Iqtisodiyot
Toshkentda eng ko‘p aholi savdo sohasida band
2026 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida band aholining eng katta qismi ulgurji va chakana savdo sohasida faoliyat yuritmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur tarmoqda 241,6 ming nafar kishi mehnat qilmoqda.
Statistikaga ko‘ra, poytaxtda band aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinni ishlab chiqarish sanoati egallagan bo‘lib, ushbu sohada 188,9 ming nafar fuqaro faoliyat yuritmoqda. Keyingi o‘rinlarda qurilish (161,2 ming kishi) va ta’lim sohasi (139,4 ming kishi) qayd etilgan.
Shuningdek, davlat boshqaruvi va mudofaa hamda majburiy ijtimoiy ta’minot tizimida 118,6 ming nafar, tashish va saqlash sohasida 103,1 ming nafar, boshqa turdagi xizmatlar ko‘rsatish yo‘nalishida esa 96,2 ming nafar aholi band.
Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida 79,1 ming nafar, yashash va ovqatlanish xizmatlarida 77,1 ming nafar, professional, ilmiy va texnik faoliyatda 71,2 ming nafar kishi mehnat qilmoqda.
Axborot va aloqa sohasida band aholi soni 71,1 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, moliyaviy va sug‘urta faoliyatida 43,5 ming nafar, ko‘chmas mulk bilan operatsiyalarda 31 ming nafar fuqaro ishlamoqda.
Eng kam bandlik qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi sohasida kuzatilgan bo‘lib, ushbu tarmoqda 5,8 ming nafar kishi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, elektr, gaz va bug‘ bilan ta’minlash sohasida 7,7 ming nafar, suv ta’minoti va chiqindilarni utilizatsiya qilish yo‘nalishida 13,5 ming nafar aholi mehnat qilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, mazkur ko‘rsatkichlar Toshkent shahri iqtisodiyotida savdo, sanoat va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari yetakchi o‘rin tutayotganini ko‘rsatadi.
Iqtisodiyot
Yevro keskin «quladi», dollar ham pasaydi
Markaziy bank 2026-yil 9-iyundan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 36,04 so‘mga tushib, 12 013,40 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 193,91 so‘mga tushdi va 13 831,03 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 010,26 so‘m bo‘ldi (-214,31).
Rossiya rubli 163,87 so‘m etib belgilandi (-0,05).
Iqtisodiyot
6 nafar mashhur bloger 3,1 mlrd so‘m soliq to‘lamagani aniqlandi
Soliq qo‘mitasining o‘rganishlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistondagi TOP-110 nafar bloger rasmiy hujjatlarda jami 2,7 mlrd so‘mlik daromad topganini aks ettirgan va ular 110 mln so‘m soliq to‘lagan. 6 nafar TOP bloger faoliyati (reklamalari, storislari) hisoblab chiqilganda esa, davlat budjetiga 3,1 milliard so‘m soliq to‘lanmasdan qolgani aniqlangan.
8 iyun kuni Soliq qo‘mitasi blogerlik faoliyatida soliq ma’muriyatchiligi mavzusida onlayn seminar o‘tkazdi. Unda Iqtisodiy tahlil va yashirin iqtisodiyot monitoringi boshqarmasi davlat soliq bosh inspektori Kamola Ahmedjonova 2025 yilda blogerlar to‘lagan soliqlar haqida ma’lumot berdi.
Uning aytishicha, TOP-110 nafar bloger faoliyati o‘rganilganda, 55 nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida, 33 nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida, 22 nafari jismoniy shaxs sifatida faoliyat yuritayotgani oydinlashgan. Bu blogerlarning 2025 yil davomida aks ettirgan daromadi 2,7 mlrd so‘mni, to‘langan soliqlar 110 mln so‘mni tashkil qilgan.
“Lekin bizning o‘rganishlarimiz natijasida 6 nafar TOP bloger faoliyati, reklamalari, storislari hisoblab chiqilganda, davlat budjetiga 3,1 milliard so‘m soliq to‘lanmasdan qolgani aniqlandi”, – deydi mutaxassis.
Uning ta’kidlashicha, aksar blogerlar o‘zini o‘zi band qilgan toifaga kirmaydi, chunki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs yollanma ishchi qabul qilib ishlata olmaydi. “Sizlarning ko‘pchiligingizda administratorlaringiz bor, reklama menejerlaringiz bor”, – dedi Kamola Ahmedjonova.
Blogerlar qanaqa soliq to‘laydi?
