Sport
«To‘pni yaxshi ushlab turolmadik» – futbolchilar turnirni tark etgandan keyin nimalar deyishdi?
JCh guruh bosqichi so‘nggi turi doirasida Kongo DR bilan o‘tkazilgan o‘yindan keyin milliy jamoa futbolchilari mikst-zonada turli nashrlar jurnalistlarining savollariga javob qaytarishdi.
Milliy jamoa sardori Eldor Shomurodov «Sport-Ekspress» muxbiri bilan suhbatda bunday darajadagi o‘yinlarda faqat bir jihatda kuchli bo‘lishning o‘zi yetarli bo‘lmasligi haqida gapirgan.
— Katta tajriba orttirdik, ammo afsuski, hech bo‘lmaganda bitta o‘yinda g‘alaba qozona olmadik. Hayot davom etadi. Endi nimaga intilishimiz va qanday rivojlanishimiz kerakligini bilamiz. Jahon chempionatida qatnashdik, ammo buni yaxshiroq amalga oshirishimiz mumkin edi, degan tuyg‘u bor. Natija salbiy bo‘lsa-da, bu turnirdan olib ketishimiz mumkin bo‘lgan ko‘plab ijobiy jihatlar ham bor. Bu turnir biz hali ko‘p narsani o‘rganishimiz va o‘sishimiz kerakligini ko‘rsatdi.
— Nima yetishmadi? Yoki O‘zbekiston jamoasining asl darajasi shumi?
— Ko‘p narsa yetishmadi. Bu yerda barchasi boshqacha. Bu yerda bitta narsada boshqalardan yaxshiroq bo‘lishing yetarli emas, balki barcha jihatlarda kuchliroq bo‘lishing kerak. Shuning uchun, biz barcha jabhalarda qo‘shishimiz kerak. Jamoamizning hozirgi darajasi shu ekan. Jahon chempionatida oddiy o‘yinlar bo‘lmaydi, bu yerda mayda xatolarni ham jazolashadi. Bizga tajriba yetishmadi va endi bu tajriba hosil bo‘ldi.
— Fabio Kannavaro ham matbuot anjumanida tajriba yetishmagani va ikkinchi bo‘limda faqat uzun uzatmalar bilan o‘ynalganini aytdi, bunday o‘ynash oldindan rejada bo‘lmaganmi?
— Ha. Buning ruhiy tomoni ham bor – hisobda oldinda borayotganingda, gol o‘tkazib yubormaslik va hisobni saqlashni istaysan. Va shundan xatolar boshlanadi. Bunday xatolardan biri to‘pni yaxshi ushlab tura olmaganimiz bo‘ldi.
— Jamoa turnirda kutganingizdan yomonroq o‘ynadimi?
— Jahon chempionatiga kelib, Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi maydonga tushsang, qiyin bo‘lishini tushunasan. Agar istasang, bunga ijobiy qarashing mumkin. Ammo maydonda boshqa darajaga guvoh bo‘lasan. Biz qo‘limizdan kelganini qildik. O‘ylaymanki, O‘zbekiston futboli bizning bu yerga kelishimizdan ko‘p narsa yutdi. Iste’dodli yoshlarimizni ham kuzatishdi. Endi Yevropada futbolchilarimiz ko‘proq bo‘lishi mumkin.
— Afrika jamoalari bu chempionatda osiyoliklarga qaraganda yaxshiroq ishtirok etishdi. Bu ularning konfederatsiyasi siznikidan kuchliroq deganimi?
— Faqat jismoniy tomondan. Yevropada o‘ynaydiganlar – «fizika» va texnika uyg‘unligi nima ekanini biladi. Kongoliklarning esa barchasi o‘sha yerda o‘ynaydi. Bunday raqibga qarshi doim himoyalanish juda qiyin. Baribir to‘pga egalik qilish kerak edi!
— Ikkinchi bo‘limda jamoangiz hujum qilishni to‘xtatdi, hujumga o‘tganda ham faqat ikki-uch kishi bo‘lib. Bu Fabio Kannavaroning ko‘rsatmasi edimi yoki futbolchilarning tashabbusimi?
