Sport
Toshkent taekvondo WT bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi
2026 yilning 12–17 aprel kunlari Toshkent ilk bor taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi 15-jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Dunyo birinchiligida 115 ta mamlakatdan 1500 nafardan ziyod sportchi va murabbiy ishtirok etishi kutilmoqda. Taekvondo ustalari 20 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun bahs olib boradi.
Toshkentda ilk bor taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi 15-jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Musobaqa oldidan 10 aprel kuni katta matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasi raisi Sherzod Toshmatovdan musobaqaning ahamiyati va unga ko‘rilgan tayyorgarlik jarayonlari haqida so‘radi.
— Sherzod aka, musobaqaga tayyorgarlik jarayonlari haqida gapirib bersangiz.
— Bu musobaqa bizda ilk marotaba o‘tkazilyapti. Xabaringiz bor, ko‘plab jahon chempionatlari bo‘lib o‘tadi, lekin 115 ta davlat qatnashayotgan bunday yirik turnir aynan taekvondo bo‘yicha birinchi marta o‘tkazilmoqda. Biz ishtirokchilarni ilk bor Olimpiya shaharchasida qabul qilamiz. Barcha tayyorgarlikni ko‘rganmiz va bu borada Xalqaro federatsiyani ishontirganmiz. Yangi O‘zbekistonda bir nechta yirik chempionatlarni o‘tkazganimizdan so‘ng, taekvondo musobaqasi ham o‘z nufuziga ega bo‘ladi.
— 986 nafar sportchi bu juda katta ko‘rsatkich, shundaymi?
— Ha, bu juda katta raqobat. Oxirgi marta Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 570 nafar sportchi ishtirok etgan edi. Hozir esa 986 ta. Bu shu sport turi dunyoda rivojlanib kelayotganini anglatadi. O‘zbekistondagi chempionat juda raqobatli bo‘ladi. O‘ylaymanki, bizning sportchilarimiz bunga tayyor. Sport vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan hamma sharoitlar yaratildi. Barcha xalqaro va mahalliy o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Li Konstantin boshchiligida asosiy terma jamoa saralab olindi va ularga shaxsiy murabbiylar ham biriktirildi. Bu puxta tayyorgarlikka katta poydevor bo‘ladi.
— Musobaqa jarayonida yangi texnologiyalar, masalan, VAR yoki elektron tizimlar qo‘llanadimi?
— Albatta. Xalqaro taekvondo WT federatsiyasi tomonidan doimiy o‘zgarishlar kiritilmoqda. Bu yangiliklar hakamlar xatosini kamaytirish va sport turini mukammallashtirishga xizmat qiladi. Bosh qismiga beriladigan zarbalar va VAR tizimi bo‘yicha mukammalroq tizim yaratilyapti. Bu jahon chempionatidagi o‘zgarishlar Los-Anjyeles olimpiadasiga ham tayyorgarlik vazifasini o‘taydi.
— Translatsiya va muxlislarning kirishi masalasi qanday bo‘ladi?
— Translatsiya bo‘yicha Xalqaro federatsiya mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Dunyo bo‘ylab 200 dan ziyod davlatga to‘g‘ridan to‘g‘ri uzatish rejalashtirilgan. Shuningdek, «Sport» kanalida ham translatsiya bo‘ladi. Muxlislarga kelsak, Toshkent ko‘chalarida roliklar joylashtirilgan. Kirish mutlaqo bepul, barcha fuqarolarimiz va muxlislarimiz kelib, sportchilarimizni qo‘llab-quvvatlashlari mumkin.
Shu o‘rinda Kun.uz muxbiri musobaqa ishtirokchisi, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zosi Omadbek Otabekovga ham yuzlandi:
— Omadbek, qaysi mamlakatlarni favorit deb hisoblaysiz? Bizning sportchilarimiz-chi?
— Koreya, Qozog‘iston va Eron davlatlarini favorit deb hisoblayman. Albatta, 20 nafar sportchimiz bilan O‘zbekiston terma jamoasini ham favorit desak bo‘ladi. Tayyorgarliklar a’lo darajada. Xudo xohlasa, faxrli birinchi o‘rinlarni olib kelamiz deb o‘ylayman.
— Jang oldidan, avvalambor, trenerim va uydagilarning qo‘llab-quvvatlashi menga kuch beradi va bosimni yengishga yordam beradi.
— Agar medal olsangiz, bu keyingi natijalaringizga qanday ta’sir qiladi?
— To‘xtab qolish yo‘q, faqat yaxshi ta’sir qiladi. Jahon chempionatini yutsak, keyingi yili kattalar toifasiga o‘tamiz. Bu men uchun yaxshi pog‘ona bo‘ladi.