Seminar davomida Umumbelgilangan soliq ma’murchiligi boshqarmasi davlat soliq bosh inspektori Alisher Otajonov blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan shaxslarning soliq to‘lash tartibi haqida ma’lumot berdi.
“Blogerlik faoliyati bilan o‘zini o‘zi band qilgan shaxs shug‘ullanadigan bo‘lsa, bularning olgan daromadi soliq agentidan ushlab qolinadi. Misol uchun, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs yuridik shaxsga xizmat ko‘rsatganda, elektron hisob-faktura orqali daromadini rasmiylashtirganda o‘sha soliqqa tortiladigan bazasidan 1 foizni yuridik shaxs soliq agenti sifatida ushlab qoladi va davlat budjetiga o‘tkazib beradi. Bu yerda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs o‘sha soliq hisobotini shakllantirganda soliq agenti ushlab qolgan daromadlarning bazasi soliq hisobotida chegirilgan holda bo‘ladi”, – dedi u.
Alisher Otajonovning tushuntirishicha, o‘zi mustaqil ravishda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs olgan daromadlari bo‘lsa, bu soliq hisobotida aks etadi. O‘sha shakllantirgan fakturasi yoki kassa apparatdan kirim qilingan summasi yoki “Paynet xolis” orqali summalari hisobotda aks etadi va “Paynet xolis” orqali olingan daromadlari soliq hisobotida chegiriladi.
“Bu daromadning summalarini, soliqlarni “Paynet xolis”ning o‘zi soliq agenti sifatida budjetga to‘lab beradi. Faqat mustaqil ravishda olgan daromadlari soliq hisobotida aks etadi. Soliq hisobotlarini shakllantirish o‘sha tashqi manba ma’lumotlariga asosan hisobotda avtomat shakllanadi va soliq to‘lovchi belgilangan muddatlarda soliq hisobotini soliq organlariga yubormasa, buni soliq organlari avtomatik ravishda, ya’ni proaktiv tarzda hisobotini shakllantiradi va soliq to‘lovchi uchun hisobotlarni yuborib beradi”, – dedi u.
Otajonovning qo‘shimcha qilishicha, yakka tartibdagi tadbirkor, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yoki yuridik shaxs sifatida aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchi sifatida faoliyat ko‘rsatgan tadbirkorlar umumbelgilangan soliq turiga o‘tgandan keyin bir yil davomida foyda soliq hisobotini topshirmaydi yoki foyda soliq hisoboti, foyda solig‘ini to‘lamaslik huquqi berilgan.
Shuningdek, seminarda obunachilar soni juda kam bo‘lgan blogerlar qancha soliq to‘lashiga oid savolga javob berildi. Mutaxassislarga ko‘ra, soliq obunachilar soniga qarab to‘lanmaydi, balki jismoniy shaxsning yoki yakka tartibdagi tadbirkor, o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning olgan daromadidan kelib chiqib, 1 foiz soliqqa tortiladi.
Iqtisodiyot
Biznes-ombudsman Toshkentdagi reklamalarni buzishda qonuniy yo‘l tutishga chaqirdi
Poytaxtda ayrim hollarda reklama vositalari majburiy demontaj qilinishi va elektr energiyasidan uzish holatlari kuzatilmoqda. Biznes-ombudsman tadbirkorlarning bu boradagi murojaatlarini o‘rganishga kirishdi va mas’ullarni biznes bilan qonuniy shaklda muomala qilishga chaqirdi.
Illyustrativ surat: Kun.uz
Toshkent shahrida ayrim hollarda tadbirkorlarning reklama vositalari majburiy tartibda demontaj qilinib, talablar bajarilmagan taqdirda elektr energiyasidan uzish holatlari kuzatilmoqda. Biznes-ombudsman bu borada tadbirkorlardan murojaatlar kelib tushayotganini ma’lum qildi.
Rasmiy xabarga ko‘ra, bu murojaatlar Biznes-ombudsman tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, hozirda holatlar atroflicha o‘rganilmoqda.
“Shu munosabat bilan mas’ul tashkilotlar va mansabdor shaxslar ta’sir choralarini qo‘llashda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishi va har qanday cheklov va majburlov choralarini faqat qonuniy asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda qo‘llashi lozimligi haqida ogohlantiriladi.
O‘rganishlar yakunlari bo‘yicha murojaatlarda keltirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topgan taqdirda, qonunchilikda belgilangan tartibda aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi”, – deyiladi prezidentning tadbirkorlar huquqlari bo‘yicha vakili bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq korxona nomi, faoliyat turi yoki savdo belgisi aks etgan peshlavhalar ham reklama sifatida baholanib, ular uchun alohida pasport rasmiylashtirish va to‘lovlarni amalga oshirish talabi qo‘yilgan edi.
