Mahalliy
Test kitobini yirtgan abituriyent, «shpargalka» sabab yo‘qotilgan 3 yil: imtihon manzaralari
2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga qabul doirasidagi test sinovlari Buxoro viloyatida belgilangan tartib asosida davom etmoqda. Joriy yilda viloyat bo‘yicha 30 269 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etishi rejalashtirilgan bo‘lib, jarayonlar Bilim va malakalarni baholash agentligi Buxoro viloyati bo‘limi (1 200 o‘rin) hamda Buxoro shahridagi «Semurg‘» sport majmuasida (330 o‘rin) tashkil etilgan.
Bilim va malakalarni baholash agentligi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Izzatulla Rahmonovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, 14-23-iyul kunlarida mo‘ljallangan test sinovlari davomida Buxorodan 16 937 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Test sinovlariga 1 423 nafar abituriyent belgilangan vaqtda yetib kelmagan. Viloyat bo‘yicha har bir smenada 1 530 nafar, bir kunda 3 060 nafar abituriyent test sinovlarini topshirish imkoniyatiga ega.
Ta’kidlanishicha, jarayonlarni Bilim va malakalarni baholash agentligi xodimlari hamda 118 nafar guruh nazoratchisi nazorat qilib bormoqda.
Test kitobini yirtishga uringan abituriyent chetlatildi
Mazkur test jarayonlarida nizom talablarini buzish bilan bog‘liq bitta holat qayd etilgan. Ma’lum bo‘lishicha, bir nafar abituriyent test topshiriqlari kitobini yirtib, uni tashqariga olib chiqishga uringan. Bu harakat test sinovlari tartibini qo‘pol ravishda buzish sifatida baholanib, amaldagi nizom talablariga muvofiq, abituriyent test sinovlaridan chetlashtirilgan.
«Barcha abituriyentlar uchun bir xil talablar amal qiladi va qoidalarni buzishga nisbatan murosasiz yondashuv saqlanadi. Shaffoflik — asosiy tamoyil», — deydi Izzatulla Rahmonov.
Test o‘tkazilayotgan binolar shaxsni identifikatsiya qilish kameralari, 360 darajali videokuzatuv tizimi hamda statsionar kuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Shu sababli abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlari test jarayonlarini test2026.uz sayti orqali onlayn kuzatish imkoniyatiga ega. Shuningdek, test maydonlari yaqinida tashkil etilgan maxsus kutish hududlaridagi katta monitorlar orqali ham imtihonlar real vaqt rejimida namoyish etilmoqda. Test sinovlarining xavfsiz va tartibli o‘tishini ta’minlash maqsadida viloyat hokimligi ishchi guruhi, Ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari doimiy navbatchilik asosida xizmat olib bormoqda.
«Anomal issiqqa qaramay, abituriyentlar uchun barcha sharoitlar yaratildi. Bu yilgi test sinovlari havoning o‘ta issiq kelgan kunlariga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, test maydonlarida salqin muhit yaratish uchun barcha zarur choralar ko‘rildi. Shu kunga qadar test jarayonlari davomida abituriyentlarning sog‘lig‘i bilan bog‘liq jiddiy holatlar kuzatilmadi», — deydi bosh mutaxassis.
Abituriyentlar nima deydi?
Testdan chiqqan buxorolik abituriyent Dilshod Komilovning aytishicha, tashkil etilgan sharoitlar imtihonni xotirjam topshirishga yordam bergan.
«Avvaliga jazirama issiqlardan xavotirlangan edim. Lekin, zalda salqin muhit ta’minlangan, nazorat ham yaxshi tashkil qilingan», — deydi u.
G‘ijduvonlik abituriyent Shahnoza Hamidova ham jarayonlar haqida ijobiy fikr bildirdi:
«Kirish va tekshirish jarayonlari tartibli, to‘g‘rirog‘i, juda qat’iy bo‘ldi. Shunga qaramay, hech qanday tushunmovchilik kuzatilmadi. Imtihonni xotirjam topshirib chiqdim».
Vobkentlik abituriyent Bekzod Qodirov esa qoidalarga qat’iy amal qilish muhimligini ta’kidladi.
«Yashirmayman, 3 yil test sinovlariga kiryapman. Birinchi yili o‘z bilimimga suyanganimda edi, hozir 3-kursda o‘qib yurgan bo‘lardim. Ammo, o‘shanda tartibni buzganman. To‘g‘rirog‘i, «shpargalkam» bilan pand yeganman. Shuning uchun kimdir qoidani buzsa, bu boshqalarga nisbatan adolatsizlik bo‘lar ekan», — deydi.
