Sport
Toshkentda taekvondo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati start oldi
12 aprel kuni Toshkent shahrida taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi XV jahon chempionati boshlandi. Nufuzli musobaqada 115 davlatdan qariyb 1500 nafar sportchi ishtirok etishi kutilyapti.
12 aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi tashabbusi bilan yoshlar o‘rtasidagi XV jahon chempionati boshlandi. Musobaqa poytaxtdagi Yakkakurash majmuasida o‘tkazilmoqda.
Chempionatda 115 ta davlatdan qariyb 1500 nafar sportchi va murabbiy ishtirok etmoqda. Bahslar 20 ta vazn toifasida tashkil etilib, ularning 10 tasi yigitlar, yana 10 tasi qizlar o‘rtasida o‘tkaziladi. Musobaqada 2009 yil 1 yanvardan 2011 yil 31 dekabrgacha tug‘ilgan sportchilar qatnashmoqda.
Dastlabki kun bahslarida yigitlar o‘rtasida +78 kg, qizlar o‘rtasida esa 46 kg va 59 kg vazn toifalarida g‘oliblar aniqlanadi. Ushbu bellashuvlarda O‘zbekiston sharafini Alisher Pak (+78 kg), Komila Sultonova (46 kg) va Viktoriya Denisenko (59 kg) himoya qilmoqda. Tadbirda dunyoning nufuzli taekvondo hamjamiyati vakillari hamda O‘zbekiston rasmiylari ishtirok etishyapti. Ochilish marosimida so‘z olgan Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov ushbu musobaqa olimpiya majmuasidagi ilk musobaqa sifatida tarixda qolishini, O‘zbekistonda taekvondo tobora sevimli sport turiga aylanayotganini ta’kidladi.
13 aprel kuni chempionat doirasida “Olimpizm va tinchlik” mavzusida xalqaro forum tashkil etildi. Chempionat 17 aprelga qadar davom etadi.
Ta’kidlash joiz, mazkur jahon chempionati O‘zbekiston sport hayotidagi muhim voqealardan biri bo‘lib, yosh sportchilar uchun xalqaro maydonda tajriba orttirish va o‘z imkoniyatlarini namoyish etish imkonini beradi.
Sport
«PSJ» ketma-ket ikki marta YeChL g‘olibi bo‘ldi
Budapeshtdagi «Pushkash Arena» stadionida Parijning «Pari Sen-Jyermen» va Londonning «Arsenal» klublari o‘rtasida 2025/26 yilgi UYeFA Chempionlar ligasi finali bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvning 6-daqiqasida «Arsenal» futbolchisi Kay Xavers hisobni ochdi. 63-daqiqada Moskera jarima maydonida Kvaratsxeliyani yiqitdi va «Arsenal» darvozasi tomon penalti belgilandi. Dembele penaltini aniq bajarib, hisobni tenglashtirdi.
O‘yinnig asosiy vaqti va qo‘shimcha taymlarda darvozalar ishg‘ol etilmagach, penaltilar seriyasi belgilandi. Penaltilar seriyasida PSJ 5:4 hisobida g‘alaba qozondi.
Parijliklar «Real»dan keyin chempionlik unvonini himoya qilgan ikkinchi jamoaga aylanishdi. «Real» bu natijaga 2016/17 va 2017/18 yilgi mavsumlarda erishgandi.
Jamoalar o‘tgan mavsum yarim finalida o‘zaro to‘qnashgandi. O‘shanda Luis Enrike boshchiligidagi jamoa har ikki o‘yinda g‘alaba qozonib, ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra 3:1 hisobida ustun kelgan. Keyin esa finalda “Inter”ni 5:0 hisobida mag‘lub etib, klub tarixida ilk bor Chempionlar kubogini qo‘lga kiritgandi.
Jamoalar bugunga qadar jami besh marta to‘qnash kelgan. O‘tgan mavsum yarim finaliga qadar parijliklar biror marta ham g‘alaba qozonmagan edi. O‘tgan mavsum umumiy bosqichda «Arsenal» g‘alaba qozongan, 2016/17 yilgi musobaqada esa raqiblar ikki marta durang o‘ynagan.
Budapeshtgacha bo‘lgan yo‘lda jamoalar turlicha uslubda harakat qildi. «Arsenal» himoyadagi ishonchli o‘yini bilan ajralib turdi. «To‘pchilar» to‘qqizta uchrashuvda o‘z darvozasini daxlsiz saqladi va umumiy bosqichda atigi to‘rtta gol o‘tkazib yubordi.
«PSJ»ning asosiy quroli esa hujumdagi samaradorlik bo‘ldi. Parijliklar ushbu musobaqada 1999/2000 yilgi Chempionlar ligasida 45 ta gol urgan «Barselona» rekordini takrorladi.
«Arsenal»ning yuksalishi bosqichma-bosqich kechdi: 2023/24 mavsumda chorak final, keyingi mavsumda yarim final va endi esa 2005/06 yildan beri ilk marta final.
E’tiborlisi, har ikki jamoa bu yilgi mavsumda o‘z mamlakatlari birinchiligida chempionlikni qo‘lga kiritishdi.
