Jamiyat
Toshkentda Lacetti chiroq ustuniga borib urildi
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida Lacetti rusumli avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi quvib o‘tish qoidasini qo‘pol ravishda buzishi oqibatida transport vositasi boshqaruvdan chiqib ketgan.
Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati ma’lum qilishicha, hodisa joriy yilning 18 iyun kuni soat 18:30 atrofida Chilonzor tumanidagi Bunyodkor shohko‘chasida sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, Lacetti rusumli avtomashina haydovchisi quvib o‘tish qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, rul boshqaruvini yo‘qotgan. Natijada avtomobil yo‘lni ikkiga ajratib turuvchi beton to‘siqqa chiqib ketib, yo‘lni yoritish chiroq ustuniga urilgan.
Hozirda mazkur yo‘l-transport hodisasi yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
YHXB haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirib, bu kabi qoidabuzarliklar og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini eslatdi.