Jamiyat
Toshkent sudlari yana shov-shuvli ish markazida
Toshkent shahrida Li 9 va BYD’ning o‘zaro to‘qnashuvi mashinalar chidamliligini emas, ko‘proq Toshkent shahar sudlaridagi odil sudlovni sinovdan o‘tkazmoqda: dastlabki sud Li 9 katta tezlikda kelib urgan BYD mashinasi haydovchisi zimmasiga 798 mln so‘m moddiy zararni yuklab qo‘ygandi, apellyatsiya sudi ushbu qarorni bekor qilib, ishni tergovga qaytarib yubordi.
2025 yil 30 sentabr kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida BYD va Lixiang L9 mashinalari o‘zaro to‘qnashishi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgandi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan foto va videolarda YTH oqibatida Li 9 mashinasi parchalanib ketgani aks etgan.
Ushbu YTH bilan bog‘liq ma’muriy ish JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sudning 2025 yil 23 dekabrdagi qarorida keltirilishicha, BYD boshqaruvida bo‘lgan D.R o‘z harakat yo‘nalishini o‘ngdan chapga o‘zgartirishi chog‘ida F.J. boshqaruvidagi Li 9 mashinasi bilan to‘qnashuv sodir qilgan.
Sud hujjatida BYD haydovchisi «Yo‘l xarakati qoidalari»ning 53-bandi, ya’ni «haydovchi harakatlanishni boshlash, manyovr qilish (qayta tizilish, burilish, qayrilib olish, quvib o‘tish va aylanib o‘tish) va to‘xtashdan oldin bajarilayotgan manyovr boshqa yo‘l harakati ishtirokchilarining harakatlanishiga xavf tug‘dirmasligi kerak» degan talablarni buzgani keltirilgan.
Mazkur yo‘l-transport hodisasi BYD mashinasidagi kamerada yozib olingan. Unda BYD 60-62 km/soat tezlikda harakatlanib ketayotgan bo‘lgani, Li 9 esa katta tezlikda kelib, o‘z yo‘nalishini o‘zgartirgan BYD’ga tegib o‘tgani va ag‘darilib ketgani aks etgan.
Sud ekspertiza markazining 2025 yil 1 dekabrdagi sudga oid avtotexnika ekspertiza xulosasida YTH paytida Li 9 mashinasining tezligini ekspertiza orqali aniqlash imkoniyati yo‘qligi, «BYD mashinasi 2-3 metrdan yo‘nalishini chapga o‘zgartirgan bo‘lsa, ushbu vaziyatda Li 9 avtomobili 60 km/soat tezlikda harakatlanishi natijasida yo‘l transport hodisasi oldini olishning texnik imkoniyati mavjud emasligi» keltirilgan.
Sud qarori bilan BYD haydovchisiga 2 mln 60 ming so‘m jarima qo‘llangan hamda undan Li 9 haydovchisi foydasiga 798 mln so‘m moddiy zarar undirish belgilangan. Li 9 haydovchisi esa sug‘urta polisini olib yurmagani uchun 206 ming so‘m jarimaga tortilgan.
Sudning mazkur qarori ijtimoiy tarmoqlarda turli bahs va e’tirozlarni keltirib chiqardi.
Toshkent shahar sudlari 13 fevral kuni bergan rasmiy axborotga ko‘ra, YTH bo‘yicha JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudining ma’muriy huquqbuzarlikka doir qarori apellyatsiya instansiyasi sudlov hay’atida mazmunan ko‘rib chiqilgan.
«Apellyatsiya instansiyasida taraflarning vajlari muhokama qilinib, ma’muriy huquqbuzarlikka doir ish bo‘yicha dastlabki surishtiruv ishlari to‘liq o‘tkazilmagan va ularni sud protsessida bartaraf etish imkoniyati yo‘q, deb topildi», deyiladi axborotda.
Qayd etilishicha, yakunda birinchi instansiya sudi qarorini bekor qilish, ish materiallari qo‘shimcha surishtiruv harakatlari o‘tkazish uchun tegishli organga yuborish haqida qaror qabul qilingan. Sud qaroridan norozi taraf taftish tartibida shikoyat qilish huquqiga egaligi bildirilgan.
Mazkur YTH Mirzo Ulug‘bek tumani Mustaqillik shohko‘chasi 42A-uy qarshisida sodir bo‘lgandi, YTH oqibatida jiddiy jarohat olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q. Faqat Li 9 haydovchisiga shifokorlar tomonidan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Jamiyat
Jaziramada ochiq havodagi ishlar cheklanishi mumkin
O‘zbekistonda anomal issiq va jazirama kuchayishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarni ochiq havoda mehnat qilayotgan xodimlarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishga chaqirdi.
Inspeksiya tavsiyasiga ko‘ra, kunning eng issiq vaqti — soat 11:00dan 16:00gacha tashqi ishlar qisqartirilishi yoki vaqtincha to‘xtatilishi lozim. Shuningdek, ushbu vaqtda og‘ir jismoniy mehnatni cheklash ham tavsiya etilmoqda.