Sport
Dzyudo bo‘yicha Osiyo kubogida o‘smirlarimiz umumjamoa hisobida birinchi bo‘lishdi (foto)
Toshkentda o‘tkazilayotgan dzyudo bo‘yicha Osiyo kubogida o‘smirlar o‘rtasidagi bahslar yakunlandi.
Unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 13 ta oltin, 9 ta kumush va 17 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallashdi.
Bugundan yoshlar toifasidagi bahslar boshlanadi.
Sport
«Real» sovrinsiz mavsumda dunyoning eng qimmat klubi deb topildi
Ispaniyaning «Real» futbol klubi ketma-ket beshinchi marta Forbes jurnali tomonidan dunyoning eng qimmat klubi deb topildi.
Foto: Gustavo Valiente/Xinhua/Getty Images
Madrid klubining qiymati 9,5 milliard dollarga baholanmoqda, bu o‘tgan yilga nisbatan (6,75 milliard dollar) 41 foizga ko‘pdir.
Kuchli uchlikka «Barselona» ($7,5 mlrd) va «Manchester Yunayted» ($7,2 mlrd) ham kirdi. Eng qimmat klublar o‘ntaligida quyidagilar bor: «Liverpul» ($6,2 mlrd), «Pari Sen-Jyermen» ($5,8 mlrd), «Bavariya» ($5,7 mlrd), «Manchester Siti» ($5,5 mlrd), «Arsenal» ($5,4 mlrd), «Chelsi» ($4,2 mlrd) va «Tottenhem» ($3 mlrd).
Forbes reytingiga jami 30 ta klub kiritilgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 87 milliard dollarga yetgan. Bitta klubning o‘rtacha qiymati 2,9 milliard dollarni tashkil etdi, bu 2025 yilga (2,4 milliard dollar) nisbatan 21 foizga ko‘pdir.
Ro‘yxatdagi eng ko‘p vakil Angliya Premer-Ligasidan (APL) – 11 ta klub, undan keyin Shimoliy Amerikaning MLS ligasidan 7 ta klub va Italiya A Seriyasidan 4 ta klub.
O‘tgan mavsumda «Real» so‘nggi besh yil ichida birinchi marta sovrinsiz qoldi. Madridliklar Ispaniya chempionatida «Barselona»dan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi, shuningdek, 1/8 final bosqichida «Albasete»ga 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lib, Ispaniya Kubogidagi kurashni yakunladi. «Real» mamlakat Superkubogida «Barselona»ga yutqazdi (2:3).
Shuningdek, klub ketma-ket ikkinchi yil Chempionlar Ligasi yarimfinaliga chiqolmadi. Jamoa 1/4 final bosqichida Myunxenning «Bavariya» klubiga yutqazdi.
Sport
O‘zbekiston U-20 terma jamoasining Osiyo Kubogi saralash bosqichidagi raqiblari ma’lum bo‘ldi
2027 yilgi U-20 Osiyo Kubogi saralash bosqichiga qur’a tashlandi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston U-20 terma jamoasi «B» guruhidan joy oldi. Jamoliddin Rahmatullayev boshchiligidagi yosh futbolchilar saralash bahslarida Suriya, Hindiston va Bangladesh terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston U-20 terma jamoasi ishtirokidagi saralash uchrashuvlari 2026 yilning 25 avgustidan 6 sentyabriga qadar Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.
Sport
Mundial chiptalari nega rekord darajada qimmatlashib ketdi?
Foto: Jonathan Ernst/Reuters
FIFAning yangi biznes modeli muxlislarni ranjityapti. Inflatsiyani hisobga olgan taqdirda ham, AQSh, Kanada va Meksikada o‘tadigan bu galgi jahon chempionati chiptalari narxi 2022 yil Qatardagi turnirdan ikki baravar, 1994 yil AQShdagi musobaqaga nisbatan esa qariyb to‘rt baravar qimmatroq. The Economist’ning yozishicha, o‘zgargan narx siyosati katta tavakkalga asoslangan. Chiptalar hali to‘liq sotilib bo‘lingani yo‘q va mezbon shaharlardagi mehmonxonalar to‘lmagan. Yuqori narxlar savdo pasayishi oqibatida yuzaga kelgan zararni qoplasa ham, FIFAning ko‘proq daromad keltiradigan boshqa manbalariga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Xalqaro futbol federatsiyasi prezidenti Janni Infantino FIFAni “dunyoga baxt ulashuvchi tashkilot” deya ta’riflaydi. Ammo, bu yil Shimoliy Amerikada o‘tadigan Jahon chempionatida bu “baxt” qimmatga tushishi mumkin, deb yozadi The Economist.
Mundial guruh bosqichi o‘yinlari uchun eng arzon chiptalar narxi o‘rtacha 200 dollarni, final uchrashuvi chiptalari esa kamida 2030 dollarni tashkil etadi. Bu esa 2026 yildagi chempionatni tarixdagi eng qimmat madaniy tadbirga aylantirishi mumkin.
