Connect with us

Jamiyat

To‘rt marta sudlangan gazeta

Published

on


U o‘z faoliyatini atigi ikki oy va bir hafta davom ettirgan bo‘lsa-da, ziyolilar e’tiborini qozonib, hukumat va aqidaparast ulamolar, tanqidni jini suymaydigan kishilar quvg‘iniga uchradi. Natijada to‘rt marta sudga berilib, mol-mulki musodara qilindi. U o‘zbek matbuotiga asos solgan Ismoil Obidiyning «Taraqqiy» gazetasi edi…

Turkistonda dastlabki matbuot nashri chor Rusiyasi bosqinchilarining rus tilida chop etiladigan «Turkestanskiye vedomosti» gazetasi bo‘lib, u 1870 yilning 28 aprelidan 1917 yilning 15 dekabrigacha bo‘lgan faoliyati davrida asosan mustamlakachilar siyosati va mafkurasini targ‘ib qilgan. Aynan o‘zbek va qirg‘iz tillarida chop etilgan «Turkiston viloyatining gazeti» ham «Turkestanskiye vedomosti»ning o‘zbekcha nusxasi bo‘lib, farqi mustamlakachilarga xizmat qilayotgan mahalliy ijodkorlar tomonidan tayyorlanib, nashr etilayotganida edi.

Zero, targ‘ibu tashviq ham mustamlakachilar mafkurasi bo‘yicha bo‘lib, «…vedomosti»dan o‘zbekcha chiqayotganligi bilan ajralib turardi.

Cho‘lpon ta’biri bilan aytganda, «Turkiston viloyatining gazeti» istilo etilgan generallar tarafidan nashr etilgan, ruslig‘ning shavkat va saltanatini ko‘hna madrasalarning tumtaroq tili ila osmonlarga chiqargan bir gazeta edi».

Avloniy esa «…bu gazeta Turkiston o‘zbeklari uchun birinchi gazeta bo‘lg‘oni kabi yerlik xalqni razolat, safolatga boshlag‘on tarixiy bir qora guruh gazeta… Bu maorif madaniyatiga dushmon bo‘lg‘oni hamda tabiiy el orasig‘a bid’at, xurofot tarqatishqa bor kuchi bilan kirishgan va bu yo‘lda bir qancha muvaffaqiyatlarga uchrag‘on edi», deya jadidlar nuqtai nazaridan «Turkiston viloyatining gazeti»ga baho bergandi.

Shunday vaziyatda bor haqiqatni yozadigan, milliy kayfiyatni ifodalaydigan sof o‘zbekcha nashrga ehtiyoj tug‘ilayotgan edi. Zero, bu paytga kelib, Behbudiy, Avloniy, Cho‘lpon, So‘fizoda va yana ko‘plab qalamkashlar matbuot maydonida qad rostlab turar, ularning «Turkiston viloyati gazeti»ga yozganlari missioner Ostroumov tomonidan «qaychilanib» chiqarilar, ba’zi paytlarda esa chop ham etilmasdi.

Bularning barini ko‘rib, sezib yurgan va o‘zbek xalqining qarashlarini ifodalaydigan milliy gazetaga ehtiyoj tug‘ilganini anglagan Ismoil Obidiy 1906 yil 27 iyundan «Taraqqiy» nomli milliy o‘zbekcha gazetaga asos soldi. Gazeta Toshkentdagi V.Ilinning xususiy bosmaxonasida bosilib, O‘rta Osiyoga tarqatilgan.

Abdulla Avloniyning 1924 yil 24 iyundagi «Turkiston» gazetasida yozgan maqolasiga ko‘ra, «gazeta muharriri Ismoil Obidiyga Taraqqiy ismi berildi. Hozirgacha xalq Ismoil Obidiyning ismini Taraqqiy deb yuritadir. Bu gazeta elning eng suyub o‘qiydurg‘on bir gazetasi bo‘la oldi. Bu gazeta o‘sha zamon musulmon gazetalari ichida eng so‘li bo‘lib, hukumat va uning ma’murlarig‘a qarshi hujum ochdi. Bu gazeta yerlik yosh yozuvchilarg‘a sahifasidan keng o‘rin berdi. Istibdod hukumatining favqulodda saqlash (cherezvichayniy oxran) qo‘li bilan bu gazeta o‘ldirildi. Xalq oziqsiz qolib, uzoq vaqt jimjitlik hukm surdi».

