Jamiyat
To‘rt hududda Sanepidqo‘mita tizimi xodimlari ushlandi
O‘zbekiston bo‘ylab Sanepidqo‘mita tizimida korrupsiya holatlari fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda Guliston shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi shifokor yordamchisi M.A. go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali “M.M.” MChJ tomonidan tayyorlanadigan tayyor ovqat mahsulotiga ijobiy xulosa olib berishi evaziga 300 AQSh dollari va 1,2 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Toyloq tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda Sanitariya-Epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Toyloq tuman bo‘limi sanitar vrachi F.B. 9 mln so‘m evaziga go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali YaTT “S.E.”ning non mahsulotlari ishlab chiqarish sexiga sanitar gigiyenik xulosasini rasmiylashtirib berishini aytib, kelishilgan puldan 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanib, tekshiruvda muqaddam 100 AQSh dollari va 500 ming so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Urganch shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoatchilik salomatligi bo‘limi xodimi G‘.A. fuqaro B.D.ga go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Urganch shahrida umumiy ovqatlanish shoxobchasi ochish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirib berishi va 6 oy davomida jarima qo‘llamaslikni va’da qilib, 2,4 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Namangan shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoatchilik salomatligi bo‘limi shifokor yordamchisi A.S. (muqaddam sudlangan) fuqaro M.O.ning nomiga shahar hududida nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini ochish uchun ijobiy xulosa olib berish evaziga 1,2 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 25, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Ekologik ekspertiza xulosasi uchun arizalar faqat my.gov.uz orqali qabul qilinadi
2026-yil 24-sentyabr soat 18:00 dan boshlab davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish uchun arizalar faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali qabul qilinadi.
Ma’lumot uchun, 2026-yil 11-maydagi 234-sonli Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, arizalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali qabul qilish va xulosalarni elektron shaklda berish tartibi belgilangan.
Mazkur tartibni joriy etish bo‘yicha zarur texnik ishlar amalga oshirildi. YaIDXPda test rejimida arizalarni qabul qilish va ular bo‘yicha xulosalarni elektron shaklda berish sinovdan o‘tkazildi. Sinov jarayonlari muvaffaqiyatli yakunlangani munosabati bilan davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish uchun arizalar faqat my.gov.uz orqali qabul qilinadi.
Shu sanadan boshlab eco-service.uz sayti orqali arizalarni qabul qilish to‘xtatiladi.
Arizalarni belgilangan tartibda my.gov.uz portali orqali yuborishi so‘raladi.
Jamiyat
Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston: hamkorlik yildan-yilga rivojlanib bormoqda
Kecha, 23-sentyabr kuni Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan mamlakat Milliy kuni munosabati bilan qabul marosimi o‘tkazildi. Tadbirda davlat va jamoat arboblari, ommaviy axborot vositalari vakillari, jumladan, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva ham ishtirok etdi.
Dastlab ikki davlat madhiyalari yangradi. Marosimda Saudiya Arabistoni Podshohligining respublikamizdagi favqulodda va muxtor elchisi Saad bin Nosir bin Abdulloh Abu Haymed mamlakatda o‘tgan yillarda amalga oshirilgan ishlar, kelgusi rejalar xususida so‘z yuritdi, shuningdek, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik aloqalariga ham to‘xtalib, yildan-yilga bu hamkorlik rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi va iqtisodiyotning ko‘plab strategik sohalarini qamrab olmoqda. Saudiya Arabistoni tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyotiga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 2,8 milliard dollardan oshdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Saudiya kapitali ishtirokida 433 ta korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi jadal o‘sib, yillik 178 million dollarni tashkil etmoqda.
Hamkorlikning eng yirik va strategik sohasi energetika hisoblanadi. Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi O‘zbekistonning turli hududlarida shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, shuningdek, “yashil” vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati milliardlab dollarlik loyihalarni amalga oshirmoqda.