Joriy yil 5 may kuni davlat rahbari huzuridagi yig‘ilishda bu talablar tanqid qilingan hamda tadbirkorlik sub’yektining nomi va faoliyat turi to‘g‘risida binoga joylashtirilgan axborotni reklama deb hisoblamaslik va buning uchun pasport rasmiylashtirishni bekor qilish taklif etilgan edi.
Iqtisodiyot
Bir yilda bitta mashinaga sertifikat cheklovi bekor qilindi: bu nimani anglatadi?
O‘zbekistonda jismoniy va yuridik shaxslar o‘z ehtiyoji uchun avtotransport vositasini import qilganida, bir yilda faqat bitta transport vositasiga muvofiqlik sertifikati berish cheklovi bekor qilindi. Bu amalda nimani o‘zgartiradi? Endi istalgan odam istagancha avtomobil olib kirib, sertifikat olishi mumkinmi? Kun.uz muxbiri shu mavzuda “Autodeklarant” loyihasi muallifi Azizbek Berdiyev bilan suhbatlashdi.
Muvofiqlik sertifikati – bu import qilingan avtomobilning O‘zbekistondagi texnik va xavfsizlik talablariga mos kelishini tasdiqlovchi hujjat. Oddiy qilib aytganda, mashina chetdan olib kelingandan keyin vakolatli tashkilotlar uning texnik reglamentlarga, xavfsizlik me’yorlariga va ekologik talablarga mosligini tekshiradi va mos kelsa, sertifikat beradi.
Bu hujjat avtomobilni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun kerak bo‘ladi. Sertifikatsiz mashinani YHXBBda ro‘yxatdan o‘tkazib, davlat raqami olish imkonsiz.
– Ko‘pchilik bu qarorni endi istalgan odam cheksiz mashina olib kirib sotishi mumkin, deb talqin qilyapti. Bu qanchalik to‘g‘ri?
– 2017 yilda qabul qilingan transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentga ko‘ra, jismoniy shaxslar shaxsiy ehtiyoji uchun transport vositasi import qilganida, bir yilda faqat bitta transportga sertifikat olishi mumkin edi. 2018 yilda bu cheklov yuridik shaxslarga nisbatan ham tatbiq etildi. Lekin amalda mazkur cheklovning ishlay boshlashi 2024 yil aprel oyiga to‘g‘ri kelgandi.
Endilikda ana o‘sha cheklov, ya’ni bir yilda bitta sertifikatlash tamoyili bekor qilindi. Bu degani, jismoniy va yuridik shaxslar o‘z nomiga xohlagancha avtomobil import qila oladi degani.
Lekin shu tomoni bor: yuridik shaxslar o‘z nomiga xohlagancha avtomobil import qilsa va dilerligi yo‘q bo‘lsa, erta bir kun unda sotishda muammo bo‘ladi. Xalq tilida “schet-spravka” – hisob-ma’lumotnoma deyiladi, shu hisob-ma’lumotnoma asosida sotish kerak. Masalan, menda firma bor, firma nomiga bojxona rasmiylashtiruvini qilyapman, endi men bu import mashinani mijozga sotmoqchi bo‘lsam, hisob-ma’lumotnoma berishim kerak. Lekin rasmiy dilerligim yo‘q bo‘lgani uchun, yangi transport vositasi sifatida sota olmayman, faqat ikkilamchi bozorda – notarius orqali sotishim mumkin. Jismoniy shaxslarda esa bunday cheklov yo‘q.
– Bir yilda bir nechta avtomobil import qilgan fuqaro bilan, avtomobil savdosi bilan shug‘ullanayotgan fuqaro o‘rtasidagi farq qonuniy tartibga solinmagan, to‘g‘rimi?
– Shunday, hozirgi kunda fuqaro o‘z nomiga uchta, to‘rtta yoki beshta avtomobil import qilgandan keyin uning faoliyati tijoriy faoliyat deb atalishi to‘g‘risida hech qanaqa qaror yoki biror norma yo‘q. Endi menga kelgan insayd xabarlar bo‘yicha, yaqin bir-ikki oy ichida shu narsaga o‘zgartirish kiritilishi ehtimoli bor ekan. Chunki faktik o‘ylab qarasa ham, masalan, bu yerda 100 ta avtomobil import qilgan yuridik shaxs va 100 ta avtomobil import qilgan jismoniy shaxs o‘rtasida baribir farq bor. Yuridik shaxs qimmatroq sotadi, chunki u soliq to‘laydi, boshqa narsalar to‘laydi. Jismoniy shaxs nisbatan arzonroq sotadi va shuning uchun ham, menimcha, yaqin orada bunga oydinlik kiritilsa kerak
– Sertifikat bo‘yicha cheklov bekor qilindi. Amalda bundan eng ko‘p kim yutadi?
