Sport
Toshkent taekvondo WT bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi
2026 yilning 12–17 aprel kunlari Toshkent ilk bor taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi 15-jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Dunyo birinchiligida 115 ta mamlakatdan 1500 nafardan ziyod sportchi va murabbiy ishtirok etishi kutilmoqda. Taekvondo ustalari 20 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun bahs olib boradi.
Toshkentda ilk bor taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi 15-jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Musobaqa oldidan 10 aprel kuni katta matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasi raisi Sherzod Toshmatovdan musobaqaning ahamiyati va unga ko‘rilgan tayyorgarlik jarayonlari haqida so‘radi.
— Sherzod aka, musobaqaga tayyorgarlik jarayonlari haqida gapirib bersangiz.
— Bu musobaqa bizda ilk marotaba o‘tkazilyapti. Xabaringiz bor, ko‘plab jahon chempionatlari bo‘lib o‘tadi, lekin 115 ta davlat qatnashayotgan bunday yirik turnir aynan taekvondo bo‘yicha birinchi marta o‘tkazilmoqda. Biz ishtirokchilarni ilk bor Olimpiya shaharchasida qabul qilamiz. Barcha tayyorgarlikni ko‘rganmiz va bu borada Xalqaro federatsiyani ishontirganmiz. Yangi O‘zbekistonda bir nechta yirik chempionatlarni o‘tkazganimizdan so‘ng, taekvondo musobaqasi ham o‘z nufuziga ega bo‘ladi.
— 986 nafar sportchi bu juda katta ko‘rsatkich, shundaymi?
— Ha, bu juda katta raqobat. Oxirgi marta Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 570 nafar sportchi ishtirok etgan edi. Hozir esa 986 ta. Bu shu sport turi dunyoda rivojlanib kelayotganini anglatadi. O‘zbekistondagi chempionat juda raqobatli bo‘ladi. O‘ylaymanki, bizning sportchilarimiz bunga tayyor. Sport vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan hamma sharoitlar yaratildi. Barcha xalqaro va mahalliy o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Li Konstantin boshchiligida asosiy terma jamoa saralab olindi va ularga shaxsiy murabbiylar ham biriktirildi. Bu puxta tayyorgarlikka katta poydevor bo‘ladi.
— Musobaqa jarayonida yangi texnologiyalar, masalan, VAR yoki elektron tizimlar qo‘llanadimi?
— Albatta. Xalqaro taekvondo WT federatsiyasi tomonidan doimiy o‘zgarishlar kiritilmoqda. Bu yangiliklar hakamlar xatosini kamaytirish va sport turini mukammallashtirishga xizmat qiladi. Bosh qismiga beriladigan zarbalar va VAR tizimi bo‘yicha mukammalroq tizim yaratilyapti. Bu jahon chempionatidagi o‘zgarishlar Los-Anjyeles olimpiadasiga ham tayyorgarlik vazifasini o‘taydi.
— Translatsiya va muxlislarning kirishi masalasi qanday bo‘ladi?
— Translatsiya bo‘yicha Xalqaro federatsiya mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Dunyo bo‘ylab 200 dan ziyod davlatga to‘g‘ridan to‘g‘ri uzatish rejalashtirilgan. Shuningdek, «Sport» kanalida ham translatsiya bo‘ladi. Muxlislarga kelsak, Toshkent ko‘chalarida roliklar joylashtirilgan. Kirish mutlaqo bepul, barcha fuqarolarimiz va muxlislarimiz kelib, sportchilarimizni qo‘llab-quvvatlashlari mumkin.
Shu o‘rinda Kun.uz muxbiri musobaqa ishtirokchisi, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zosi Omadbek Otabekovga ham yuzlandi:
— Omadbek, qaysi mamlakatlarni favorit deb hisoblaysiz? Bizning sportchilarimiz-chi?
— Koreya, Qozog‘iston va Eron davlatlarini favorit deb hisoblayman. Albatta, 20 nafar sportchimiz bilan O‘zbekiston terma jamoasini ham favorit desak bo‘ladi. Tayyorgarliklar a’lo darajada. Xudo xohlasa, faxrli birinchi o‘rinlarni olib kelamiz deb o‘ylayman.
