Iqtisodiyot
Toshkent shahrining Global Cities Index reytingidagi o‘rni yaxshilanadi
Respublika elchixonasi ko‘magida Britaniyaning Oxford Economics iqtisodiy maslahat firmasi va O‘zbekiston vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi.
Unda Oxford Economics’ning “Shahar xizmatlari” bo‘linmasi yetakchi iqtisodchisi Entoni Bernard-Sasges, bosh iqtisodchisi Jorj Bouen hamda iqtisodchi Daniel Nandvani qatnashdi. O‘zbekiston tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Toshkent shahar hokimiyatining mas’ul mutaxassislari qatnashdi.
Oxford Economics vakillari O‘zbekiston tomonini ishlab chiqiladigan Global Cities Index hamda uning metodologiyasi bilan tanishtirdi.
Tomonlar mazkur reytingda Toshkent shahrining o‘rnini yaxshilash istiqbollari xususida fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida mazkur yo‘nalishdagi muloqotni davom ettirishga kelishib olindi
Oxford Economics 1981 yilda Oksford universitetining biznes kolleji bilan hamkorlikda tijorat tashkiloti sifatida tashkil etilgan. Hozirda 20 dan ortiq ofislarda faoliyat yuritadigan 350 dan ziyod iqtisodchi va tahlilchilarni o‘z ichiga olgan dunyodagi yetakchi mustaqil iqtisodiy maslahat firmasi hisoblanadi. 200 dan ortiq mamlakat, 150 dan ziyod sanoat tarmog‘i va 8000 ga yaqin shahar hamda mintaqani qamrab olgan holda Oxford Economics o‘z mijozlariga strategik biznes qarorlar qabul qilishda ko‘maklashadi.