Jamiyat
Toshkentda savdo do‘koni tomiga chiqqan 11 yoshli qiz tok urishi oqibatida vafot etdi
U tomga ukasining o‘yinchog‘ini olib tushish maqsadida narvon orqali chiqqan. Qaytib tushayotgan vaqtida tom qismiga yaqin joydan o‘tgan elektr tarmog‘ini ushlab olgan va tok urishi oqibatida voqea joyida vafot etgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Foto: Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati
Ijtimoiy tarmoqlarda 11 yoshli qizning tok urishi oqibatida vafot etgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Boshqarma ma’lumotida keltirilishicha, hodisa joriy yilning 30 may kuni taxminan soat 18.00 da sodir bo‘lgan. 2014 yilda tug‘ilgan N.A. Mirobod tumani Amir Temur ko‘chasidagi savdo do‘konlardan birining tom qismiga ukasining o‘yinchog‘ini olib tushish uchun narvon yordamida chiqqan.
Qiz o‘yinchoqni olib, qaytib tushayotgan vaqtida tom qismiga yaqin joydan o‘tuvchi elektr tarmog‘ini ushlab olgan. Buning oqibatida u tok urib, voqea joyida vafot etgan.
Holat yuzasidan Mirobod tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a” bandi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Buxorodagi xususiy bog‘chada ikki yashar bola tok urishidan vafot etgandi.
Jamiyat
Dunyoning eng boy ayoli pullarini qanday tarqatmoqda?
2019-yilda Jeff Bezos bilan ajrashish jarayoni yakunlangach, Makkenzi Skott qo‘lida 38 milliard dollarlik Amazon aksiyalari bilan dunyoning eng boy ayollaridan biriga aylandi. O‘shanda ko‘pchilik uchta an’anaviy ssenariydan birini kutgandi: yo u dabdabali hayotga sho‘ng‘iydi, yo shaxsiy media imperiyasini quradi, yoki binolarga o‘z ismini yozib qo‘yadigan ulkan xayriya jamg‘armasiga asos soladi.
Biroq Skott bu yo‘llarning birortasini tanlamadi. U xayriya dunyosining barcha yozilmagan qoidalarini parchalab tashladi.
«Pulni tugaguncha baham ko‘raman»
Skott o‘z boyligini shunchalik tez tarqata boshladiki, hatto ekspertlar ham hayratda qoldi. U Uorren Baffet va Bill Geyts tomonidan asos solingan «Giving Pledge» tashabbusiga qo‘shilib, hayoti davomida boyligining kamida yarmini xayriya qilishga va’da berdi. «Mening nomutanosib miqdorda pulim bor va men uni yo‘q bo‘lib ketguncha baham ko‘raman», — deb yozgan edi u o‘z ochiq xatida.
An’anaviy jamg‘armalardan farqli o‘laroq, uning strategiyasi byurokratiya va nazoratni yo‘q qilishdir. U hisobot berishni talab qilmaydi, shartlar qo‘ymaydi va matbuot xabarlarida uning ismi ko‘rinmaydi. Pullar ehtiyojmandlarga yashirincha keladi va ko‘pincha ma’lum tashkilotlar tarixidagi eng katta xayriyaga aylanadi.
Raqobatbardosh arizalar, grant qo‘mitalari va KPIlar o‘rniga u professional tadqiqotchilarga va zaif guruhlar, ta’lim tashabbuslari, irqiy, gender tengsizligi bilan ishlaydigan tashkilotlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazmalarga tayanadi va u o‘z blogida kimga, nima uchun pul bergani haqida oddiy ro‘yxat e’lon qiladi.
Skottning kichik jamoasi detektivlar kabi ishlaydi: ular zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan, ammo jamiyat uchun muhim ishlarni qilayotgan tashkilotlarni qidirib topishadi. Ular orasida bankrotlik yoqasidagi oziq-ovqat banklari, eski uskunalar bilan ishlayotgan qishloq kasalxonalari, qamoqdan chiqqanlarga yordam beruvchi kichik ijtimoiy loyihalar bor.
Bu tashkilotlar kutilmaganda elektron pochta orqali xat olishadi: «Biz sizning ishingizga ishonamiz va yordam bermoqchimiz». So‘ng hech qanday shartlarsiz millionlab dollarlik mablag‘ kelib tushadi.