— Jang oldidan, avvalambor, trenerim va uydagilarning qo‘llab-quvvatlashi menga kuch beradi va bosimni yengishga yordam beradi.
— Agar medal olsangiz, bu keyingi natijalaringizga qanday ta’sir qiladi?
— To‘xtab qolish yo‘q, faqat yaxshi ta’sir qiladi. Jahon chempionatini yutsak, keyingi yili kattalar toifasiga o‘tamiz. Bu men uchun yaxshi pog‘ona bo‘ladi.
Sport
«Real Madrid» chempionlik uchun kurashlardan chiqdimi?
Ispaniya chempionati (La Liga)ning 10 aprel kuni «Santyago Bernabeu»da bo‘lib o‘tgan 31-turida «Real Madrid» g‘alabani qo‘ldan chiqardi. Federiko Valverdening goliga «Jirona» hujumchisi Tomas Lemar javob qaytardi. O‘yin 1:1 hisobida tugadi.
Ushbu durangdan so‘ng «qirollik klubi» hisobida 69 ochko bor va 2-o‘rinda bormoqda. Agar turnir jadvali yetakchisi «Barselona» shu turda «Espanyol»ni mag‘lub etsa, oradagi farq 9 ochkogacha yetadi.
Kataloniyaliklar 30 o‘yindan so‘ng 76 ochko to‘plagan holda yaqqol peshqadamlik qilmoqda. Chempionat tugashiga 7 tur qolganda bunday farqni yo‘qqa chiqarish «Real» uchun o‘ta mushkul vazifa.
Ispaniya matbuotining ta’kidlashicha, Madrid klubi endi bor e’tiborini Chempionlar ligasiga qaratadi. Oldinda «Bavariya»ga qarshi muhim chorak final javob uchrashuvi turibdi. Ammo bu yerdagi ahvol ham chempionatdagidan yaxshi emas: Madridda o‘tkazilgan birinchi o‘yinda «Real» «Bavariya»ga 1:2 hisobida yengilgan.
Endi madridlik muxlislar faqat raqiblarning kutilmagan xatolari va o‘z jamoasining mo‘’jizaviy yurishidan umid qilishlari mumkin.
Sport
2026-yilgi Jahon chempionati uchun AQSh vizasini tezlashtirilgan tartibda olish mumkin
AQShning Toshkentdagi elchixonasi 2026-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati munosabati bilan FIFA PASS orqali vizaviy suhbatga yozilish tartibini tushuntirdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur tizimdan foydalanish uchun avval FIFA rasmiy sayti orqali chipta xarid qilingan bo‘lishi kerak.
Shundan so‘ng, foydalanuvchi:
com saytidagi akkauntiga kiradi;
FIFA PASS uchun rozilik shaklini to‘ldiradi;
ism va pasport raqamini aniq kiritadi.
So‘ng esa:
gov sayti orqali vizani rasmiylashtiradi;
DS-160 anketasini to‘ldiradi;
pasport ma’lumotlarini (FIFA bilan bir xil) kiritadi.
Oxirida:
viza uchun suhbat sanasini belgilaydi;
foto yuklaydi va to‘lovni amalga oshiradi;
«FIFA chiptasi bormi?» savoliga «ha» deb javob beradi.
Agar ma’lumotlar mos kelsa, arizachi FIFA PASS orqali ustuvor navbatda suhbatga yozilish imkoniga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, elchixona chipta mavjudligi vizani avtomatik ravishda kafolatlamasligini ta’kidlamoqda. Barcha arizachilar bir xil xavfsizlik tekshiruvidan o‘tadi.
Sport
AQSh elchixonasi JCh-2026 chiptasi egalari uchun viza suhbatiga yozilish tartibini e’lon qildi
Suhbatga yozilish uchun FIFA saytidan xarid qilingan chiptaga ega bo‘lish va bir qancha oddiy shartlarni bajarish talab etiladi.
AQSh elchixonasi JCh-2026 chiptasi egalari uchun viza suhbatiga yozilish tartibini e’lon qildi. Eng avvalo, talabgorda fifa.com/tickets saytidan sotib olingan JCh-2026 chiptasi bo‘lishi shart.