Qayd etilishicha, yuqori harorat sharoitida ishlayotgan xodimlar issiq urishi, suvsizlanish, hushdan ketish hamda yurak-qon tomir kasalliklari xavfiga ko‘proq duch keladi.
Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarga xodimlarni doimiy ravishda toza va salqin ichimlik suvi bilan ta’minlash, soya yoki sovutiladigan dam olish joylarini tashkil etish, yengil va issiqdan himoya qiluvchi maxsus kiyimlar berish, issiq urishi va suvsizlanish alomatlari bo‘yicha yo‘riqnoma o‘tkazish hamda sog‘lig‘i yomonlashgan xodimlarga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishni tavsiya qildi.
Bundan tashqari, issiq sharoitida ishlaydigan xodimlar belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishi shartligi eslatildi.
Inspeksiya mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etish faqat tavsiya emas, balki ish beruvchining qonunchilikda belgilangan majburiyati ekanini ta’kidladi. Ogohlantirilishicha, jazirama sharoitida zarur choralarni ko‘rmaslik xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘dirishi, ish joyida baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin.
Jamiyat
Mehnat inspeksiyasi barcha hokimliklarga ko‘rsatma yubordi
Ko‘rsatmada anomal issiqda ochiq havoda mehnat qilayotgan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha talablar belgilangan.
Anomal issiq ob-havo sharoitida ochiq havoda mehnat qilayotgan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida barcha hokimliklarga tegishli ko‘rsatma yuborildi, deb xabar berdi Davlat mehnat inspeksiyasi.
Xabarda aytilishicha, ko‘rsatmada soat 10:00–17:00 oralig‘ida yuqori harorat ta’sirida xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ishlarni vaqtincha to‘xtatish hamda moslashuvchan ish rejimini belgilash, xodimlarni yetarli miqdorda sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi talablar belgilangan.
Bundan tashqari, quyosh nurlari va yuqori harorat ta’siridan himoyalangan dam olish joylarini tashkil etish, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoki tibbiy xulosaga ko‘ra ishga yaroqsiz deb topilgan shaxslarni ishga qo‘ymaslik, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash va mehnat hamda dam olish rejimini qayta ko‘rib chiqish lozimligi aytilgan.
“Ko‘rsatma talablarining bajarilishi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, mehnatni muhofaza qilish talablarini buzgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Jamiyat
Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi
Kogon shahrida fuqaroning ishonchiga kirib, uni 8 000 dollar evaziga Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxs ushlandi.
Foto: EPA / YONHAP / TASS
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kogon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro Z.I. fuqaro Sh.I.ning ishonchiga kirib, uni 8 000 AQSh dollari evaziga go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida ushbu pullar hisobidan 200 AQSh dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Toshkent viloyatida Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilib, ikki nafar fuqarodan 15 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan shaxsning noqonuniy harakatlari fosh etilgani xabar qilingandi.
Jamiyat
Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlari uchun davlat grantlari ko‘paytirildi
Ma’lum qilinishicha, mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirilib, jami 2 930 ta davlat granti ajratilgan.
2026/2027-o‘quv yili uchun axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasiga oid ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, mazkur yo‘nalishlar uchun jami 2 930 ta davlat granti ajratildi.
Qayd etilishicha, bunda bakalavriat uchun 2 309 ta, magistratura uchun 621 ta davlat granti ajratilgan.
Jamiyat
Samarqandda daryoda cho‘kayotgan fuqaro qutqarib qolindi
Ma’lum bo‘lishicha, cho‘milish vaqtida birdan uning sog‘lig‘i yomonlashib, mustaqil ravishda harakat qila olmay qolgan va sheriklari darhol FVBga xabar berishgan.
17 iyul kuni soat 17:53 da Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Samarqand tumanidagi Qoradaryo daryosida fuqaro cho‘kayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Ma’lum bo‘lishicha, cho‘milish vaqtida birdan uning sog‘lig‘i yomonlashib, mustaqil ravishda harakat qila olmay qolgan va sheriklari darhol FVBga xabar berishgan.
Qutqaruvchilar voqea joyiga tezkorlik bilan yetib borib, fuqaroni maxsus narvon yordamida daryo qirg‘og‘idan xavfsiz hududga olib chiqishgan hamda u tibbiyot xodimlariga topshirilgan.
Xabarda aytilishicha, hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi.
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Tramp uning o‘ldirilishi masalasiga oydinlik kiritmoqda
-
Dunyodan4 days agoMalayziya Isroil fuqarolarini deportatsiya qilmoqda
-
Jamiyat4 days agoNikoh shartnomasi qanday tartibda tuziladi?
-
Jamiyat4 days agoJazirama sabab poyezdlar tezligiga cheklov qo‘yiladi
-
Siyosat5 days ago
Prezident Toskana viloyati bilan hamkorlik salohiyatini yuqori baholadi
-
Sport5 days agoArgentina kambek evaziga Angliyani mag‘lub etib, JCh–2026 finaliga chiqdi
-
Siyosat3 days agoRustam Jo‘layev Prezident huzuridagi Milliy xavfsizlik agentligi rahbari etib tayinlandi
-
Sport1 day agoYamal Messiga qarshi. JCh finali intrigalari