Mahalliy
Yangi o‘quv yili uchun davlat stipendiyalari kvotalari tasdiqlandi
2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarida davlat stipendiyalarini ajratish kvotalari tasdiqlandi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 15-iyuldagi tegishli xatiga muvofiq, respublikadagi oliy ta’lim tashkilotlari va ta’lim yo‘nalishlari kesimida jami 776 ta davlat stipendiyasi ajratiladi.
Stipendiyalar quyidagicha taqsimlangan:
Prezident stipendiyasi — 187 ta;
Islom Karimov stipendiyasi — 194 ta;
Navoiy stipendiyasi — 175 ta;
Bobur stipendiyasi — 51 ta;
Imom al-Buxoriy stipendiyasi — 44 ta;
Beruniy stipendiyasi — 38 ta;
Ibn Sino stipendiyasi — 33 ta;
Abdulla Avloniy stipendiyasi — 16 ta;
Ulug‘bek stipendiyasi — 13 ta;
To‘lepbergen Qayipbergenov stipendiyasi — 11 ta;
Ibroyim Yusupov stipendiyasi — 11 ta;
Pahlavon Mahmud stipendiyasi — 3 ta.
Ushbu stipendiyalar respublika bo‘yicha 335 ming 471 nafar yuqori bosqich talabalari orasidan eng munosib nomzodlarga beriladi.
Mahalliy
O‘zbekistonda Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tashkil etiladi
Prezidentning «Respublikada xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ–269-son qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Buyuk Britaniyaning ilg‘or tajribasi asosida integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini kengaytirish maqsadida tajriba-sinov tariqasida Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tashkil etiladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini joriy etish maqsadida Buyuk Britaniyaning «IQF – Integrated Qualifications Framework» ta’lim tashkiloti bilan hamkorlikda Xalqaro malakalar va baholash markazi faoliyat yuritmoqda.
Qaror bilan mazkur markazga qator qo‘shimcha vazifalar yuklatildi. Jumladan, ishlab chiqilgan dasturlarni «QS» yoki «THE» xalqaro reytinglarining top-100 taligiga kiruvchi oliy ta’lim muassasalari akademik talablariga muvofiqlashtirish belgilandi.
Shuningdek, bakalavriatda «1+3» va «2+2», magistraturada esa «1+1» ta’lim modellarini ishlab chiqish vazifasi ham yuklatildi.
Hujjatga muvofiq, O‘zbekistonda yetakchi xorijiy universitetlar diplomini berishga qaratilgan kampus, filial, franshiza va ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishish ham rejalashtirilgan.
Mahalliy
Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi Britaniya andozasi asosida yo‘lga qo‘yiladi
«El-yurt umidi» jamg‘armasi bilan hamkorlikda stipendiatlar uchun ajratiladigan mablag‘lar yanada samarali yo‘naltiriladi.
Qarorga ko‘ra, Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi faoliyati Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari andozasi asosida yo‘lga qo‘yiladi.
– Oliy maktab bilan texnikumlar hamkorligi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda:
– integratsiyalashgan ta’lim dasturlari joriy etilgan texnikumlarda ushbu dasturlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga Oliy maktabning tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishida kirish imtihonlarisiz o‘qishni davom ettirishga ruxsat beriladi;
– integratsiyalashgan ta’lim dasturlari asosida tahsil olgan o‘quvchilarning kreditlari xorijiy yetakchi hamkor ta’lim tashkilotlari tomonidan tan olinishi ta’minlanadi.
– «El-yurt umidi» jamg‘armasiga stipendiya dasturlari doirasida 2027/2028 o‘quv yilidan belgilangan tartibda tanlovdan o‘tgan talabgorlarning quyidagi xarajatlarini moliyalashtirishga ruxsat beriladi:
– Oliy maktab va boshqa oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan integratsiyalashgan ta’lim dasturlari asosida tahsil olayotgan, top-300 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida, shuningdek, sohaviy yetakchi oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qishni uzluksiz davom ettirish imkoniga ega bo‘lgan talabalarning xorijdagi o‘qishini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarini;
– belgilangan oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga shartli qabul qilingan talabgorlar uchun Oliy maktab va boshqa mahalliy oliy ta’lim tashkilotlarida integratsiyalashgan dasturlar asosida tashkil etiladigan 1-kurs (bosqich) (foundation) dasturlari o‘qish xarajatlarini (tuition fee).