1-qadam
• FIFA PASS dasturida ishtirok etishga rozilik shaklini yuborish uchun fifa.com akkauntiga kirish lozim;
• Ism va pasport raqamini xuddi pasportda yozilganidek kiritish shart.
2-qadam
• Viza uchun ariza topshirish jarayonini state.gov/fifa-world-cup-26 saytida boshlash lozim;
• Fuqarolik davlati yoki ariza topshiriladigan doimiy yashash mamlakatini tanlash kerak;
• DS-160 viza arizasi uchun onlayn formani to‘ldirish lozim;
• Viza arizasi shakliga (DS-160) ism va pasport raqamini xuddi pasportda yozilganidek kiritish kerak;
• Bu ma’lumotlar fifa.com saytida kiritilgan pasport ma’lumotlari bilan bir xil bo‘lishi shart.
3-qadam
• Viza suhbati sanasini belgilash lozim;
• Yangi suratni yuklash va viza to‘lovini amalga oshirish kerak;
• «Siz FIFA chiptasi egasimisiz?» savoliga «Ha» deb javob berish lozim;
• Agar viza tizimidagi ma’lumotlar rozilik formasidagi ma’lumotlarga mos kelsa, FIFA PASS imtiyozli ro‘yxatga olish tizimi orqali viza suhbatiga kirish mumkin bo‘ladi.
Keyingi qadamda suhbatga borish va barcha savollarga rost javob berish talab etiladi.
Elchixonaning eslatishicha, chipta viza olishni kafolatlamaydi va barcha arizachilar xavfsizlik tekshiruvidan o‘tadi.
Sport
Superligada hakamlik mojarosi. PFL hakamlar markazidan VAR yozuvini so‘radi
«Qo‘qon-1912» – «Nasaf» o‘yinida yuzaga kelgan bahsli holatdan keyin o‘tkazilgan shoshilinch yig‘ilishda PFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev VAR tizimi o‘yinlarda adolatli qaror chiqarishga ko‘maklashish o‘rniga, ayrimlarning manfaatlariga xizmat qilayotgandek taassurot uyg‘otayotganini qayd etdi. Liga futbol hakamlari markazi (O‘zFHM)dan VAR bilan bog‘liq audioyozuvlarni berishni talab qildi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida navbatdagi hakamlik mojarosi avj olmoqda. O‘zPFL ijroiya qo‘mitasi navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazib, O‘FA prezidenti Ravshan Ermatovga tegishli holatlar yuzasidan rasman shikoyat kiritishga qaror qildi.
O‘zi nima bo‘ldi?
8 aprel kuni O‘zbekiston chempionatining 6-turi doirasida «Nasaf» Qo‘qonda mezbonlarga qarshi maydonga tushib, o‘yin oxirlarida penaltidan o‘tkazib yuborilgan gol tufayli g‘alabani qo‘ldan chiqardi (1:1).
78-daqiqada ro‘y bergan epizodda «Qo‘qon-1912» klubi hujumchisi Silvanus Nimeli raqib jarima maydoni ichida darvozabon Abduvohid Ne’matov bilan kontaktdan keyin yiqilgan.
O‘yinni boshqargan Rustam Lutfullin bu holatda qoida buzilmagan deb hisoblagan va to‘pni mehmonlar o‘yinga kiritishi kerakligini ko‘rsatgan. Ammo shundan keyin vaziyatga VAR xonasida o‘tirgan videohakam Ibrohim Ismoilov aralashgan va bosh hakam monitor qarshisiga borib, uzoq cho‘zilgan tekshiruvdan keyin qarorini o‘zgartirgan hamda 11 metrlik nuqtani ko‘rsatgan.
Holbuki bu vaziyat videosida Ne’matov to‘pga birinchi bo‘lib ulgurgani va uning yo‘nalishini o‘zgartirgani, shundan keyingina qo‘qonliklar hujumchisi unga kelib urilganini ko‘rish mumkin.
«Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev hamda jamoa futbolchilari bu qarordan norozi bo‘lib, hakamga keskin ohangda e’tiroz bildirishgan, natijada Berdiyevga qizil kartochka ko‘rsatilgan.