Bu saxovatning natijasi esa hayratlanarli: Detroytdagi bolalar kasalxonasi psixologlar shtatini ikki barobar oshirishga muvaffaq bo‘ldi, tub amerikaliklar ta’lim muassasalari o‘z tarixidagi eng katta mablag‘ni qabul qilib oldi, oilaviy zo‘ravonlik qurbonlari uchun boshpanalar pandemiya davrida o‘z imkoniyatlarini kengaytirdi.
Bir yil ichida u qariyb 500 ta tashkilotga 6 milliard dollarga yaqin mablag‘ o‘tkazdi. Ammo paradoks shundaki, u pulni qanchalik tez tarqatmasin, Amazon aksiyalarining narxi oshib borishi natijasida uning sof boyligi o‘sishda davom etdi. Bu xuddi ummonni chelak bilan bo‘shatishga urinishdek edi.
Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, o‘nlab milliardlab dollarlik xayriyalarga qaramay, Makkenzi Skott dunyodagi eng boy odamlardan biri bo‘lib qolmoqda. U jamg‘armani boshqarmaydi yoki jamoat tadbirlarini o‘tkazmaydi, lekin u zamonaviy xayriya qanday ishlashi mumkinligi haqidagi tushunchani o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi. Boshqa milliarderlar raketalar uchirib, koinotni zabt etish yoki o‘zlariga haykallar tiklash bilan band bo‘lgan bir paytda, Makkenzi Skott boylikni namoyish qilmasdan tarqatish mumkinligini isbotladi. Uning yondashuvi shunchaki xayriya emas, balki insoniyatga bo‘lgan yuksak ishonch namunasidir. Skottning saxovati tufayli minglab odamlarning hayoti yaxshilanmoqda va ularning aksariyati bu baxt ortida kim turganini ham bilishmaydi. Zero, haqiqiy saxovat shovqin-suronni yoqtirmaydi.
Jamiyat
Qozog‘istonda 5 nafar o‘zbekistonlikning ish haqi va pasportlari qaytarildi
Qozog‘istonning Ostona shahrida mehnat qilib kelgan 5 nafar O‘zbekiston fuqarosining ish beruvchi tomonidan olib qo‘yilgan pasportlari qaytarilib, uch oylik ish haqlari to‘liq undirib berildi.
Ostona shahri Foto: akorda.kz
Ma’lum qilinishicha, 12 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavha ortidan Qozog‘istonning Ostona shahrida joylashgan “Karima” restoranida ishlagan 5 nafar O‘zbekiston fuqarosining murojaati yuzasidan tezkor choralar ko‘rilgan.
Unga ko‘ra, ish beruvchi tomonidan fuqarolarning pasportlari olib qo‘yilgani va ularga uch oylik ish haqi to‘lanmagani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekistonning Ostona shahridagi elchixonasi tomonidan restoran rahbariyati bilan aloqa o‘rnatilib, fuqarolarning hujjatlarini qaytarish va ish haqlarini to‘liq to‘lash bo‘yicha qat’iy talablar qo‘yilgan.
Shuningdek, Qozog‘istonning vakolatli organlari tomonidan ham holat nazoratga olinib, ish beruvchiga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida 14 mart kuni fuqarolarning pasportlari to‘liq qaytarildi hamda ularga tegishli bo‘lgan jami 5 ming 290 AQSh dollari miqdoridagi ish haqi undirib berildi.
Jamiyat
Janubiy Koreyada O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi
Janubiy Koreyada O‘zbekiston fuqarosining vafoti yuzasidan tekshiruv va ekspertiza ishlari olib borilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur holatda qotillik alomatlari aniqlanmagan.
O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi vakillari ushbu mamlakatda vafot etgan vatandoshimiz holati bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli ma’lumotlarga munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, K.N.ning vafoti munosabati bilan Janubiy Koreya milliy politsiya agentligining mas’ul xodimlari bilan doimiy muloqot olib borilmoqda.
Janubiy Koreya tomonining bildirishicha, ayni vaqtda O‘zbekiston fuqarosining o‘limi yuzasidan mutasaddi soha vakillari tomonidan tekshiruv va ekspertiza ishlari davom ettirilmoqda. Dastlabki tekshiruv natijalariga ko‘ra, uning vafotida qotillik alomatlari mavjud emas.
Qayd etilishicha, Janubiy Koreya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan ushbu holatga to‘liq oydinlik kiritilganidan so‘ng qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.
