Mahalliy

Test kitobini yirtgan abituriyent, «shpargalka» sabab yo‘qotilgan 3 yil: imtihon manzaralari

Published

on


2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga qabul doirasidagi test sinovlari Buxoro viloyatida belgilangan tartib asosida davom etmoqda. Joriy yilda viloyat bo‘yicha 30 269 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etishi rejalashtirilgan bo‘lib, jarayonlar Bilim va malakalarni baholash agentligi Buxoro viloyati bo‘limi (1 200 o‘rin) hamda Buxoro shahridagi «Semurg‘» sport majmuasida (330 o‘rin) tashkil etilgan.

Bilim va malakalarni baholash agentligi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Izzatulla Rahmonovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, 14-23-iyul kunlarida mo‘ljallangan test sinovlari davomida Buxorodan 16 937 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Test sinovlariga 1 423 nafar abituriyent belgilangan vaqtda yetib kelmagan. Viloyat bo‘yicha har bir smenada 1 530 nafar, bir kunda 3 060 nafar abituriyent test sinovlarini topshirish imkoniyatiga ega.

Ta’kidlanishicha, jarayonlarni Bilim va malakalarni baholash agentligi xodimlari hamda 118 nafar guruh nazoratchisi nazorat qilib bormoqda.

Test kitobini yirtishga uringan abituriyent chetlatildi

Mazkur test jarayonlarida nizom talablarini buzish bilan bog‘liq bitta holat qayd etilgan. Ma’lum bo‘lishicha, bir nafar abituriyent test topshiriqlari kitobini yirtib, uni tashqariga olib chiqishga uringan. Bu harakat test sinovlari tartibini qo‘pol ravishda buzish sifatida baholanib, amaldagi nizom talablariga muvofiq, abituriyent test sinovlaridan chetlashtirilgan.

«Barcha abituriyentlar uchun bir xil talablar amal qiladi va qoidalarni buzishga nisbatan murosasiz yondashuv saqlanadi. Shaffoflik — asosiy tamoyil», — deydi Izzatulla Rahmonov.

Test o‘tkazilayotgan binolar shaxsni identifikatsiya qilish kameralari, 360 darajali videokuzatuv tizimi hamda statsionar kuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Shu sababli abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlari test jarayonlarini test2026.uz sayti orqali onlayn kuzatish imkoniyatiga ega. Shuningdek, test maydonlari yaqinida tashkil etilgan maxsus kutish hududlaridagi katta monitorlar orqali ham imtihonlar real vaqt rejimida namoyish etilmoqda. Test sinovlarining xavfsiz va tartibli o‘tishini ta’minlash maqsadida viloyat hokimligi ishchi guruhi, Ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari doimiy navbatchilik asosida xizmat olib bormoqda.

«Anomal issiqqa qaramay, abituriyentlar uchun barcha sharoitlar yaratildi. Bu yilgi test sinovlari havoning o‘ta issiq kelgan kunlariga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, test maydonlarida salqin muhit yaratish uchun barcha zarur choralar ko‘rildi. Shu kunga qadar test jarayonlari davomida abituriyentlarning sog‘lig‘i bilan bog‘liq jiddiy holatlar kuzatilmadi», — deydi bosh mutaxassis.

Abituriyentlar nima deydi?

Testdan chiqqan buxorolik abituriyent Dilshod Komilovning aytishicha, tashkil etilgan sharoitlar imtihonni xotirjam topshirishga yordam bergan.

«Avvaliga  jazirama issiqlardan xavotirlangan edim.  Lekin, zalda salqin muhit ta’minlangan, nazorat ham yaxshi tashkil qilingan», — deydi u.

G‘ijduvonlik abituriyent Shahnoza Hamidova ham jarayonlar haqida ijobiy fikr bildirdi:

«Kirish va tekshirish jarayonlari tartibli, to‘g‘rirog‘i, juda qat’iy bo‘ldi. Shunga qaramay, hech qanday tushunmovchilik kuzatilmadi. Imtihonni xotirjam topshirib chiqdim».

Vobkentlik abituriyent Bekzod Qodirov esa qoidalarga qat’iy amal qilish muhimligini ta’kidladi.

«Yashirmayman, 3 yil test sinovlariga kiryapman. Birinchi yili o‘z bilimimga suyanganimda edi, hozir 3-kursda o‘qib yurgan bo‘lardim. Ammo, o‘shanda tartibni buzganman. To‘g‘rirog‘i, «shpargalkam» bilan pand yeganman. Shuning uchun kimdir qoidani buzsa, bu boshqalarga nisbatan adolatsizlik bo‘lar ekan», — deydi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version