U esa jamoasini maydondan olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan va o‘yin ma’lum vaqt to‘xtab qolgan.
O‘yin davom ettirilgach, belgilangan penaltini Toma Tabatadze aniq ijro etdi va hisobni tenglashtiradi. Qarshiliklar jamoasi esa ochko yo‘qotish tufayli turnir jadvalida 6-o‘ringa tushib ketdi.
O‘yindan keyin O‘FA qoshidagi Ekspert hakamlar guruhi bahsli vaziyat yuzasidan xulosa berib, VAR hakami tomonidan ushbu vaziyatga aralashuvni, shuningdek, bosh hakam Rustam Lutfullin tomonidan penalti belgilash qarorini xato deb topdi.
Jurnalist Olimxo‘ja Bo‘ronov o‘z-telegram kanalida agar hakamlar ochiqchasiga «Nasaf»dan 2 ochkoni tortib olgani isbotlansa, bahsli vaziyatda hakamga o‘z e’tirozi bildirishi ortidan sariq kartochka olgan Umarbek Eshmurodov va G‘olib G‘aybullayev hamda qizil kartochka olgan Ro‘ziqul Berdiyevdan mazkur intizomiy choralarni bekor qilish kerakligini ta’kidladi.
«Shunda kichik bo‘lsa-da adolat tiklanadi. Axir «Nasaf»ga 2 ochkoni qaytarib berishning endi imkoni yo‘q», – deydi u.
PFLda shoshilinch yig‘ilish
9 aprel kuni O‘zbekiston Professional futbol ligasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘mitaning 9 nafar a’zosidan 8 nafari ishtirok etdi.
Yig‘ilish kun tartibiga Superliga hakamlari tomonidan qabul qilinayotgan bahsli qarorlar, futbol jamoatchiligining bunga munosabati hamda VAR tizimi bilan bog‘liq tushunarsiz holatlar kiritilgan.
Diyor Imomxo‘jayev
Yig‘ilishni ochib bergan Liga bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev so‘nggi vaqtlarda qator shubhalarni keltirib chiqargan holatlarni qayd etgan. Jumladan, 2025 yilgi O‘zbekiston kubogining final uchrashuvi va 2026 yilgi O‘zbekiston Superkubogi o‘yiniga Liga tomonidan katta tayyorgarlik ko‘rilgan va tashkilotchilik yuqori saviyada bo‘lsa-da, oxir-oqibat bu o‘yinlar hakamlik mojarolari bilan yodda qolgani ta’kidlangan.
PFL bosh direktori VAR tizimi o‘yinlarda adolatli qaror chiqarishga ko‘maklashish o‘rniga, shubhali manfaatlarga xizmat qilayotgandek taassurot uyg‘otayotganini qayd etgan.
«Biz bilgan va ishonayotgan VAR tizimi murakkab hisoblangan hakamlik faoliyatiga yordam berish, bahsli holatlarni ochib berish va ularni qayta talqin qilish hamda odilona qaror qabul qilishda hakamlarga ko‘makchi bo‘lishi lozim. Ilgari VAR 4 dona kamera yordamida ishlayotgani, mazkur masala takroriy lavhalarni qayta ko‘rib chiqishda hakamlarga qiyinchilik tug‘dirayotgani ma’lum edi.
Liga mazkur yo‘nalishda ish olib borib, o‘tgan mavsum o‘zining ilk ko‘chma televizion stansiyasini xarid qildi va uni vodiydagi futbol uchrashuvlariga jalb qildi. Endilikda, vodiyda o‘tayotgan o‘yinlar nafaqat teletomoshabinlar talab va istaklaridan kelib chiqqan holda suratga tushirilmoqda, balki turli rakurslardan berilayotgan sifatli takroriy lavhalar bilan hakamlarga ham katta ko‘makchi bo‘lmoqda.
Shunga qaramay, VAR aralashgan holatlardan keyin ham hakamlarning shubhali qarorlari to‘xtayotgani yo‘q. Liga nazdida VAR odilona qaror chiqarish uchun ko‘maklashishdan ko‘ra, kimlarningdir manfaati uchun xizmat qilayotgan mashinaga aylanib qolayotgandek.