Ismoil Obidiy 1880 yilda tug‘ilgan bo‘lib, hayoti davomida Sharqiy Turkiston, Qozon, Moskva, Toshkent shaharlarida yashagan, tatar, o‘zbek, arab, fors, uyg‘ur, rus tillarini biladigan o‘z davrining taraqqiyparvar ziyolilaridan bo‘lgan. Shuningdek, u nafaqat jurnalist, balki me’mor va rasom, tarjimon ham edi.

Garchi «Taraqqiy»ning 21 soni nashrdan chiqqan bo‘lsa-da, ularda Behbudiy, Munavvar Qori, Mulla Said Ahmad qizi Nozimaxonim, So‘fizoda, Shokir Muxtoriy, Bahrombek Davlatboyev kabilarning milliy ruhdagi xalqchil maqolalari chop etilib, o‘quvchilar hurmatini qozondi. Ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni haqqoniy yozgani, chorizm siyosatini tanqid qilgani, jadidlarga qarshi bo‘lgan konservatizm qarashdagi qadimgi ulamolar qilmishlarini sharmanda qilgani sababli ham gazeta to‘rt marta sudga berilib, oxiri chor hukumati tomonidan nashr etish taqiqlab qo‘yildi.

Gazetada bosilgan quyidagi maqola va xabarlardagi lavhalarni kuzatib ham o‘zingiz «Taraqqiy»ning tutgan yo‘lini bilib olasiz:

«…dunyog‘a nima uchun kelgonini bilmay ilm va maorifg‘a aslo rag‘bat qilmay jonidin shirin bolalarini ko‘cha bako‘cha kezdurub bechora ma’sumni aziz umrini jaholat otashina yondiruvchi beahamiyat va bediyonat otalar ham oramizda oz emasdur. Ko‘p dindoshlarimizni ko‘rarmizki, o‘z farzandlarini aslo maktabga bermay orqalaridan ergashtirib ruslar eshigida o‘zlari kabi xizmatchilikg‘a o‘rgatub dunyo va oxiratni saodati o‘lg‘on ilm va maorifdin mahrum qilmoqdin hech bir ibo qilmaslar… Va bu jaholat xohishudirki, millat foydasi uchun jonini qurbon qilmoqqa loyiq arslon kabi yigitlarimiz butun millatni o‘ylaridan chiqarib iste’dod va g‘ayratlarini choyxona va pivoxonalarg‘a sarf etmakdadurlar» (gazetaning 1-sonidagi Munavvarqorining maqolasidan).

«…agar bizlarning maktablarimiz boshqa millat maktablari kabi bir nizomga qo‘yilib yaxshi muallimlik vazifasini lavozimcha ado qilurlik kishilardin muallimlar tayin qilinsa edi, ma’sum avlodlarimiz ruhiy hayotiga, dunyo va oxiratni saodatig‘a birinchi sabab o‘ladurg‘on ilm va maorifdin bu darajada mahrum o‘lmagiga sabab o‘lmas eduk…» (gazetaning 1-sonidagi maqoladan)

«…Madrasalarning ahvolin kimlar isloh qilurlar, ulamolar, qozilarning so‘zlaridan o‘tib, bir ish qilolmasliklari uchun bu janoblardan isloh umid qilmoq to‘qson yoshliq bir qari g‘ajuzadan farzand umid etmak qabilidandir» («Taraqqiy»ning 9-sonidagi maqoladan).

«Bizni Toshkentda ichkulik va pivoxo‘rlik chunon shoyi bo‘ldiki, bosh bekatlarimizdan boshlab, dumaxona ulug‘larigacha choy o‘rniga pivo iste’mol qilurlar. Na ulamolarimizdan, na hukumatlarimizdan bir kishi yo‘qki, yigitlarimizni ichkulik ichmoqdin man qilsalar. Davlat dumasig‘a vakil saylamoq uchun aholi tarafdin ko‘zlangan ulug‘ predsedatellarimiz ichkulik ichib, mast bo‘lib, aholi orasida beibo kezmakdalar. Ajabo! Buningday fasod axloq qanday noinsoflikdirki, aholiga va’z nasihat qilib, tazyiq qaytarmoq va qaytmog‘onni urub, so‘kib tazyiq bermoq vazifalari o‘lg‘on o‘g‘limiz o‘zlarini obro‘yini rus qizlari ila gostinisa zollarida barbod etmakdalar. Allohdan qo‘rqib, xalqdan uyolmaslar» (gazetaning 3-sonidagi maqoladan).