— Ha, agar gol ursak, qanday qilib bo‘lmasin hisobni saqlab qolishimiz kerak, degan ruhiy kayfiyat bor edi. Ammo Kongoga ham g‘alaba kerakligi o‘z so‘zini aytdi, bu jamoa jismonan juda kuchli edi. Shuning uchun ular faqat oldinga borishdi va bizni himoyadan o‘ynashga majbur qilishdi. Qolganini o‘zingiz ko‘rdingiz.
Biz to‘pni yaxshiroq ushlab turishimiz mumkin edi. Faqat bir jihatda yaxshi bo‘lish yetarli emasligini aytganimda shuni nazarda tutgandim. Agar siz pressingda yaxshi bo‘lsangiz, ammo to‘p bilan yaxshi ishlay olmasangiz, bu muammo baribir fosh bo‘ladi va buning uchun jazolanasiz. Hammasi tajribaga bog‘liq. Boshqa darajadagi o‘yin sur’atini, bunga odatlangan futbolchilarni ko‘rganingda, buni o‘rganish kerakligini tushunasan.
— Urgan chiroyli golingiz haqida aytib bering. To‘pni darvozabon ustidan «parashyut» qilib tashlash fikri qanday keldi?
— Gol chiroyli chiqdi, ammo bizga yordam bermadi. Gol urish doim yoqimli va o‘shanda hissiyotlar ijobiy edi. Ammo asosiysi – jamoa g‘alabasi, yutqazganimiz tufayli gol zavqi ham butunlay yo‘qqa chiqdi.
— Shunga qaramay, jahon chempionatlaridagi gollaringiz hisobini ochish muhimdir?
— Albatta, men uchun bu muhim. Baribir buni eslab yurasan – har kuni ham jahon chempionatida gol urib yurmaysan. Ammo yutganimizda – yanada yaxshiroq bo‘lardi.
— O‘sha vaziyatda Abbos Fayzullayev to‘pga tekkanmidi? Ya’ni golli uzatmani u berganmi?
— O‘zi to‘pga teginganini aytdi!
— Bu yerdan qandaydir qimmatli futbolka olib ketyapsizmi? Kolumbiya va Portugaliya bilan o‘yinlardan keyin futbolka almashdingizmi?
— Menda futbolka almashadigan kayfiyat yo‘q edi.
— Srechko Katanets, Timur Kapadze bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, Kannavaro – jamoaga nima berdi?
— Ko‘p ijobiy narsalar! Bittalab aytib o‘tirmayman, lekin shunisi aniqki, chempionatda u xohlagandek o‘ynash uchun ko‘p vaqtimiz bo‘lmadi. Professional jihatdan u futbolchilarga ko‘p narsa beradi va o‘rgatadi. O‘yin tempini, professionallikni va bunday darajada o‘ynash uchun kerakli bo‘lgan boshqa barcha jihatlarni.
O‘zbekiston milliy jamoasining jahon chempionatlaridagi ilk goli muallifi bo‘lgan Abbos Fayzullayev esa «Chempionat» muxbiriga bergan intervyusida jamoa o‘z darajasida o‘ynay olmadi, deb hisoblashini aytgan.
— Natijaga qaramasdan, orzu amalga oshdi, deyish mumkinmi?
— Jahon chempionatida o‘ynaganimizni nazarda tutadigan bo‘lsak – ha. Ammo bu yetarli emas. Men g‘alaba qozonishni xohlayman. Biz esa buni uddalay olmadik. Umid qilamanki, keyingi jahon chempionatiga chiqamiz va o‘z g‘alabalarimizni qo‘lga kiritamiz. Hozir esa juda charchadim.
— Yaxshiroq o‘ynashingiz mumkinmidi? Yoki bu maksimummi?
— Yo‘q, bu maksimum emas. Biz nimaga qodirligimizni, qanday futbol o‘ynay olishimizni bilaman. Shunchaki bu yerda buni ko‘rsata olmadik.