Biz bu kabi masalalarga yo qarshi turishimiz yoki bu kabi holatlar davomiy bo‘lishiga ko‘nikishimiz kerak. Mamlakatimiz rahbari futbolni rivojlantirishga bosh-qosh bo‘layotgan, O‘FA prezidenti unda shaffoflik va adolat bo‘lishi lozimligini bir necha bor ta’kidlayotgan vaqtda Liga va klublar bu siyosatni qo‘llashimiz, futboldagi illatlarga beparvolik bilan emas, o‘z pozitsiyamiz bilan javob berishimiz shart», – deydi Diyor Imomxo‘jayev.
Qayd etilishicha, PFL va hakamlar markazi o‘rtasidagi shartnomaning 3.1-bandida musobaqalarda faoliyat olib borayotgan hakamlar jamoasining shu musobaqa doirasidagi o‘zaro hamda klub rasmiylari bilan maxsus texnikalar va VAR uchun yozib olingan audioyozuvlarni talab qilish Liga huquqi sifatida belgilangan.
«Qo‘qon-1912» — «Nasaf» uchrashuvida yuzaga kelgan bahsli holatdan keyin Liga O‘zFHMdan VAR bilan bog‘liq audioyozuvlarni talab qilgan, lekin markaz turli bahonalar bilan mazkur jarayonni paysalga solgan va bu bilan shubhalarni oshirgan. Shundan kelib chiqib, Liga O‘FA prezidentiga mazkur holatlar bo‘yicha rasman shikoyat kiritishga qaror qilgan.
«Bizni ajablantirgan jihat shundaki, «Qo‘qon-1912» – «Nasaf» uchrashuvining 78-daqiqasida ro‘y bergan holatni bosh hakam Rustam Lutfullin dastlab to‘g‘ri baholab, o‘yinni davom ettirdi. Keyinchalik VAR hakami Ibrohim Ismoilov vaziyatni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha taklif kiritdi.
Yakunda hakam o‘z qarorini o‘zgartirdi. Biroq o‘sha kunning o‘zida Ekspert hakamlar guruhi holatga zudlik bilan reaksiya bildirib, VAR bu kabi holat uchun bosh hakamni chaqirib adashgani, shuningdek, holat bo‘yicha bosh hakam xato qaror qabul qilganligini qayd etdi», – deya so‘zida davom etdi Liga rahbari.
Superliganing o‘tgan mavsumi 15-turidan o‘rin olgan «Dinamo» — «Nasaf» uchrashuvida ham bahsli holat ro‘y berib, o‘shanda ham Rustam Lutfullin «Nasaf» darvozasiga shubhali penalti belgilagani eslatib o‘tilgan.
Ijroqo‘m a’zolari O‘zFHM bilan o‘zaro shartnomaning 3.1-bandi asosida Rustam Lutfullin va Ibrohim Ismoilovni mavsum so‘ngiga qadar Superliga, Proliga, O‘zbekiston kubogi kabi musobaqalardan chetlashtirish bo‘yicha O‘zFHMga rasmiy so‘rov kiritish bo‘yicha qaror qabul qilgan.
Shuningdek, ushbu hakamlarning mavjud xalqaro toifaga munosib ekanini o‘rganish masalasida O‘FA prezidentiga murojaat kiritiladi.
Bundan tashqari, murojaatda O‘zFHM Liganing qonuniy talabini nima sababdan bajarmayotgani, shuningdek, VAR texnikasi va VAR markazining faoliyatida shaffoflikni yanada oshirish uchun undagi barcha jarayonlar konfidensiallikni ta’minlash hamda VAR protokoli shartlariga to‘liq rioya etilishi shartida yanada jiddiyroq nazorat qilinishi lozimligi ta’kidlangan.
«Liga mamlakatimiz rahbarining bevosita tashabbuslari bilan bunyod etilgan Milliy futbol markazi va unda tashkil etilgan zamonaviy VAR markazi mamlakat futbolini yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam ekanini e’tirof etadi. Ishonamizki, Liga Ijroiya qo‘mitasi tomonidan hakamlik borasida bildirilgan e’tirozlar O‘zFHM tomonidan tanqidiy ruhda o‘rganib chiqiladi», – deyiladi xabarda.