Ikki davlat sog‘liqni saqlash tizimini raqamli texnologiyalar asosida takomillashtirish, tibbiyotga innovatsion yechimlarni joriy etish hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan samarali foydalanish borasida faol ish olib bormoqda. Shuningdek, shifokorlar malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturlar mavjud. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Saudiya Arabistonining Podshoh Saud universiteti o‘rtasida ta’lim va ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Jamiyat
Dollar kursi ko‘tarildi, yevro ham oshdi
Markaziy bank 2026-yil 17-sentyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 22,54 so‘mga oshib, 11 797,46 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 20,11 so‘mga oshdi va 13 608,27 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 874,66 so‘mni tashkil qildi (-2,64).
Rossiya rubli 139,77 so‘m etib belgilandi (+0,6).
Jamiyat
O‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda kuniga qancha vaqt o‘tkazyapti?
«Yuksalish» harakatining «Opinions» sotsiologik tadqiqotlar markazi Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda «Ijtimoiy tarmoqlar davrida hayot» mavzusida ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi. Unda mamlakatning 14 ta hududidan 1371 nafar respondent ishtirok etdi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, eng ko‘p foydalaniladigan platforma Telegram bo‘lib, respondentlarning 88,9 foizi, ya’ni 1219 nafari undan foydalanishini bildirgan. Keyingi o‘rinlarda Instagram — 73,5 foiz va YouTube — 61,8 foiz qayd etilgan. Facebook’dan esa ishtirokchilarning 24,7 foizi (338 nafar) foydalanadi.
Respondentlarning 69,9 foizi ijtimoiy tarmoqlardan do‘stlari va oila a’zolari bilan muloqot qilish uchun foydalanishini aytgan. 64 foiz yangiliklarni kuzatish, 43,8 foiz ta’lim olish, 42,2 foiz ko‘ngilochar kontent uchun ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qiladi. 40,6 foiz ishtirokchi esa ijtimoiy tarmoqlardan daromad olish va kasbiy maqsadlarda foydalanishini bildirgan. Bu savolda bir nechta javobni belgilash imkoni berilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda sarflanayotgan vaqt ham o‘rganilgan. Ish yoki o‘qish kunlarida respondentlarning 37,3 foizi ijtimoiy tarmoqlarga kuniga 2 soatdan ortiq vaqt sarflaydi. 12,4 foiz ishtirokchi esa kuniga 4 soatdan ko‘proq vaqtni ijtimoiy tarmoqlarga ajratishini bildirgan. Dam olish kunlarida 4 soatdan ortiq vaqt sarflaydiganlar ulushi 19,7 foizga, ya’ni 270 nafarga yetgan.
Ishtirokchilarning 57 foizi ijtimoiy tarmoqlarda sarflayotgan vaqtini me’yorida deb hisoblaydi. Biroq 33,4 foizi, ya’ni har uch kishidan biri, ijtimoiy tarmoqlarda keragidan ko‘proq vaqt qolib ketayotganini tan olgan.
Vaqtini kamaytirishga uringan 511 nafar respondent (61 foiz) bunga erishgan, 327 nafari (23,9 foiz) esa buning uddasidan chiqa olmagan. Ishtirokchilarning 28 foizi ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadigan vaqtini kamaytirishga ehtiyoj sezmasligini bildirgan.
Tadqiqot natijalari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p vaqt o‘tkazish faqat yoshlarga xos emasligini ham ko‘rsatgan. Kuniga 2 soatdan ortiq foydalanadiganlar ulushi nafaqadagilar orasida 54 foiz, uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band respondentlar orasida 43,7 foizni tashkil etgan. Maktab o‘quvchilarida bu ko‘rsatkich 27,3 foiz, talabalarda esa 32,7 foiz bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning uyqu va kundalik vazifalarga ta’siri ham o‘rganilgan. Respondentlarning 62,2 foizi, ya’ni 853 nafari, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uyqusiga ta’sir qilishini bildirgan. 18 yosh va undan katta ishtirokchilarning 58,1 foizi esa ijtimoiy tarmoqlar ish yoki kundalik vazifalariga muayyan darajada xalaqit berishini qayd etgan.
13–17 yoshli ishtirokchilarning 74,4 foizi ijtimoiy tarmoqlar uyqusiga ta’sir qilishini bildirgan. Ularning qariyb to‘rtdan uch qismi ijtimoiy tarmoqlar o‘qish yoki uy vazifalarini bajarishga ham xalaqit berishini aytgan.