Milliy jamoa himoyachisi Rustam Ashurmatov ham «Sport-Ekspress» muxbiriga bergan intervyusida jamoa bundan yaxshiroq natija qayd etishi mumkin bo‘lganini ta’kidlagan.
— Yaxshiroq o‘ynashimiz mumkin edi va biz, albatta, xafamiz. Biz birinchi jahon chempionatini orzu qilardik – lekin, albatta, shunchaki o‘ynashni emas, balki ochko to‘plash va g‘alaba qozonishni ham istardik. O‘xshamadi. Sabablar juda ko‘p va hozir ular haqida xolisona gapirishga hali erta. Shunisi aniqki, qaysidir pallalarda noto‘g‘ri harakat qilindi. Bu bizning birinchi jahon chempionatimiz va bu biz uchun saboq bo‘lishi kerak.
— Qaysi o‘yin barchasidan alamliroq bo‘ldi? Kolumbiya bilan o‘yinda hisobni tenglashtirgandingiz, bugungi o‘yinda hisobda oldinda bordingiz…
— Barchasi alamli. Kolumbiya bilan o‘yinda durang o‘ynashimiz, bugun g‘alaba qozonishimiz mumkin edi. Biz bu jahon chempionatini juda uzoq vaqt – 34 yil kutgandik! Ammo o‘xshamadi – hech bo‘lmaganda bitta ochko qo‘lga kirita olmadik.
— Kongo DR bilan o‘yinning birinchi bo‘limini juda yaxshi o‘tkazgandingiz, uni yutdingiz. Ikkinchi bo‘limda nima o‘zgardi?
— Biz yaxshi tayyorlangandik, yaxshi boshladik, darhol darvozani ishg‘ol etdik – hisobga olinmagan bo‘lsa ham. Keyin yana gol urdik. Gol urib olganimizdan keyin nimadir o‘zgardi, deb hisoblamayman. Biz shunday o‘ynashda davom etdik. Ammo raqib ham o‘yinga yaxshi tayyorlangandi. Ularga g‘alaba kerak edi va gol o‘tkazib yuborishganidan keyin yanada faolroq harakatlanishdi. Shundan keyin barchasi biz xohlaganimizdek kechmadi.
— Kongoliklar darvozasiga juda chiroyli gol urgan sardor Eldor Shomurodov uchun xursandmisiz?
— Albatta, u mening eng yaxshi do‘stim va jamoamiz sardori! U gol urgani, o‘yinda ham, turnirdagi gollari bo‘yicha ham hisobni ochgani zo‘r bo‘ldi. Afsuski, bu g‘alaba qozonishimizga yordam bermadi.
— Kongoliklar bilan o‘yindan keyin Fabio Kannavaro nimalar deyishga ulgurdi?
— Albatta, u ham g‘alabani xohlagandi. Aytishim mumkinki, u biz uchun, jamoa uchun barchasini qildi. Uning xafaligi biznikidan kamroq emas. U barchasini ortda qoldirish kerakligi va oldinda Osiyo chempionati turganini, unga ham tayyorlanishimiz kerakligini aytdi.
— Uch mag‘lubiyat fonida Kannavaro va futbolchilar orasidagi munosabatlar yomonlashmadimi?
— Yo‘q-yo‘q, murabbiylar shtabi bilan barchasi ajoyib. Hech qanday muammo yo‘q.
— Aftidan, muxlislar haqida ham shu gapni aytish mumkin. Uchta o‘yinda ham mag‘lubiyatga qaramay, ular tribualarda qolishdi va sizlar bilan iliq xayrlashishdi.
— Ha, to‘g‘risini aytsam, bu odamni xursand qiladi. Chunki jamoa yutqazganida, ular bizni qo‘llab-quvvatlashdi, bu juda qiyin. Shuning uchun, ularning reaksiyasi – bizga katta ishtiyoq beradi. Ularga jamoani oxirigacha qo‘llab-quvvatlaganlari uchun katta rahmat.
Milliy jamoa hujumchisi Igor Sergeyev xatolar ustida ishlanishini ta’kidlagan.
