Jamiyat
Toshkentdagi «Chinor» metrosi yana ochiladi — bekatda nimalar o‘zgardi?
Toshkent metropolitenining rekonstruksiya ishlari sabab vaqtincha yopilgan «Chinor» metro bekati 29 iyul kuni soat 05:00 dan boshlab yana yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi.
Bekatda Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 30 apreldagi topshirig‘i asosida keng ko‘lamli rekonstruksiya va kengaytirish ishlari amalga oshirildi.
Rekonstruksiya jarayonida bekatning kirish va chiqish qismlari sezilarli darajada kengaytirildi. Turniketlar soni 6 tadan 13 taga yetkazildi. Shuningdek, avval yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘dirgan o‘tish yo‘laklari qayta loyihalashtirilib, bekatdan bekatga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tish imkoniyati yaratildi.
Bekat avval kuniga o‘rtacha 15 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, endi bu ko‘rsatkich 35–40 ming nafarga yetishi kutilmoqda.
Toshkent metropoliteni rekonstruksiya ishlari yakunlangani munosabati bilan yo‘lovchilarga qulay, xavfsiz va sifatli xizmat ko‘rsatishni davom ettirishini ma’lum qildi.