‘yinda atigi ikki bor g‘alabaga erishgan «Liverpul» turnir jadvalida sakkizinchi o‘rinda bormoqda. Muxlislarning katta qismi bosh murabbiy Arne Slot iste’fosini talab qilmoqda. «Lids» bilan o‘yindan keyin esa klubda navbatdagi jiddiy muammo paydo bo‘ldi. Jamoaning uzoq yillik yetakchisi, qatorasiga uch o‘yinda zaxirada qoldirilgan Muhammad Saloh jurnalistlar qarshisiga chiqdi hamda murabbiy bilan o‘rtasidagi oldingi munosabat qolmaganini ochiq aytdi. Shuningdek, qishda ketishi mumkinligiga ishora qildi.
U «Vest Hem» va «Lids»ga qarshi o‘yinda umuman maydonga chiqmadi, «Sanderlend» bilan o‘yinda esa ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushgandi.
Qatorasiga uch o‘yinda zaxirada qolishi Salohning «sabr kosasini to‘ldirdi». Uning hisoblashicha, Slot uni «Liverpul» muammolarida asosiy aybdor sifatida ko‘rsatmoqda.
Klubdan hafsalasi pir bo‘lgani haqida
«Men juda-juda xafaman. Bu klub uchun yillar davomida, ayniqsa o‘tgan mavsumda qancha mehnat qilganimni hamma ko‘rib turibdi. Bunga ishona olmayman, yana 90 daqiqa zaxira o‘rindig‘ida qoldirildim. Bu uchinchi martasi. Menimcha, faoliyatimda ilk bor shunaqa bo‘lmoqda.
Men hozir zaxirada o‘tiribman va nega bunday bo‘lganini bilmayapman. Aftidan, klub aybni menga ag‘darmoqda. Men shuni his qilyapman. Menimcha, bu mutlaqo ravshan: kimdir hamma ayb mening zimmamda bo‘lishini xohlagan.
Klub yozda katta va’dalar bergandi, endi esa uch o‘yinda maydonga tushirilmadim. Ular va’dasida turishdi deya olmayman.
Men bunday vaziyatga ko‘nika olmayman. Men bu klub uchun juda ko‘p ish qilgandim».
Arne Slot haqida
«Men ko‘p marta bosh murabbiy bilan munosabatim yaxshi ekanini aytganman. Hozir esa hech qanday munosabat qolmadi. Menimcha, kimdir meni klubda ko‘rishni xohlamayapti.
Yana bir bor aytaman: endi o‘rtamizda hech qanday munosabat yo‘q. Juda yaxshi munosabat bo‘lgandi, endi esa birdan yo‘q bo‘lib qoldi. Kecha u boshlang‘ich tarkibda tushmasligimni aytdi va men u bilan uchrashdim. U nimalar his qilayotganimni biladi. U bundan xabardor».
Kelajagi haqida
«Men doimo bu klubga muxlislik qilaman. Farzandlarim uni doim qo‘llab-quvvatlaydi. Men bu klubni juda yaxshi ko‘raman va doimo shunday bo‘lib qolaman. Kecha onamga qo‘ng‘iroq qildim – hech kim asosiy tarkibda chiqish yoki chiqmasligimni bilmasdi, lekin men bilardim.
Kecha [ota-onamga] aytdim: ««Brayton» bilan o‘yinga kelaveringlar. O‘ynaymanmi, yo‘qmi, buni bilmayman, ammo baribir zavq olaman. Tasavvur qilyapman, chunki bundan keyin nima bo‘lishini bilmayman. Men «Enfild»da bo‘lib, muxlislar bilan xayrlashaman va Afrika Kubogiga yo‘l olaman. U yerdaligimda nima bo‘lishini bilmayman».
Saudiya Arabistoniga ketishi ehtimoli haqida
«Men bu savolga javob berishni istamayman».
Shartnomasi haqida
«Uni imzolaganimdan afsusdamanmi? Bu savolga vijdonan javob berish men uchun juda og‘ir. Bu og‘riqli, hatto savolning o‘zi ham og‘riqli. Bu klub bilan shartnoma imzolaganim uchun men hech qachon afsuslanmayman. Shartnomani uzaytirib, faoliyatimni shu yerda yakunlayman deb o‘ylagandim.
Hammasi qachondir, qandaydir tarzda tugaydi, lekin miyamda bir fikr aylanadi: «Nega hammasi aynan shunday tugashi kerak?» Chunki men juda yaxshi holatdaman, atigi besh oy oldin men barcha individual mukofotlarni qo‘lga kiritgandim, nega endi hammasi shunday ketishi kerak? Kechirasiz, jamoadagilarning barchasi ham yaxshi formada emas, ammo hozir aynan men himoyalanishimga to‘g‘ri kelmoqda».
Futbolchilar bilan munosabatlari haqida
«Yo‘q, yo‘q, yo‘q (unga jamoadoshlari pand bermadimi degan savolga javoban), bu yigitlar men ularni qanchalik yoqtirishimni bilishadi. Ular o‘yindan oldin ham, o‘yindan keyin ham ularni qanchalik qo‘llab-quvvatlashimni bilishadi. Men tajribali futbolchiman. Men ularni doim qo‘llab-quvvatlayman, doim tajriba ulashaman. Yo‘q, yo‘q, o‘yinchilarning bunga daxli yo‘q. Ular ham meni juda qo‘llab-quvvatlashadi, shuning uchun o‘rtamizda faqat ulkan muhabbat va hurmat bor».
