Jamiyat
Toshkentda odamlardan intervyu olish bahonasida pul yig‘ib kelgan shaxslar ushlandi
Hozirda mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Toshkent shahar IIBB ijtimoiy tarmoqlarda bir necha shaxs fuqarolardan intervyu olish bahonasida suhbatlashib, ulardan firibgarlik yo‘li bilan pul yig‘ayotgani aks etgan videoga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 5 iyul kuni Chilonzor tumanidagi bog‘larning birida 21 yoshli Sh.S., 24 yoshli S.S. va 20 yoshli T.A. fuqarolar bilan intervyu olish bahonasida suhbatlashib, masjid qurilishi, nogironlarga yordam kabi bahonalarni ishlatib, ulardan firibgarlik yo‘li bilan pul yig‘ayotgani ma’lum bo‘lgan.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida, ushbu fuqarolarning shaxsi aniqlangan va ulardan ashyoviy dalil sifatida pul mablag‘lari xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
Jamiyat
O‘zbekiston fuqarolari AQShdagi mavsumiy ishlarga jalb etilishi mumkin
Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev va AQShning USA Farm Labor tashkiloti rahbari Manuel Fik o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn muzokarada o‘zbekistonlik nomzodlarni ilk bor AQShdagi mavsumiy ishlarga jalb etish tartiblari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: USA Farm Labor 22 yildan buyon H-2A dasturi doirasida Qo‘shma Shtatlardagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarga xorijiy ishchilarni jalb qilish bilan shug‘ullanadi. Hozirda Shimoliy Amerika hududida 1 400 dan ortiq fermer xo‘jaliklari va rancholar bilan hamkorlik shartnomasiga ega.
AQSh mavsumiy ishchilar uchun quyidagilarni taklif etadi:
Ish muddati: 9–10 oy;
O‘rtacha oylik: $3 500;
Turarjoy: ish beruvchi hisobidan;
Malakali mutaxassislarga ustuvorlik beriladi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro kelishuv imzolandi hamda hamkorlikning keyingi bosqichlarini eng tez muddatlarda amalga oshirishga kelishib olindi, deyiladi Migratsiya agentligi xabarida.
Jamiyat
Ajrim uchun yarashtirish muddati bir yilgacha uzaytirilishi mumkin
O‘zbekistonda nikohdan ajratish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi doirasida yarashtirish muddatini 6 oydan 1 yilgacha uzaytirish taklif etilmoqda.
Foto: Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali
Nikoh va oila munosabatlarini yanada tartibga solish, oilani saqlab qolish hamda bolalar huquqlarini kuchliroq himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Hujjatga ko‘ra, amaldagi tartibda sud tomonidan belgilanadigan yarashtirish muddatini 6 oydan 1 yilgacha uzaytirish taklif etilmoqda. Bu esa ajrim qarorini qabul qilishdan oldin oilani saqlab qolish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasida nikoh shartnomasi shartlarini erkin tanlash imkoniyatlarini kengaytirish, idoralararo elektron hamkorlikni joriy etish ham nazarda tutilgan. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari orqali nikohni bekor qilishda oilaning haqiqiy holatini chuqur o‘rganishga alohida e’tibor qaratilishi belgilanmoqda.
Loyihada yana bir muhim yangilik — voyaga yetmagan bolalar uchun aliment miqdorini minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmasligi belgilash taklif qilinmoqda. Shu bilan birga, aliment to‘lovlari bola nomiga ochilgan bank hisobvarag‘ida jamlanishi va uning sarflanishi ustidan nazorat kuchaytirilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, nikohdan ajratilgandan so‘ng bolalarning qaysi ota-ona bilan yashashi, ularning manfaatlarini ustuvor ta’minlash, shuningdek, alohida yashayotgan ota-onaning farzand bilan muloqot tartibini belgilash kabi masalalarga ham aniqlik kiritilmoqda.
Jamiyat
Toshkentda giyohvand moddalar tayyorlagan jinoiy guruh ushlandi
Sergeli tumanida ko‘p qavatli uylardan birida tashkil etilgan narkolaboratoriya fosh etildi, katta miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar musodara qilindi.
Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoiy faoliyatga chek qo‘yildi. Aniqlanishicha, Toshkent viloyatining Chinoz tumanida yashovchi 2003 yilda tug‘ilgan shaxs Sergeli tumanidagi xonadonni ijaraga olib, u yerda narkolaboratoriya tashkil etgan.
Tezkor tadbir davomida ushbu manzildan umumiy qiymati 4,5 milliard so‘mga teng bo‘lgan 3,5 kilogramm “Pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi, 20 litr suyuq va 25 kilogramm kukun ko‘rinishidagi prekursorlar, shuningdek, ularni tayyorlash va qadoqlashda foydalanilgan anjomlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, laboratoriyada kimyogar sifatida faoliyat yuritgan yana bir fuqaro ham ushlandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shaxslar avval Telegram messenjeri orqali ishlovchi narkodo‘konda “kladmen” sifatida giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullangan. Keyinchalik esa jinoiy guruh ishonchini qozonib, bevosita moddalarni tayyorlash jarayoniga jalb etilgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Mas’ul idoralar fuqarolardan shubhali holatlarga befarq bo‘lmaslikni, bunday holatlarga duch kelganda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishni so‘ramoqda.
Jamiyat
Nurafshondan Toshkentga tezyurar avtobuslar yo‘lga qo‘yiladi
Nurafshon shahridan Bektemir tumanigacha tezyurar avtobus qatnovlari uchun «Bus rapid trans» (BRT) tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining 24-martdagi qarorida keltirilgan.
Ushbu qarorga ko‘ra, «Toshkent–Nurafshon» avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish orqali ekspress avtobus tizimini (BRT) tashkil etish loyihasi tashabbuskori sifatida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ko‘rsatilgan.
Qayd etilishicha, mazkur tezyurar avtobuslar uchun yo‘l o‘rtasida maxsus yo‘laklar ajratiladi. 9 ta yopiq va iqlim nazorati tizimiga ega bekat bo‘lishi ham reja qilingan. Bekatlar oralig‘i o‘rtacha 2,9 kilometrni tashkil etadi.
Qarorga ko‘ra, ushbu loyihaning umumiy qiymati 119 mln 642,7 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Loyiha Xalqaro moliya institutlari va Davlat budjeti tomonidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, «Avtoyo‘linvest» agentligi bevosita buyurtmachi funksiyasini bajaradi. Loyiha 2028-yil yakuniga qadar to‘liq ishga tushishi ko‘zda tutilgan.
Jamiyat
Aholini masjidlar orqali ogohlantirish tizimi joriy etildi
BMT Taraqqiyot dasturi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda aholini erta ogohlantirish tizimini kengaytirishga qaratilgan yangi tizim joriy qildi. Loyiha doirasida masjidlarga maxsus uskunalar o‘rnatilib, tezkor xabarlar tashqi ovoz kuchaytirgichlar orqali uzatiladi.
Ma’lum qilinishicha, hozirga qadar Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi 272 ta masjid ushbu tizim bilan jihozlangan. Ogohlantirish radiusi 500 metrdan 2000 metrgacha yetadi.
Yangi tizimning muhim jihati shundaki, u aloqa va elektr uzilishlari sharoitida ham ishlay oladi. Bu esa favqulodda holatlarda axborot uzilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Loyihaga ko‘ra, ushbu usul orqali 6,5 million nafarga yaqin aholini qamrab olish mumkin.
-
Siyosat4 days agoIslom bank ishi anʼanaviy foizlarga asoslangan modellardan nimasi bilan farq qiladi?
-
Jamiyat3 days agoO‘zbekistonda taksichilarni aldashning yangi firibgarlik usuli fosh etildi
-
Turk dunyosi3 days agoBuyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Gretsiya, Turkiya, Kipr va Dubayga sayohatlar haqidagi soʻnggi maʼlumotlarni eʼlon qildi
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp Eronga Hormuz boʻgʻozini ochish uchun 48 soat vaqt berdi
-
Dunyodan2 days ago
Eron tarixidagi eng katta banknotalar muomalaga chiqariladi
-
Jamiyat1 day ago
O‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga eng ko‘p safar qilmoqda (top-10)
-
Jamiyat4 days ago
Namanganda yirik turistik majmua qurilishi boshlandi
-
Dunyodan4 days ago
Hormuzdan tashqaridagi yirik neft yo‘llari ham xavf ostida.
