Jamiyat
Amir Temurning ushalmagan orzusi yoki Buxorodagi ulkan tarix
Buxoroning G‘ijduvon tuprog‘ida uzoq asrlarning sirlarini o‘zida saqlagan bir tabarruk nom bor: Xo‘ja Abduxoliq ibn Abduljamil G‘ijduvoniy. Bo‘z to‘quvchilikdan boshlangan yo‘l uni butun bir tariqatga asos solgan ma’rifat maktabiga olib keldi. Buyuk qadamjo, ulkan tarix bor unda. G‘ijduvondagi Xo‘ja Abduxoliq ibn Abduljamil G‘ijduvoniy ziyoratgohi bugun o‘tmish va yangi davr bunyodkorligini birlashtirgan muqaddas manzilga aylangan.
G‘ijduvon tuprog‘iga qadam qo‘ygan inson borki, bu zaminning oddiy hudud emasligini darhol his qiladi. Bu manzil yetti pirning muborak qadamjolaridan biri. Shu qutlug‘ maskan bag‘rida Xo‘jagon tariqatiga ulkan hissa qo‘shgan, buyuk mutasavvuf olim, sohibkaromat avliyo Xo‘ja Abduxoliq ibn Abduljamil G‘ijduvoniy orom topgan.
U zot 1103-yilda G‘ijduvon tumanida tavallud topib, 1179-yilda shu tumanda vafot etgan. Tasavvuf tarixida u, nafaqat, Xo‘jagon tariqatining asoschisi, balki, uning yirik nazariyotchilaridan biri sifatida ham e’tirof etiladi. Noma’lum muallif qalamiga mansub «Zikri voqioti Xo‘jaiy Jahon Abdulxoliq G‘ijduvoniy» asarida qayd etilishicha, Abdulxoliq 9 yoshida Qur’oni karimni yod olgan, 10 yoshidan darveshlar zikrida faol ishtirok etgan. Birinchi ustozi asli buxorolik bo‘lgan imom Sadriddindan tafsir ilmini o‘rgangan. 22 yoshida buyuk shayx Yusuf Hamadoniy bilan uchrashib, unga murid tushgan.
Buyuk mutasavvuf butun umrini tasavvuf va so‘fiylik madaniyatiga bag‘ishlab, 5 ta asar yozgan. Tarixiy manbaalarga ko‘ra, unga «Xo‘jai jahon», «Zikr qalb sultoni», «Ikki olam Xo‘jasi», «Qutbi zamon», «Ofoqi zamon» kabi yuksak sifatlar berilgani bejiz emas.
Bo‘z to‘quvchidan chiqqan «Xo‘jai jahon»
Xo‘ja Abduxoliq ibn Abduljamil G‘ijduvoniyning hayoti faqatgina tasavvuf, so‘fiylikdan iboratgina bo‘lib qolmay, u halol mehnat namunasi ham o‘rnak bo‘lgan. Hazrat bo‘z to‘qish bilan shug‘ullangan. Xo‘jagon tariqati Qur’on va hadisga tayanib, bid’at va xurofotga qarshi qat’iy kurash olib borgan, soxta piru-muridlikni rad etgan. Insonni tama’ va minnatdan qaytarib, halol mehnat bilan kun kechirishga, Alloh bergan rizqni ko‘pchilik bilan baham ko‘rishga undagan.
Bo‘zchilikdan pirlikkacha bo‘lgan yo‘l uning uchun oson kechmagan. Bu yo‘l g‘oyatda qiyinchiliklar, sabr va matonat bilan bosib o‘tilgan.
Amir Temurning ushalmagan orzusi
Tarixda qayd etilishicha, Amir Temur Xitoy yurishidan qaytgach, Abdulxoliq G‘ijduvoniy sharafiga madrasa va maqbara qurishni niyat qilgan. Biroq, uning bu niyati amalga oshmay qolgan. Ammo bu niyat amalga oshmay qolgan. Oradan vaqt o‘tib, nabirasi Mirzo Ulug‘bek 1433-yilda G‘ijduvon shahrida hazrat sharafiga madrasa tiklab, kutubxona va toshhammom qurdirgan. Buxoro amiri Amir Abdulloxon tomonidan esa G‘ijduvoniy sharafiga masjid, minora va hovuz barpo etilgan. Biroq, sobiq ittifoq davrida bu muqaddas maskan qarovsiz qolib, e’tibordan chetda bo‘lgan.
Qayta tirilgan masjid
2018-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ko‘rsatmasi asosida hazrat tavalludining 915 yilligi munosabati bilan ziyoratgohda yirik rekonstruksiya ishlari loyihalashtirilgan edi. Masjid to‘liq qayta ta’mirlandi.Qurilish va obodonlashtirish jarayonida muhim bir haqiqat, ya’ni hazrat onasining dahmasi toshlar ostida qolib ketgani oydinlashdi. Onasining dahmasi hazrat qabri yoniga ko‘chirilib, atrofi o‘rab olindi.