Yana bir bor klub oldidagi xizmatlari haqida
«Klub uchun qilgan ishlarimdan keyin bunaqa bo‘lishi chindan og‘riqli. O‘zingiz uchun tasavvur qilib ko‘rishingiz mumkin. Uydan chiqayotganingda bugun boshlang‘ich tarkibda bo‘lish-bo‘lmasligingni bilmaysan. Men klubni juda yaxshi bilaman, men ko‘p yillardan buyon shu yerdaman. Bilaman, ertaga [Jyeymi] Karrager yana va yana menga hujum qiladi – tanqid qilaversin, bu normal holat.
Men APLga kelganimdan keyingi davrda klub uchun barchadan ko‘p gol urdim. Bu davrda butun APLda mendan ko‘proq gol urgan va golli uzatma bergan boshqa kimdir bor deb o‘ylamayman. Menimcha, boshqa kimdir bilan bu ish sodir bo‘lganda, klub yonini olgan bo‘lardi. Men esa bunaqa vaziyatdagi yagona futbolchiman. Barcha aytyapti: «Mo — muammo, demak uni chetga surib qo‘yish kerak». Men esa muammo o‘zimda deb o‘ylamayman.
Men klub uchun borimni berdim. O‘z o‘rnim uchun har kuni kurashishim shart emas, chunki u meniki, unga haqliman. Men klubdan kattaroq emasman, lekin men o‘ynashga haqliman».
Noto‘g‘ri munosabat haqida
«Misol keltirish kerakmi? Bu ahmoqlik, ammo afsusdaman. Yodimda, qaysidir pallada Harri Keyn o‘n o‘yinda gol urmagandi va mediadagilarning barchasi shunday degandi: «Harri gol uradi hali». Ish Salohga kelganda esa barcha shunday demoqda: «U zaxirada o‘tirishi kerak». Uzr, Harri!»
Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Bu vaziyatda murabbiyning qarorini ham to‘g‘ri tushunish mumkin: joriy mavsumda misrlik futbolchining o‘yinida jiddiy pasayish yuzaga keldi. U mavsum startidagi 12 o‘yinda atigi to‘rt gol urib, ikki assist amalga oshirgandi, bu esa o‘tgan mavsumdagi fenomenal ko‘rsatkich (29 gol + 18 assist) bilan solishtirganda juda kamtarona ko‘rinadi.
«Liverpul» muammolari fonida ko‘plab muxlislar va ekspertlar Muhammad Salohning o‘yinidagi pasayishni alohida ko‘rsata boshlagandi.
33 yoshli futbolchi o‘tgan mavsumda shartnomasini 2027 yilgacha uzaytirgan.
13 dekabr kuni «Brayton»ga qarshi kechadigan o‘yin esa Saloh uchun klubdagi oxirgi o‘yin bo‘lib qolishi mumkin. Shu bilan birga, ayrimlar u allaqachon muxlislar bilan xayrlashdi deb hisoblamoqda: «Lids» bilan o‘yindan keyin Mo maydonga chiqib, uzoq vaqt qoldi va tribunaga yig‘ilganlarni olqishlab turdi.
U dekabr oyining ikkinchi yarmida Afrika kubogi o‘yinlariga jo‘nab ketadi, birinchi o‘yin – 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Agar Misr turnirda finalgacha yetib boradigan bo‘lsa, u «Liverpul»ga 20 yanvardan oldin qaytmaydi.
Shuningdek, 2026 yilgi jahon chempionatigacha yarim yil qolmoqda, futbolchi turnirga borishi uchun sport formasini yuqori holatda saqlab turishi kerak bo‘ladi. U bu yarim yilni qayerda va qanday o‘tkazishi hozircha katta savol ostida.
Salohning oxirgi bayonoti Krishtianu Ronalduning «MYu»dan ketish oldidan Pirs Morganga bergan mashhur intervyusini yodga solib yubormoqda. Ushbu jurnalist allaqachon misrlik futbolchini ham o‘zi bilan suhbat qurishga chorladi. Futbolchi bu taklifga rozi bo‘ladigan bo‘lsa, portugaliyalik yulduznikidan ko‘ra shov-shuvliroq intervyu chiqishi mumkin.
-
Sport3 days agoТуркия Суперлигаси. «Башакшеҳир» – «Фенербаҳче». Шомуродов ва Файзуллаев — асосий таркибда
-
Turk dunyosi5 days agoTurkiya qimor o’yini-onaviy tergovning bir qismi sifatida futbolchilar va sheriklar hibsga olingan
-
Turk dunyosi5 days agoTurkiya Rossiya quvur liniyali gaz ta’minotini bir yil davomida kengaytirmoqda
-
Hayot tarzi4 days agoDemi Xestemanning Jessi Gatikaulaning “Me’blari” ga qanday munosabatda bo’ldi
-
Iqtisodiyot3 days agoXitoylik investorlar Jizzaxdagi volfram konini ishga tushirmoqda
-
Iqtisodiyot3 days agoBMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshiriladi
-
Jamiyat4 days ago«Samarqand HET» turk kompaniyasi boshqaruviga beriladi
-
Jamiyat1 day agoTo‘qqiz qizli Jasur – to‘rt egiz tug‘ilgan xonadondan reportaj
