Jamiyat
Toshkentda Lacetti chiroq ustuniga borib urildi
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida Lacetti rusumli avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi quvib o‘tish qoidasini qo‘pol ravishda buzishi oqibatida transport vositasi boshqaruvdan chiqib ketgan.
Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati ma’lum qilishicha, hodisa joriy yilning 18 iyun kuni soat 18:30 atrofida Chilonzor tumanidagi Bunyodkor shohko‘chasida sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, Lacetti rusumli avtomashina haydovchisi quvib o‘tish qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, rul boshqaruvini yo‘qotgan. Natijada avtomobil yo‘lni ikkiga ajratib turuvchi beton to‘siqqa chiqib ketib, yo‘lni yoritish chiroq ustuniga urilgan.
Hozirda mazkur yo‘l-transport hodisasi yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
YHXB haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirib, bu kabi qoidabuzarliklar og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini eslatdi.
Jamiyat
Serbiyadagi o‘zbekistonlikka bepul aviachipta olib berildi
Serbiyada og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosiga yurtga qaytishi uchun bepul aviachipta olib berildi. Amaliy yordam O‘zbekistonning Budapeshtdagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.
«Dunyo» axborot agentligi ma’lum qilishicha, O‘zbekistonning Budapeshtdagi elchixonasi Konsullik bo‘limiga Serbiyada bo‘lib turgan fuqaro M.B. vatanga qaytishda yordam so‘rab murojaat qilgan.
Aniqlanishicha, fuqaroning og‘ir ahvolga tushib qolishiga Serbiyadagi ish beruvchi tomonidan mehnat shartlari va erishilgan kelishuvlarga amal qilinmagani sabab bo‘lgan. Buning oqibatida u moddiy qiyinchilikka duch kelib, O‘zbekistonga mustaqil ravishda qaytish imkoniyatini yo‘qotgan.
Elchixona tomonidan ko‘rilgan choralar va o‘zaro kelishuvlar natijasida O‘zbekiston fuqarolarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan vatandoshga bepul aviachipta rasmiylashtirib berilgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari chet elda bo‘lib turgan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, zarur huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatish ishlarini izchil davom ettirmoqda.
Jamiyat
Bog‘chaga imtiyozli navbat endi onlayn rasmiylashtiriladi
Farzandini davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga imtiyozli navbat asosida joylashtirish huquqiga ega oilalar endi barcha jarayonni my.gov.uz portali orqali onlayn amalga oshirishi mumkin. Tizim imtiyoz huquqini davlat idoralari axborot bazalari orqali avtomatik tekshiradi.
Yangi tartibga ko‘ra, davlat bog‘chasiga imtiyozli navbatga qo‘yish uchun endi turli idoralarga borish yoki hujjatlar to‘plash talab etilmaydi.
Ariza beruvchi my.gov.uz portali yoki uning mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tib, «Bolani davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish» xizmatini tanlashi hamda o‘ziga tegishli imtiyoz toifasini ko‘rsatishi kifoya.
Shundan so‘ng tizim ma’lumotlarni tegishli vazirlik va idoralarning axborot bazalari orqali avtomatik ravishda tekshirib, imtiyoz huquqini tasdiqlaydi.
Onlayn xizmatdan shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar, ichki ishlar va bojxona organlari xodimlarining farzandlari, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning bolalari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, «Ayollar daftari»ga kiritilgan yolg‘iz ayollarning farzandlari, kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalarning bolalari, talabalar hamda ta’lim muassasalari pedagoglarining farzandlari va qonunchilikda belgilangan boshqa imtiyozli toifalar foydalanishi mumkin.
Ariza yuborish uchun fuqaro my.gov.uz portali yoki mobil ilovasiga kirib, xizmatni tanlaydi, zarur ma’lumotlarni to‘ldiradi, davlat bog‘chasini hamda mavjud imtiyoz turini ko‘rsatgan holda arizani elektron shaklda yuborishi mumkin.
Jamiyat
Farg‘onada qariyb 6 kg «gashish» musodara qilindi
Farg‘ona viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qariyb 6 kilogramm «gashish» giyohvandlik vositasi musodara qilindi. Tergov doirasida ushbu holatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash choralari ko‘rilmoqda.
Respublika miqyosida o‘tkazilayotgan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbiri doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, DXX xodimlari viloyat Ichki ishlar va Bojxona boshqarmalari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbir davomida Farg‘ona shahri Beshbola mahallasida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan ayol kelgusida sotish maqsadida 5 kilogramm 936 gramm «gashish» moddasini shag‘al uyumi ichiga yashirib qo‘ygani aniqlangan. Giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Qayd etilishicha, mazkur ayol muqaddam ham giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan bo‘lib, shunga qaramay yana qonunbuzarlikka qo‘l urgan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25-moddasi va 273-moddasi 5-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda hamda ushbu jinoyatga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan sheriklarni aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jamiyat
Qashqadaryoda davlat mehnat huquq inspektori firibgarlikda ushlandi
Qashqadaryo viloyatida davlat mehnat huquq inspektori fuqaroni ishga joylashtirishni va’da qilib, 800 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlandi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qarshi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Qashqadaryo viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasining davlat mehnat huquq inspektori A.H. muqaddam sudlangani holda firibgarlik sodir etgani ma’lum bo‘ldi.
Tekshiruv davomida aniqlanishicha, u o‘zining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaro N.H.ni Qarshi shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hududiy filialiga orastabon lavozimiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.
Buning evaziga inspektor fuqarodan 800 AQSh dollarini olgan. Tergov jarayonida ushbu mablag‘ning 200 AQSh dollari hamda 3,3 million so‘mi qaytarilib, bu holat protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berish jinoyatiga ishtirokchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Navoiyda salkam 35 mlrd so‘mlik «keshbek» talon-toroj qilindi
Navoiy shahrida 34,8 mlrd so‘mlik mablag‘lar keshbek sifatida hisoblanib o‘zlashtirib yuborilganligi fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy shahri bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda 13 ta MChJ mas’ul shaxslari va boshqalar o‘zaro til biriktirib, 4,5 trln so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilganligi haqida soxta elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtirib, go‘yoki savdodan tushgan pullarni nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga sotganligi haqida xarid cheklarini chiqargan.So‘ngra 105 524 nafar fuqaroga Soliq Mobile ilovasi orqali keshbek sifatida 34,8 mlrd so‘m hisoblanib o‘zlashtirib yuborganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
-
Siyosat5 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Jamiyat5 days agoO‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish bo‘yicha erkaklardan oldinda
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dollar kursida keskin pasayish yuz berdi
-
Jamiyat5 days agoOliy sud Plenumida inson huquqlari va sud amaliyotiga oid muhim qarorlar qabul qilindi
-
Siyosat5 days agoO‘zbekiston va Gruziya oliy darajadagi muzokaralarda 1 milliard dollarlik tovar ayirboshlash maqsadini belgiladi
-
Jamiyat5 days agoToshkentda qurilish tashkiloti markaziy kanalizatsiya quvurini uzib yubordi
-
Sport5 days agoJahon chempionatida bir nechta futbolchi doping bilan qo‘lga tushdi
-
Sport3 days ago
Ikki nafar futbolchimiz Portugaliyaning “Braga” klubiga o‘tdi