Pir qabri ustidagi ayvon olib tashlanib, 25 kvadrat metr hajmda, to‘rt tomoni naqshinkor darvozali hazira tiklandi. Qutlug‘ qadamjo atrofida 4 gektarli xiyobon barpo etildi, sug‘orish tizimi o‘rnatildi. Ziyoratgohning ichki 2,5 gektar hududi obodonlashtirilib, 12 ming kvadrat metr aylanma va burchakli yo‘laklarga tosh yotqizildi. Orqa tomoni 285 metrli g‘ishtin devor, old qismi esa 440 metr aylanma uzunlikdagi temir panjara bilan o‘rab chiqildi.
Bildirilishicha, maqbara oldida 4 ming kishilik jome’ masjidi barpo etilgan. Shimol, sharq va janub tomonlardan kirish darvozalari o‘rnatilgan. Restavratsiyaga muhtoj holga kelgan Ulug‘bek madrasasi va minora ham sayqallangan. Shuningdek, 50 o‘rinli oshxona, tahoratxona va kushxonalar yangidan qurilgan.
Ma’lum qilinishicha, Abdulxoliq G‘ijduvoniy qabri ilgari Abdulazizxon davrida hazira bilan o‘rab olingan bo‘lgan. Ammo, o‘tgan asrning 70-yillarida bu devorlar buzib tashlangan. Buxorodagi yetti pir ziyoratgohlari devor bilan o‘ralgan bo‘lsa-da, faqat Abdulxoliq G‘ijduvoniy ziyoratgohi ochiq qolgan edi.
2019 yil mart oyida bunyodkorlik ishlari yakunlanib, ziyoratgoh go‘zal va betakror ko‘rinishda ziyoratchilarga topshirilgan.
Yangi davr, yangi nafas
– 2025 yil 1 aprelda qabul qilingan «Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman (shahar)larda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida»gi qarorga muvofiq, mamlakat bo‘ylab 16 ta shahar va tumanni kompleks rivojlantirish belgilandi. Ular qatorida Buxoro viloyatining tadbirkor va hunarmandlar yurti sifatida nom qozongan G‘ijduvon tumani ham bor. Qaror ijrosi doirasida tumanda 30 dan ortiq yirik va o‘rta loyihalar shakllantirildi. Xususan, Xo‘ja Abduxoliq G‘ijduvoniy ziyoratgohi bilan uyg‘un holda «G‘ijduvon qo‘rg‘oni»ni qayta tiklash, «Qo‘rg‘on» va «Chorsu» mahallalari negizida turizm mahallasini tashkil etish ishlari izchil amalga oshirilmoqda. Milliy an’analar, tarixiy me’morchilik va zamonaviy infratuzilma uyg‘unligini ta’minlovchi maxsus loyiha ishlab chiqildi,-deydi bu haqda «Xabar.uz»ga ma’lum qilgan G‘ijduvon tumani hokimi Farhod Umarov.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda G‘ijduvoniy mahallasida tabiiy gaz, elektr, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari to‘liq yangilangan. Ichki ko‘chalarga toshlar yotqizilgan. Qadimiy darvozalar ham qayta tiklangan. Devorlar, hunarmandchilik markazi va savdo-turizm ob’yektlari rekonstruksiya qilingan.
– Xalqaro ekspertlar hamda O‘zbekistondagi Markaziy Osiyo xalqaro tadqiqotlar instituti boshchiligida XIX asrga oid «Bozori qaymoq», «Boloyi qassobon», «Boborahimboy» masjidlari, XVI asrga mansub «Eski tosh hammom»da ta’mirlash va tiklash ishlari yakunlandi. Bu ishlar tumanning turistik jozibadorligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, yangilanish va taraqqiyot jarayonlari odamlarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlab, tinch va farovon hayotga bo‘lgan shukronalik tuyg‘usini kuchaytirmoqda,-deydi tuman hokimi.
G‘ijduvon bugun ham katta tarix. O‘tmish bilan kelajakni bog‘lovchi tirik ko‘prik. Bu ko‘prikning tayanchi esa halol mehnat, ma’rifat va ruhiy poklikni targ‘ib etgan ulug‘ pir Xo‘ja Abduholiq ibn Abduljamil G‘ijduvoniy nomidir.
Jamiyat
Jaziramada ochiq havodagi ishlar cheklanishi mumkin
O‘zbekistonda anomal issiq va jazirama kuchayishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarni ochiq havoda mehnat qilayotgan xodimlarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishga chaqirdi.
Inspeksiya tavsiyasiga ko‘ra, kunning eng issiq vaqti — soat 11:00dan 16:00gacha tashqi ishlar qisqartirilishi yoki vaqtincha to‘xtatilishi lozim. Shuningdek, ushbu vaqtda og‘ir jismoniy mehnatni cheklash ham tavsiya etilmoqda.
Qayd etilishicha, yuqori harorat sharoitida ishlayotgan xodimlar issiq urishi, suvsizlanish, hushdan ketish hamda yurak-qon tomir kasalliklari xavfiga ko‘proq duch keladi.
Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarga xodimlarni doimiy ravishda toza va salqin ichimlik suvi bilan ta’minlash, soya yoki sovutiladigan dam olish joylarini tashkil etish, yengil va issiqdan himoya qiluvchi maxsus kiyimlar berish, issiq urishi va suvsizlanish alomatlari bo‘yicha yo‘riqnoma o‘tkazish hamda sog‘lig‘i yomonlashgan xodimlarga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishni tavsiya qildi.
Bundan tashqari, issiq sharoitida ishlaydigan xodimlar belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishi shartligi eslatildi.
Inspeksiya mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etish faqat tavsiya emas, balki ish beruvchining qonunchilikda belgilangan majburiyati ekanini ta’kidladi. Ogohlantirilishicha, jazirama sharoitida zarur choralarni ko‘rmaslik xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘dirishi, ish joyida baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin.
Jamiyat
Mehnat inspeksiyasi barcha hokimliklarga ko‘rsatma yubordi
Ko‘rsatmada anomal issiqda ochiq havoda mehnat qilayotgan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha talablar belgilangan.
Anomal issiq ob-havo sharoitida ochiq havoda mehnat qilayotgan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida barcha hokimliklarga tegishli ko‘rsatma yuborildi, deb xabar berdi Davlat mehnat inspeksiyasi.
Xabarda aytilishicha, ko‘rsatmada soat 10:00–17:00 oralig‘ida yuqori harorat ta’sirida xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ishlarni vaqtincha to‘xtatish hamda moslashuvchan ish rejimini belgilash, xodimlarni yetarli miqdorda sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi talablar belgilangan.
Bundan tashqari, quyosh nurlari va yuqori harorat ta’siridan himoyalangan dam olish joylarini tashkil etish, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoki tibbiy xulosaga ko‘ra ishga yaroqsiz deb topilgan shaxslarni ishga qo‘ymaslik, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash va mehnat hamda dam olish rejimini qayta ko‘rib chiqish lozimligi aytilgan.
“Ko‘rsatma talablarining bajarilishi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, mehnatni muhofaza qilish talablarini buzgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Jamiyat
Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi
Kogon shahrida fuqaroning ishonchiga kirib, uni 8 000 dollar evaziga Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxs ushlandi.
Foto: EPA / YONHAP / TASS
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kogon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro Z.I. fuqaro Sh.I.ning ishonchiga kirib, uni 8 000 AQSh dollari evaziga go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida ushbu pullar hisobidan 200 AQSh dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Toshkent viloyatida Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilib, ikki nafar fuqarodan 15 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan shaxsning noqonuniy harakatlari fosh etilgani xabar qilingandi.
Jamiyat
Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlari uchun davlat grantlari ko‘paytirildi
Ma’lum qilinishicha, mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirilib, jami 2 930 ta davlat granti ajratilgan.
2026/2027-o‘quv yili uchun axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasiga oid ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, mazkur yo‘nalishlar uchun jami 2 930 ta davlat granti ajratildi.
Qayd etilishicha, bunda bakalavriat uchun 2 309 ta, magistratura uchun 621 ta davlat granti ajratilgan.
Jamiyat
Samarqandda daryoda cho‘kayotgan fuqaro qutqarib qolindi
Ma’lum bo‘lishicha, cho‘milish vaqtida birdan uning sog‘lig‘i yomonlashib, mustaqil ravishda harakat qila olmay qolgan va sheriklari darhol FVBga xabar berishgan.
17 iyul kuni soat 17:53 da Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Samarqand tumanidagi Qoradaryo daryosida fuqaro cho‘kayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Ma’lum bo‘lishicha, cho‘milish vaqtida birdan uning sog‘lig‘i yomonlashib, mustaqil ravishda harakat qila olmay qolgan va sheriklari darhol FVBga xabar berishgan.
Qutqaruvchilar voqea joyiga tezkorlik bilan yetib borib, fuqaroni maxsus narvon yordamida daryo qirg‘og‘idan xavfsiz hududga olib chiqishgan hamda u tibbiyot xodimlariga topshirilgan.
Xabarda aytilishicha, hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi.
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Tramp uning o‘ldirilishi masalasiga oydinlik kiritmoqda
-
Dunyodan4 days agoMalayziya Isroil fuqarolarini deportatsiya qilmoqda
-
Jamiyat4 days agoNikoh shartnomasi qanday tartibda tuziladi?
-
Jamiyat4 days agoJazirama sabab poyezdlar tezligiga cheklov qo‘yiladi
-
Siyosat5 days ago
Prezident Toskana viloyati bilan hamkorlik salohiyatini yuqori baholadi
-
Sport5 days agoArgentina kambek evaziga Angliyani mag‘lub etib, JCh–2026 finaliga chiqdi
-
Siyosat3 days agoRustam Jo‘layev Prezident huzuridagi Milliy xavfsizlik agentligi rahbari etib tayinlandi
-
Sport1 day agoYamal Messiga qarshi. JCh finali intrigalari