Odatda jahon chempionati o‘yinlari uchun chiptalar bozor ko‘tara oladigan narxdan ancha arzon sotib kelingan. Turnir tarixi davomida talab har doim taklifdan yuqori bo‘lib keladi. Shunday bo‘lsa-da, ko‘proq pul ishlash o‘rniga, FIFA narxlarni oddiy muxlislar sotib oladigan darajada ushlab kelgan va chiptalarni lotereya ko‘rinishida tarqatgan. Tashkilot moliyaviy barqarorligi uchun chipta tushumidan ko‘ra, translatsiya va homiylik huquqlari ancha muhimroq ahamiyat kasb etadi.
Bu yil esa vaziyat boshqacha. Ilk bor FIFA chiptalar savdosini mahalliy tashkilotchilarga topshirish o‘rniga, bevosita o‘z nazoratiga oldi. Tashkilot “dinamik narxlash” tizimini joriy qildi, ya’ni talab oshgani sari chiptalar narxi ham ko‘tariladi. Shuningdek, rasmiy qayta sotuv platformasi ishga tushirildi va u yerda xaridor ham, sotuvchi ham amalga oshirilgan savdo uchun 15 foizlik komissiya to‘laydi.
Inflatsiyani hisobga olgan taqdirda ham, AQSh, Kanada va Meksikada o‘tayotgan bu galgi Jahon chempionati chiptalari narxi 2022 yil Qatardagi turnirdan ikki baravar, 1994 yilgi AQSh turniriga nisbatan esa qariyb to‘rt baravar qimmatroq.
Final o‘yini uchun ayrim chiptalar qayta sotuv bozorida hatto 2 million dollargacha qimmatlashgan. Besh karra jahon chempioni — Braziliya terma jamoasi muxlislari o‘z futbolchilarining guruh bosqichidagi uchta o‘yinini tomosha qilish uchun qayta sotuv bozorida taxminan 3 800 dollar sarflashiga to‘g‘ri keladi — bu barcha mamlakatlar ichida eng yuqori ko‘rsatkich. Hatto Jahon chempionatida ilk bor qatnashayotgan Kabo-Verde muxlislari ham qariyb 1000 dollar to‘lashi kerak. Taqqoslash uchun, bu yilgi Yevropa Chempionlar ligasi finalining kattalar uchun eng arzon chiptasi 200 dollardan taklif etildi.
The Economist’ning qayt etishicha, FIFAning yangi narx siyosati katta tavakkalga o‘xshab ko‘rinyapti. Birinchidan, chiptalar hali to‘liq sotib bo‘lingani yo‘q va mezbon shaharlardagi mehmonxonalar to‘lmagan. Ayrim o‘yinlar uchun qayta sotuvdagi narxlar keyinchalik pasayishi mumkin. Ammo chiptalar arzonlashguncha, ko‘plab muxlislar safarga borish umididan voz kechish ehtimoli bor. Energetika inqirozi sabab aviachiptalar narxi keskin oshib boryapti.
Yuqori narxlar savdo pasayishi oqibatida yuzaga kelgan zararni qoplasa ham, bu FIFAning yanada daromadliroq manbalariga salbiy ta’sir qilishi mumkin. To‘la stadionlar teleekranda o‘yinlarni jozibador qiladigan shovqin va ajoyib atmosferani yaratadi. Xalqaro futbol federatsiyasi o‘tgan yil klublar o‘rtasidagi jahon chempionati vaqtida ham noqulay holatga tushgandi: tomoshabin kam kelgan o‘yinlarda muxlislar televizion kameralar tomon ko‘chirilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, boyroq muxlislar sokinroq bo‘lishadi va stadionda hissiyotlarini kamroq namoyon qiladi. Masalan, 2022 yilgi amerikancha futbol ligasi muhiti “korporativ kechki ovqat”ga o‘xshatilgandi.
To‘g‘ri, boylar tobora ko‘proq pullarini qimmatbaho buyumlarga emas, balki “hayotda bir marta bo‘ladigan” jarayonlar uchun sarflashni afzal ko‘ra boshlashgan. Bu FIFA uchun yaxshi yangilikdek tuyuladi. Muammo shundaki, aynan shu boy muxlislarning o‘zi ular izlayotgan o‘sha noyob jarayonning jozibasini kamaytirib yuborishi mumkin.
-
Iqtisodiyot3 days ago1 dollar ≠ 1 so‘m ≠ 1 rubl. Valutalar qiymati nega har xil?
-
Jamiyat4 days agoToshkentda uy savdosi bilan bog‘liq mojaro tergov qilinmoqda
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekistonga Qozog‘iston nefti yetkazib berilishi mumkin
-
Jamiyat5 days agoKitobxon yoshlar uchun 50 ming dollarlik mukofot joriy etildi
-
Jamiyat5 days agoBugun O‘zbekiston bo‘ylab qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda
-
Mahalliy4 days ago
Oliy attestatsiya komissiyasi rahbari ishdan olindi
-
Sport3 days agoForbes dunyoning eng serdaromad sportchilari reytingini e’lon qildi
-
Iqtisodiyot2 days agoBirjada bug‘doy va sement narxi pasaydi
