Iqtisodiyot
Olmaliq 3-misni boyitish fabrikasida ishlab chiqarish hajmi oshiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevga mis sanoatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarining borishi va kelgusidagi rejalar yuzasidan axborot berildi.
Mis sanoat, energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot va “yashil” taraqqiyot uchun strategik xomashyoga aylanmoqda. Shu bois, mamlakatimizda geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, mavjud zaxiralarni samarali o‘zlashtirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yil mart oyida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasining birinchi navbati ishga tushirilgan edi. «Yoshlik-1» konini o‘zlashtirish dasturi doirasida 196 gektar maydonda barpo etilayotgan ushbu loyihaning qiymati 2,7 milliard dollarni tashkil etadi. Fabrika to‘liq quvvatga chiqqanidan so‘ng yiliga 60 million tonna ma’danni qayta ishlash va 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Bugungi taqdimotda fabrikaning keyingi navbatlarini ishga tushirish, texnologik jarayonlarni barqaror yo‘lga qo‘yish va rejalashtirilgan quvvatlarga o‘z vaqtida chiqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, yanchish sexidagi sharli tegirmonlar, flotatsiya liniyalarini bosqichma-bosqich to‘liq quvvatga chiqarish bo‘yicha aniq grafik belgilangan.
Joriy yil yakuniga qadar 3-mis boyitish fabrikasida rudani qayta ishlash hajmini yanada oshirish, barcha asosiy texnologik zanjirlarni to‘liq ishga tushirish va ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
3-mis boyitish fabrikasi to‘liq ishga tushgach, kombinatda mis konsentratining kunlik ishlab chiqarish hajmi 2 ming 400 tonnadan 5 ming tonnaga oshishi ko‘zda tutilgan. Zamonaviy texnologiyalar joriy qilinishi hisobiga energiya sarfi va tannarxni kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish imkoni paydo bo‘ladi.
Taqdimotda 4-mis boyitish fabrikasi loyihasini ishlab chiqishni jadallashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda loyiha doirasida bazaviy injiniring hujjatlari tayyorlanmoqda, qurilish maydonida yer ishlari va geologik burg‘ilash ishlari olib borilmoqda.
Mazkur loyihada 3-fabrika tajribasini inobatga olgan holda texnologik yechimlarni maqbullashtirish, energiya va suv resurslaridan tejamkor foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, xalqaro injiniring kompaniyalari bilan hamkorlikda gravitatsiya, flotatsiya, konsentratni quritish va qoldiqlarni quyultirish, texnologik zanjirlarini takomillashtirish, xorijiy moliya institutlaridan mablag‘ jalb qilish uchun loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash chora-tadbirlari belgilangan.
Mutasaddilarga 4-mis boyitish fabrikasi uchun zarur yer maydonlarini ajratish, qurilish maydonida tayyorgarlik ishlarini davom ettirish, bazaviy injiniring hujjatlarini belgilangan muddatda yakunlash va loyihani bosqichma-bosqich ishga tushirish rejasini aniqlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