– Endi, baribir, fuqarolar yutsa kerak, chunki firmalar hozir ham vositachilik shartnomasi asosida import qilyapti, chunki ularda dilerlik huquqi yo‘q. Lekin men o‘zim, masalan, o‘zimning nomimga uchta yoki to‘rtta avtomobilni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaza olmasdim avvallari, hozir menda shu imkoniyat bor. Vositachilik shartnomasi asosida import qilayotgan firmalarda bu imkoniyat hozircha yo‘q, chunki ularda dilerlik yo‘q. Agar dilerlik bo‘lsa, bemalol 10 ta, 100 ta yoki 1000 tagacha avtomobilni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaza oladi.
– Bu cheklovning olib tashlanishi bozordagi narxlarga ta’sir qilishi mumkinmi?
– Narxlar sezilarli darajada o‘zgarmaydi, sababi bojxona to‘lovlari o‘sha, sertifikatlash narxlari, logistika xarajatlari o‘zgarmadi. Faqatgina taklif ko‘payyapti bozorda, shuning hisobidan narx biroz tushishi mumkin. Unchalik katta farq bo‘lmasa kerak deb o‘ylayman.
Qolaversa, yaqinda Xitoy hukumati yangi avtomobillarni “ishlatilgan” deya rasmiylashtirib eksport qilish amaliyotiga qarshi choralar kiritdi. Unga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tkazilganiga 180 kun bo‘lmagan avtomobillarni eksport qilish ancha qiyinlashtirilgan. Shuning hisobiga ham hozirgi kunda ko‘pchilik baribir O‘zbekistondan avtomobil olishni ma’qul ko‘radi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qisqardi
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari may oyida 307 mln dollarga kamayib, 1 iyun holatiga 70,58 mlrd dollarni tashkil etdi. O‘tgan oy davomida zaxiralarning valuta qismi 1,4 mlrd dollarga qisqardi. Oltin qismining fizik hajmi taxminan 9 tonnaga oshgan bo‘lsa-da, qiymati 156 mln dollarga kamaydi.
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari may oyida 307,3 mln dollarga kamayib, 1 iyun holatiga 70,58 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank taqdim etgan hisobotda keltirib o‘tilgan.
O‘tgan oy davomida zaxiralarning valuta qismi 1,4 mlrd dollarga, oltin qismining qiymati 156 mln dollarga qisqardi. O‘z navbatida zaxiralar tarkibida oltinning fizik hajmi 13,3 mln troya unsiyadan 13,6 mln troya unsiyaga yetgan.
Regulyator investitsiya kiritgan qimmatli qog‘ozlar portfeli esa keskin oshib, 1,5 mlrd dollardan 2,8 mlrd dollargacha ko‘paygan.
«O‘zbekistonning yalpi xalqaro zaxiralari hajmi 2026-yil may oyida 307,3 mln dollarga kamaydi. Xususan, oy davomida oltin narxining 4625,80 dollardan 4516,85 dollargacha tushishining ta’siri 1,5 mlrd dollarni tashkil etdi», deyiladi MB izohida.
-
Iqtisodiyot5 days agoYeTTB O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026 yilda 6,5 foizga o‘sishini prognoz qildi
-
Iqtisodiyot5 days agoTBC Bank Group’ga OLX Uzbekistan’ni sotib olishga ruxsat berildi
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyeva mintaqaviy yashil tashabbuslarni ilgari surish maqsadida BMT va GEF rahbarlari bilan uchrashmoqda
-
Jamiyat5 days agoTibbiyot birlashmasiga ishga kiritishni va’da qilgan tibbiyot xodimlari ushlandi
-
Siyosat5 days ago
Davlat arbobi Amin Tojiyev vafot etdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘tgan yili 7,7 foizga o‘sdi – Qo‘chqorov
-
Jamiyat5 days agoKoreyaga ishga va o‘qishga yuborishni va’da qilganlar ushlandi
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekistonda quriladigan AES qiymati 9,5 milliard dollardan oshmaydi