«Men o‘yin paytida ham aytdim, hozir ham yigitlarga takrorladim, boshni egmaslik kerak. Ha, alamli, ha, yoqimsiz. To‘g‘ri, bu hammaga, bizga ham, yaqinlarimizga ham, butun mamlakatga ham og‘ir. Lekin oldinga harakat qilamiz, ishlaymiz, taslim bo‘lmaymiz. Menimcha, endi ikki-uch barobar ko‘proq mehnat qilamiz», – deya uning so‘zlarini keltiradi Gazeta.
U o‘yindan keyin Fabio Kannavaro kiyim almashtirish xonasida futbolchilarga nima degani haqidagi savolni ochiq qoldirgan: «Keling, bu jamoa ichida qolsin. Uning ham o‘z xavotir va kechinmalari bor edi. U shunday gaplarni gapirdiki, menimcha, ular kiyim almashtirish xonasida qolishi kerak».
Sergeyev jamoa turnir boshlanishidan oldin ham raqiblarning kuchini yaxshi anglaganini ta’kidladi.
«Biz ham yosh bola emasmiz, raqiblar jiddiy, top-jamoalar ekanini tushunib turgandik. Portugaliya ham, Kolumbiya ham, o‘sha Kongo ham. Negadir hamma ularni hisobdan chiqarib qo‘ygandi, lekin biz videolarini ko‘rgandik. Juda yaxshi shakllangan jamoa. Umidlarimiz katta edi, kamida guruhdan chiqishni ko‘zlagandik. Ammo nima bo‘lgan bo‘lsa, bo‘ldi», – deydi u.
Uchta mag‘lubiyatdan keyin bo‘lishi mumkin bo‘lgan tanqidlar haqida gapirarkan, hujumchi jamoa ilgari ham bunday salbiy munosabatni boshdan kechirganini aytib o‘tdi.
«Norozi bo‘ladigan odamlar topiladi. Futbolni tushunmaydigan, shunchaki, tomosha qilib, yutishimizni xohlaydigan odamlar ham bor. Men ularni tushunaman. Jamoada bizni rosa tanqid ostiga olishgan paytlar ham bo‘lgan. Lekin biz o‘syapmiz va jahon chempionatiga chiqdik. Bunday salbiy qarashlar esa o‘tib ketadi», – dedi Sergeyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir milliy jamoani avvalgidan ko‘ra ko‘proq qo‘llab-quvvatlashmoqda.
«Baribir, yutqazayotganimizga qaramay, bizni qo‘llab-quvvatlayotganlar ko‘p. Tariximizda ilk bor jahon chempionatiga chiqqanimizning o‘zi juda yaxshi natija. Bu xalq uchun, futbolga qiziqmaydigan, uni doim tomosha qilmaydigan va futbolning ichki olamidan xabari yo‘q insonlar uchun ham juda katta ijobiy turtki bo‘ldi», – dedi u.
Hujumchi Portugaliya bilan o‘yindagi natija umumiy taassurotga soya solganini tan oldi.
«Beshta to‘p o‘tkazib yuborish – bu ko‘p, albatta. Lekin salbiylik ko‘rishni xohlagan odam, doim salbiylik topadi. Ijobiylikni ko‘rishni istagan odam esa, har doim yaxshilikni ko‘ra oladi. Ha, yutqazdik, lekin yomon tajriba ham tajriba. Bundan ham xulosa chiqarib, o‘rganish mumkin va faqat oldinga harakat qilish kerak», – deya ta’kidladi Sergeyev.
Kelajakdagi maqsadlar haqida gapirarkan, Sergeyev milliy jamoa jahon chempionatidagi debyutdan so‘ng ortga qadam tashlamasligi kerakligini ta’kidladi.