O‘smirlarning 66,7 foizi ota-onasi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini doimiy nazorat qilishini, 28,2 foizi esa ba’zan nazorat qilishini bildirgan. 5,1 foiz o‘smirning ota-onasi bu borada nazorat qilmasligini aytgan.
Respondentlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda eng ko‘p tashvish uyg‘otadigan muammo ortiqcha vaqt sarflash bo‘lgan — 30,1 foiz, ya’ni 413 nafar. Keyingi o‘rinlarda soxta yoki ishonchsiz axborot — 18,6 foiz (255 nafar), firibgarlik va shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishi — 13,2 foiz (181 nafar) qayd etilgan.
Shuningdek, respondentlarning 6,9 foizi ijtimoiy tarmoqlarning uyqu va salomatlikka ta’sirini, 6,9 foizi oila a’zolari o‘rtasidagi muloqotning kamayishini, 4,2 foizi esa haqorat va tazyiqni asosiy muammolar sifatida ko‘rsatgan. 8,5 foiz ishtirokchi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish hech qanday muammo keltirib chiqarmasligini bildirgan.
Tadqiqot mualliflari ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklashdan ko‘ra, ulardan ongli, xavfsiz va me’yorida foydalanish madaniyatini shakllantirish muhimligini ta’kidlagan. Shuningdek, media savodxonlik, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va soxta axborotni aniqlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni ta’lim muassasalari va mahallalarda yo‘lga qo‘yish taklif etilgan.
Tahlil natijalari ijtimoiy tarmoqlar bilim olish, muloqot qilish va mehnat faoliyatini rivojlantirish uchun imkoniyat yaratishini, biroq ulardan nazoratsiz foydalanish vaqtning samarasiz sarflanishi, uyqu, salomatlik va kundalik vazifalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rsatgan.
Jamiyat
Dala atrofidagi yo‘llar bo‘yiga «basketbol» uslubidagi chiqindi qutilari o‘rnatilmoqda
Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan dala atrofidagi yo‘llar bo‘yiga «basketbol» uslubidagi chiqindi qutilari o‘rnatilmoqda.
Tashabbusdan asosiy maqsad yo‘llar va dalalarni toza saqlash, shuningdek, chiqindilarni maxsus qutilarga tashlash odatini shakllantirishdan iborat.
Vazirlik safar davomida plastik idishlar va boshqa chiqindilarni avtomobil salonida saqlab turish, so‘ng xavfsiz joyda to‘xtab, ularni chiqindi qutisiga tashlashni tavsiya qilmoqda. Chiqindi qutisiga tushmagan chiqindilarni esa yerda qoldirmaslik so‘ralgan.
Shuningdek, harakatlanayotgan avtomobildan chiqindi tashlash mumkin emasligi, yo‘lda harakat xavfsizligi birinchi o‘rinda turishi ta’kidlangan.
Fermerlar va mahalliy hokimliklarga chiqindi qutilarini yo‘lovchilar xavfsiz foydalana oladigan joylarga o‘rnatish hamda ularni muntazam bo‘shatib turishni tashkil etish taklif qilindi.
Vazirlik dalalarni chiqindilardan asrash va atrof-muhitni toza saqlashga chaqirdi.
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda kuniga qancha vaqt o‘tkazyapti?
-
Mahalliy5 days ago
OTMlarda kontrakt to‘lash muddati uzaytirildi
-
Mahalliy3 days ago
Evrika! Olim faqat igna bilan quduq qazimaydi…
-
Mahalliy5 days ago
«Pul tugab qoladi, dunyo xavfli…» yoxud ziqnalikni bartaraf etuvchi 11 qoida
-
Iqtisodiyot4 days ago
Bir necha kun davomida ko‘tarilgan dollar yana pasaydi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Markaziy Osiyoda o‘zaro savdo aylanmasi 8,1 mlrd dollarga yetdi
-
Jamiyat2 days ago
Dollar kursi ko‘tarildi, yevro ham oshdi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekistondagi elektromobillarning qariyb 72 foizi Toshkentda