Shu bilan birga, tekshirilmagan, yolg‘on yoki vahima chiqaruvchi ma’lumotlarni tarqatish qonunchilikka muvofiq ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi eslatildi.
Jamiyat
23 martdan Toshkent – Chorvoq avtobus qatnovi qayta tiklanadi
2026 yil 23 martdan boshlab Toshkent shahridan Chorvoq yo‘nalishi bo‘yicha avtobus qatnovi qayta yo‘lga qo‘yiladi. Yangi yo‘nalish ichki turizmni rivojlantirish va aholiga qulay transport xizmatlarini ta’minlashga qaratilgan.
Foto: Toshshahartransxizmat
«Toshshahartransxizmat» AJ tarkibidagi «Toshavtobustrans» MChJ tomonidan 1226-sonli «Mashinasozlar metrosi — Chorbog‘ (Humson qo‘rg‘oni)» avtobus yo‘nalishi faoliyati qayta tiklanadi.
Yo‘nalishga 47 o‘rindiqli, konditsionerlar bilan jihozlangan MAN RR3 rusumli zamonaviy turistik avtobuslar biriktiriladi. Yo‘lkira narxi 25 ming so‘m etib belgilangan.
Avtobuslar Mashinasozlar metrosi bekatidan har kuni soat 06:00 da harakatni boshlaydi. Qatnovlar har 1,5 soatda amalga oshirilib, safar vaqti taxminan 1 soat 30 daqiqani tashkil etadi. So‘nggi qatnov Chorvoq tomondan soat 20:30 da amalga oshirilib, soat 22:00 da Mashinasozlar metrosida yakunlanadi.
Yo‘nalish Mashinasozlar metrosi bekatidan boshlanib, Maxtumquli ko‘chasi, Yangi O‘zbekiston bog‘i, Hojikent mavzesi va Chinorkent orqali Xumson qo‘rg‘onigacha harakatlanadi.
Qayd etilishicha, yo‘lovchilar uchun naqd pul va bank kartalari orqali to‘lov qilish imkoniyati yaratilgan.
Jamiyat
Samarqandda 38 kilogrammga yaqin narkotik modda qo‘lga olindi
Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida xorijdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan qariyb 38 kilogramm narkotik moddalar aniqlanib, musodara qilindi.
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari hamda Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘shni davlatdan olib kirilgan katta miqdordagi narkotik moddalar to‘xtatib qolindi.
Xususan, oldindan kuzatuvga olingan Urgut tumanida yashovchi 1989 va 1992 yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro aylanma yo‘llar orqali Tojikistonning Panjikent tumaniga borib, narkosavdogarlardan 14 kg 766 gramm “opiy” va 14 kg 958 gramm “gashish” moddalarini olib, davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan holda O‘zbekiston hududiga kirib kelayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, yana bir holatda Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida “Orzu” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan xususiy avtomashina garaji ko‘zdan kechirildi.
Tekshiruv natijasida maxsus tayyorlangan yashirin joy — marmar toshlar orasiga 9 kg 40 gramm opiy ekstraksiyasi yashirilgani aniqlandi.
Qayd etilishicha, bunday turdagi narkotik moddalar odatda xorijdan kontrabanda yo‘li bilan olib kiriladi.
Har ikki holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Garaj egasini qo‘lga olish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, ushbu turdagi jinoyatlar uchun qonunchilikda 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Fuqarolardan shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelganda Davlat xavfsizlik xizmatiga 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilish so‘raldi. Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
-
Turk dunyosi4 days agoTurkiyaning Baykal K2 bir tomonlama hujumga uchragan uchuvchisiz samolyotining toʻda harakatini sinovdan oʻtkazdi
-
Jamiyat24 hours ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Dunyodan5 days ago
Iroq g‘arbida AQShning yonilg‘i quyuvchi samolyoti urib tushirildi
-
Iqtisodiyot1 day agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Iqtisodiyot2 days agoMetandan go‘shtgacha. Narxi keskin oshgan mahsulot va xizmatlar
-
Iqtisodiyot3 days ago«Yomg‘ir va qorda ham foydalanishga tayyor bo‘ladi» – Toshkent-Andijon pulli yo‘li haqida nimalar ma’lum?
-
Dunyodan1 day ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Iqtisodiyot2 days ago“Markaziy Osiyo umumiy investitsiya makonini yaratishi zarur” – Alisher Umirdinov