«Mening shaxsiy [umidlarim] — ortga qadam tashlamaslik. Qanday rivojlangan, qanday yo‘l bosgan bo‘lsak, mayli sekin, mayli kichik qadamlar bilan bo‘lsa ham, xuddi shunday oldinga harakat qilishda davom etishimiz kerak. Ushbu jahon chempionatida nimalarga qodirligimizni ko‘rsata olmadik. Xatolar bo‘ldi. Endi keyingisiga chiqishga harakat qilishimiz, bu yerga shunchaki bir marta tasodifan kelib qolmaganimizni, balki har safar barqaror ravishda yo‘llanma olishimizni isbotlashimiz kerak. Keyin esa guruhdan ham muntazam chiqishga intilishimiz lozim», – dedi u.
U bunday maqsadlar ambitsiyali ko‘rinishi mumkinligini, ammo jamoa bosqichma-bosqich harakat qilishi kerakligini qayd etdi. «To‘g‘ri, bu biroz katta rejalardek tuyulishi mumkin, lekin mahalliy chempionatimiz ham o‘sishi, biz ham oldinga ketishimiz uchun qadamma-qadam harakat qilish lozim. Men aynan shuni xohlayman. Shunchaki jahon chempionatiga chiqdik, keldik, katta rahmat, endi yana 30 yil kutamiz, degan narsa bo‘lmasligi kerak. Mana shuni istamayman», – dedi Sergeyev.
Hujumchi Osiyo kubogida O‘zbekiston milliy jamoasi oldiga ancha yuqori vazifalar qo‘yilishi lozimligini qayd etgan. «Osiyoda vazifalar biroz boshqacha va menimcha, u yerda chempionlik uchun kurashish qo‘limizdan keladi», – deya ta’kidladi u.
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
Sport
Ronaldu Messining oilasidagi yo‘qotishga munosabat bildirdi
Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu otasi vafot etgan argentinalik futbolchi Lionel Messini qo‘llab-quvvatladi. U Messining Instagram sahifasidagi posti ostida izoh qoldirdi.
«Bu qiyin damlarda siz va yaqinlaringizni mahkam quchgan holda chuqur hamdardlik bildiraman, Leo. Bardoshli bo‘ling», deb yozgan Ronaldu.
Avval Messi «Inter Mayami»dagi o‘yinchilik faoliyatini to‘xtatgani e’lon qilingan edi. U oilasi va do‘stlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Argentinada qoldi.
Xorxe Messi 8-avgust kuni 68 yoshida vafot etdi. U uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng olamdan o‘tdi. Ko‘p yillar davomida argentinalik futbolchining otasi o‘z o‘g‘lining faoliyatida muhim o‘rin tutardi.
Sport
Dunyoning eng boy odamlaridan biri «Liverpul»ni sotib oladi
Amazon asoschisi Jeff Bezos professional sportga sarmoya kiritish niyatida. The Guardian nashrining xabar berishicha, tadbirkor boshqa investorlar bilan birgalikda Angliyaning «Liverpul» futbol klubining kamida 30 foiz ulushini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda. Kelishuv 1,35 milliard funt sterling yoki taxminan 1,8 milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin.
«Liverpul» taxminan 6 milliard dollarga baholanadi va dunyodagi eng taniqli sport brendlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bezosning qiziqishi kengroq tendensiyaga mos keladi: badavlat amerikalik investorlar Angliya futbol klublarida faol ravishda ulushlarni sotib olmoqdalar. Amerikalik aksiyadorlar allaqachon «Chelsi», «Kristal Pelas», «Everton» va «Bornmut» kabi 20 ta Premer-liga jamoalaridan 13 tasiga egalik qilishadi.
Agar kelishuv amalga oshsa, Bezos ingliz futboliga faol ravishda sarmoya kiriyotgan amerikalik milliarderlar safiga qo‘shiladi.
Investorlar uchun ingliz futbolining jozibadorligi qisman sportning Qo‘shma Shtatlarda tobora ommalashib borayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, yetakchi Amerika sport franshizalari ko‘pincha yangi investorlar uchun juda qimmat yoki cheklangan, ingliz klubidagi ulush esa global auditoriyaga va eng tijorat jihatidan jozibador sport bozorlaridan biriga kirish imkonini beradi.
-
Mahalliy5 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat3 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat4 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat3 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat2 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