O‘zFHM munosabati
O‘zFHM matbuot xizmati esa FIFA hamda IFAB talablariga muvofiq, VAR jarayoniga oid ichki audioyozuvlarni uchinchi tomonlarga taqdim etish taqiqlanishini ma’lum qildi.
«Superliga 6-turi doirasida o‘tkazilgan «Qo‘qon-1912» — «Nasaf» uchrashuvida yuzaga kelgan bahsli vaziyat yuzasidan Ekspert hakamlar guruhi tomonidan tegishli xulosa e’lon qilingandi.
O‘zbekiston futbol hakamlari markazi (O‘zFHM) futbolning yaxlitligi va halolligini ta’minlash yo‘lida tegishli tashkilotlar bilan doimiy hamkorlikda faoliyat olib boradi. Shu bilan birga, markaz ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga amal qilgan holda, har bir tur yakuniga ko‘ra bahsli vaziyatlar bo‘yicha muntazam ravishda xulosalar berib boradi.
Amaldagi FIFA hamda IFAB talablari va reglamentlariga muvofiq, VAR jarayoniga oid ichki audioyozuvlar (hakamlar o‘rtasidagi muloqotlar)ni uchinchi tomonlarga taqdim etish taqiqlanadi. Ushbu materiallar hakamlik faoliyatiga oid ichki xizmat hujjatlari sifatida foydalaniladi.
Shu bilan birga, ochiqlik tamoyillaridan kelib chiqib, ushbu vaziyatni O‘zbekiston Professional futbol ligasi hamda «Nasaf» futbol klubi vakillari ishtirokida O‘zFHMda ko‘rib chiqish imkoniyati mavjud. Ushbu jarayondagi epizod barcha texnik materiallar asosida birgalikda tahlil qilish va tushintirib berish imkoniyati mavjud.
O‘zFHM tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etiladigan maxsus seminarlar davomida ham o‘yinlardagi turli vaziyatlar muntazam tahlil qilib borilmoqda. Shuningdek, «Qo‘qon-1912» – «Nasaf» uchrashuvidagi mazkur epizod ham OAV vakillari bilan birgalikda tahlil qilinadigan navbatdagi debrifing yig‘ilishi rejasiga kiritilgan», – deyiladi xabarda.
Sport
O‘zbekistonlik bokschilar 11 ta medal jamg‘arishdi
Mo‘g‘uliston poytaxtida boks bo‘yicha Osiyo chempionati o‘z yakuniga yetdi. Mazkur musobaqada ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi 3 ta oltin, 4 ta kumush va 4 ta bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
Oltin medal:
-65 kg: Abdulloh Madaminov
-80 kg: Fazliddin Erkinboyev
-90 kg: Halimjon Mamasoliyev
Kumush medal:
-75 kg: Javohir Abdurahimov
-85 kg: Jasurbek Yo‘ldoshev
-75 kg: Aziza Zokirova
-80 kg: Ruxshona Parpiyeva
Bronza medal:
-60 kg: Abdurahmon Mahmudjonov
-57 kg: Nigina O‘ktamova
-70 kg: Oysha Toirova
+80 kg: Oltinoy Sotimboyeva
-
Siyosat3 days agoSaida Mirziyoyevaning Vashingtonga tashrifi chogʻida AQSh Oʻzbekistonning JSTga kirishini qoʻllab-quvvatlashga vaʼda berdi
-
Jamiyat3 days agoNavoiyda xususiy bog‘cha tarbiyachisi bolalarni kaltakladi
-
Iqtisodiyot2 days agoAmir Temur yubileyiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalar chiqarildi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Qurilish bozorida asosiy ulush bino va inshootlar hissasiga to‘g‘ri keldi
-
Siyosat2 days agoSenat yashirin iqtisodiyotga chek qoʻyish maqsadida rieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi yangi qonunni maʼqulladi
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Tramp Eronni Hormuz muammosi “jiddiy oqibatlarga olib kelishi” haqida ogohlantirdi
-
Dunyodan5 days ago
AQSh Eron bilan urushda 13 nafar harbiyni yo’qotdi
-
Dunyodan5 days ago
Yevropa energiya va xavfsizlik o’rtasida tanlov qilmoqda