Mahalliy
Oliy ta’lim muassasalari uchun kvotalar tasdiqlandi
OTMlar uchun kvotalar tasdiqladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Davlat qabul komissiyasi tomonidan 2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim tashkilotlari umumiy qabul parametrlari, jumladan, quyidagilar tasdiqlandi:
– Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlari uchun davlat granti kvotalari 35 foizga oshirilishi hisobiga ajratilgan qabul parametrlari;
– Bakalavriat va magistratura bo‘yicha umumiy qabul parametrlari ta’lim shakllari hamda o‘qitish tillari kesimida;
– Tillar, maxsus pedagogika, sport, san’at va boshqa yo‘nalishlarning ixtisoslashuviga ko‘ra qabul taqsimoti;
– Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha 2 foizlik davlat granti kvotalari;
– Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun qo‘shimcha 1 foizlik davlat granti kvotalari;
– Ichki ishlar organlari xodimlari farzandlari uchun qo‘shimcha 5 foizlik davlat granti kvotalari;
– Qurolli Kuchlar va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari farzandlari uchun davlat granti kvotalari;
– Muddatli harbiy xizmatni o‘tab, tavsiyanomaga ega fuqarolar uchun alohida 5 foizlik qabul ko‘rsatkichlari;
-Bojxona organlari xodimlari farzandlari uchun qo‘shimcha 2 foizlik davlat granti kvotalari;
– “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalar farzandlari uchun qo‘shimcha 10 foizlik davlat granti kvotalari;
– O‘rmonchilar va ularning farzandlari uchun qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari;
– Xorijdagi yosh vatandoshlar uchun ajratilgan 30 ta davlat granti o‘rinlari;
– Davlat granti ulushining ta’lim sohalari va bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimoti;
– Kamida 5 yillik ish stajiga ega fuqarolarni kechki ta’limga tavsiya etish huquqiga ega vazirlik va idoralar ro‘yxati;
– Maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash va san’at sohalari uchun maqsadli qabul parametrlari;
– Maktabgacha ta’lim pedagoglari uchun dual ta’lim asosidagi bakalavriat qabul parametrlari;
– Oliy malaka toifasiga ega maktab o‘qituvchilari uchun pedagogika magistraturasiga masofaviy ta’lim bo‘yicha maqsadli qabul;
– 5 yillik mehnat stajiga ega xotin-qizlar uchun 2 500 ta alohida to‘lov-kontrakt o‘rni;
– Xotin-qizlar uchun kunduzgi ta’limga qo‘shimcha 4 000 ta davlat granti;
-Green University uchun vakant davlat buyurtmasi o‘rinlari hisobidan 100 ta qabul parametri;
– Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Mo‘g‘uliston fuqarolari uchun davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari.
Mahalliy
Izmir va Toshkent o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi
2026 yil 1 avgustdan boshlab Turkiyaning SunExpress aviakompaniyasi ilk bor Izmir – Toshkent – Izmir yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirishni boshlaydi. Parvozlar haftasiga to‘rt marta 189 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan Boeing 737-800 rusumidagi havo kemalarida bajariladi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar bermoqda.
«Tarixda ilk bor Toshkent va Izmir shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam aviaaloqa yo‘lga qo‘yilib, bu ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik, biznes va madaniy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, SunExpress O‘zbekiston aviatsiya bozoriga ilk bor kirib kelmoqda hamda mamlakatga muntazam reyslarni amalga oshiruvchi uchinchi Turkiya aviakompaniyasiga aylanadi. Bundan tashqari, aviakompaniya kelgusi yil boshidan Farg‘ona vodiysidagi aeroportlarga ham muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Hozirgi kunda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar Turkish Airlines hamda AJet aviakompaniyalari tomonidan amalga oshirilmoqda.
SunExpress — Turkiyaning yetakchi loukoster aviakompaniyalaridan biri bo‘lib, 1989 yilda Turkish Airlines va Lufthansa kompaniyalari hamkorligida tashkil etilgan. Aviakompaniya Antaliya va Izmir shaharlarida bazalashgan bo‘lib, Yevropa, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Markaziy Osiyoning 37 ta mamlakatidagi 250 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni amalga oshiradi.
-
Dunyodan3 days ago
Vengriya prezidenti isteʼfoga chiqish toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy oʻzgartirishni imzoladi
-
Jamiyat4 days agoMehnat inspeksiyasi barcha hokimliklarga ko‘rsatma yubordi
-
Mahalliy3 days ago
O‘zbekistonda Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tashkil etiladi
-
Jamiyat3 days ago
Alkogol ichimliklarni reklama qilgan bloger ma’muriy javobgarlikka tortildi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Kimlar foyda solig‘ini ikki barobar kam to‘lashi mumkin?
-
Sport4 days agoYamal Messiga qarshi. JCh finali intrigalari
-
Jamiyat4 days agoKoreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi
-
Jamiyat5 days agoBir necha viloyatda sotilayotgan un mahsulotlari talabga javob bermasligi aniqlandi