«Rus-yapon urushi va buning oqibatida jangga mablag‘ topmoqning eng oson yo‘li xalqqa turli soliqlar solib, undirib olish, xalqning og‘ir va mashaqqatli mehnati evaziga bunyodga kelgan ozgina mablag‘ni shu yo‘l bilan undan tortib olib, yana xalqni din va imonga taaullug‘i bor afsonalar bilan battar ozg‘urib, itoat qafasida tutadurlar» (3-son, 1-betidagi maqoladan).

«Taraqqiy»ning shu tarzda jamiyatni isloh qilish, muammolar ildizini axtarishga bo‘lgan urinishlari jadidchilik harakatining Qrimdagi asoschisi Ismoil Gaspirinskiyga, tatarlarning Qozondagi buyuk shoiri Abdulla To‘qayga ham yetib bordi. Qrimda yashayotgan buyuk ma’rifatparvar «Tarjimon» gazetasining 1906 yil 69-sonidagi maqolasida gazetani o‘qib quvonganini «Turkistonda bunday taraqqiyparvar bir gazetaga ko‘pdan beri ehtiyoj bor edi», deya baholagandi.

Ha, «Taraqqiy» ehtiyoj, zarurat bois dunyoga kelgan edi. Shu bois ham qisqa fursat ichida haqiqiy ma’noda qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Ayniqsa, gazetada dumadagi deputatlarning ish jarayonidagi sustkashlik, madrasalarning qoloqligi, zamonaviy ta’lim-tarbiyadan uzoqlashib ketganligi kabi dolzarb mavzularda maqolalar berilishi chor mustamlakachilarini cho‘chitib qo‘ydi.

Ba’zi muttaasiblar va «Turkiston viloyatining gazeti» kabi mustamlakachilar mafkurasini ifodalovchi muxbirlar «Taraqqiy»ni obro‘sizlantirish yo‘lidan bordilar. Xususan, gazeta muharriri Ismoil Obidiy haqida, «muharirning asli ismi ma’lum emas, imzosi «Sayyid Ismoil» esa-da, o‘zi «Sayyid» bo‘lmasa kerak», deb qochiriqlar qildi va shu xildagi g‘iybatlar bilan «Taraqqiy»ni to‘xtatishga harakat qildilar. Toshkentdagi bunday vaziyat to‘g‘risida Ismoil Gaspirinskiy «Tarjimon»ning 1906 yil 117-sonida maqola yozib bu holatni «Noma’qul so‘zlar. Shahri Toshkandda 38 yildan beri rasmiy «Turkiston gazeti» nashr qilinadi. Muharriri ziyoli g‘o‘spo‘din Ostroumovdir. Ziyoli bir odamning qo‘l ostida bo‘lgan gazeta boshqa muharrirlar haqida bozor g‘iybatlariga o‘xshar narsalar yozmasligi lozimdir. «Taraqqiy» muharriri sayyidmi, emasmi, muhim emas, yozganlari muhimroq, shunga qarash kerak», deya baho berib o‘tgan, ahvol yaxshilanishiga umid qilgandi. Afsuski, bunday mutassibona qarashlar, mustamlakachilarning tazyiqi natijasida gazeta yopildi. Ziyo Saidning yozishiga ko‘ra, «Taraqqiy» qora guruh ulamolari bilan qattiq tortishib, ularning xalq orasida obro‘larini tushirishga harakat qildi. Ora-sira hukumatga ham tegib turdi. Mazkur «gunohlari» uchun 20-nomeriga yetganda, chor hukumati tomonidan musodara etilib, muharriri qamoqqa olindi».

Garchi shunday bulsa-da, Ismoil Obidiyning «Taraqqiy» gazetasi birinchi o‘zbek milliy matbuot nashri sifatida tarixda qoldi.

Umid Bekmuhammad,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.

 

 

 

 

 

 

 



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi

Published

on


Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.

Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.

Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.

Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi

Published

on


Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda.  Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.

Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.

Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.

Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi

Published

on


Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi. 

Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

​Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.

​Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.

​Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi

Published

on


«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.

Mukofotlanganlar ro‘yxati:

“Do‘stlik” ordeni bilan

Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari

Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi

Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori

Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori

Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri

II darajali “Salomatlik” ordeni bilan

Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri 

Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari 

“Shuhrat” medali bilan

Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi

Published

on


Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.

Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.

Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.

Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.

Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.